Jobir (r.a.) aytdilar: “Rosululloh (s.a.v.) bizga xutba qildilar va aytdilar “ Ey insonlar! Vafot etmasingizdan avval Alloh taologa tavba qilinglar. Mashg‘ul bo‘lib qolishingizdan oldin solih amallarga shoshilinglar. Alloh taoloni ko‘p zikr qilishlik, Yashirin hamda oshkora sadaqani ko‘paytirish ila Alloh bilan o‘zlaringizni o‘rtalaringizni bog‘lab olinglar. Shunday qilsangiz; rizqlanasizlar, yordam berilasizlar va mukofotlanasizlar”. (Ibni Moja)
Ushbu hadisi sharifda Rosululloh (s.a.v) bizni dunyo va oxirat hayoti uchun zarur bo‘lgan to‘rt amalga buyurmoqdalar hamda ushbu amallarga beriladigan ne’mat va mukofotlardan uchtasini bashorat bermoqdalar.
“ Vafot etmasingizdan oldin tavba qilinglar”. Inson bolasi borki, xatokor va gunohkordir. Chunki, inson ojiz, notavon. Har qancha harakat qilmasin, zaifligi sabab xato qiladi, adashadi hamda Robbisiga gunoh qilishda davom etaveradi. Bu haqida Rosululloh s.a.v. boshqa bir hadislarida shunday deganlar: “ Barcha odam bolasi xatokorlardir. Xatokorlarning yaxshisi sertavbalardir”. (Termiziy, Ibn Moja va Hokim rivoyati)
Anas ibn Molikdan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda esa Rosululloh (s.a.v.) shunday dedilar: “ Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar gunoh qilsangiz, gunohingiz yer bilan osmongacha bo‘lib ketsa ham tavba qilsangiz, Alloh taolo kechiradi. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar siz gunoh qilmaganingizda Alloh sizlarni ketkazib, o‘rningizga gunoh qilib istig‘for aytadigan bir qavmni keltirur va ularni mag‘firat qilur”. (Imom Ahmad va Muslim)
Agar Robbimizning muborak Kalomiga e’tibor beradigan bo‘lsak Alloh taolo judayam ko‘p joylarda O‘z bandalarini tavba qilishga va istig‘for aytishga buyurdi. Biror joyda mutloq gunoh qilmaslikka buyurmadi. Bu ham Alloh taoloning bizga bergan marhamatidandir. Chunki Alloh taolo bandalarining toqati yetmaydigan narsaga mukallaf qilmagan. Mutloq xato qilmaslikka esa insonning toqati yetmaydi. Alloh taoloning bizga bo‘lgan yana bir mexribonchiliklaridan biri, gunohkor kishi uchun gunohidan poklanishi uchun nixoyatda ko‘p imkoniyatlar va til uchun yengil bo‘lgan kalimalarni ham O‘zi o‘rgatdi. Istig‘forni biz uchun najot kalimasi qildi.Hazrati Ali (r.a.) aytdilar: “ Najot o‘zi bilan birga bo‘lib turib halok bo‘lgan kishidan ajablanaman”. “ Najot nima?” deb so‘rashdi. Ali (r.a.): “Istig‘for”, deb javob berdilar.
Qolaversa, istig‘for zikrlarning eng afzalidir. Ulug‘larimizdan so‘rashdi: “ Alhamdulillah”, “ Subhanalloh” kabi zikrlarni aytish afzalmi yoki “ Astag‘firulloh” deyishmi? Javob shu bo‘ldiki: “ Libosingga xushbo‘y sepishdan oldin uni turli xil kirlardan tozalash zarur bo‘lganidek, gunohlardan tozalanib olish uchun avval istig‘for aytgan afzal”.
Shuning uchun ham Rosululloh (s.a.v.) ushbu hadisning eng avvalida Alloh taologa tavba qilishga chaqirmoqdalar.
“Mashg‘ul bo‘lib qolishingizdan oldin solih amallarga shoshilinglar”. Ya’ni, yoshligingda gardaningga ro‘zg‘or, bola-chaqa tashvishi tushmasdan , tirikchilik uchun mashg‘ul bo‘lmasdan oldin, badaning va aqling sog‘lomligida, biror bemorlik va parishonxotirlik bilan mashg‘ul bo‘lmasingdan oldin, umring poyoniga yetib, Azroil (a.s.) o‘z vazifasini ado qilish uchun kelgan vaqtida ko‘zingga xech narsa ko‘rinmay o‘zing bilan o‘zing mashg‘ul bo‘lib qolishingdan oldin savobli ishlarga shoshil. Oxiratda seni Robbingning azobidan qutqaradigan, jannatlarga kiritadigan, darajoting yuqori bo‘ladigan va yaqinlaring uchun ham shafoatchi bo‘lishingga kifoya qiladigan xayrli va solih amallarni Alloh uchun xolisona va ko‘proq qilib qol. Hamda yaqinlaring va boshqa insonlarni ham bu ishlarga chaqir. Chunki Alloh taolo: “ Bas, yaxshi ishlarga shoshilingiz”, (Baqara,148) degan. Boshqa bir oyatda esa Robbimiz: “ Asr bilan qasam. Albatta inson xusrondadir. Illo, iymon keltirganlar va solih amal qilganlar, bir-birlarini haq yo‘lga chaqirganlar va bir-birlarini sabrga chaqirganlar (undoq emasdir)”. (Asr, 1.2.3.) Ya’ni, qiyomat kuni mana shu to‘rt toifa kishilardan tashqari hamma bu dunyoda o‘tkazgan umri uchun, behuda sarflangan mehnati uchun afsus, xasrat va nadomatda bo‘ladi.
