Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Samarqand davlat universiteti hamkorligida tashkil etilgan “Imom Buxoriy ma’naviy merosi va hozirgi zamon” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaga tashrif buyurgan Qirg‘iz-Turk Manas universiteti rektori professor Sabahiddin Balji janoblari kunning ikkinchi yarmida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabiga tashrif buyurib, bu yerda olib borilayotgan ishlar va yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘rib yurtimizda diniy sohada olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.
Bu ishlarning boshida turgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tasannolar aytdi. Shundan so‘ng, martabali mehmon Imom Buxoriy majmuasida bo‘lib, buyuk muhaddis bobomizni qabrini ziyorat qilib qur’on tilovat qildi.
Sabahiddin Balji tashrifi davomida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ilmiy xodimlar ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Mehmon markazda olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari va markaz qo‘lyozmalar xazinasi bilan tanishdi. Do‘stona o‘tgan uchrashuvda Balji “Men O‘zbekistonga kelishni bir necha yillardan beri orzu qilar edim. Men aslida matematik olimman. Men o‘z ilmiy ishim davomida sizning bobongiz Mahmud al-Xorazmiy hayoti va ilmiy merosini ko‘p o‘rgandim va uning bu dunyo ahli uchun qanchalik katta ish qilganligini juda yaxshi bilaman. Men bu o‘zbek diyoridan yana ko‘plab olimlar hayoti va tarixini o‘qigan paytlarimda shu yurtni bir borib ko‘rish nasib qilarmikan degan tasavvurda edim. Allohga shukrki mana bu Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlarining sa’yi harakatlari tufayli men bugun azaliy orzuimga erishdim. Siz juda ham buyuk ajdodlarning merosxo‘rlarisiz. Ishonamanki bobolaringiznining ilmiy meroslaridan foydalanib bu dunyoga, ilm ahliga katta ilmiy yutuqlarni olib chiqasiz” dedi.
Shuningdek, Balji janoblari yaqin kelajakda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan barcha sohalarda doimiy aloqa o‘rnatilishiga tayyorligini ma’lum qildi.
Uchrashuv so‘ngida mehmonlarga markaz ilmiy xodimlari tomonidan tayyorlab nashr etilgan kitoblar sovg‘a qilindi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Mamlakatimizda ilm-fan sohasini rivojlantirish, xalqimizning ilmiy-intellektual salohiyatini yuksaltirish borasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, xususan, sharqshunoslik va manbashunoslik yo‘nalishidagi fundamental tadqiqotlari bilan muhim ishlanma va loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, boy ilmiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib etishga qo‘shgan katta hissasi, iqtidorli yosh olimlarni tayyorlash, navqiron avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli faoliyati hamda tavalludining 80 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Ibrohimov Ne’matullaga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.Mirziyoyev