بسم الله الرحمن الرحيم
TIL OFATLARI
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ رَبِّ الْعَالَمِينَ الَّذِي خَلَقَ الْإِنْسَانَ وَعَلَّمَهُ الْبَيَانَ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الْمُصْطَفَى وَالْمُجْتَبَى لِلْهِدَايَةِ إِلَى الْجِنَانِ الَّذِي حَذَّرَ أُمَّتَهُ مِنْ آفَاتِ اللِّسَانِ وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَأَتْبَاعِهِ فِي كُلِّ زَمَانٍ وَمَكَانٍ
Hurmatli jamoat! Dinimizda mo‘minning so‘zi amali kabi e’tiborlidir. Tilning toati ham, isyoni ham katta bo‘ladi. Masalan, imon keltirish – tilning toati va kufr keltirish – tilning isyonlaridan biridir. Nikoh va taloq masalalarida ham mo‘min va mo‘minalarning bir og‘iz so‘zi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Rozilikni ifodalovchi so‘z bilan ikki begona inson bir umrlik juftga aylanadi yoki ajralishni bildiradigan so‘z bilan er-xotin bir biridan ajraladi. Alloh taolo bandalarining har bir so‘zi hisobda ekanini bizga bildirib, shunday deydi:
مَا يَلْفِظُ مِنْ قَوْلٍ إِلَّا لَدَيْهِ رَقِيبٌ عَتِيدٌ
(سُورَةُ ق الْاَيَةُ-17)
ya’ni: “U biror so‘zni talaffuz qilsa, albatta, uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (so‘zni yozib oluvchi farishta) bordir” (Qof surasi, 17-oyat).
Demak, farishtalar odamlar gapirayotgan, amalga oshirayotgan savob yoki gunoh so‘z va amallarni yozib boradilar hamda bu kitob qiyomat kunida o‘qib ko‘rishi uchun kishining o‘ziga taqdim etiladi.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam Muoz ibn Jabalga dinimizda ishning boshi, asosi va cho‘qqisi nima ekanini aytib, mana shu yaxshiliklarning asli tilni saqlash bilan bo‘lishini bayon qildilar. Muoz raziyallohu anhu bundan ajablanib: “Hali gapirgan narsalarimizdan ham javobgar bo‘lamizmi?” deganlarida Payg‘ambarimiz shunday deydilar:
... ثَكِلَتْكَ أُمُّكَ، وَهَلْ يَكُبُّ النَّاسَ في النَّارِ على وُجُوهِهِمْ إِلاَّ حَصَائِدُ ألْسِنَتِهِمْ
(رَوَاهُ الْاِمَامُ التِّرْمِذِيُّ)
ya’ni: “...Onang senga yig‘lasin, odamlarni do‘zaxga yuzlari bilan yiqitadigan narsa faqat tillarining hosilidir” (Imom Termiziy rivoyati).
Mana shu hadisdan bilinadiki, tilni saqlash barcha yaxshiliklarning aslidir. Chunki tilning isyoniga: eng katta gunoh bo‘lgan shirk, Alloh taolo haqida bilmagan narsasini gapirish, yolg‘on guvohlik berish, sehr, bo‘hton, g‘iybat, chaqimchilik va boshqa so‘zga bog‘liq gunohlar kiradi.
Tilni saqlash to‘g‘risida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar:
...وَمَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ فَلْيَقُلْ خَيْرًا أَوِ لْيَصْمُتْ
(رَوَاهُ الْاِمَامُ الْبُخَارِيُّ)
ya’ni: “...Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirsa, yaxshi (gaplar)ni gapirsin yoki jim tursin” (Imom Buxoriy rivoyati).
Yolg‘on guvohlik berish haqida Qur’oni karimda shunday deyiladi:
فَاجْتَنِبُوا الرِّجْسَ مِنَ الْأَوْثَانِ وَاجْتَنِبُوا قَوْلَ الزُّورِ
(سُورَةُ الْحَجِّ الْاَيَةُ-30)
ya’ni: “Bas, butlardan iborat najosatdan uzoqlashib, yolg‘on so‘zdan ham chetda bo‘lingiz!” (Haj surasi, 30-oyat). Oyati karimada yolg‘on guvohlikning butlarga sig‘inish bilan yonma-yon zikr qilinishi yolg‘on guvohlikning katta gunohligiga ishora qiladi.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam katta gunohlarni sanab shunday ogohlantiradilar:
اَلشِّرْكُ بِاللهِ وَعُقُوقُ الْوَالِدَيْنِ وَقَتْلُ النّفْسِ وَقَوْلُ الزّورِ
(رَوَاهُ الْاِمَامُ التِّرْمِذِيُّ)
ya’ni: “Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish, odam o‘ldirish va yolg‘on guvohlik berish” (Imom Termiziy rivoyati). Diqqat qilsak, hadisi sharifda ham yolg‘on guvohlik berish Allohga shirk keltirish va ota-onaga oq bo‘lish, odam o‘ldirish kabi katta gunohlar bilan birga zikr qilinmoqda.
G‘iybat ham til ofatlarining kattasi va jamiyatda keng tarqalganidir. G‘iybat – bir kishini yo‘qligida unga yoqmaydigan gap (sifat) bilan yodga olishdir. G‘iybatni Qur’oni karimda vafot etgan birodarining go‘shtini yeyishga o‘xshatiladi:
وَلَا تَجَسَّسُوا وَلَا يَغْتَبْ بَعْضُكُمْ بَعْضًا أَيُحِبُّ أَحَدُكُمْ أَنْ يَأْكُلَ لَحْمَ أَخِيهِ مَيْتًا فَكَرِهْتُمُوهُ
وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ تَوَّابٌ رَحِيمٌ
(سُورَةُ الْحُجُرَاتِ اَلْاَيَةُ-12)
ya’ni: “(O‘zgalar aybini qidirib) josuslik qilmangiz va biringiz biringizni g‘iybat qilmasin! Sizlardan biror kishi o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni xohlaydimi?! Uni yomon ko‘rasiz-ku, axir! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh tavbalarni qabul qiluvchi va rahmli zotdir” (Hujurot surasi, 12-oyat).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam odamlar aybini axtarib, g‘iybat qilib yurishning yomon oqibatidan ogohlantirdilar:
يَا مَعْشَرَ مَنْ آمَنَ بِلِسَانِهِ وَلَمْ يَدْخُلِ الإِيمَانُ قَلْبَهُ ، لاَ تَغْتَابُوا الْمُسْلِمِينَ ، وَلاَ تَتَّبِعُوا عَوْرَاتِهِمْ فَإِنَّ مَنْ تَتَبَّعَ عَوْرَةَ أَخِيهِ تَتَبَّعَ اللهُ عَوْرَتَهُ ، وَمَنْ تَتَبَّعَ اللهُ عَوْرَتَهُ يَفْضَحْهُ فِي جَوْفِ بَيْتِهِ
(رَوَاهُ الْاِمَامُ اَبُو دَاوُدُ وَالْاِمَامُ اَحْمَدُ)
ya’ni: “Ey tili bilan imon keltirib, qalbiga imon kirmaganlar! Musulmonlarni g‘iybat qilmanglar. Ularning ayblarini axtarmanglar. Kim birodarining aybini axtarsa, Alloh ham uning aybini axtaradi. Alloh kimning aybini axtarsa, uni uyida bo‘lsa ham, sharmanda qiladi” (Imom Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyati). “Uyida bo‘lsa ham” degani, meni hech kim ko‘rmaydi, deb uyini ichida qilgan gunohini ham oshkor qilib qo‘yadi, ma’nosidadir.
Tuhmat (qazf) – zino va livota kabi fahsh ishlar bilan o‘zgalarni ayblashdir. Pok odamlarga bunday tuhmat qilish Qur’on, sunnat va ijmo’ bilan harom qilingandir. Bir to‘da tuhmatchilar Oisha onamizga jirkanch bo‘hton qilishdi. Alloh taolo o‘z kalomida mo‘minlarning onasini pokladi va bu qiyomatgacha keladigan ummatga ibrat bo‘lib qoldi.
Imom Buxoriy Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam yettita halok qiluvchi (katta) gunohlarni sanadilar. Ularni ichida pokdomon, fahsh ishlardan bexabar ayollarga tuhmat qilishni ham katta gunoh sifatida aytib o‘tganlar:
اِجْتَنِبُوا السَّبْعَ الْمُوبِقَاتِ قَالُوا يَا رَسُولَ اللَّهِ وَمَا هُنَّ قَالَ الشِّرْكُ بِاللَّهِ وَالسِّحْرُ وَقَتْلُ النَّفْسِ الَّتِي حَرَّمَ اللَّهُ إِلَّا بِالْحَقِّ وَأَكْلُ الرِّبَا وَأَكْلُ مَالِ الْيَتِيمِ وَالتَّوَلِّي يَوْمَ الزَّحْفِ وَقَذْفُ الْمُحْصَنَاتِ الْمُؤْمِنَاتِ الْغَافِلَاتِ
(رَوَاهُ الْاِمَامُ الْبُخَارِيُّ)
ya’ni: “Yetti halok qiluvchi (gunoh)dan saqlaninglar”. “Ey, Allohning rasuli ular nimalar?” – deyishdi. Shunda: “Allohga shirk keltirish, sehr, Alloh (o‘ldirishni) harom qilgan jonni nohaq o‘ldirish, ribo yeyish, yetimning molini yeyish, jang kunida ortga qochish va oilali-pokiza, mo‘mina, (zinodan) bexabar ayollarni zinoda ayblash”, – dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Yolg‘on – bir narsani aslidagidan o‘zgacha qilib xabar berish, ya’ni xabarning voqe’likka to‘g‘ri kelmasligidir. Alloh taolo mo‘minlarni yolg‘on gapirishdan qaytaradi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لِمَ تَقُولُونَ مَا لَا تَفْعَلُونَ. كَبُرَ مَقْتًا عِنْدَ اللَّهِ أَنْ تَقُولُوا مَا لَا تَفْعَلُونَ
(سُورَةُ الصَّفِّ اَلْاَيَةُ-2-3)
ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Sizlar nega o‘zlaringiz qilmaydigan narsani (qildik yoki qilamiz deb) aytursiz?! Sizlarning o‘zlaringiz qilmaydigan ishni (qilamiz, deb) aytishingiz Alloh nazdida katta nafrat (boisi)dir” (Saf surasi, 2-3-oyatlar).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam har bir eshitgan narsasini gapirishdan qaytardilar:
كَفَى بِالْمَرْءِ كَذِبًا أَنْ يُحَدِّثَ بِكُلِّ مَا سَمِعَ )
رَوَاهُ الْاِمَامُ مَسْلِمٌ)
ya’ni: “Har bir eshitgan narsasini gapirish kishining yolg‘onchi ekaniga yetarli bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyati).
Quyidagi hadisi sharifda esa rostgo‘ylik jannatga, yolg‘on esa do‘zaxga olib borishi ta’kidlanadi:
إِنَّ الصِّدْقَ يَهْدِي إِلَى البِرِّ وَإِنَّ البِرَّ يَهْدِي إِلَى الجَنَّةِ وَإِنَّ الرَّجُلَ لَيَصْدُقُ حَتَّى يُكْتَبَ عِنْدَ اللهِ صِدِّيقاً وَإِنَّ الْكَذِبَ يَهْدِي إِلَى الْفُجُورِ وَإِنَّ الْفُجُورَ يَهْدِي إِلَى النَّارِ وَإِنَّ الرَّجُلَ لَيَكْذِبُ حَتَّى يُكْتَبَ عِنْدَ اللهِ كَذَّاباً
(مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ)
ya’ni: “Albatta, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga olib boradi. Kishi (doim) rost gapirganidan, Allohning nazdida siddiq (o‘ta rostgo‘y) deb yoziladi. Yolg‘on (fisqu) fujurga yetaklaydi, fujur esa do‘zaxga olib boradi. Kishi (doim) yolg‘on gapirganidan, Allohning nazdida kazzob (o‘ta yolg‘onchi) deb yoziladi” (Muttafaqun alayh). Demak, inson rost yoki yolg‘on gapirishga odatlansa, bu uning uchun tabiatga aylanadi va bu narsa Alloh taoloning nazdida bitib qo‘yiladi.
