Avvalroq, yaponiyalik mutaxassislar tomonidan turli yirik musobaqalar paytida musulmon muxlislar uchun qulaylik yaratuvchi mobil masjid loyihasi ishlab chiqilgani va bu loyiha bugungi kunda amalga oshirilish jarayonida ekani haqida xabar bergan edik.
2020 yili Tokioda bo‘lib o‘tadigan olimpiada o‘yinlari paytida foydalanish uchun ishlab chiqarilgan “mobil masjid”ga dunyo bo‘yicha qiziqish yuqori bo‘ldi va hozirgacha 45 davlatdan buyurtma kelib tushgan.
VVSga tayanib Azon nashrining xabar berishicha, “mobil masjid”lardan 2022 yilda Qatarda o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha jahon chempionatida ham foydalanish rejalashtirilgan.
Tashqi ko‘rinishidan oddiy yuk mashinasidan farq qilmaydigan “mobil masjid”ning yon devorlari ochilib, bir paytning o‘zida ellik kishi namoz o‘qishi uchun imkoniyat paydo bo‘ladi. Shuningdek, “mobil masjid”ning to‘rt kishilik tahoratxonasi ham bor. “Mobil masjid”ni tayyorlash 890 ming dollarga tushdi.
Ishlab chiqaruvchi firma ushbu loyihani sayyohlik mintaqalari va xalqaro tadbirlarda ham qo‘llashni niyat qilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bir odamning qorni ochdi. U garchi iqtisodiy ahvoli yaxshi bo‘lmasa-da, bir tamaddixonaga kirib, taom buyurtma qildi. Buyurtma tayyor bo‘lgunga qadar derazadan tashqariga qarab o‘tirarkan, ellik yoshlardagi odam tez-tez tamaddixonaga qarab qo‘yayotgani, kirishga jazm qilolmay turganiga ko‘zi tushdi. O‘tgan ketganlar unga e’tibor bermas, u esa aftidan juda och qolgan edi.
Shu payt buyurtma berilgan taom olib kelindi. U esa hech o‘ylanmasdan ovqatni olib, o‘zi och bo‘lsa-da, ko‘chadagi odamga olib chiqib berdi. So‘ng ortiga qaytib, hisobni berishlarini so‘radi. Holatni zimdan kuzatib turgan tamaddixona rahbari xizmatchiga bir qog‘oz berdi. Unda bunday so‘zlar yozilgan edi:
“Insoniylik bebahodir, sizday oliyjanob inson bizning tamaddixonaga kelganidan baxtiyormiz. Ruxsat bersangiz, siz bir miskinni mehmon qilganingiz kabi biz ham sizni mehmon qilsak”.
Xulosa shuki, Alloh taolo hech bir amalni zoye qilmas, bandasini bandasidan qarzdor holda qoldirmas, ehsonga ehson bilan javob qaytarar ekan.
Shunday ekan, imkonimiz borida boshqalarga yaxshilik qilib qolaylik.
Akbarshoh Rasulov