2018 yilning 17 noyabr kuni Andijon “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom bilim yurtida tahsil olayotgan talabalar hamda bilim yurtimizda pedagogik amaliyot o‘tkazayotgan Toshkent islom institutining amaliyotchi talabalari o‘rtasida uchrashuv tashkil qilindi. Uchrashuv bilim yurtining ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish zali mudir o‘rinbosari A.Meliboyev va “Ingliz tili” fani o‘qituvchisi B.Bozorboyevlar boshchiligida o‘tkazildi.
Uchrashuv avvalida bilim yurti ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari A.Meliboyev so‘z olib Toshkent islom instituti talabalari Turg‘unobev Nuriddinjon, Abdurahmonov Muhammadyusuf, Xalilov Shavkatjon, Najmiddinov Baxtiyorjon, Rasulov Boboravshan, muxammatdinov Ag‘zamatdin hamda Nuriddinov Yuldashboylarni tanishtirib o‘tar ekan, ular haqidagi ma’lumotlarni qisqacha tarif asosida yig‘ilganlarga yetkazdi. A.Meliboyev o‘z so‘zida davom etib ushbu oliygoh talabalari 2018 yilning 27 dekabriga qadar bilim yurtimizda amaliyot o‘tkazishlari haqida gapirib, Toshkent instituti talabalarini o‘rta maxsus islom bilim yurtlarida amaliyot o‘tkazishdan maqsadlari va ularga qo‘yiladigan talabalar haqida qisqacha tushuntirib berib o‘tar ekan, bilim yurti talabalariga ushbu amaliyotchilardan unumli foydalanib qolishliklari haqida tavsiya berdi. Shundan so‘ng ikki bilim yurtlari talabalari o‘rtasida ochiq muloqot tarzidagi suhbat davom etdi.
Suhbat davomida amaliyotchi talabalar tomonidan Toshkent islom instituti, ushbu joyda yaratilgan sharoitlar, darslik sifatida o‘qitiladigan adabiyotlar, institut talabalariga qo‘yiladigan talablar haqida tushunchalar berib o‘tildi. Suhbat davomida bilim yurtimiz talabalari o‘zlarini qiziqtirgan savolllarga batafsil javob oldilar.
Bilim yurti ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari
A.Meliboyev
O‘MI Matbuot xizmati
Buyuk shoir va mutafakkir, davlat arbobi, Sharq Uyg‘onish davrining yorqin namoyandasi Mir Alisher Navoiyning porloq nomi va bebaho merosi xalqimiz tarixida, milliy ma’naviyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Ulug‘ ajdodimiz o‘zining o‘lmas asarlarida ona tilimizning so‘z boyligi va ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, o‘zbek adabiy tiliga asos soldi. Ayni paytda o‘zbek mumtoz adabiyotining shakllanishi va takomilida hech kim Navoiydek beqiyos xizmat qilgan emas, desak, ayni haqiqatdir.
Alisher Navoiy umumbashariy madaniyat rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Gomer va Dante, Servantes va Shekspir, Gyote va Tolstoy, Nizomiy Ganjaviy va Hofiz Sheroziy kabi jahon adabiyotining daholari safida turadi. G‘arb olamida Tristan va Izolda, Romeo va Juletta singari qahramonlar qanchalik mashhur va jozibali bo‘lsa, Sharq dunyosida hazrat Navoiy yaratgan Farhod va Shirin, Layli va Majnun kabi adabiy personajlar ham shu qadar sevimli va qadrlidir.
Alisher Navoiyning asosiy fenomeni – u buyuk insonparvar va yuksak ideal sohibidir. Shoir hayot va adabiyotdagi asosiy orzusi – komil inson g‘oyasini tarannum etish va uni butun dunyoga targ‘ib qilish borasida ulkan ma’naviy jasorat ko‘rsatgani alohida e’tiborga loyiqdir.
Asrlar davomida shoir asarlaridan bahramand bo‘lib kelayotgan minglab insonlar, ular qaysi millat va elat vakili bo‘lmasin, jahonning qaysi mamlakatida yashamasin, o‘z zamonasining barcha ijtimoiy-ma’naviy muammolariga, o‘zlarini qiynayotgan savollarga javob topa oladilar. Chunki biron-bir hayotiy masala, qadriyat va tuyg‘ular, fazilat va illatlar yo‘qki, Navoiy qalamga olmagan bo‘lsa!
Buyuk ajdodimizning o‘lmas merosi biz uchun, ayniqsa, bugungi murakkab globallashuv davrida har qachongidan ham dolzarb va zarurdir. Bu bebaho xazina tinch va barqaror, erkin va obod hayot barpo etish yo‘lida bashariyatga katta ma’naviy kuch baxsh etadi.
Ulug‘ gumanist Alisher Navoiy hamisha xalqning dard-u tashvishi bilan yashagani, umr bo‘yi yordam va ko‘makka muhtoj insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatib, ilm-fan, san’at va adabiyot ahliga homiylik qilgani bu mumtoz siymoning yana bir ibratli fazilatidir. Uning mamlakat poytaxti Hirot shahrining o‘zida o‘z mablag‘lari hisobiga uch yuz saksondan ortiq ijtimoiy muassasa – madrasa va masjidlar, shifoxona va kutubxonalar, hovuz va ariqlar, yo‘l va ko‘priklar, bog‘ va xiyobonlar barpo ettirgani, adib va olimlar, rassom va me’morlar, sozanda va xonandalar, mohir hunarmandlarni doimo moddiy va ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlab kelgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Shuhrat Sirojiddinovning o‘quvchilarga taqdim etilayotgan yangi asari – "Alisher Navoiy fenomeni" nomli kitobi buyuk shoir ijodi namunalari hamda ilmiy asoslangan tarixiy ma’lumotlar bilan jahon afkor ommasi, xususan, xalqaro ilmiy, madaniy-ma’rifiy markazlarini yaqindan tanishtirish maqsadida tayyorlangan. Ushbu muhtasham kitob dunyo ahli tomonidan Navoiy dahosiga qiziqish o‘z davridan to bugungi kunga qadar so‘nmay kelayotgani va tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Shoirlar sarvari, mutafakkirlar peshvosi, buyuk qalb sohibi Mir Alisher Navoiyning barhayot merosi, umrboqiy asarlari yer yuzidagi yangi-yangi avlodlarni tarbiyalab, olam ahlini doimo yaxshilik va ezgulikka, mehr-oqibat, do‘stlik va hamjihatlikka chorlab turadi.
Shavkat MIRZIYOEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
"Jadid" gazetasining 2025 yil 7 fevraldagi 6-sonida