بسم الله الرحمن الرحيم
TAQVO FAZILATI
الحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي قَالَ فِي كِتَابِهِ الْحَكِيمِ "إِنَّ اَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللهِ أَتْقَاكُم" وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الْكَرِيمِ الَّذِي كَانَ يَقُولُ "وَاللهِ إِنِي أَخْشَاكُمْ لِلَّهِ وَأَتْقَاكُمْ لَهُ" وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ.
Muhtaram azizlar! Bandani Alloh taologa yaqinlashtiradigan, uni Alloh taoloning huzurida hurmat topishiga sabab bo‘ladigan eng ulug‘ fazilat, bu – taqvodir. Qur’oni karimning bir yuz yetmish beshta o‘rnida “taqvo” haqida so‘z yuritilgan. “Taqvo” arabcha so‘z bo‘lib, “saqlanmoq”, “ehtiyot bo‘lmoq” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda esa, kishi Alloh taoloning azobidan saqlanishi uchun, o‘zini kattayu kichik gunoh va ma’siyatlardan tiyishi taqvo deyiladi.
Alloh taolo qadimda o‘tgan barcha ummatlarni, shuningdek, biz ummati muhammadiyani ham taqvoga buyurgan. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyiladi:
وَلِلَّهِ مَا فِي السَّمَاوَاتِ وَمَا فِي الْأَرْضِ وَلَقَدْ وَصَّيْنَا الَّذِينَ أُوتُوا الْكِتَابَ مِنْ قَبْلِكُمْ وَإِيَّاكُمْ أَنِ اتَّقُوا اللَّهَ وَإِنْ تَكْفُرُوا فَإِنَّ لِلَّهِ مَا فِي السَّمَاوَاتِ وَمَا فِي الْأَرْضِ وَكَانَ اللَّهُ غَنِيًّا حَمِيدًا
(سورة النساء/131آية)
ya’ni: “Osmonlar va Yerdagi narsalar Allohnikidir. Sizlardan oldingi Kitob berilganlarga va sizlarga ham, Allohdan qo‘rqingiz, deb amr qilganmiz. Agar kufrni ixtiyor etsangiz, bas, albatta, osmonlaru Yerdagi narsalar Allohnikidir. Alloh behojat va hamd egasidir” (Niso surasi, 131-oyat).
Qur’oni karimning juda ko‘p oyatlarida Alloh taolo o‘zining boy ekani, biror narsaga hojati tushmasligi, balki unga boshqalarning ehtiyoji doimo tushib turishini ta’kidlaydi. Taqvo va ibodatlarga buyurishi ham O‘zining ehtiyoji sababli emas, balki insonlar manfaati uchundir. Butun dunyo ahli yoppasiga kufrga o‘tib ketgan taqdirda ham, Unga hech qanday zarar yetmaydi.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham biz ummatlarini taqvoga buyurganlar va ayni paytda O‘zlari bizlarning ichimizda eng taqvodor zot ekanlarini ta’kidlab:
وَاللهِ إِنِي أَخْشَاكُمْ لِلَّهِ وَأَتْقَاكُمْ لَهُ
(رَوَاهُ الْاِمَامُ الْبُخَارِيُّ)
ya’ni: “Allohga qasamki, Men sizlardan ko‘ra Allohdan qo‘rquvchiroq va taqvodorroqman”, – deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Zar va Muoz ibn Jabal raziyallohu anhumodan rivoyat qilingan quyidagi hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
إتَّقِ اللهَ حَيْثُمَا كُنْتَ وَأَتْبِعِ السَّيِّئَةَ الْحَسَنَةَ تَمْحُهَا وَخَالِقِ النَّاسَ بِخُلُقٍ حَسَنٍ
(رَوَاهُ الْإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ وَالْإِمَامُ أَحَمَدُ وَالْإِمَامُ الدَّارِمِيُّ).
ya’ni: “Qayerda bo‘lsang ham, taqvo qilgin, agar birorta gunoh qilsang albatta, uning ketidan biror savobli ishni qilginki, qilgan gunohingni o‘chirib yuborsin, insonlarga chiroyli xulq bilan muomala qilgin” (Imom Termiziy, Imom Ahmad va Imom Dorimiy rivoyat qilgan).
Boshqa bir hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
أَلْإِسْلَامُ عَلَانِيَةٌ وَالْإِيْمَانُ فِي الْقَلْبِ ثُمَّ يُشِيرُ بِيَدِهِ إِلَى صَدْرِهِ: أَلتَّقْوَى هَاهُنَا أَلتَّقْوَى هَاهُنَا
(رَوَاهُ الْإِمَامُ ابْنُ أَبِي شَيْبَةَ)
ya’ni: “Islom oshkoradir, imon esa qalbdadir”, – dedilar. So‘ngra qo‘llari bilan ko‘ksilariga ishora qilib: “Taqvo mana bu joydadir, taqvo mana bu joydadir”, – dedilar (Imom Ibn Abu Shayba rivoyati). Ushbu hadisdan shuni anglash mumkinki, islom dinida buyurilgan amallarni qilgan kishini “musulmon” deyiladi. Imon – qalb amali bo‘lgani uchun uni Allohga havola qilinadi. Taqvo – insonning botiniy holatiki, uni zohiriga qarab taqvodor yoki taqvodor emasligini aniqlab bo‘lmaydi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadislarining birida shunday deganlar:
إِنَّ اللهَ لَا يَنْظُرُ إِلَى صُوَرِكُمْ وَأَمْوَالِكُمْ وَلَكِنْ يَنْظُرُ إِلَى قُلُوبِكُمْ وَأَعْمَالِكُمْ
(رَوَاهُ الْإِمَامُ مُسْلِمٌ)
ya’ni: “Albatta, Alloh taolo sizlarning suratlaringizga ham, mol-davlatingizga ham qaramaydi, balki qalbingizga va amallaringizga qaraydi” (Imom Muslim rivoyati).
Muhtaram jamoat! Taqvo qilishning fazilatlari va foydalari juda ham bisyor bo‘lib, Qur’oni karimda ularning bir qanchalari zikr etib o‘tilgan. Jumladan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنْ تَتَّقُوا اللَّهَ يَجْعَلْ لَكُمْ فُرْقَانًا وَيُكَفِّرْ عَنْكُمْ سَيِّئَاتِكُمْ وَيَغْفِرْ لَكُمْ وَاللَّهُ ذُو الْفَضْلِ الْعَظِيمِ.
ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Agar Allohdan qo‘rqsangiz, sizlar uchun (haq bilan nohaqlikni) ajrim etuvchi (yordam)ni berur va gunohlaringizdan o‘tib, sizlarni mag‘firat qilur. Alloh ulkan fazl sohibidir (Anfol surasi, 29-oyat).
Taqvodor bandaga har qanday tang holatdan chiqish yo‘llari oson qilib qo‘yiladi, unga rizq eshiklari ham lang ochiladi. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyilgan:
وَمَنْ يَتَّقِ اللَّهَ يَجْعَلْ لَهُ مَخْرَجًا وَيَرْزُقْهُ مِنْ حَيْثُ لَا يَحْتَسِبُ
(سورة الطلاق/3-2 آية)
ya’ni: “Kimki Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur. Yana, uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur (Taloq surasi, 2-3-oyatlar).
Taqvo tufayli osmonlaru yerdan barakotlar yog‘ilib, xalqlar farovon hayot kechirishlariga muyassar bo‘ladilar. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
وَلَوْ أَنَّ أَهْلَ الْقُرَى آَمَنُوا وَاتَّقَوْا لَفَتَحْنَا عَلَيْهِمْ بَرَكَاتٍ مِنَ السَّمَاءِ وَالْأَرْضِ
(سورة الأعراف/96 آية)
ya’ni: “Agarda (mazkur) yurtlarning aholisi imon keltirgan va taqvo qilganlarida edi, ular ustiga osmonlar va Yerdan barakotlar (eshiklari)ni ochib yuborgan bo‘lur edik” (A’rof surasi, 96-oyat). Bu oyatda katta ibrat bordir. Alloh taolo bandalaridan juda ko‘p va og‘ir narsani talab qilmadi. Imon keltirib, shirk va gunohlardan o‘zlarini tiysalar, bas. Shu ishlari evaziga yeru osmondan barakot ato etaman, deb va’da qilmoqda. Bu shart va mukofot va’dasi to qiyomatgacha dunyoga kelib ketuvchi barcha bandalarga ham tegishlidir.
