Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Yanvar, 2025   |   6 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:28
Shom
17:12
Xufton
18:31
Bismillah
06 Yanvar, 2025, 6 Rajab, 1446

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salavot va salom yo‘llashning fazilatlari

27.11.2018   22085   4 min.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salavot va salom yo‘llashning fazilatlari

Alloh taolo Ahzob surasining 56-oyatida: «Albatta, Alloh va Uning farishtalari Nabiyga salavot ayturlar. Ey iymon keltirganlar! Sizlar ham unga salavot ayting va salom yo‘llang», degan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot va salom yo‘llashning turli shakllari mavjud. Ularning eng afzali namozda o‘qiladiganidir. O‘sha salavotda «Ibrohim va uning ahliga salavot yo‘llaganingdek» jumlasi bor, chunki Ibrohim alayhissalom va u zotning ahliga farishtalar salavot aytgan, Allohdan rahmat so‘raganlar. Alloh taolo:

قَالُواْ أَتَعْجَبِينَ مِنْ أَمْرِ اللّهِ رَحْمَتُ اللّهِ وَبَرَكَاتُهُ عَلَيْكُمْ أَهْلَ الْبَيْتِ إِنَّهُ حَمِيدٌ مَّجِيدٌ

«Ular (farishtalar): «Allohning amridan ajablanasanmi? Ey ahli baytlar, sizlarga Allohning rahmati va barakotlari bo‘lgay. Albatta, U maqtalgan va buyuk Zotdir» degan (Hud surasi, 73-oyat).

Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o‘nta salavot yo‘llaydi», deganlar.

Imom Ahmad Anas ibn Molikdan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta salavot yo‘llaydi. O‘nta gunohini o‘chirib, uni o‘n daraja ko‘taradi», deganlar.

Imom Termiziy va Ibn Hibbon Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qiyomat kunida odamlarning menga eng yaqini menga eng ko‘p salavot aytganidir», dedilar.

Omir ibn Robiy’a roziyallohu anhu aytadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Kim menga salavot aytsa, salavoti miqdoricha farishtalar ham unga salavot aytadi. Shunga qarab banda xoh kamaytirsin, xoh ko‘paytirsin»  deganlarini eshitdim».

Imom Termiziy keltirgan rivoyatda Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu aytadi: «Qachon tunning to‘rtdan biri o‘tsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam turib: «Ey odamlar! Allohni zikr qilinglar. Qiyomat yaqin qoldi. Uning ortidan qayta tirilish yuz beradi. O‘lim o‘ziga bog‘liq narsalar bilan kelmoqda», der edilar. Ubay ibn Ka’b: «Yo Rasululloh! Haqiqatan men sizga ko‘p salavot aytaman. Duoimning qancha vaqtini sizga bag‘ishlayin?» dedi. U zot: «Xohlaganigcha», dedilar. «To‘rtdan birini bag‘ishlasam-chi?» dedi. U zot: «Xohlaganingcha, agar ziyoda qilsang, yaxshi bo‘ladi», dedilar. «Uchdan birini bag‘ishlasam-chi?» dedi. U zot: «Xohlaganingcha, agar ziyoda qilsang, yaxshi bo‘ladi», dedilar. «Ikkidan birini bag‘ishlasam-chi?» dedi. U zot: «Xohlaganingcha, agar ziyoda qilsang, yaxshi bo‘ladi», dedilar. «Yo Rasululloh! Duoimning hammasini sizga bag‘ishlasam, nima deysiz?» dedi. U zot: «Unda barcha g‘am-tashvishlaring ariydi, maqsading hosil bo‘ladi va gunohing kechiriladi», – dedilar.

Demak, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Ubay roziyallohu anhuga ziyodalik eshigini yopmaslik uchun kecha va kunduzdan ma’lum bir vaqtni tayin qilib, belgilab bermadilar.

Imom Muslim Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan keltirgan rivoyatda: «Kim muazzinning azon aytayotganini eshitganda: «Allohdan o‘zga iloh yo‘q, U yakkayu yagonadir. Uning sherigi yo‘qdir. Muhammad Uning rasuli va bandasidir. Allohni Robbim deb, Muhammad alayhissalomni payg‘ambarim deb, Islomni dinim deb rozi bo‘ldim» desa, gunohi kechiriladi», deyilgan. 

Asbahoniy Anas roziyallohu anhudan keltirgan rivoyatda u zot: «Mening huzurimga qavmlar kelishganda ularni menga ko‘p salavot aytganlaridangina tanib olaman», degan ekanlar. Boshqa rivoyatda: «Qiyomatning dahshatlari va xatarli holatlaridan sizlarning eng ko‘p eminda bo‘ladiganlaringiz menga eng ko‘p salavot yo‘llaganlaringizdir», degan ekanlar.

Imom Tabaroniy va Doraqutniy Abu Hurayra roziyallohu anhudan keltirgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Menga salavot aytish Sirot (ko‘prigi) uzra nurdir. Kim menga juma kunida sakson marta salavot aytsa, sakson yillik gunohi kechiriladi», degan ekanlar.

Yuqorida keltirib o‘tilgan xabarlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytish qanchalar fazilatli ish ekaniga dalolat qiladi. Ularni jamlaganda quyidagi foydalar hosil bo‘ladi: savoblarning o‘n barobar ko‘paytirilishi, shafoatga noil bo‘lish, qul ozod qilish kabi ajrga ega bo‘lish, qiyomat dahshatlaridan najot topish va boshqalar.  

 

Robiya SAIDXONBALOVA,

Toshkent islom inistitutining 1 kurs-talabasi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Namozda qiroat masalasi

4.01.2025   5315   2 min.
Namozda qiroat masalasi

Hanafiy mazhabimiz fiqh kitoblarida namozdagi qiroatga doir masalalar, shu­ningdek, qiroat hamda alohida bob yoki fasllarda batafsil bayon qilingan. Chunki qiroat namoz ichidagi farzlardan biridir. Namozda qiroat mukammal bo‘lmog‘i zarur.
Fiqh kitoblarimizda, shuningdek, na­mozga tegishli ilmlarni o‘qib-o‘rganish tungi nafl (tahajjud)ning savobidan or­tiqroq va afzal ekani ham ta’kidlangan.

Biz “Hidoya”, “Muxtasarul-viqoya”, “al-Ix­tiyor”, “Maslakul-muttaqiyn” va bosh­qa o‘n­lab hanafiy mazhabimiz fiqh kitobla­rida bayon etilgan namozda Qur’on oyatla­rini xato qilmaslikka doir masalalarni va fatvolarni jamlab, ikki qismli kitob qilinadi.
Kitobning 1-qismi besh vaqt namozda zam sura qilib o‘qiladigan oyatlar qiroatida yuz beradigan xatoliklarga doir muhim ma’lumotlar to‘plandi. Quyida shu kitobning 1-qismidan parcha havola etmoqdamiz:

  1. Namozxon Masad surasining “Tabbat yadaa abii Lahab” (تبت يدا أبي لهب ) jumlasini “Tabbat adaa abi Lahab” (تبت أدا أبي لهب ) deb o‘qisa, namozi buziladi.
  2. Quraysh surasi qiroatida “Rihlata-sh-shitai va-s-soyf” (رحلة الشتاء والصيف) jumlasidagi “soyf” (صيف) ni “siyn” (س) bilan “sayf” (سيف) deb o‘qisa, namozi buziladi.
  3. Shuningdek, mazkur jumladagi “shitaaun” (شتاء) so‘zini “to” (ط) harfi bilan “shitoun” (شطاء) deb o‘qisa, namozi buziladi.
  4. Mazkur sura oxiridagi “…ka’asfin…” (كعصف) so‘zining (harflari o‘rnini almashtirib) “ka’afsin” (كعفص) deb o‘qisa, namozi buziladi.
  5. Ma’un surasi qiroatida “…yadu’’u-l-yatiym” (يدع اليتيم) jumlasini “…yaduu-l-yatiym” (يدع اليتيم) deb “ayn”ni tashdidsiz (ya’ni, bitta qilib) o‘qisa, namozi buzilmaydi. Lekin “dol”ni sukunli qilib “yad’u-l-yatiym” (يدع اليتيم) deb o‘qisa, namozi buziladi.
  6. Falaq surasi qiroatida “va min sharri g‘osiqin izaa vaqab” (ومن شر غاسق إذا وقب) jumlasidagi “g‘osiqin” so‘zini “fosiqin” deb o‘qisa, namozi buziladi.
  7. Naas surasi qiroatida “…Mina-l-jinna­ti va-n-naas” jumlasini “mina-l-jinnata” deb nasb qilib o‘qisa, namozi buziladi.
  8. Fiyl surasidagi “…kaydahum fiy tazliyl” (كيدهم في تضليل) jumlasini “Zo-izg‘i” (ظ) harfi bilan o‘qisa, ba’zi ulamolar “namoz durust bo‘lmaydi”, deyishgan.
  9. Tiyn surasi boshlanishida “Va-t-tiyn” so‘zini “to-itqi” (ط) harfi bilan o‘qisa, namozi buziladi.
  10. Ixlos surasining “Qul huvallohu ahad” (قل هو الله احد) jumlasidagi “ahad” (احد) so‘zini “te” (ت) harfi bilan “ahat” (احت) deb o‘qisa, namozi buziladi.

    Davomi bor...

Imom Saraxsiyning “Muhit” asari va boshqa manbalar asosida
O‘zRFASHI katta ilmiy xodimi, ToshDSHU dots.nti
Bahriddin UMURZOQOV tayyorladi.