Mavlid oyi bo‘ldi elga mukarram,
Boisi tug‘ilgan rasuli akram.
Oylarni ichinda bo‘lak ehtirom,
Qilar halqim bu oyni izzati ikrom.
Muborak ulug‘ oy salom assalom!
Robiul avvalni dushanba kuni,
Tug‘ildi bu kunda olam sarvari.
Ollohni tanlagan xos rasuli,
Bandalar ichinda tanlagan quli.
Qabul aylang ummatni sizga salomi!
Ollohni rasuli tug‘ilgan bu oy,
Mo‘jiza xislatga bu oy juda boy.
O‘chib qoldi ming yil o‘chmagan olov,
Yakson bo‘ldi ka’badagi butlar va sanam.
Bizdan salom qabul aylang rasuli akram!
Mo‘minlar boshidan ketib jaxolat,
Ziyo bo‘lib keldi ilmu ma’rifat.
Vayron bo‘ldi shu kecha Xisrav saroyi,
Quridi ko‘p turgan savani ko‘li.
Ollloh yaxshi ko‘rgan zot, rasul tufayli!
Kofirlar, mushriklar qilib nadomat,
O‘tgan kunlariga qildilar nafrat.
Olloh suyugan payg‘ambari sizga salovat,
Ollohni rasuli tug‘ilgan bu oy.
Salovot salomni aytingiz bisyor!
Arziydi har kuni aytsangiz ko‘p bor,
Oxiratda rasululloh shafoati bor.
Salovotni to‘xtatmang bu oyda zinhor,
Rasululloh sizga bo‘lsin salovot ming bor.
Oxiratda rasul akram shafoati bor!
Har kim aytsa haq rasulga salom salovot,
Barcha etar topganidan exson xasanot.
Haq habibi rasuliga qilib ehtirom,
Umid qilib har bir ummat sizdan shafoat.
Sizga bo‘lsin rasululloh salom-salovat!
Muhammad MUKARRAMOV,
Koson tumani bosh imom-xatibi.
Muhtarama singlim! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida yuz bergan eng og‘ir, u zotga eng ko‘p qayg‘u keltirgan musibat haqida o‘qishdan oldin fikringizni bir joyga jamlab, yaxshilab o‘ylab, quyidagi savollarga javob berib ko‘ring:
Hayotingizda qanday holatlar sizni qayg‘uga solgan?
Ularning sababi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?
O‘sha holatlarda o‘zingizni qanday tutgansiz?
Ularning qaysi birini eng og‘ir musibat deb bilgansiz?
Bu savollar haqida kengroq fikr yuritib javob bergan bo‘lsangiz, keling, endi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida yuz bergan eng og‘ir musibat bilan tanishamiz.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari Oisha roziyallohu anho bunday deganlar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamga «Boshingizga Uhud kunidan ham og‘irroq kun kelganmi?» dedim. U zot shunday dedilar: «Ha, bu qavm menga ko‘p ozorlar yetkazdi. Ammo ularning eng og‘iri Aqaba kuni bo‘lgan. O‘shanda Ibn Abdu Yalil ibn Abdukulolga meni himoyaga olishni taklif qilgan edim. Lekin u men istagan narsani qabul qilmadi. Men tashvishlanib, boshim oqqan tomonga qarab yurib ketdim. Bir joyga kelganda o‘zimga kelib, boshimni ko‘tardim. Qarasam, tepamda bir bulut menga soya solib turibdi. Razm solsam, uning ustida Jabroil bor ekan. U menga shunday nido qildi: «Alloh qavmingning senga aytgan gapini, senga nima javob qaytarganini eshitdi. U Zot huzuringga tog‘ farishtasini yubordi, ularni nima qilishni istasang, buyurishing mumkin», dedi. Shu payt tog‘ farishtasi menga salom berib, «Ey Muhammad! Nima desangiz, shuni qilaman. Istasangiz, ularning ustiga Makkadagi ikkita katta tog‘ni to‘ntarib tashlayman», dedi».
Oisha roziyallohu anho Uhud jangida Rasulullohning qanchalar mahzun bo‘lganlarini ko‘rgan edilar. Bu jangda yetmishta eng zabardast sahoba shahid bo‘lgan. O‘sha jangda mushriklardan biri Rasulullohning yuzlariga qilich bilan urganida yuzlari qonab ketgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzlaridagi qonni arta turib, «Allohga da’vat qilayotgan payg‘ambarining yuziga jarohat yetkazib, tishini sindirgan qavm qanday najot topadi?» deb, kuyingan edilar. Jang tugagach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shahid bo‘lganlarni birma-bir ko‘zdan kechira boshladilar. Amakilari Hamza ibn Abdulmuttalibning jasadi qarshisida to‘xtab qoldilar. Hamza u zot uchun eng suyukli, qarindoshlari ichida eng qadrli inson edi. Mushriklar Hamzaning qornini yorib, ichki a’zolarini chiqarib tashlashibdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni ko‘rib, qattiq iztirob chekdilar, «Endi menga sizning firoqingizdan og‘ir musibat yo‘q», dedilar.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Hamza ibn Abdulmuttalibga yig‘laganlaridek qattiq yig‘laganlarini ko‘rmaganmiz. U zot amakilarini qibla tarafga qo‘yib, janozasini o‘qishga turganlarida yig‘idan o‘zlariga sig‘may ketdilar».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlariga, sahobalariga yetgan musibatlarni duo bilan, sabr bilan yengar edilar.
Ubayd ibn Rifo’a Zuroqiy otasidan rivoyat qiladi:
Uhud jangi kuni ko‘z yoshlari qonlariga aralashib, nihoyatda og‘ir musibat yetib turgan lahzalarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tutgan yo‘llari eng to‘g‘ri yo‘l edi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarining oldida turib, Alloh taologa duo qilib, ularning qalbidagi iymonni yanada mustahkamladilar. Darhaqiqat, Alloh taolo bergan narsani to‘suvchi yo‘q, U Zot to‘sganini esa beruvchi yo‘q.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.