Rabiul avval.
Hijriy uchinchi oy.
Bu oy – musulmonlar qalbidan alohida o‘rin olgan oy. Chunki bu oyda suyukli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tavallud topganlar. Hatto bu oyga azizlarimiz u zotga bo‘lgan muhabbatlari ifshosi o‘laroq, “mavlid” oyi nomini berganlar.
Mavlid oyida biz, musulmonlar o‘z Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning hayoti, sunnati soniyalarini yanada mukammal o‘rganib hayotimizga tadbiq qilishga zo‘r beramiz.
“Sen: “ Agar Allohga muhabbat qilsangiz, bas, menga ergashing. Alloh sizga muhabbat qiladir va sizlarning gunohlaringizni mag‘firat qiladir”, deb ayt” (Oli Imron surasi, 31-oyat).
Ushbu oyati karima Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: Ka’b ibn Ashrof va unga tobe bo‘lgan yahudiylarni iymonga chaqirganlarida
Ular kibrlanib urib: “Biz Allohning bolalari va do‘stlarimiz”, deganlarida nozil bo‘lgan.
Zunnun Misriy qoddasallohu sirrahu oyati karimani quyidagicha tafsir qilganlar:
“Alloh azza va jallaga bo‘lgan muhabbatning alomati – Uning Habibiga, u Zotning axloqiga, ishlariga, buyruqlariga va sunnatlariga ergashmoqdir”.
Siyrat kitoblarida ko‘rdim: zikr ahllari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga bo‘lgan muhabbatlari tufayli salavot aytishni kundalik virdlariga qo‘shib olganlar. Ba’zi birlari esa ko‘p vaqtini u zotga salavot aytish bilan o‘tkazganlar. Muhabbat ularning butun vujudini chulg‘ab olgan. Omma ularga “shayxus solah”– salavot shayxi unvonini berganlar. Vafot topganlaridan bir necha yillar o‘tganidan so‘ng qabrlari ochilganda, odamlar ularning jasadlari chirimaganiga guvoh bo‘lganlar. Chunki kim nimani yaxshi ko‘rsa, o‘shani ko‘p zikr qiladi. Kishi yaxshi ko‘rgani bilan jannatda birga bo‘ladi.
Ravshanbek O‘RINBOYEV,
Andijon shahridagi "Hazrati Bilol" jome masjidi imom-xatibi
Londonda muhim madaniy voqea bo‘lib o‘tdi: Buyuk Britaniyada ilk bor O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq, Islom sivilizatsiyasining oltin davrlariga oid noyob Qur’on qo‘lyozmalari va tarixiy artefaktlardan iborat kolleksiya namoyish etildi. Ushbu muqaddas yodgorliklar yillar davomida xususiy kolleksiyalar va muzeylarda saqlangan, endilikda ular o‘z diyori – O‘zbekistonga qaytmoqda.
Dunyoning mashhur Sotheby’s va Christie’s auksion uylari mezbonligida tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmalar 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasida ilgari surilgan tashabbus – Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihaning bir qismidir. So‘nggi yillarda milliy va xalqaro mutaxassislar tomonidan yo‘qolgan madaniy merosni izlash va aniqlash bo‘yicha keng tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Londondagi ikki ko‘rgazmada ilk bor xalqaro jamoatchilik e’tiboriga havola etilgan eksponatlar orasida dunyoning yetakchi olimlari, ekspertlari, mas’ul mutaxassislar, mashhur muzey va kutubxonalar vakillari va kolleksionerlari ishtirok etdi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ushbu madaniy-ma’rifiy mega platforma – Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusini ilgari surish barobarida shaxsan uning amalga oshirilishiga boshchilik qilmoqda. Tarixiy va ma’naviy durdonalarni Vatanga qaytarish bo‘yicha davlatimiz rahbarining to‘g‘ridan to‘g‘ri topshirig‘i asosida ushbu keng qamrovli loyiha amalga oshirilmoqda. Bu faqat tarixiy artefaktlarning qaytishi emas – bu xotiraning, milliy o‘zlikning va O‘zbekistonning islom merosini asrashdagi betakror rolini tan olishning timsolidir, – deya ta’kidladi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov ko‘rgazma ochilish marosimida.
Namoyish qilingan nodir artefaktlar orasida IX-XIII asrlarga oid Qur’on qo‘lyozmalari sahifalari, miniatyuralar, nafis zargarlik buyumlari, maishiy buyumlar, matolar va san’at asarlari bor. Ular O‘zbekistonni jahondagi muhim intellektual markazlardan biri sifatida ko‘rsatadi.
– Ushbu ko‘rgazmalar – O‘zbekiston Prezidenti shaxsiy tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan muhim madaniy hodisa bo‘lib, yosh avlodni ilhomlantirishga qaratilgan. O‘z merosini qaytarishga yo‘naltirilgan bunday amaliy qadriyatlar madaniy uyg‘onish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi, – dedi Buyuk Britaniyadagi "Al-Furqon" fondi direktori Sali Shahsivari.
Ko‘rgazmalarda taqdim etilgan eksponatlarning ko‘pchiligi 2025 yilda Sotheby’s va Christie’s auksionlarida Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati doirasida xarid qilingan.
Sotheby’s savdo uyining Sharq merosi bo‘yicha vakili Benedikt Karter shunday dedi:
– O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik qilish biz uchun katta sharafdir. Markaziy Osiyo tarixida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan yodgorliklarning Vatanga qaytishiga ko‘maklashganimizdan mamnunmiz.
Toshkentning markazida 10 gektardan ortiq hududda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqadagi eng yirik madaniyat va ma’rifat institutlaridan biriga aylanmoqda. Uning ekspozitsiya maydoni 8000 kvadrat metrdan oshadi. Markaz tarkibiga quyidagi besh mavzuli galereya kiradi:
"Qur’on zali"
"Islomgacha bo‘lgan meros"
"Renessansning birinchi va ikkinchi davrlari"
“Yangi O‘zbekiston”.
O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov quyidagilarni ta’kidladi:
– Bugun O‘zbekiston o‘z tarixiy merosini tiklash va asrab-avaylash borasida ulkan sa’y-harakatlar qilmoqda. Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi kabi tashabbuslar bu yo‘ldagi muhim qadam bo‘lib, tez orada u bilim va dinlararo muloqot mayog‘i sifatida o‘z eshiklarini ochadi. Bu bizning tarixiy o‘zligimizni anglash va uni ochiq tarannum etishga intilishimizning ifodasidir.
Londondagi ushbu ko‘rgazmalar nafaqat muhim madaniy voqea, balki tarixiy adolatning tiklanishi ifodasi bo‘ldi. Namoyish etilgan eksponatlar O‘zbekistonning islom olami intellektual markazi sifatidagi o‘rni va bugungi Yangi O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosni asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish yo‘lidagi navbatdagi yutuqlarini amalda isbot etdi.
Sisc.uz