Oxirgi yillardagi erishilgan yutuqlar, zabt etilgan marralar va yangidan joriy etilgan islohotlarni sanab adog‘iga yetish mushkul bo‘lib qoldi. Shunday islohotlardan biri “Vaqf” xayriya jamoat fondining tashkil etilishi bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risidagi” PF-5416-son Farmoni bo‘yicha “Vaqf” xayriya jamoat fondiga asos solindi.
Fond ulkan maqsadlarni oldiga qo‘yib ish boshladi. Jumladan masjidlar, diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va o‘quvchi-talabalarni qo‘llab-quvvatlash, masjid xodimlariga maosh berish, ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan shaxslarga ko‘maklashish kabi bir qator ishlarni maqsad qilib oldi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondiga asos solingandan buyon diniy ta’lim muassasalariga 211 million so‘m, ijtimoiy himoyaga muhtojlarga 22 million so‘m, yordamga muhtoj va nogironlarga 480 million so‘mdan ortiq mablag‘ xayriya qilindi. Qurbon hayitida butun yurtimiz bo‘ylab o‘n tonnadan ziyod qurbonlik go‘shtlari tarqatildi. Shuningdek, to‘rtta xonadon ta’mirlandi. O‘ttiz uch nafar sobiq mahbuslarga yordam ko‘rsatildi.
Fond tomonidan tizimli ravishda turli aksiyalar o‘tkazilmoqda. Jumladan, “Masjid va madrasalar uchun kitob” aksiyasida uch yuz oltita masjidga 367 million so‘mlik, o‘n uch mingdan ortiq kitoblar yetkazildi. Shuningdek, “Ilm yo‘lida ko‘mak beramiz” aksiyasi tashkil etildi. Unda diniy ta’lim muassasalarining o‘quvchi va o‘qituvchilarini rag‘batlantirish, talabalarni to‘lov kontrakt pullarini to‘lab berish kabi xayriyalar amalga oshirilmoqda. Mazkur aksiyaning birinchi bosqichida o‘ttiz to‘qqiz nafar iqtidorli talabalarning kontrakt pullari to‘lab berildi. Qur’oni karimni to‘liq yod olgan o‘n besh nafar talabaga eng kam ish haqining o‘n barobari miqdoricha pul mukofoti taqdim etildi. Taqdirlanganlarning ikki nafari “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari bo‘lgani qalbimizga cheksiz surur baxsh etdi. Bunday xayrlik ishlar hamon davom etmoqda. Alloh taolo buni to qiyomatgacha davom etishini nasib qilsin.
Mulkni vaqf qilish, avvalo, bandani Rabbiga yaqin qiladi. Shuningdek, u Yaratganning buyrug‘iga itoat hisoblanadi. Vaqf sadaqa joriyadir. Ya’ni, kim Alloh yo‘lida masjid, madrasa, maktab, shifoxona, ko‘prik qursa, modomiki odamlar manfaat olarkan o‘sha binolar buzilib ketguncha sadaqaning savobi beriladi. Vaqf odamlar orasida o‘zaro do‘stlik, ulfatlik, mehr-muhabbat va yaqinlikni mustahkamlaydi. Boylar va faqirlar do‘stlashadi. Insonlar orasida hasad yo‘qoladi. Vaqf sababli barcha bir-birining holidan xabar oladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Odam bolasi vafot etsa, uning amal daftari yopiladi. Uch narsa bundan mustasnodir. Ular sadaqai joriya, foyda olinadigan ilm va duo qilib turadigan solih farzand”(Imom Muslim rivoyati). Ba’zi fuqaholar hadisi sharifdagi “sadaqai joriya”ni vaqf deya ta’vil qilishgan. Hadisi sharifda vaqf qilingan ko‘chmas mulk, mus'hafi sharif, shu yo‘lda sarf qilingan mablag‘larning savobi inson vafotidan keyin ham borib turishiga ishora qilinmoqda. Boshqa hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Inson vafotidan keyin amali va yaxshiliklari unga borib turadi. Jumladan, ta’lim bergan va nashr etgan ilmi, qoldirgan solih farzandi, meros qoldirgan mus'hafi, qurgan masjidi, ibn sabil (o‘z vatanidan uzoqdagi uysiz odam)ga bino qilgan uyi, qazigan arig‘i va sog‘lom va hayotlik chog‘ida molidan chiqargan sadaqasining ajri uning vafotidan keyin ham borib turadi” (Imom Ibn Mojja rivoyati).
