Shu yil 15–16 noyabr kunlari Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga tashriflari davomida bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida, xizmat safarida bo‘lib turgan muftiy Usmonxon Alimov hazratlari 18 noyabr kuni Mo‘ynoq tumaniga tashrif buyurdilar.
Mo‘ynoq mamlakatimizning eng shimoliy hududi bo‘lib, bu yerda 30 mingdan ziyod aholi yashaydi. Insonlarning aksariyati ishlab chiqarish, savdo, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda mehnat qiladi. Keyingi yillarda hududdagi ekologik holatni yaxshilash, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va yangi ish o‘rinlari ochish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida odamlarning turmush darajasi yaxshilanmoqda.
Muftiy hazratlari Mo‘ynoq tumanidagi “Orol”, “Jayhun”, “Tolli-o‘zak”, “Mo‘ynoq”, “Do‘stlik” mahallalari va “Uchsoy”, “Madeli”, “Tik-uzyak”, “Bozatao‘” ovullari aholisi bilan uchrashib, dildan suhbatlashdilar. Muloqotda muftiy hazratlari tuman aholisining sabr-qanoati, mehnatkashligini e’tirof etib, bugungi kunda davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan Mo‘ynoq tumanida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati haqida so‘zlab berdilar. Shuningdek, muftiy hazratlari Islom dinining asl mohiyatini saqlagan holda hududlarda ma’raka-marosimlarni dinimizda ko‘rsatilgan shaklda o‘tkazish zarurligini alohida ta’kidladilar.
Shundan so‘ng muftiy hazratlari tumandagi yosh oila xonadoniga tashrif buyurib, ularning baxtu saodatini tilab duo qildilar.
Tashrif davomida tumandagi “Hakim ota” qabristoniga borildi, Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilinib, savobi marhumlarning ruhiga bag‘ishlandi.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Mo‘ynoq tumanining eng olis hududida joylashgan “Kemalar qabristoni”da ham bo‘lib, jonliq qurbonlik qilinib, Orol dengiziga suv qaytishi va Parvardigordan serobchilik bo‘lishini so‘rab, mo‘ysafid otaxonlar bilan istisqo namozi ado etildi.
Ma’lumki, suv tanqis bo‘lgan paytlarda Alloh taboraka va taolodan suv-yomg‘ir so‘rab, o‘qiladigan ikki rakatli namozni Istisqo deyiladi. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ham ko‘p bor suvsizlik vaqtida qiblaga yuzlanib duo qilganlari, keyin esa imom bo‘lib ikki rakat namoz o‘qiganlari rivoyat qilingan. Istisqo namozini ado etish uchun shahardan tashqariga, sahro joylarga chiqish ham Nabiy alayhissalom tutgan yo‘ldir. Bunda keksa kishilarning ishtirok etishi esa yanada fazilatli bo‘ladi.
Haq taolo mana shunday qilingan iltijolarni dargohi ilohiysida qabul aylasin, qoraqalpoq diyorida obi-hayot ne’matini mo‘l-ko‘l qilsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Samarqand viloyatining Jomboy tumanida imom Abdulaziz «Shamsul aimma Halvoiy» yodgorlik majmuasining ochilish marosimi o‘tkazildi.
Majmuaning ochilish marosimida samarqandlik taniqli olimlar, din namoyandalari, ziyolilar va nuroniylar ishtirok etdi. Qur’on oyatlari tilovat qilinib, xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat bo‘limi rahbari o‘rinbosari Xayrullo Sattorov, manbashunos olim Komilxon Kattayev so‘zga chiqib, imom Shamsul aimma hazratlarining hayoti va faoliyati, ilmiy merosi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Tadbirda ushbu muborak maskanni obod qilishda o‘z hissasini qo‘shgan barcha fidoyilar, usta-quruvchilar, ma’rifatli tadbirkorlarga mahalla ahli nomidan minnatdorlik bildirildi.
«Shamsul aimma» unvoni bilan shuhrat topgan Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr ibn Solih Halvoiy yetuk faqihlarimizdan biridir. Abu Sa’d Sam’oniy qalamiga mansub «Nasabnoma» kitobining buxorolik olimlar qismida yozilishicha, Halvoiyning otasi halvo pishirib, sotib tirikchilik qilib yurgani uchun u kishiga ota kasbi bilan nisbat berilgan.
Halvoiyning tug‘ilishi bilan bog‘liq ma’lumot biror-bir manbada kelmagani bois tug‘ilish sanasi hozircha ma’lum emas. Ota tomonidan ajdodlar silsilasi Payg‘ambarimizning jiyanlari va kuyovlari Ali ibn Abu Tolibga bog‘lanadi.
Abdulhay Laknaviyning «Favoid al-bahiyya fit-tarojima al-hanafiyya» kitobida qayd etilishicha, iroqlik ko‘pgina faqihlar unvon tanlashda kasb-hunar, qabila yoki biror joy nomiga nisbat berish bilan «Jassos» (suvoqchi), «Quduriy» (qozonchi) kabi soddagina taxalluslar olishgan.
Qoraxoniylar poytaxtini O‘zgandan Samarqandga ko‘chirgach, Halvoiy Keshga surgun qilinadi. U kishi qolgan umrini shu yerda o‘tkazadi. Abdulaziz Halvoiy taxminan 1058 yili Keshda vafot etadi. U kishining jasadi Buxoroga olib kelinib dafn qilinadi. «Men u zotning qabrlarini ziyorat qildim», deydi «Nasabnoma» asari muallifi Abu Sa’d Sam’oniy.
Chor Rusiyasi davrida Kalobod mozori buzilib, o‘rni uy-joy uchun yer maydoni sifatida ajratib berilgan. Halvoiyning qabri ham yangi bunyod etilgan uylar ichida qolgani sababli 2004 yili turbati Buxoro shahrining Samarqand ko‘chasidagi «Shoh Axsi» yodgorligiga ko‘chirildi. Shu joyda u zotning shogirdlaridan biri Bakr Zaranjariyning qabri ham bor.
Halvoiyning «Shamsul aimma» deb ulug‘lanadigan ulamo darajasiga yetishida ustozlarining xizmatlari katta bo‘lgan. Abdulhay Laknaviy Abdulaziz Halvoiyning fiqh ilmidan ustozlari silsilasi Abu Hanifaga borib yetishi haqida ma’lumot beradi. Halvoiydan Saraxsiy (1010–1093), Abul Usr Pazdaviy (1010–1089), Abul Yusr Pazdaviy (1030–1099), Bakr ibn Muhammad Zaranjariy (1035–1118) kabilar saboq olib, zamonasining yetuk faqih olimlari bo‘lib yetishishgan.
Hozirgacha olimning biror bir kitobi qo‘lyozma yoki toshbosma shaklida topilmagan bo‘lsa-da, u kishi qalamiga mansub asarlarning nomi bizga ma’lum. Abu Sa’d Sam’oniyning «Nasabnoma», Hoji Xalifa Chalabining «Kashfuz Zunun», Hofiz Abdul Qodir Qurayshiyning «al-Javohir al-Muziyya fit-tabaqot al-hanafiyya», Shamsuddin Zahabiyning «Siyaru a’lom an-nubalo» kitoblarida Halvoiyning asarlari haqida ma’lumotlar berilgan. U kishi «al-Mabsut», «an-Navodir», «Favoid», «Sharh al-adab al-Qodili Abi Yusuf», «Sharh al-adab al-Qodi lil-Xassof» kabi kitoblar yozgan.
Hanafiy mazhabi ulamolari mazhab faqihlarini salohiyati, ilmiy layoqatiga qarab yetti tabaqaga ajratadilar. Fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari «Muxtasar al-viqoya»ga sharh sifatida yozgan «Kifoya» nomli kitobida Xassof, Tahoviylar bilan bir qatorda Halvoiy, Saraxsiy, Pazdaviy va Qozixonlarni uchinchi tabaqa vakillari sirasida zikr qiladi. Ushbu tabaqa vakillari mazhab sohibidan rivoyat qilinmagan masalalarda ijtihod qiladigan mujtahid faqihlar bo‘lishgan.
Allomaning fatvolari ko‘plab mo‘tabar kitoblarda, xususan, «Fatavoi Olamgiriya», «Fatavoi Qozixon», «Muhiti Saraxsiy», «Kofiy», «Zaxira» va «Jomi’ al-maboniy lil-masaili sharhi fiqhi Kaydoniy» kabi asarlarda keltirilgan.