“Alloh taoloni ko‘p zikr qilishlik, Yashirin hamda oshkora sadaqani ko‘paytirish ila Alloh bilan o‘zlaringizni o‘rtalaringizni bog‘lab olinglar”. Alloh taologa ibodat qilishdan ko‘zlangan eng asosiy maqsad ham u Zotni eslash va zikr qilishdir. Ibodatlarning eng ulug‘laridan bo‘lgan namoz haqida Alloh taolo: “ Meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et”, (Toha,14) degan. Ankabut surasining 45-oyatida: “ Albatta, Allohning zikri buyuk ishdir”, deya, Jum’a surasining 10-oyatida esa: “ Allohni ko‘p zikr qilinglarki, shoyad najot topsangizlar”, deb marhamat qilgan.
Sadaqada esa, judayam ko‘p maqtalgan xislatlar bor. Bulardan dunyoda: molni xaromdan va badanni gunohlardan poklash, kasallik va balolarni daf qilish, miskinlarga xursandchilik ulashish, rizqning keng va molning barakali bo‘lishi bor. Oxiratda esa: Qattiq issiqdan soya, hisobning yengil bo‘lishi,tarozida amallarning og‘ir bo‘lishi, sirot ko‘prikdan o‘tishga ruxsatnoma va jannatdagi darajalarni yuqori bo‘lishligi bor. Shuning uchun Umar ibn Abdulaziz (r.a.) aytadilar: “ Namoz seni yo‘lning yarmiga yetkazib qo‘yadi. Ro‘za olamlar podshohi xuzuriga yetkazadi. Sadaqa esa U Zotning xuzuriga olib kiradi”.
Alloh taolo aytadi: “ Sadaqani oshkora qilsangiz , qandoq ham yaxshi. Agar maxfiy qilsangiz va faqirlarga bersangiz , bu siz uchun yaxshidir. Sizdan gunohlaringizni yuvadir. Va Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir”. (Baqara,271)
Mufassirlarimiz oshkora sadaqadan murod, Alloh berishlikni farz qilgan zakot, fitr kabi moliyaviy ibodatlardir, yashirindan murod esa, banda o‘z ixtiyori bilan beradigan nafl sadaqalardir, deganlar.
Demak, Rosulullohning (s.a.v.) hadisdagi ushbu gaplarini, Alloh sizlarga farz qilgan sadaqalarni va qo‘shimcha nafl sadaqalarni muntazam berish bilan Alloh taoloning roziligini topib, U Zotning suyukli bandalari safiga qo‘shilib qolinglar, deya tushunish kerak.
Agar shunday qilsangiz, bu dunyoda xotirjam xayot va barakali umr bilan, pokiza rizq va solih-soliha zurriyotlar bilan rizqlanasiz.
Nafs va shayton nomli ikki dushmanga qarshi, faqirlik va baxillik kabi xislatlarga qarshi kurashda, Alloh taoloni roziligini topish uchun qilayotgan xarakatlaringizda yordam berilasizlar.
Va oxiratda Alloh taoloning taqvodor bandalari uchun tayyorlab qo‘ygan jannatdagi mukofotlari hamda eng oliy mukofot bo‘lgan Allohning diydorini ko‘rishlik baxti bilan mukofotlanasizlar.
Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom-noibi: Islomov Yorbek
Muborak Ramazon kunlarida ehtiyojmand insonlarga yordam berish, ularni xursand etish Islom dinida buyuk fazilat sanaladi. Shu munosabat bilan Farg‘ona shahrida kam ta’minlangan, yordamga muhtoj insonlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi.
Mehribonlik va saxovat muhiti hukm surgan tadbirda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ham ishtirok etib, yig‘ilganlarni muborak oy bilan tabrikladi.
Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi ekani, bu oyda mo‘min-musulmonlar ibodatlarini ziyoda qilib, mustahkam birodarlik va bag‘rikenglik bilan yashashga da’vat etilgani, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash inson uchun ikki dunyo saodatiga eltadigan fazilat ekani ta’kidlandi.
Tadbir davomida mehmonlarga taom tortilib, duolar qilindi va xayrli amallarga targ‘ib etildi. Tadbir ishtirokchilari xayriya iftorligi tashkilotchilariga va saxovatli insonlarga o‘z minnatdorliklarini izhor qildilar. Mana shunday xayrli tadbirlar orqali yurtimizda mehr-muruvvat, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash fazilatlari yanada mustahkamlanishi qayd etildi.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati