— Muammoingiz nima?
— Charchoq va og‘ir ish.
— Nima ish qilasiz?
— Bankda hisobchi.
— Ayolingiz nima ish qiladi?
— Ishlamaydi. Faqatgina uy bekasi.
— Kim ertalab sizni va farzandlaringizni uyg‘otib, barchangizga nonushta tayyorlaydi?
— Ayolim. Chunki, u ishlamaydi-da.
— Ayolingiz qachon uyg‘onadi va siz qachon uyg‘onasiz?
— Ayolim ertalab beshda, men yettida uyg‘onaman. Chunki, u bolalarni maktabga tayyorlab, bizga nonushta pishiradi.
— Bolalarni maktabga kim olib boradi?
— Ayolim. Chunki, u ishga bormaydi.
— Ayolingiz bolalarni maktabga olib borgandan keyin nima ish qiladi-yu, siz nima ish qilasiz?
— Uyga qaytib, tushlik tayyorlaydi, kiyimlarni yuvadi, uyni supuradi, farzandlarning qaytishini kutadi. Ishlamaydi-da, shuning uchun bu yumushlarni u qiladi. Men esa, peshindan keyingi soat beshgacha ishxonada bo‘laman.
— Kechqurun ishdan qaytganingizda, nima qilasiz? Ayolingiz nima qiladi?
— Mashaqqatli ish kunidan so‘ng ovqatlanib, biroz dam olaman. Ayolim bolalarimning uy vazifalarini qilishga qarashib yuboradi. Keyin choy damlab kelib, birga choy ichish uchun meni uyg‘otadi.
— Shundan keyin kechqurun siz nima qilasiz? Ayolingizchi?
— Gazeta o‘qiyman, televizor ko‘raman, yangiliklar bilan tanishaman, ayolim idishlarni yuvadi, uyni tozalaydi va bolalarimni uyquga hozirlaydi.
— Endi aytingchi, psixolog maslahatiga kim kelishi kerak?! Sizmi yoki ayolingizmi?! Ko‘proq kim dam olishi kerak?! Sizmi yoki ayolingizmi?! Erta tongdan to kechgacha tinmay mehnat qiladigan ojiza insonni «Ishlamaydi!», «Ishsiz!» deyishga uyalmaysizmi?! Ish soatisiz, maoshsiz, texnika xavfsizligisiz, qo‘lqopsiz, mukofot pulisiz, tashakkursiz ishlaydigan va bu ishlarni qilib malollanmaydigan, shikoyat qilmaydigan, tashlab, ketib qolmaydigan insonni «Ishlamaydi!», «Ishsiz!» deyishga uyalmaysizmi?! Onalar, opalar, singillar, xotinlar, qizlar kun bo‘yi tinim bilishmaydi. Ayrim opa-singillarimiz esa bu yumushlardan tashqari jamiyat rivoji, xalq farovonligiga ham munosib hissa qo‘shishga ulgurishadi. Yana ularni ko‘plab erkaklar «bekorchi» deyishadi.
Internet materiallaridan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Madina shahrida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam bilan bog‘liq bo‘lgan bir necha o‘nta muqaddas joylar mavjud. Ulardan biri — Banu Unayf masjidi bo‘lib, u Kubo masjididan janubiy-g‘arbiy tomonga, al-U’sba mahallasiga 500 metrdan yaqinroq bo‘lgan masofada joylashgan.
IQNA axborot agentligi Saudiya Arabistonining “VAS” agentligiga tayanib xabar berishicha, ushbu tarixiy masjid o‘z nomini Kubo ahli bilan ittifoqchi bo‘lgan Bali qabilasining tarmog‘i — Banu Unayf qabilasi nomi bilan atagan.
Ba’zi tarixchilar ushbu masjidni ”As-Subh” yoki “Al-Musabbah” nomlari bilan ham bilishadi. Masjid o‘zining asl va sodda me’morchiligi bilan tanilgan: u qora tusli vulqon toshlaridan qurilgan va uning tom qismi yo‘q. Masjid maydoni taxminan 37,5 kvadrat metrni tashkil qiladi.
Madina mintaqasini rivojlantirish boshqarmasi tomonidan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bilan bog‘liq joylarni saqlash va Saudiya Arabistonidagi “Nigoh – 2030 dasturi” maqsadlariga muvofiq ravishda ushbu masjid kapital ta’mirdan chiqarildi.
Banu Unayf masjidi madaniy va diniy turizm loyihalariga kiritilgan bo‘lib, Madina mintaqasini rivojlantirish boshqarmasi uni amalga oshirishni nazorat qilmoqda. Bu esa ziyoratchilarni Madinadagi tarixiy va diniy joylar bilan tanishtirishga qaratilgan kompleks yondashuvning bir qismi sanaladi.
Manbalar asosida
Ilyos Ahmedov tayyorladi