Chaqimchilik – o‘rtani buzish uchun bir odamning gapini boshqasiga yetkazish. Chaqimchilik to‘g‘risida Qur’oni karimda shunday deyiladi:
وَلَا تُطِعْ كُلَّ حَلَّافٍ مَهِينٍ هَمَّازٍ مَشَّاءٍ بِنَمِيمٍ
سُورَةُ الْقَلَمِ اَلْاَيَةُ-10-11
ya’ni: “(Ey, Muhammad!) Har qanday tuban qasamxo‘rga (Valid ibn Mug‘iraga) itoat etmang! (U) g‘iybatchi, gap tashuvchi” (Qalam surasi, 10-11-oyatlar).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam chaqimchi to‘g‘risida:
لَا يَدْخُلُ الجَنَّةَ نَمَّامٌ
(مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ)
ya’ni: “Chaqimchi jannatga kirmaydi”, – dedilar (Muttafaqun alayh). Ali raziyallohu anhu: “Chaqimchi bir soatda bir oylik fitnani qiladi”, – der edilar.
Hurmatli jamoat! Ko‘rib turganimizdek, bo‘hton va asossiz xabar tarqatish, mish-mish tarqatish jamiyatimizga katta zarar yetkazadi. Jamiyat a’zolari o‘rtasida kelishmovchilik, bir-birini yomon ko‘rish, bug‘zu adovat urug‘larini ekadi. Ayniqsa, xalq g‘amida yurgan rahbarlar haqida asossiz tuhmatlar va noloyiq gaplar aytish, xalq bilan rahbarlari o‘rtasini buzishga harakat qilish qadimdan millat dushmanlari qo‘llagan usullardir. Buning yorqin misoli, Usmon raziyallohu anhuning shahid qilinishida namoyon bo‘ldi. Bir to‘da fitnachi, chaqimchilar voliylarni hazrati Usmonga qarshi qayrashdi, natijada tushunmovchilik kelib chiqdi va fitnachilar maqsadlariga erishdi. Hozirgi kunimizda yana bir xalq xizmatida bo‘lib turgan jamoat – olimlar, imom-domlalarni yomonotliq qilish, ular haqida bo‘hton so‘zlarni aytish, har xil haqoratli rasmlarni ishlash bu dinimizning “ildiziga bolta urish” hisoblanadi. Chunki xalq olimu ulamodan din diyonat, sabr-toqat va qanoat, qolaversa, odob-axloqni o‘rganadi. Ularni xalqqa yomon ko‘rsatish Allohning diniga dushmanlikning o‘zginasi! Dushmanlikdan boshqa narsa emas! Balki bu ishlarni qilayotganlar o‘zlarini naqadar og‘ir gunohkor bo‘layotganlarini his qilmayotgandirlar, lekin bu bilan dunyo va oxiratdagi javobgarlikdan qutilib bo‘lmaydilar.
Muhtaram jamoat! Mav’izamiz davomida ayollarga xususan, kishi o‘zining jufti haloliga chiroyli muomala qilish haqida so‘hbatlashamiz.
Bugun guvohi bo‘lganimizdek, BMTning Bosh Assambleyasi 25 noyabr kunini “Xalqaro Ayollarga nisbatan zo‘rovonlikka barham berish kuni” deb e’lon etib, barcha hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, nodavlat tashkilotlarni mazkur kunda jamoatchilikni ushbu dolzarb muammo haqida xabardor etishga bag‘ishlangan tadbirlarni tashkillashtirishga chaqirdi.
Hozirda jahonda 25 noyabr – Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish Xalqaro kunidan boshlab 10 dekabr – Inson huquqlari kunigacha bo‘lgan davrni qamrab oluvchi 16 kunlik keng ko‘lamdagi tadbirlar tashkil etilmoqda. Asosiy maqsad butun dunyo bo‘ylab ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berishdir.
Aslida muqaddas islom dinimiz 14 asr avval ayol kishini hurmat va izzat qilishga buyurgan. Jumladan, musulmon kishi ayollarga, o‘zining jufti haloli, opa-singillariga xushmuomala va chiroyli munosabatda bo‘lishi ayni dinimiz talabidir. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Ular bilan totuv turmush kechiringiz” (Niso surasi, 19-oyat).
Har bir kishining qo‘l ostidagi ayoli u kishi uchun Alloh taolo tomonidan omonat qilib berilganligi haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam “Vidolashuv haji”da shunday deganlar: “Ayollar borasida Allohdan qo‘rqinglar. Chunki sizlar Allohning omonati ila ularni qo‘lga kiritdingiz va Allohning kalimasi bilan ularning farjlarini o‘zlaringizga halol qilib oldingiz” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu borada Rasululloh sallallohu alayhi vasallam barchamizga o‘rnak va namuna bo‘lib shunday deganlar: “Sizlarning eng yaxshingiz ahli-oilasiga eng yaxshi (go‘zal muomalada) bo‘lganingizdir. Albatta, men ichlaringizda ahli-oilasiga eng yaxshi muomala qiladiganlaringizman” (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyati).
Oilada yuksak ma’naviy muhitni tashkil etish juda muhim. Bunda oila a’zolarining, ayniqsa, er va xotinning o‘zaro bir-birlari bilan go‘zal munosabatda bo‘lishlari katta o‘rin tutadi. Birini g‘azabi kelganda ikkinchisi o‘zini bosib, vazminlik va bosiqlik bilan muomalada bo‘lishi kerak, shu bilan birga, oilaviy sirlarni ko‘chaga olib chiqmasligi lozim.
Bu haqda salafi solihlarimiz bizga yaqqol o‘rnakdirlar. Abu Dardo xotiniga shunday deganlar:
قَالَ أَبُو الدَّرْدَاءِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ لِزَوْجَتِهِ: إِذَا غَضِبْتُ فَرَضِّنِي وَإِذَا غَضِبْتِ رَضَّيْتُكِ وَإِلَّا لَمْ نَصْطَحِبْ
ya’ni: “G‘azabim kelganda meni rozi qilishga urun, sening g‘azabing kelganda men seni rozi qilishga urunay. Aks holda birga yashay olmaymiz”.
Risoladagidek erkak hayoti davomida doim onasi va juftiga moddiy va ma’naviy ta’minot hamda g‘amxo‘rlik qiladi. Ular o‘rtasida adolat o‘rnatgan holda hayot kechiradi. Birini deb ikkinchisini ranjitmaydi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
الرِّجَالُ قَوَّامُونَ عَلَى النِّسَاءِ بِمَا فَضَّلَ اللَّهُ بَعْضَهُمْ عَلَى بَعْضٍ وَبِمَا أَنْفَقُوا مِنْ أَمْوَالِهِمْ...
ya’ni: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlarini ayrimlaridan (erkaklarni ayollaridan) (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir...” (Niso surasi, 34-oyat).
Bu oyat bilan Alloh taolo erkakning oiladagi o‘rnini belgilab berdi.
Shundan kelib chiqib, oila rahbari bo‘lmish erkaklar, bo‘lajak qaynonalar bo‘lmish juftlariga kelinga qanday muomala qilish, kelajakda kelin bo‘ladigan qizlariga qaynona bilan qanday muomala qilish kerakligini o‘rgatib borishlari kerak. Bu ishni faqat ayollarga yuklab qo‘yish to‘g‘ri emas. Chunki yuqoridagi oyatda erkaklar ayollarni himoya qilishida, g‘amxo‘rlik qilish va ularga odob berish ma’nosi mavjuddir.
