Shu yil 15–16 noyabr kunlari Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga tashriflari davomida bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida, xizmat safarida bo‘lib turgan muftiy Usmonxon Alimov hazratlari 18 noyabr kuni Mo‘ynoq tumaniga tashrif buyurdilar.
Mo‘ynoq mamlakatimizning eng shimoliy hududi bo‘lib, bu yerda 30 mingdan ziyod aholi yashaydi. Insonlarning aksariyati ishlab chiqarish, savdo, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda mehnat qiladi. Keyingi yillarda hududdagi ekologik holatni yaxshilash, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va yangi ish o‘rinlari ochish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida odamlarning turmush darajasi yaxshilanmoqda.
Muftiy hazratlari Mo‘ynoq tumanidagi “Orol”, “Jayhun”, “Tolli-o‘zak”, “Mo‘ynoq”, “Do‘stlik” mahallalari va “Uchsoy”, “Madeli”, “Tik-uzyak”, “Bozatao‘” ovullari aholisi bilan uchrashib, dildan suhbatlashdilar. Muloqotda muftiy hazratlari tuman aholisining sabr-qanoati, mehnatkashligini e’tirof etib, bugungi kunda davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan Mo‘ynoq tumanida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati haqida so‘zlab berdilar. Shuningdek, muftiy hazratlari Islom dinining asl mohiyatini saqlagan holda hududlarda ma’raka-marosimlarni dinimizda ko‘rsatilgan shaklda o‘tkazish zarurligini alohida ta’kidladilar.
Shundan so‘ng muftiy hazratlari tumandagi yosh oila xonadoniga tashrif buyurib, ularning baxtu saodatini tilab duo qildilar.
Tashrif davomida tumandagi “Hakim ota” qabristoniga borildi, Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilinib, savobi marhumlarning ruhiga bag‘ishlandi.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Mo‘ynoq tumanining eng olis hududida joylashgan “Kemalar qabristoni”da ham bo‘lib, jonliq qurbonlik qilinib, Orol dengiziga suv qaytishi va Parvardigordan serobchilik bo‘lishini so‘rab, mo‘ysafid otaxonlar bilan istisqo namozi ado etildi.
Ma’lumki, suv tanqis bo‘lgan paytlarda Alloh taboraka va taolodan suv-yomg‘ir so‘rab, o‘qiladigan ikki rakatli namozni Istisqo deyiladi. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ham ko‘p bor suvsizlik vaqtida qiblaga yuzlanib duo qilganlari, keyin esa imom bo‘lib ikki rakat namoz o‘qiganlari rivoyat qilingan. Istisqo namozini ado etish uchun shahardan tashqariga, sahro joylarga chiqish ham Nabiy alayhissalom tutgan yo‘ldir. Bunda keksa kishilarning ishtirok etishi esa yanada fazilatli bo‘ladi.
Haq taolo mana shunday qilingan iltijolarni dargohi ilohiysida qabul aylasin, qoraqalpoq diyorida obi-hayot ne’matini mo‘l-ko‘l qilsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Rivoyat qilinishicha, Hasan Basriy rahimahullohning qo‘llarida Abbos degan bir yigit tavba qilgan ekan. U yigit avvallari juda ko‘p gunoh qilgan bo‘lgan, so‘ng tavba qilgan, lekin shu holda yetmish marta tavbasini buzgan. Oxir-oqibat umrining so‘nggi daqiqalari yaqinlashganda, o‘limi ko‘ziga ko‘ringan paytda onasini chaqirib shunday dedi:
— Ona, Hasan Basriy hazratlarini chaqiring, men u zotning huzurlarida tavbamni yangilamoqchiman, shoyadki Alloh taolo tavbamni qabul qilsa.
Onasi shoshilib Hasan Basriyning huzuriga borib, salom berdi va:
— Men Abbosning onasiman, o‘g‘limning o‘lim payti yetdi va u sizni so‘rayapti, tavbasini yangilamoqchi, dedi. Hasan Basriy rahimahulloh bunga javoban:
— Bor, menga tavba qilib, uni qayta-qayta buzadigan odamning keragi yo‘q, dedi.
Ayol yig‘lagan holda uyiga qaytib keldi va o‘g‘liga:
— Ey, o‘g‘lim! Shayx sening yomon qilmishlaring tufayli kelishdan bosh tortdi, dedi.
Shunda Abbos osmonga boqib:
— Yo Robbim, Parvardigorim, shayx mendan yuz o‘girdi, ammo Sen mendan yuz o‘girma, umidimni so‘ndirma, deb duo qildi.
Shundan so‘ng yigit onasiga qarab:
— Ey, onajon! Agar vafot etsam, oyog‘ingizni yuzimga qo‘ying, keyin bo‘ynimga arqan bog‘lab, bozorda sudrab yuring va ovozingiz boricha “Bu — Allohga osiy bo‘lganning jazosidir” deb baqirib yuring. Shoyad, mening holimni ko‘rib, Alloh O‘z fazli va rahmati bilan meni afv etsa, dedi.
Onasi uni o‘zi aytganidek o‘g‘lining yuziga oyog‘ini qo‘ymoqchi edi, hotifdan bir ovoz eshitildi:
— Oyog‘ingni sajda qiladigan joyga qo‘yma. Shuni bilginki, Alloh taolo uni afv etdi va do‘zaxdan ozod qildi.
Shundan so‘ng onasi uni dafn qildi va uyiga qaytdi. Shu kecha Hasan Basriy tushida bir ovozni eshitdi:
— Ey Hasan! Nima uchun bandamni Mening rahmatimdan umidsiz qilib qo‘yding? Axir uni Men yaratganmanku va Mening rahmatim har narsani qamrab oladi. Qasamki, agar yana shunday qilsang, seni solihlar daftaridan o‘chiraman!
Bu qissa Allohning rahmati va fazlining ulkan ekanini, hamda tavba qilishda inson hech qachon umidsiz bo‘lmasligi kerakligini yorqin tarzda bayon qiladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV