Tafakkur kishini Alloh taoloni naqadar buyuk va mexribon Zot ekanligini, Qudrat va Azamat sohibi ekanligini his qilishga, ne’matlarga shukr va sinovlarga sabr qilishga undaydigan, o‘zining haqir va ojiz ekanligini e’tirof etishga, ibodat va itoatga rag‘batni oshiruvchi, barcha Alloh rozi bo‘ladigan amallarni qilishga hamda u Zot qaytargan amallardan qaytishga sabab bo‘ladigan xislat. Agar banda Alloh taoloning oyat-alomatlariga tafakkur bilan qarasa, ishonchi va ma’rifati ziyoda bo‘ladi. Shuning uchun Alloh taolo Qur’oni karimning judayam ko‘p oyatlarida tafakkurga chaqiradi. O‘zining yaratgan narsalarini zikr qilib ularda: “ Tafakkur qiladigan kishilar uchun oyat-alomatlar bor”, deya aytadi. “ Shoyadki tafakkur qilsalaringiz”, deydi. Shuning uchun Rosululloh (s.a.v.): “ Bir soatlik tafakkur bir yillik nafl ibodatdan yaxshiroqdir”,( Ibn Moja) deganlar.
Abu Lays Samarqandiy (r.a.) aytadilar: “ Agar inson tafakkur qilish fazilatiga yetishni hohlasa, besh narsa haqada fikr qilsin:
1) Allohning mo‘jiza va alomatlari to‘g‘risida;
2)Allohning botiniy va zoxiriy ne’matlari to‘g‘risida;
3)Uning savobi to‘g‘risida;
4)Uning azobi to‘g‘risida;
5)Uning yaxshiligi va o‘zining jafosi to‘g‘risida”.
Alloh taoloning mo‘jiza va alomatlarini tafakkur qilish Alloh taoloning qudratiga qarashdir. Alloh taolo osmonni va yerni qanday yaratganiga, quyoshni sharqdan chiqarib, g‘arbga botirayotganiga, kecha-kunduzni almashadigan qilib qo‘yganiga va o‘zining xilqatiga nazar solishdir.
Alloh taolo aytadi: “Va yer yuzida chuqur ishonuvchilar uchun belgilar bordir. Va o‘zlaringizda ham. Yoki ko‘rmayapsizlarmi?” (Zoriyat, 20-21-oyat)
Atrofga tafakkur va ibrat ko‘zi bilan qaragan kishi har qadamlar Allohning mo‘jizalari va ajoyibotlarini ko‘raveradi.
Alloh taoloning ne’matlari haqida fikrlash Uning nematlariga e’tibor qaratishdir. Alloh taolo aytadi: “Alloh sizlarga osmonlardagi va yerdagi narsalarni beminnat xizmatkor qilib qo‘yganini va sizga zoxiriy va botiniy ne’matlarni mukammal qilib berganini bilmadingizmi?”. ( Luqmon,20) Ne’matlar haqida tafakkur qilish insonning Robbisiga bo‘lgan muhabbatini hamda shukrini ziyoda qiladi.
Alloh taoloning savobi to‘g‘risida fikr qilish esa, U Zotning o‘z taqvodor bandalari uchun jannatda qanday karomatlar tayyorlaganining savobini fikrlashdir. Uning savoblari haqida tafakkur qilish jannatga rag‘batni, uning talabida harakat qilishni va Alloh taoloning toatiga quvvatni ziyoda qiladi.
Uning azobi to‘g‘risida fikrlash esa Alloh taolo dushmanlari va itoatsiz kishilar uchun do‘zaxda tayyorlab qo‘ygan azoblar va xorliklarni fikrlashdir. Bu esa bandada qo‘rqinchni, gunoh va ma’siyatlardan tiyilish quvvatini oshiradi.
Alloh taoloning yaxshiliklari va o‘zinig jafosi haqida tafakkur qilgan kishi o‘zining Allohga bo‘lgan osiyligi bardavom bo‘lishiga qaramay, Robbisi uning gunohlarini berkitib turganini, azoblamasdan, unga hamon rizqini berib turganini ko‘radi va uning hayosi va xijolati ziyoda bo‘ladi.
Banda qachonki shu beshta narsa haqida fikr qilsagina, Payg‘ambar (s.a.v.) aytgan darajalarga erishadi. Bundan boshqa narsalar to‘g‘risida esa fikr yuritilmaydi. Chunki bundan boshqa narsalarda qilingan tafakkur shunchaki vasvasa bo‘ladi.
Ulamolar aytishadiki: “Uch narsada tafakkur qilish mumkinmas.
1)Kambag‘allik to‘g‘risida. Chunki, u insonda g‘amni va xafalikni ko‘paytiradi hamda boylikka rag‘batni ziyoda qiladi.
2)O‘zgalar tarafidan unga nisbatan qilingan zulm haqida ham tafakkur qilinmaydi. Chunki bu qalbni qattiqlashtaradi, g‘azab va adovatni ziyoda qiladi.
3)Uzoq umr ko‘rish haqida tafakkur qilinmaydi. Chunki bu o‘limni unuttiradi. Dunyoga muhabbatni ziyoda qiladi va oxirat uchun amal qilishni kechiktiradi.
Demak, har bir banda uyquga yotishdan oldin bugungi o‘tgan kuni haqida tafakkur qilmog‘i judayam afzal amaldir. Agar u bugungi o‘tgan kunida xayrli va savobli amallarni topsa Allohga hamd aytishi, xato va gunoh ishlarni ko‘rsa Allohga istig‘for aytishi lozim bo‘ladi.
Alloh taolo barchalarimizni tafakkur ila ibrat oluvchi bandalaridan qilsin.
Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi: Islomov Yorbek
Mashhur ishbilarmon bilan bo‘lgan suhbatda undan hayotidagi esda qolarli voqea haqida so‘rashdi. U bunday hikoya qilib berdi:
«Bir kuni o‘zimda ikkilanish, taraddudni his qilib, ochiq havoda sayr qildim. Eshigi ochiq turgan bir masjid yonidan o‘tarkanman, o‘zimga-o‘zim: “Kirib ikki rakat namoz o‘qiy”, deya masjidga burildim. Unda bir kishi qiblaga yuzlanib, qo‘llarini ko‘targancha yolvorib duo qilayotgan ekan. Bildimki, biror muammosi bor. U duo qilib bo‘lgach, sekin oldiga bordim:
– Biror muammo bormi?
– Bo‘ynimda qarzim bor, – dedi u. – Shu meni bezovta qilyapti.
– Qancha?
– To‘rt ming.
Saxiyligim tutdi. Cho‘ntagimdan pul chiqarib, unga to‘rt ming berdim. U juda xursand bo‘lib ketdi va menga rahmat aytib, haqqimga duo qildi. Men tashrif qog‘ozimni berib: “Biror ehtiyojingiz bo‘lsa qo‘ng‘iroq qiling yoki ishxonamga keling”, dedim. Bu taklifdan yanada xursand bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Biroq uning javobi meni hayratda qoldirdi! U aytdiki: “Yo‘q, birodar! Alloh sizni mukofotlasin, bu tashrif qog‘oziga ehtiyojim yo‘q. Men biror ehtiyojim bo‘lsa, ikki rakat namoz o‘qib, qo‘limni duoga ochib, hojatimni Allohdan so‘rayman. Alloh tez orada hojatimni ravo qiladi. Xuddi hozir sizni bu yerga boshlab kelib, vosita qilganidek!..”
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan bir hadis yodimga keldi: “Agar Allohga haqiqiy tavakkal qilsangiz, Alloh xuddi qushlarga rizq berib qo‘yganidek rizqingizni yetkazadi. Ular tongda hech vaqosiz chiqib ketib, kech bo‘lganda qorinlarini to‘yg‘azib qaytgani kabi”.
Masjiddan Alloh taoloning quyidagi oyatini takrorlab chiqdim: “Va barhayot, o‘lmaydigan Zotga tavakkal qil hamda Uni hamdu sano ila poklab yod et. Bandalarining gunohlaridan o‘ta xabardor bo‘lishda Uning O‘zi kifoyadir” (Furqon surasi, 58-oyat)».