Bugun, 22 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun “Hadis va mustalahul hadis”va “Arab tili” fanlari bo‘yicha ijodiy imtihonlar boshlandi.
Qabul imtihoni jarayonlari Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida o‘tkazilmoqda.
Imtihonlar boshlanishidan oldin Qur’on tilovati va duo-i xayrlar qilindi. So‘ngra Hadis ilmi maktabi rektori Olimxon Yusupov kirish so‘zi bilan boshlab, maktabning Prezidentimiz tashabbuslari bilan tashkil etilgani, Hadis maktabining maqsad va vazifalari, talabalarga qo‘yilayotgan yuqori darajadagi talablar haqida tushuntirib berdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi mudiri Salohiddin Sherhonov Muftiy hazratlarining tabriklarini abituriyentlarga yetkazib, qabul imtihonlarining tartib-qoidalarini tushuntirib berdi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston musulmonlari idorasi qabul hay’ati tomonidan tayyorlangan, maxsus qoplarlardagi imtihon materiallari abituriyentlar va ota-onalar guvohligida ochildi.
Ijodiy imtihonlarga O‘zbekiston halqaro islom akademiyasi va Toshkent islom institutining tajribali pedagog-o‘qituvchilari jalb qilindi.
Abituriyentlarni saralab olishda arab tilini puxta o‘zlashtirgan, hadislarni yod olishga qobiliyati bo‘lgan, Qur’oni karimni yod olganlik kabi mezonlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qabul jarayonlari uchun Toshkent islom institutida abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, Hadis ilmi maktabiga abituriyentlarni qabul qilish bo‘yicha test sinovlari joriy yilning 23 noyabr kuni Toshkent islom instituti binosida o‘tkaziladi.
O‘MI Matbuot xizmati
Diniy idora tasarrufidagi masjidlarda faoliyat yuritib kelayotgan imom-xatib va imom noiblari, otinoyilar, "Xadichai Kubro" madrasasi muddarisalari 2025 yil 6 yanvar kunidan boshlab 1 oy davom etadigan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi va uning mintaqaviy filiallarida tashkil etilgan 144 soatlik malaka oshirish o‘quvlari jarayonida 138 nafar soha xodimlari tinglovchi sifatida malaka oshirdi.
Navbatdagi malaka oshirish o‘quvlari 3 fevraldan boshlanib, unda 129 nafar imom-xatib va imom noiblar tinglovchi sifatida ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati