Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Dekabr, 2024   |   23 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
24 Dekabr, 2024, 23 Jumadul soni, 1446

Tafakkur qanday qilinadi?

26.11.2018   5956   4 min.
Tafakkur qanday qilinadi?

Tafakkur  kishini Alloh taoloni naqadar buyuk va mexribon Zot ekanligini, Qudrat va Azamat sohibi ekanligini his qilishga, ne’matlarga shukr va sinovlarga sabr qilishga undaydigan, o‘zining haqir va ojiz ekanligini e’tirof etishga, ibodat va itoatga rag‘batni oshiruvchi, barcha Alloh rozi bo‘ladigan amallarni qilishga hamda u Zot qaytargan amallardan qaytishga sabab bo‘ladigan  xislat. Agar banda Alloh taoloning oyat-alomatlariga tafakkur bilan qarasa, ishonchi va ma’rifati ziyoda bo‘ladi.  Shuning uchun Alloh taolo Qur’oni karimning judayam ko‘p oyatlarida tafakkurga chaqiradi. O‘zining yaratgan narsalarini zikr qilib ularda:         “ Tafakkur qiladigan kishilar uchun oyat-alomatlar bor”, deya aytadi. “ Shoyadki tafakkur qilsalaringiz”, deydi. Shuning uchun Rosululloh (s.a.v.): “ Bir soatlik tafakkur bir yillik nafl ibodatdan yaxshiroqdir”,( Ibn Moja) deganlar.

Abu Lays Samarqandiy (r.a.) aytadilar: “ Agar inson tafakkur qilish fazilatiga yetishni hohlasa, besh narsa haqada fikr qilsin:

1) Allohning mo‘jiza va alomatlari to‘g‘risida;

2)Allohning botiniy va zoxiriy ne’matlari to‘g‘risida;

3)Uning savobi to‘g‘risida;

4)Uning azobi to‘g‘risida;

5)Uning yaxshiligi va o‘zining jafosi to‘g‘risida”.

 Alloh taoloning mo‘jiza va alomatlarini tafakkur qilish Alloh taoloning qudratiga qarashdir. Alloh taolo osmonni va yerni qanday yaratganiga, quyoshni sharqdan chiqarib, g‘arbga botirayotganiga, kecha-kunduzni almashadigan qilib qo‘yganiga va o‘zining xilqatiga nazar solishdir. 

Alloh taolo aytadi: “Va yer yuzida chuqur ishonuvchilar uchun belgilar bordir. Va o‘zlaringizda ham. Yoki ko‘rmayapsizlarmi?” (Zoriyat, 20-21-oyat)

Atrofga tafakkur va ibrat ko‘zi bilan qaragan kishi  har qadamlar Allohning mo‘jizalari va ajoyibotlarini ko‘raveradi.

Alloh taoloning ne’matlari haqida fikrlash Uning nematlariga e’tibor qaratishdir. Alloh taolo aytadi: “Alloh sizlarga osmonlardagi  va yerdagi narsalarni beminnat xizmatkor  qilib qo‘yganini va sizga zoxiriy va botiniy ne’matlarni mukammal qilib berganini bilmadingizmi?”. ( Luqmon,20) Ne’matlar haqida tafakkur qilish insonning Robbisiga bo‘lgan muhabbatini hamda shukrini  ziyoda qiladi.

Alloh taoloning savobi to‘g‘risida fikr qilish esa, U Zotning o‘z taqvodor  bandalari uchun jannatda qanday karomatlar tayyorlaganining savobini fikrlashdir. Uning savoblari haqida tafakkur qilish jannatga rag‘batni, uning talabida harakat qilishni va Alloh taoloning toatiga quvvatni ziyoda qiladi.

Uning azobi to‘g‘risida fikrlash esa Alloh taolo dushmanlari va itoatsiz kishilar uchun do‘zaxda tayyorlab qo‘ygan  azoblar va xorliklarni fikrlashdir. Bu esa  bandada qo‘rqinchni, gunoh va ma’siyatlardan tiyilish quvvatini oshiradi. 

Alloh taoloning yaxshiliklari va o‘zinig jafosi haqida tafakkur qilgan kishi o‘zining Allohga bo‘lgan osiyligi bardavom bo‘lishiga qaramay, Robbisi uning gunohlarini berkitib turganini, azoblamasdan, unga hamon rizqini berib turganini ko‘radi va uning hayosi va xijolati ziyoda bo‘ladi.

Banda qachonki shu beshta narsa haqida fikr qilsagina, Payg‘ambar (s.a.v.) aytgan darajalarga  erishadi. Bundan boshqa narsalar to‘g‘risida esa fikr yuritilmaydi. Chunki bundan boshqa narsalarda qilingan tafakkur shunchaki vasvasa bo‘ladi.

Ulamolar aytishadiki: “Uch narsada tafakkur qilish mumkinmas.

1)Kambag‘allik to‘g‘risida. Chunki, u insonda g‘amni va xafalikni ko‘paytiradi hamda boylikka rag‘batni ziyoda qiladi.

2)O‘zgalar tarafidan unga nisbatan qilingan zulm haqida ham tafakkur qilinmaydi. Chunki bu qalbni qattiqlashtaradi, g‘azab va adovatni ziyoda qiladi.

3)Uzoq umr ko‘rish haqida tafakkur qilinmaydi. Chunki bu o‘limni unuttiradi. Dunyoga muhabbatni ziyoda qiladi va oxirat uchun amal qilishni kechiktiradi.

Demak, har bir banda uyquga yotishdan oldin bugungi o‘tgan kuni haqida tafakkur qilmog‘i judayam afzal amaldir. Agar u bugungi o‘tgan kunida xayrli va savobli amallarni topsa Allohga hamd aytishi, xato va gunoh ishlarni ko‘rsa Allohga istig‘for aytishi lozim bo‘ladi.

Alloh  taolo barchalarimizni tafakkur ila ibrat oluvchi bandalaridan qilsin.

Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi: Islomov Yorbek

Maqolalar
Boshqa maqolalar

"O‘rganadigan ilm" nima degani?

23.12.2024   2138   4 min.

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Faqihlar fiqhga shunday ta’rif berishadi: «Fiqh mukallaflarning amallarini halol va haromlik, fasod va sahihlik jihatidan o‘rganadigan ilmdir». Bu ta’rifni ham kengroq tahlil qilib ko‘raylik. «O‘rganadigan ilm» nima degani? Hozirgina «Ilm bir narsaning voqelikka muvofiq kelishidir», dedik.

Fiqhning mavzusiga bir misol keltiraylik. Masalan, men mukallafman. Xotinimga «Sen taloqsan», dedim. Buning hukmi nima bo‘lishini fiqh o‘rganadi. Demak, fiqh men kabi mukallaflarning mana shu kabi holatlarini o‘rganadi. Masalan, men sherikchilik aqdini tuzishim mumkin, biron narsani sotishim, ijaraga olishim mumkin. Fiqh ana shunday holatlarni, men qilgan ishning halol yoki harom, sahih yoki fasodligini o‘rganadi. Demak, fiqhning mavzusi mukallaflar qiladigan amallarning holatini o‘rganishdir.

Faqihlarning fiqhga bergan ta’riflarida «dalil» degan so‘z bormi? Yo‘q. Ular faqat mukallaflarning amallari haqida gapirishdi, hukmlarning mukallaflarga nisbatan joriy bo‘lish holatlariga e’tibor qaratishdi. Demak, umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, fiqhga ikki xil ta’rif berildi. Biri usuliy ulamolarning ta’rifi, ya’ni «Qur’on va Sunnatdan hukmlarni qay tarzda chiqarib olish haqidagi ilm» degan ta’rif. Ikkinchisi fuqaholar bergan ta’rif bo‘lib, unda hosil bo‘lgan hukmlarning mukallaflarga qanday joriy qilinishi asosiy o‘ringa qo‘yildi. Bu hukmlar mutlaq mujtahidlar tarafidan chiqariladi. Hukmni faqat mutlaq mujtahid chiqara oladi. Ana shu mujtahid muayyan bir hukmni Qur’on va Sunnatdan qanday chiqarganini o‘rganish usul ilmining mavzusidir. Chiqarilgan hukmni o‘zimizga va jamiyatga tatbiq qilish esa muftiy va faqihlarning ishidir.

Demak, fiqhga ikki xil qarash mumkin ekan: hukmni chiqarib olish va uni tatbiq qilish. Bizning xatoimiz shuki, hukmni ishlab chiqish bilan uni tatbiq qilish orasidagi farqni tushunmayapmiz. Tushunmaganimiz uchun keraksiz gaplarni gapiryapmiz. Biz yuqorida aytib o‘tgan ikki yo‘nalish – tahallul, ya’ni dinga yengil qarash va tashaddud, ya’ni dinda g‘uluvga ketish yo‘nalishlari yo ikkinchi ta’rifdan bexabar qolishdi, yoki unga e’tiborsiz qarashdi. Ular faqat birinchi ta’rifni, ya’ni hukmni qay tarzda ishlab chiqishni izohlashdi.

Masalan, siz birinchi yil ilm olayotgan bo‘lsangiz, ular sizga: «Sen aytgan hukmni faqat dalil keltirsang, qabul qilamiz», deyishadi. Axir siz hali dalillarni bilmaysiz-ku! Birorta jumlani oyat deb o‘ylashingiz mumkin, lekin aslida u oyat bo‘lmasligi mumkin. Bir hadisni Buxoriyda kelgan, deb aytishingiz mumkin, lekin u Buxoriydan rivoyat qilinmagan, to‘qima hadis bo‘lib chiqishi mumkin, chunki siz hali dalillarni o‘rganmagansiz. Ular mana shu darajadagi odamlardan dalil so‘rashdi, ochiq-oydin dalili bo‘lmagan hukmni esa botilga chiqarishdi. Bunga biroz kengroq yondashish kerak...

Yuqorida aytganimdek, asosiy maqsadim ta’riflarga doir qo‘shimcha ma’lumotlarni aytib o‘tish edi. Keling, shu masalani ko‘raylik. Ana o‘sha yo‘nalish egalari har bir hukmga dalil talab qilishyapti. Avvalo ayting-chi, dalil nima o‘zi? Ular: «Dalil – bu Qur’on va Sunnat», deyishadi. Ularning «Dalil Qur’on va Sunnatdir», deyishi ilmiy ma’noda xatodir, chunki dalilni faqat Qur’on va Sunnatgagina cheklab qo‘ysak, dinni zoye qilib qo‘yamiz, chunki bulardan boshqa dalillar ham bor. Dalil to‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan manbadir. Demak, Qur’on va Sunnat dalillarning asosiy qismidir, lekin dalillarning barchasi emas, chunki ijmo’ ham dalil, qiyos ham dalildir. To‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan har qanday manba dalil bo‘ladi. Lekin bu gapni ular tushunmaydi. Ular dalilni faqat Qur’on va Sunnat, deb tushunishadi.

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan