Bu mavzuga kirishdan oldin Qur’oni Karimga oid eng mashhur ikki istiloh–«oyat» va «sura» so‘zlarining lug‘aviy va istilohiy ma’nolari ila tanishib olsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
«Oyat» so‘zining bir necha lug‘aviy ma’nosi bor:
1. «Mo‘jiza».
Alloh taolo Baqara surasida: «Bani Isroildan so‘ragin, Biz ularga qancha ochiq-oydin oyat-mo‘jiza bergan ekanmiz» (211-oyat), degan.
2. «Belgi-alomat».
Alloh taolo Baqara surasida: «Albatta uning mulkining oyat-belgisi, sizlarga Robbingizdan ichida sakina bor tobut kelishidir» (248-oyat), degan.
3. «Ibrat».
Alloh taolo Hijr surasida: «Albatta, bunda mo‘minlar uchun oyat-ibrat bordir» (77-oyat), degan.
4. «Ajoyib ish».
Alloh taolo Mo‘minun surasida: «Va Biz Ibn Maryamni va uning onasini oyat–ajoyib ish qildik» (50-oyat), degan.
5. «Burhon, dalil».
Alloh taolo Rum surasida: «Osmonlaru yerning yaratilishi va tillaringizu ranglaringizning turli bo‘lishi, Uning oyat-dalillaridandir» (22-oyat), degan.
6. «Jamoat».
Arablarda, qavm oyati–jamoasi bilan chiqdi, degan gap bor.
7. Qur’on oyati.
Ulamolar istilohida esa, Qur’on surasiga kirgan, boshlanishi va tugashi belgili so‘zlar toifasi «oyat» deb ataladi.
Shu bilan birga, Qur’oni Karimning har bir oyati yuqoridagi lug‘aviy ma’nolarni o‘z ichiga olgan bo‘ladi.
Ha, Qur’oni Karimning har bir oyati mo‘jiza, ibrat, ajoyib ish, belgi-alomat, harf va so‘zlar jamoasi hamda Alloh taoloning qudrati dalilidir.
Qur’oni Karimning har bir oyati, uning avvali va oxiri haqidagi ilmni Alloh taolodan Jabroil alayhissalom bilgan. U kishidan Payg‘ambar alayhissalom, u zotdan esa, musulmonlar o‘rganganlar.
Qur’oni Karimdagi eng qisqa oyat «Yasin» bo‘lib, ikki harfdan iboratdir.
Eng uzun oyat esa, Baqara surasidagi «Qarz oldi-berdi» oyatidir. Oyatlarni bir-biridan ajrata bilish, ularning boshlanish va tugash joylarini anglab yetish ma’nolarni yaxshi tushunib yetishga va boshqa bir qancha ishlarda yordam beradi.
Qur’oni Karimda oyat so‘zi ko‘p takrorlangan. Oyat so‘zi ba’zi bir joylarda yuqorida zikr qilingan ma’nolarning hammasini, ikkinchi bir joyda ikki-uchtasini, uchinchi joyda esa, faqat bittasini ifoda etib kelgan. Ushbu nozik farqni anglab yetilgandagina ma’no to‘g‘ri tushuniladi.
«Hadis va hayot» kitobidan
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi