Shu yil 15–16 noyabr kunlari Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga tashriflari davomida bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida, xizmat safarida bo‘lib turgan muftiy Usmonxon Alimov hazratlari 18 noyabr kuni Mo‘ynoq tumaniga tashrif buyurdilar.
Mo‘ynoq mamlakatimizning eng shimoliy hududi bo‘lib, bu yerda 30 mingdan ziyod aholi yashaydi. Insonlarning aksariyati ishlab chiqarish, savdo, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda mehnat qiladi. Keyingi yillarda hududdagi ekologik holatni yaxshilash, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va yangi ish o‘rinlari ochish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida odamlarning turmush darajasi yaxshilanmoqda.
Muftiy hazratlari Mo‘ynoq tumanidagi “Orol”, “Jayhun”, “Tolli-o‘zak”, “Mo‘ynoq”, “Do‘stlik” mahallalari va “Uchsoy”, “Madeli”, “Tik-uzyak”, “Bozatao‘” ovullari aholisi bilan uchrashib, dildan suhbatlashdilar. Muloqotda muftiy hazratlari tuman aholisining sabr-qanoati, mehnatkashligini e’tirof etib, bugungi kunda davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan Mo‘ynoq tumanida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati haqida so‘zlab berdilar. Shuningdek, muftiy hazratlari Islom dinining asl mohiyatini saqlagan holda hududlarda ma’raka-marosimlarni dinimizda ko‘rsatilgan shaklda o‘tkazish zarurligini alohida ta’kidladilar.
Shundan so‘ng muftiy hazratlari tumandagi yosh oila xonadoniga tashrif buyurib, ularning baxtu saodatini tilab duo qildilar.
Tashrif davomida tumandagi “Hakim ota” qabristoniga borildi, Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilinib, savobi marhumlarning ruhiga bag‘ishlandi.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Mo‘ynoq tumanining eng olis hududida joylashgan “Kemalar qabristoni”da ham bo‘lib, jonliq qurbonlik qilinib, Orol dengiziga suv qaytishi va Parvardigordan serobchilik bo‘lishini so‘rab, mo‘ysafid otaxonlar bilan istisqo namozi ado etildi.
Ma’lumki, suv tanqis bo‘lgan paytlarda Alloh taboraka va taolodan suv-yomg‘ir so‘rab, o‘qiladigan ikki rakatli namozni Istisqo deyiladi. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ham ko‘p bor suvsizlik vaqtida qiblaga yuzlanib duo qilganlari, keyin esa imom bo‘lib ikki rakat namoz o‘qiganlari rivoyat qilingan. Istisqo namozini ado etish uchun shahardan tashqariga, sahro joylarga chiqish ham Nabiy alayhissalom tutgan yo‘ldir. Bunda keksa kishilarning ishtirok etishi esa yanada fazilatli bo‘ladi.
Haq taolo mana shunday qilingan iltijolarni dargohi ilohiysida qabul aylasin, qoraqalpoq diyorida obi-hayot ne’matini mo‘l-ko‘l qilsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bu kashfiyotlarga sabab bo‘lgan shart-sharoitlar uchta asosiy banddan iborat:
1. Yevropa mamlakatlari Sharq bilan savdo-sotiq qilishda duch kelgan qiyinchiliklar.
2. Pul metali sifatida oltin tanqisligi.
Yevropaning iqtisodiy taraqqiyoti tobora ko‘proq pul talab qilar edi. Bu taraqqiyotning asosiy yo‘nalishi tovar xo‘jaligining, savdo-sotiqning o‘sishi edi. Buyuk geografik kashfiyotlarga sabab bo‘lgan yana bir muhim omil ham shunga bog‘liq: Yevropada shakllanib borayotgan kuchli absolyutist (mutlaq) monarxiyalarga dabdabali saroylar, yollangan armiyani ta’minlash uchun ulkan mablag‘lar kerak bo‘layotgan edi. Ana shu davlatlar yirik dengiz ekspeditsiyalarini tashkil etishi mumkin edi. Bundan tashqari, yakka shaxslarning bu qadar xarajatlarga imkoni yo‘q edi. Shuning uchun bu kashfiyotlarda feodal tarqoq mamlakatlar emas, aynan markazlashgan davlatlar (Ispaniya, Portugaliya, Angliya) asosiy o‘rin tutgani tasodif emas. Biroq, bunday ekspeditsiyalar uchun savdogarlar ham mablag‘ ajratar edi. Shuningdek, katolik cherkovi ham qo‘shimcha yerlar, katta daromadlar va yangi qavmlarga ega bo‘lish istagida bunday istilolarga «oq fotiha» berar edi.
Bunday davr uchun muqarrar bo‘lgan feodal mulklarning parchalanish jarayoni Yevropa mamlakatlarida har qanday yo‘l bilan uzoq qit’alarda boylik va yerlarni qo‘lga kiritishga intiluvchi ko‘plab avantyuristlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Bular qaramlik va qashshoqlikdan qutulishni orzu qilib yurgan zodagonlar va dehqonlar edi.
3. Fan-texnikaning, ayniqsa kemasozlik va dengiz navigatsiyasining rivojlanishi. XV asrda yangicha tuzilishga ega bo‘lgan kemalar – karavellalar paydo bo‘ldi. Uning to‘shi (kil, pushtak) bor bo‘lib, yelkanlar bilan shunday jihozlangan ediki, yonboshdan esgan shamolda ham yura olara edi. Shuningdek, o‘sha davrga kelib kompasdan tashqari astrolyabiyalar, ya’ni kenglikni aniqlovchi asboblar hamda anchagina ishonchli xaritalar – portolanlar ham paydo bo‘lgan.
Buyuk geografik kashfiyotlar oxir-oqibatda mustamlaka tizimining vujudga kelishiga olib keldi. Agar XVI asrda Yevropada kapitalizm rivojlana boshlagan bo‘lsa, agar Yerovpa iqtisodiy jihatdan boshqa qit’alarning xalqlaridan o‘zib ketgan bo‘lsa, bunga mustamlakalarning talon-taroj qilinishi va ayovsiz ekspluatatsiya qilinishi ham sabab bo‘lgan.
Mustamlakalar darhol kapitalistik usullar bilan ekspluatatsiya qilina boshlamagan, ular darhol xom ashyo manbaiga va yangi bozorlarga aylanmagan. Avval ular obdon talon-taroj qilingan, birlamchi kapital (sarmoya) to‘plash manbai bo‘lib xizmat qilgan. Ispaniya va Portugaliya mustamlakalarni feodal usullar bilan ekspluatatsiya qilgan birinchi mustamlakachi davlatlar bo‘lishgan.
Bu yerlarda zodagonlarga odatdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlari emas, balki oltin, kumush yoki hech bo‘lmaganda Yevropada qimmat baholarga sotish mumkin bo‘lgan anvoyi mevalar kerak edi. Ular hindularni oltin va kumush konlarda ishlashga majburlashar, bo‘ysunmaganlarni butun-butun qishloqlari bilan yo‘q qilib yuborishar edi. Guvohlarning aytishicha, konlar atrofida chirib yotgan yuzlab murdalarning badbo‘y hidi anqib yotar edi. Shakarqamish va qahva plantatsiyalarida ham yerlik aholi ana shunday usullarda ekspluatatsiya qilinar edi.
Yerlik aholi bunday og‘ir mehnatga bardosh bera olmay, yoppasiga qirilib bitar edi. Ispanlar Espanola (Gaiti) orolida ilk bor paydo bo‘lgan paytda u yerda millionga yaqin aholi yashar edi, biroq XVI asrning o‘rtalariga kelib ular bitta qo‘ymay qirib tashlandi. Ispanlarning o‘zi ham XVI asrning birinchi yarmida amerikalik hindularni qirib tashladik, deb hisoblashar edi.
Biroq, ispanlar ishchi kuchini yo‘q qilib, o‘z mustamlakasining xo‘jalik asosiga putur yetkazishdi. Yetishmayotgan ishchi kuchini to‘ldirish maqsadida Amerikaga afrikalik qoratanlilarni olib kelishga to‘g‘ri keldi. Shunday qilib, mustamlakalar paydo bo‘lishi bilan quldorlik qayta tiklandi.
Ispanlar tomonidan Amerika yerlarining mustamlaka qilinishi konlarga, shakarqamish va tamaki plantatsiyalariga haydab kelingan son-sanoqsiz yerlik aholini majburlab ishlatish yo‘li bilan, bo‘ysunmaganlarni ommaviy qirg‘in qilish yo‘li bilan amalga oshirildi (Yamayka orolida XVI asrning birinchi yarmida 50 mingdan ortiq yerlik aholi halok bo‘lgan, Peru va Chilida esa XVI asrning ikkinchi yarmida hindularning soni besh baravar kamayib ketgan), oqibatda bir necha o‘n yildan so‘ng ishchi kuchi keskin kamayib ketdi. Mustamlakachilar Afrikadan qullar olib kela boshlashdi. Jismonan chidamliroq bo‘lgan qoratanlik afrikaliklar ispan mustamlakalaridagi asosiy ishchi kuchiga aylandi.
Qul savdosi serdaromad ish chiqib qoldi: Afrikada qabila boshliqlarini ichirib, suv tekin taqinchoqlar bilan aldab, qullarni juda arzonga sotib olish va Amerikada ularni 20-30 baravar qimmatga sotish mumkin edi. Ba’zan qullar umuman sotib olinmas, balki ularni kuch ishlatib, tutib olib, kemaga yuklashar va Amerikaga olib ketishar edi. Ispan mustamlakalariga har yili 6-8 ming qoratanli qullar olib kelinar edi. (Manba: allbest.ru).
(Bu ishlarning barchasi Yevropa uyg‘onishining gumanizm – insonparvarlik shiori ostida amalga oshirilganmi?)
Yevropada dinga bo‘lgan munosabatda ham keyinroq o‘zgarish yuz berdi. Bir guruh dinsiz bo‘lib ketdi. Bir guruh dinni cherkovga qamab olib, bu har kimsaning o‘z ishi deyish bilan kifoyalandi. Ammo Darvinning asl shogirdlari dinni Karl Marks boshchiligida xalq uchun afyun deb e’lon qildilar va uni batamom yo‘q qilib yuborishga bel bog‘ladilar. Karl Marksning xayolini Lenin va uning safdoshlari Rossiyada va unga qaram bo‘lgan diyorlarda hayotga tatbiq qildilar. Lenin tuzgan davlat dunyo tarixida kufrni o‘ziga shior qilib olgan birinchi davlat bo‘ldi. Ular dunyoning o‘zlariga qaram bo‘lgan barcha yurtlarida «ilmiy ateizm» asosida dinga va dindorlarga qarshi qatag‘on o‘tkazdilar. Son-sanoqsiz ibodatxonalar yer bilan yakson qilindi. Diniy xodimlar va ulamolar qatl qilindi, qamaldi va surgun qilindi. Diniy kitoblar va dinga bog‘liq madaniyat durdonalarni olovga yoqildi. Ilmiy ateizm ta’limotlari dunyodagi yagona to‘g‘ri e’tiqod sifatida barchaga majburiy ravishda talqin qilindi.
«Olam va odam, din va ilm» kitobi asosida tayyorlandi