Alloh taolo barchamizni tilini O‘zi buyurgan ibodatlarga ishlatadigan, faqat yaxshi gapni gapiradigan, o‘rni kelganda chiroyli sukut saqlaydigan solih bandalaridan qilsin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Masjidlarda namoz vaqtiga qat’iy rioya etib, xususan, juma namozini belgilangan vaqtdan o‘tkazmagan holda ado etishingiz va juma ish kuni bo‘lgani uchun namozxonlarni ko‘p ushlanib qolishlariga yo‘l qo‘ymasligingiz tavsiya etiladi!
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ayting-chi, Qur’onda nechta hukmiy oyat bor? Eng uzog‘i 500 ta hukmiy oyat bor. Hukmga doir nechta hadis bor? Ba’zi ulamolar 500 ta deyishgan, ba’zilari 700, 1000, 1500, 2000, 3000 gacha deyishgan. Men faqat hukmga doir hadislarni aytyapman. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislar nechta? 8 mingtadan 12 mingtagacha deyilgan. Umuman olsak, sunnat zaxirasida nechta ahkom hadislari bor? Yuqorida aytganimizdek, 500, 1000, 2000, 3000...
Qur’ondagi hukmga oid oyatlar bilan qo‘shganda, 5000 ta deylik. Lekin hayotda millionlab, o‘n millionlab masalalar bor-ku. Shulardan taxminan 5000 tasiga Qur’on va Sunnatdan dalil toparmiz. Lekin qolgan millionlab masalalarga-chi? Shaxsiy masalalaru, muomalot bobini qo‘yib turaylik, namozning o‘zini olsak, undagi holatlarning mayda tafsilotlariga bu 5000 taning ichidan dalilni topa olmasak-chi? Ikki yo‘ldan birini tanlash kerak bo‘lyapti. Agar Qur’on va Sunnatning zohiriga cheklanib qolsam, Qur’ondagi «U har bir narsani bayon qiluvchidir» degan oyatni yolg‘onga chiqarishimga to‘g‘ri kelib qoladi. Alloh asrasin, hatto namozdagi hamma holatlarni to‘liq bayon qilib bera olmasa, qanday qilib har bir narsani bayon qiluvchi bo‘la oladi?! Agar faqat Qur’on va Sunnatning o‘zi bilangina cheklansam, go‘yoki dinsizlikka chaqirayotgan bo‘lib qolar ekanman, chunki hayotning hamma jabhalariga hukm topib bera olmay qolaman. Vaholanki, Alloh taolo: «Bu kun diningizni mukammal qilib berdim», deyapti. Demak, bu din mukammal bo‘lishi kerak. Lekin Qur’on va Sunnatda kiyim-kechak, samolyot, avtomobil, shirkatlar va boshqa minglab ijtimoiy masalalarga tegishli ochiq hukm topa olmayman, chunki men dalillarni shu ikki manbaga, ulardagi muayyan adadga cheklab qo‘ygan bo‘laman.
Mana shuning uchun din dushmanlari dinni yo‘q qilish, uni amaldan chiqarib yuborishni da’vo qilishyapti. Tashaddud va tahallul yo‘nalishlari mana shunga chaqirishyapti, ya’ni Islomni dalillarning zohiri bilan cheklab qo‘yishga harakat qilishyapti. Xo‘sh, unda nima bo‘ladi? Odamlar muomalotda (ya’ni o‘zaro oldi-berdi, oilaviy masalalar, da’volashuv ishlari, meros borasida), umuman olganda, yurish-turishda dindan uzoqlashib ketadi. Dalillarning faqat zohiriga amal qilaman desa, hayotning juda oz jabhalaridagina Islomga amal qila oladi.
U holda qolgan amallarning hukmi nima bo‘ladi? Ularni qayerdan olamiz? Alloh taolo bu savolga: «Bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rang», deb javob berdi. Demak, bundan boshqa hukmlar ijtihod, istinbot, ya’ni dalildan hukm chiqarish orqali olinadi. Mana shu yo‘l, ya’ni ijtihod qilish sahihligiga cheksiz dalillar bor.
Demak, yana mavzuimizga qaytsak. Har bir masalaga dalil kerak, lekin «Dalil – faqat Qur’on va Sunnatning o‘zi» desak, qiyin ahvolda qolamiz. Qur’on va Sunnatda ochiq dalili bor masalalar barcha masalaning hukmini olishga yetarli emas. Shuning uchun bu noto‘g‘ri yo‘ldir, chunki masalalar shu qadar ko‘pki, «O‘n mingta masaladan bittasiga ochiq-oydin dalil bor», desak ham, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. O‘n mingta masaladan bittasiga! E’tibor bering, dalili Qur’on va Sunnatda bor bo‘lgan masalalar o‘n mingta masaladan bittasiga to‘g‘ri keladi.
Shuning uchun biz «Har bir fiqhiy masalaning dalili bor» deganda, umumiy dalillarni, qiyos va qoidalarni ham tushunamiz. Dalilsiz biron masala yo‘q, degani mana shudir. Masalani tor olib, «Dalil - faqat Qur’on va Sunnat» desak, o‘n mingta masaladan bittasiga dalil topa olar ekanmiz. Shu e’tibordan, agar mendan o‘sha o‘n mingta masaladan bittasining hukmini talab qilib, qolgan barcha masalani inkor qilsangiz, Islomni bekor qilgan bo‘lasiz. Tashaddud yo‘nalishiga chaqiradiganlar shunday qilishyapti.
Biz ular haqida hazil qilib, bunday deymiz: «Ularning oltmishta masalasi bor, Islom shu oltmishta masaladan iborat, tamom. Qolgan jabhalar Islom emas. Ular uchun Islom nima? Faqatgina shanba kuni ro‘za tutib bo‘lmaydi, yigirma rakat namoz yo‘q, kalta ishton kiyish kerak, soqol va shunga o‘xshagan sanoqli gaplarni aylantiraverishadi».
Lekin muomalot masalasi, shaxsiy holatlar haqidagi masalalar, davlat ishlari haqida gaplashaylik, desangiz, hech narsa bilishmaydi, chunki ular Islomni o‘n mingta, balki millionta masaladan bittaginasi bilan cheklab qo‘yishdi. Yomon xulqlar, takabburlik, tasarrufotlar, musulmonlarni o‘ldirish, harom ishlarni halol sanash va boshqa mavzular bilan ularning ishi yo‘q. «Men faqat dalilga ergashaman», deyishadi. Qanday dalilga? Sen gumon bilan da’vo qilyapsan. Sen bu ishing bilan shariatni to‘xtatishga, uni bekor qilishga da’vat qilyapsan. Sen har bir masalaga ochiq-oydin dalil talab qilsang, bu narsa zohiran yaxshi ishdek ko‘rinaveradi, lekin aslida bu dinni, uning hukmlarini yemirish bo‘ladi, shariatning ahkomlarini bekor qilish bo‘ladi.
Har bir masalaga dalil topasiz, lekin o‘sha dalil Qur’on va Sunnatdan kelib chiqqan qoidalardan bo‘ladi. Yuqorida ham aytdik, hanafiy mazhabi qoidalar majmuasidir, Qur’on va Sunnatdan xulosa qilib olingan qoidalar to‘plamidir. Qur’on va Sunnat asosida qoidalar ishlab chiqilgan, ana shu qoidalardan esa fiqhiy masalalar kelib chiqqan. Demak, bizning dalilimiz ham Qur’on va Sunnatdan olingan, lekin o‘rtadagi ma’lum vosita orqali olingan. Hukm qoidadan olingan, qoida esa Qur’on va Sunnatdan olingan. Bundan boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas. Har bir hukmning dalili borligi mana shudir. Istisnosiz, millionta fiqhiy masala bo‘lsa ham, mana shu yo‘l bilan uning dalilini topaverasiz. Lekin Qur’on va Sunnatdan ochiq-oydin dalil qidirsangiz, o‘n mingta masaladan bittasiga dalil topasiz, xolos.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan