Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyun, 2025   |   29 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
25 Iyun, 2025, 29 Zulhijja, 1446

Muso alayhissalom va solih banda qissalari

27.11.2018   9767   8 min.
Muso alayhissalom va solih banda qissalari

Biz muhaddislarning imomi, mo‘minlarning hadis ilmidagi amri, Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahmatullohi alayhi o‘zlarining “Sahih” kitoblarida keltirgan rivoyatlardan birini keltiramiz.

U kishi «Kitobut Tafsir»da Alloh taoloning: «Bir kuni Muso o‘z yigitiga: «To ikki dengiz qo‘shiladigan yerga yetmagunimcha yoki uzoq muddat kezmagunimcha yurishdan to‘xtamayman», deganini esla» – degan qovli haqidagi Bob» sarlavhasi ostida quyidagilarni rivoyat qiladilar:

Sa’id ibn Jubayrdan rivoyat qilinadi: «Men ibn Abbosdan: «Navfal al-Bakoliy: «Hizr alayhissalomga hamsuhbat bo‘lgan Muso Baniy Isroilga Payg‘ambar bo‘lgan Muso emas»–demoqda, shu to‘g‘rimi?»–deb so‘radim. Ibn Abbos (g‘azablanib): «Allohning dushmani yolg‘on gapiribdi, menga Ubay ibn Ka’b Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi rivoyatlarini aytib bergan edi»,–dedi.

«Muso alay-hissalom Baniy Isroilga xutba qilib turgan ekanlar, shunda u kishidan: «Odamlarning orasida eng bilimdoni kim?»– deb so‘rashdi. Muso alayxissalom: «Men»–deb javob berdilar. Alloh taolo Muso alayhissalomga tanbeh berdi, chunki u kishi «Alloh bilimdonroq», demadilar. Keyin, Alloh taolo: «Ikki dengiz qo‘shilgan joyda Mening bir bandam yashaydi, u sendan bilimdonroq», deb vahiy qildi. Muso alayhissalom: «Ey Robbim, men ul zotni qanday topaman?»–dedilar.

Alloh taolo: «Bir baliqni savatga solib, ko‘tarib olasan, qayerda o‘sha baliqni yo‘qotsang, shu joyda Xizrni ko‘rasan»,– dedi.

Muso alayhissalom bir baliqni savatga solib, yulga tushdilar, xizmatkorlari Yusha’ ham birga edi. Yura-yura bir tepalik yoniga kelib, boshlarini yerga qo‘ydilar-da, uyquga ketdilar. Savatdagi baliq esa tirilib, harakatga keldi-da, dengizga tushib, suzib ketdi. Alloh taolo baliq suzib o‘tgan yo‘nalishdagi suvni oqishdan to‘xtatib, binoning yo‘lagiga o‘xshatib qotirib kuydi. Xizmatkor yigit Muso alayhissalom uyg‘onganlarida baliqning yo‘qolganini aytishni unutdi. Ular yana bir kecha-kunduz yo‘l yurishdi. Ertasi kuni Muso alayhissalom hamrohlariga: «Yeguligimizni keltir, safarimizda biroz mashaqqat tortdik»,–dedilar.

Darhaqiqat, Muso alayhissalom Alloh taolo borishni buyurgan o‘sha baliq yo‘qolgan joygacha hech mashaqqat chekmagan edilar, ammo keyingi bir kechayu-kunduzda qattiq qiynaldilar. Muso alayhissalomning hamrohlari: «Esingizdami, bir tepalik oldida uxlagan edik. O‘sha yerda men baliqni yo‘qotgan edim, lekin sizga aytishni unutibman. Albatta, buni menga shayton unuttirgan»,– dedi. Baliq esa sirli suratda dengizga tushib g‘oyib bo‘lgan edi. Muso alayhissalom va u kishining xizmatkorlari uning qanday qilib g‘oib bo‘lganini bilolmay taajjubda qolishdi. Keyin, Muso alayhissalom: «Mana shu biz istagan narsadur»,– dedilar-da, Xizr alayhissalomni izlab xizmatkorlari bilan orqalariga qaytdilar. Ular yura-yura nihoyat ikki dengiz birlashgan joydagi tepalik yoniga kelishdi. Shu yerda kiyimiga uralib olgan bir kishini uchratishdi. Muso alayhissalom salom berdilar. Xizr alayhissalom u kishiga javoban: «Sizning yeringizda qayerdan ham tinchlik (salom) bulsin?!»–dedilar. «Men Musoman», dedilar, Muso alayhissalom. «Baniy Isroilning Musosimisan?» dedilar Xizr alayhissalom. «Ha, o‘zingiz bilgan ilmdan menga ham o‘rgatsangiz, deb keldim», dedilar Muso alayhissalom. Xizr aliyxissalom: «Sen men bilan sabr qilib yura olmaysan. Ey Muso, menda Alloh taolo bildirgan shunday ilm borki, uni sen bilolmaysan va senda Alloh taolo bildirgan shunday ilm borki, uni men bilolmayman», dedilar. Muso alayhissalom: «Xudo xohlasa, mening sabrli ekanligimni ko‘rasiz, sizga osiylik qilmayman», dedilar. Xizr alayhissalom: «Undoq bo‘lsa, men bilan yurgin-da, to o‘zim aytmagunimcha biror narsaning sababini so‘rama», dedilar. So‘ng, ikkovlari dengiz sohili bo‘ylab yurib ketishdi. Ittifoqo bir kema sohilga kelib to‘xtadi. Ular kemachi bilan gaplashib, o‘zlarini birga olib ketishga uni ko‘ndirishdi. Ammo, kemadagilar Xizr alayhissalomni tanib qolib, bepul olib ketishga rozi bo‘lishdi. Kema yo‘lga chiqqach, ko‘p o‘tmay Xizr alayhissalom bolta bilan kemaning bir yog‘ochini ko‘chirib oldilar. Muso alayhissalom u kishiga: «Bu qavm-ku, bizni bepul kemalariga chiqarib oldilar, siz bo‘lsangiz kemalarini cho‘ktirish uchun uni teshib qo‘ydingiz, taajjub ish qildingiz», dedilar. Shunda Xizr alayhissalom: «Men senga men bilan birga sabr qilib yura olmaysan, deb aytuvdim-ku!», dedilar. Muso alayhissalom darhol uzr aytib: «Unutgan narsam uchun menga tinbeh berib, ko‘zlagan ishimni qiyinlashtirmang», dedilar.

(Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Muso alayhissalomdan sodir bo‘lgan dastlabki xato esdan chiqarish sababli edi», dedilar).

Keyin, bir chumchuq kelib kema chetiga qo‘ndi-da, tumshug‘i bilan dengizdan bir tomchi suv oldi. Shunda Xizr alayhissalom Muso alayhissalomga: «Allohning ilmi oldida men bilan senning ilming mana shu chumchuq dengizdan olgan bir qatrachalikdur, xolos!» dedilar.

Keyin, ikkovlari kemadan tushib sohil bo‘ylab ketayotgan edilar, nogahon Xizr alayhissalomning ko‘zlari o‘rtoqlari bilan o‘ynab yurgan bir bolaga tushib, uni borib o‘ldirdilar. Muso alayhissalom Xizr alayhissalomga: «Begunoh bir pokiza bolani o‘ldirdingiz, qanday yomon ish qildingiz!» dedilar. Xizr alayhissalom: «Men senga men bilan yurishga hech toqat qilolmaysan, deb aytmaganmidim!» dedilar. Bu tanbeh avvalgisidan qattiqroq va tahdidliroq edi. Muso alayhissalom: «Agar yana biror narsa haqida sizdan so‘rasam, mayli meni o‘zingiz bilan olib yurmang, unda ayb o‘zimda bo‘ladi» deb iltimos qildilar.

Ikkovlari yo‘lda davom etib bir qishloqqa kirishdi, qishloq ahlidan taom so‘rashgan edi, ular mehmon qilishdan bosh tortishdi. Xizr alayhissalom o‘sha yerda yiqilay deb turgan bir devorni ko‘rib, qayta tiklab qo‘ydilar. Buni ko‘rib Muso alayhissalom: «Bu qavmning huzuriga kelib taom so‘radik, berishmadi, mehmon ham qilishmadi, agar xohlasangiz, mana shu ishingizga haq olishingiz mumkin edi», deb kuyundilar. Xizr alayxissalom: «Mana bu endi sen bilan mening firog‘imiz sababidur! Lekin men, senga o‘zim aytib bergunimgacha sen sabr qilolmagan ishlarning ma’nosini aytib berayin: boyagi kema xususiga kelsak, u bechorahol kishilarniki bo‘lib, ular boradigan joyda yaroqli kemalarni tortib oladigan zolim podshoh bor edi. Haligi bolaning ota-onasi esa mo‘min kishilar bo‘lib, kufr va osiylik bilan ularga ko‘p ozor berar erdi. Shu sababdan Alloh taolo uning o‘rniga pokiza va mehribon farzand ato qilishni iroda qildi. Mana bu devor masalasiga kelsak, uning ostida xazina bor, u ikki yetim bolaga tegishli. Ularning marhum otalari solih kishi bo‘lgan bo‘lib, undan qolgan ushbu xazinani Alloh taolo ular voyaga yetgach, yuzaga chiqarmoqni iroda qildi. Men bu ishlarni o‘zim uchun qilganim yo‘q. Mana shular sen sabr qilishga toqating yetmagan narsalarning ta’vilidur», dedilar.

Rasululloh alayhissalom: «Qani endi, Muso alayhissalom sabr qilgan bo‘lsalar, Alloh taolo bizga ikkovlari haqidagi qissalarni bayon qilib berar edi», dedilar».

Ulamolarimiz bu qissadan ko‘plab hikmatlar, ibratlar chiqarganlar.

Birinchisi, dunyodagi har qanday inson ilmining cheklanganidir. Muso alayhissalom ulul azm Payg‘ambarlardan bo‘lishlariga qaramay, Kalimulloh – Alloh bilan bevosita kalomlashgan - so‘zlashgan zot bo‘lishlariga qaramay, o‘z zamonlaridagi bandalardan biri bilganlarini bilmadilar. Unga shogird tushdilar.

Ikkinchisi, bu dunyoda sodir bo‘ladigan ishlarning asl mohiyatini faqat Alloh taoloning O‘zigina biladi.

Uchinchisi, mo‘min banda o‘ziga yetgan, sirtdan ba’zan musibat bo‘lib ko‘rinayotgan ishlardan sabrsiz bo‘lmasligi lozim. Keyin o‘sha ish uning o‘zi uchun foydali bo‘lib chiqishi ehtimoli borligini unutmasligi kerak.

To‘rtinchisi, o‘tgan qissada, ya’ni, ikki bog‘ egasi va uning mo‘min do‘sti qissasida hayoti dunyo matohlari kishini fitnaga uchratib, yo‘ldan ozdirishi mumkinligi aytilgan edi. Muso alayhissalom va solih banda qissalari esa, hayoti dunyodagi ba’zi bir hodisalar ham kishini fitnaga uchratib yo‘ldan ozdirishi mumkinligiga ishora qilmoqda.

 

 

Hadichai Kubro ayol-qizlar

o‘rta maxsus islom bilim yurti

M. Saidjalolova

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Xato – bandaniki

24.06.2025   9249   1 min.
Xato – bandaniki

Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi: 
 

– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...


Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.


Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:

– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.


Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.


Imom unga dedi:

– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?


Yigit javob berdi:

– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.


Imom dedi:

– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...


Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi. 


Akbarshoh RASULOV