Mazkur hadisi shariflardan ma’lum bo‘ladiki, Yurtboshimizning tashabbuslari bilan tashkil etilgan “Vaqf” xayriya jamoat fondi shariat talabidadir. Chunki unda uysizlarga uy qurib beriladi, muhtojlarga yordam beriladi, ilm yo‘lida ko‘maklashiladi, mus'hafi shariflar hadya qilinadi, masjid va madrasalar obod etiladi. Shuning uchun har bir mo‘min oxiratda zaxira bo‘lishini umid qilib, imkoniyat darajasida xayr-ehson qilishi lozim bo‘ladi. Zakot va ushr kabi moliyaviy ibodatlarni bajarishda haqdorlarni topishga qiynalganlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga murojaat qilishlari tavsiya etiladi.
Alloh taolo yurtimizda bundanda katta islohotlar bo‘lishini nasib etsin!
Ziyouddin MIRSODIQOV,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarning ustiga yolg‘onchi yillar soya soladi. O‘sha kezlarda yolg‘onchi tasdiqlanadi, rostgo‘y yolg‘onchiga chiqariladi. Xoin kishi ishonarli bo‘ladi, omonatdor kishi xoinga chiqarib qo‘yiladi va ruvaybiza gapiradi”, dedilar. U zotga: “Ruvaybiza” kim? – deyildi. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ommaning ishini gapiradigan esi past odam”[1], dedilar.
Ibn Manzur “Lisonul arab” kitobida: “Ruvaybiza – bir ish qilish qo‘lidan kelmaydigan notavon odam. Ko‘pincha, bu so‘z esi pastlarga nisbatan ishlatiladi, chunki ular uyida ko‘p o‘tirishadi va katta ishlar bilan kam shug‘ullanishadi”, degan[2].
Davralarda o‘tirib poyintar-soyintar gap gapiradigan kishini uchratganmisiz?
Yoki maza-bemaza ishlar to‘g‘risida uzundan-uzun maqolalar yozadigan muxbirlarni uchratasizmi?
Yoxud bekorchi ko‘rsatuvlarga chiqib, birorta foyda keltirmaydigan ishlarni gapiradigan odamlarni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Ko‘pincha bunday holatlar zarar keltirib, dilni xira qiladi. Odamlarning boshini aylantirib, fikrlarini chalg‘itadi.
Hammajlislarning qay biri yaxshiroq?
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Yo Allohning Rasuli, bizlarga qay bir hammajlis yaxshiroq?” – deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uni ko‘rish sizga Allohni eslatadigan, u bilan gaplashish ilmingizga ilm qo‘shadigan va amali sizlarga oxiratni eslatadiganidir”, [3] dedilar.
Bizning hamsuhbatlarimiz orasida bunday sifatlilar topiladimi?
Do‘st-yorlar bilan birga o‘tirsangiz, o‘sha o‘tirishingizni Habibimiz sollallohu alayhi vasallam o‘rgatgan lafzlar bilan yakunlash esingizdan chiqmasin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Birov bir davrada o‘tirsa va behuda gaplar ko‘payib ketsa, o‘rnidan turayotib: “Subhanakallohumma va bihamdika, ashhadu allaa ilaha illaa anta. Astag‘firuka va atuubu ilayk”, deydigan bo‘lsa, o‘sha majlis davomida bo‘lgan ishlar mag‘firat qilinadi”[4].
O‘ylab ko‘ring, shu zikrni aytish uchun qancha vaqt ketadi? Bor-yo‘g‘i bir necha soniya. Biroq qanchadan-qancha odamlar bu fazilatdan bebahra qolishyapti. Axir, bu olamlar Robbi tarafidan bo‘ladigan afv va mag‘firatku...
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Ibn Moja rivoyati.
[2] Lisonul arab, 7/153.
[3] Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Termiziy rivoyati.