Taqvo tufayli bandaning qilgan ibodat va barcha solih amallari Alloh taoloning huzurida maqbul bo‘ladi. Qur’oni karimda shunday deyilgan:
إِنَّمَا يَتَقَبَّلُ اللَّهُ مِنَ الْمُتَّقِينَ
(سورة المائدة /27 آية)
ya’ni: “Alloh aslida taqvoli kishilardan qabul qilur” (Moida surasi, 27-oyat). Buyuk sahobiylardan biri bo‘lmish Abu Dardo raziyallohu anhu shunday deganlar: “Agar Alloh taolo mening bir vaqt namozimni qabul qilganini aniq bilganimda edi, menga bu dunyodagi hamma narsadan ham sevimli ish bo‘lgan bo‘lur edi, chunki Alloh taolo: “Alloh aslida taqvoli kishilardan qabul qilur”, – degan”.
Yuqorida aytganimizdek, taqvo bandani nainki Alloh taologa yaqinlashtiradi, Alloh taolo taqvodor bandalar bilan birgadir. Bu haqda Qur’oni karimda:
وَاتَّقُوا اللَّهَ وَاعْلَمُوا أَنَّ اللَّهَ مَعَ الْمُتَّقِينَ
(سورة البقرة /194 آية)
ya’ni: “Allohga taqvo qilingiz va bilingizki, albatta, Alloh taqvodorlar bilan birgadir”, – deyilgan (Baqara surasi,194-oyat).
Shuning uchun Alloh taolo biz mo‘min-musulmon bandalarini taqvoga buyurib:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ حَقَّ تُقَاتِهِ وَلَا تَمُوتُنَّ إِلَّا وَأَنْتُمْ مُسْلِمُونَ
(سورة آل عمران /102 آية)
ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Allohdan chinakam qo‘rquv bilan qo‘rqingiz va musulmon bo‘lmay dunyodan o‘tmangiz!” – deb marhamat qilgan (Oli Imron surasi, 102-oyat).
Muhtaram jamoat! Mav’izamizning davomida hozirgi kunda ba’zi bir islom dinidan xabari yo‘q toifalar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinib, ayrim yoshlarni adashishiga sabab bo‘layotgan jihod tushunchasi haqida ma’lumot berib o‘tamiz.
Jihod tushunchasini yaxshi anglamay turib, uni hayotga tadbiq etish qurbonlarning xuniga zomin bo‘lishdan tashqari ko‘pdan-ko‘p xatarli natijalar keltirib chiqarishini unutmaslik kerak. Shuning uchun “jihod” so‘ziga qisqacha izoh berishlikni lozim topdik.
Jihod so‘zi arab tilidan tarjima qilinganda “jiddu jahd qilmoq”, “harakat qilmoq”, “intilmoq” kabi ma’nolarni ifodalaydi. Dastlab “jihod” deyilganida Islomni himoya qilish va yoyish uchun kurash tushunilgan. Bu so‘zning istilohiy ma’nosi “dushmandan himoyalanishda qo‘li, tili yoki moli bilan kurashishdir”. Umumiy qilib aytsak, jihod nafsga, shaytonga, bosqinchilikka va barcha yovuzliklarga qarshi kurashishdir.
Makka davrida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning: “(Ey Muhammad), Rabbingizning yo‘liga (diniga) hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat qiling! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling” (Nahl surasi, 125 oyat) degan ko‘rsatmasi asosida faoliyat olib borganlar.
Makka mushriklarining zulmi kuchayganidan so‘ng dinni saqlash uchun ular bilan jang qilishga ruxsat berildi. Zero, o‘sha paytda musulmonlarga qarshi bo‘lgan Makka mushriklari Islom dinini va musulmonlarni yo‘q qilish maqsadida amaliy harakatlarini olib borayotgan edilar.
Agar “jihod” islom davlatini qurish uchun yoki insonlarni dinga kirishga majburlash uchun joriy etilganida edi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘zlari bu borada namuna ko‘rsatgan bo‘lur edilar. Ya’ni, u zot birinchi bo‘lib Makkadagi mushriklarning kattalari bilan urushgan, Islom davlatini barpo etish uchun jihod e’lon qilgan bo‘lardilar.
Biroq, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday yo‘l tutmadilar. Aksincha, musulmon jamiyatini asrab qolish maqsadida uning himoyasi uchun jihodga chiqqanlar.
Jihod masalasida g‘uluvga ketishning islom dini ta’limotiga zid ekani hadislar, ulamolarning asarlari va fatvolarida mufassal bayon qilingandir. Jumladan: Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: “Bir kishi Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga: “Men jihodda qatnashmoqchiman”, – dedi. U zot: “Ota-onang bormi?”, – deb so‘radilar. “Ha”, – deb javob qildi u kishi. Shunda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Ularning huzuriga borib, yordam ber, xizmatini qil! Shu sening jihodingdir”, – dedilar”.
Hazrati Aliy roziyallohu anhu shunday deganlar: “Jihod to‘rt xildir: Amri ma’ruf (yaxshi ishlarga buyurish), naxyi munkar (gunoh, yomon ishlardan qaytarish), o‘zining zarariga bo‘lsa ham rost so‘zlash va fosiq kishining masxara qilishiga chidab turish”.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: “Musulmonlarning afzali tilidan va qo‘lidan musulmonlarga ozor yetmaydiganidir. Mo‘minlarning afzali esa, xushxulqlirog‘idir. Muhojirlarning afzali Alloh qaytargan narsalardan o‘zini yiroq tutuvchidir. Jihodning afzali esa, Alloh yo‘lida o‘z nafsi va havosiga qarshi qilinadigan jangdir”.
Shunga ko‘ra, Biz xalqimizni, xususan mustaqil hayotni boshlayotgan yoshlarimizni yurtimiz, xalqimizga do‘st bo‘lmagan, soxta g‘oyalar bilan hali hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan o‘smirlarimizni oilasi va Vatanidan ayirib olib, o‘z manfaatlari yo‘lida qurbon qilishdek vayronkor maqsadlarga ega kuchlar borligidan ogohlantirishimiz lozim sanaladi.
Ekstremistik oqimlar o‘z safiga yangi shaxslarni jalb etishda internet va ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanmoqda.
Aslida esa, yoshlarni o‘z safiga chorlayotgan, o‘zini “mujohid” deb tanitayotgan kimsalar tinch aholini qatl etmoqda, ayol-qizlarni xo‘rlab, nomuslariga tajovuz qilmoqda. Norasida bolalarni o‘ldirmoqda. Uy-joylar, maktab va kutubxonalar, qishlog‘u-shaharlarni buzib, mo‘ysafid otaxon, mushtipar onalar, norasida go‘daklarni ko‘chalarda sargardon qilmoqda.
Ogoh bo‘lish kerakki, o‘z yurtiga, oilasiga xiyonat qilganlarning ikki dunyosi ham kuyib ketadi. Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Men Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning: “Qiyomat kuni har bir xiyonatkor uchun bu dunyoda qilgan xoinligi uchun sharmisor qiluvchi bayroq o‘rnatib qo‘yiladi”, deb aytganlarini eshitdim”.
Ekstremistlar yoshlarni o‘ziga jalb qilishda “hijrat”, “jihod” va “shahidlik” tushunchalarini noto‘g‘ri talqin etib, ulardan foydalanadilar.
Xolbuki, jihod tushunchasining buzib talqin etilishi oqibatida, islom dinida og‘ir gunoh sanalgan begunoh insonlarning qonini to‘kish, nohaq odam o‘ldirish, tinch aholiga ozor berish kabi manfur ishlar amalga oshirilmoqda.
Alloh taolo barchamizni muttaqiy bandalaridan aylab, dunyo va oxiratimizni obod qiladigan solih amallarga muvaffaq qilsin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Masjidlarda namoz vaqtiga qat’iy rioya etib, xususan, juma namozini belgilangan vaqtdan o‘tkazmagan holda ado etishingiz va juma ish kuni bo‘lgani uchun namozxonlarni ko‘p ushlanib qolishlariga yo‘l qo‘ymasligingiz tavsiya etiladi!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida asosiy manba Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga hamma ishlar – hukm, fatvo, iqtisodiy va siyosiy nizomlarda asosiy manba bo‘lganlar. U zotdan keyin hadislar islom shariatida asosiy tayanch bo‘lib kelmoqda.
Lekin vaqt o‘tishi bilan hadislarga bo‘lgan qarash o‘zgarib ketdi. Ayrim siyosiy oqimlar tarafidan hadislarga hujum boshlandi. Islom dinidagi shar’iy hukmlar faqatgina Qur’oni karimdan olinishi, undan boshqa hech qanday narsadan hukmlar olinmaslik da’vosi ko‘tarildi. Jumladan, hozirgi kundagi shohidiylar va qodiyoniylar kabi firqalar o‘zlarini “Qur’oniy – faqat Qur’oni karim hukmiga amal qiluvchi” sanab hadislarini inkor qildilar. Qodiyoniylar fikricha hadislar tarixiy e’tibordan o‘rganiladi, hadis shar’iy dalil bo‘lmaydi.
Ayrim firqalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qiladi. Lekin ayrim toifalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qilmasa ham “Qur’oni karimga amal qilish” shiori ostida hadislarni inkor qiladi. Shu sababli hadisni inkor qiluvchilar da’volari va ularga raddiya berishdan oldin hadis va hadislarni Qur’oni karim bilan bog‘lik ekani haqida ma’lumot berib o‘tish zarurati tug‘iladi.
Hadis muhaddislar istelohida. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l, taqrir, xalqiy (tana tuzilishiga oid) yoki xulqiy (xulq-atvorga oid) sifat va siyratdan iborat nubuvvatdan oldingi va keyingi qolgan asarlar. Siyrat, xulq, shamoil, xabarlar, so‘zlar va fe’llarni naql qiladilar. Bular bilan shar’iy hukm sobit bo‘lishi yoki hukm sobit bo‘lmasligini e’tiborga olmaydilar. Muhaddislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hidoyatga boshlaguvchi ekanliklari e’tiboridan hadis haqida bahs yuritadilar.
Usul olimlari istelohida hadis. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l va taqrirdan iborat naql qilingan so‘zlar. Usul olimlari o‘zlaridan keyingi mujtahidlarga qoidalarni joriy qilgan va hayot dasturini insonlarga bayon qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida bahs yuritadilar. Usul olimlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shar’iy qonunlarni joriy qiluvchi sifatida hadislarni o‘rganadilar.
Faqihlar istelohida hadis. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan farz va vojib bo‘lmasdan, balki bularga muqobil bo‘lib sobit bo‘lgan hukmlar. Faqihlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni fe’llari shar’iy xukmga dalolat qilishdan tashqariga chiqmasligini e’tiborga olishadi. Shuning uchun shar’iy hukmlar bandalarga nisbatan vojib, xarom va mubohligi haqida bahs yuritadilar.
Biz usul olimlari ixtiyor qilgan isteloh haqida bahs yuritamiz. Chunki, bu qismning mavzusida hadisning hujjatligi haqida so‘z boradi.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimdagi ochiq-ravshan bo‘lmagan oyatlarni sharhlar, bayon qilish vojib bo‘lgan o‘rinlarni sahobalarga bayon qilar edilar. Bu esa qisqacha aytilganlarni batafsil aytish, umumiy kelganini qaydlash va maqsadlarini ravshan qilishlari bilan bo‘lar edi. Bayon qilib berish esa so‘zlari va qilgan ishlari, buyruqlari, qaytariqlari va hayotliklarida sahobalarini qilgan ishlarini tasdiq qilishlari bilan bo‘lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlari ham vahiyni o‘rnida. Chunki Alloh taolo u zotning ijtihodlarini xatoga borishdan saqlab qo‘ygan. U zotning ijtihodlari oyatdan olingan bo‘lishi ham shart emas. Masalan, namoz iymondan keyingi juda muhim bo‘lgan ibodat. Unda ruku’ va sajdani hukmi beriladi. Qiyom va qa’daning ham zikri aytiladi. Lekin bular Qur’oni karimning biror joyida to‘liq aytilmagan. Bu ishlarning tartibi qanday bo‘ladi? Namoz vaqtlarining har-xilligi, rak’atlarining soni qanday bo‘ladi? Namozni qanday holatda o‘qiladi? Bularning hammasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z so‘zlari va amallari bilan mukammal bayon qildilar va sahobai kiromlarga ularni amallarini o‘rgatdilar.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin vahiy to‘xtadi. Qur’oni karim va hadisdan boshqa narsa qolmadi. Sahobalar Alloh taoloning Hashr surasining 7-oyatidagi:
وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا
“Rasululloh nimani bersa uni olingiz, va nimadan qaytarsa qaytingiz”, degan buyrug‘iga bo‘ysunib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini mahkam ushlashga harakat qildilar.
Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislari Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi mo‘tabar manba hisoblanadi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham:
تركت فيكم امرين لن تضلوا ما تمسكتم بهما كتاب الله و سنة نبيه
“Sizga ikki narsani qoldirdim. Agar, ularni mahkam tutsangiz, hech adashmaysiz: Allohning Kitobi va Nabiyyining sunnati” (Molik rivoyati), deganlar.
Shu sababdan hadislarning islom jamiyatidagi o‘rni har doim ham yuqori bo‘lib kelgan. Zero, hadislarda islom dinining farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom, muboh, makruh kabi hukmlar yoritilgan. Undan tashqari har qanday jamiyat uchun zarur bo‘lgan, ma’naviy komil insonlarni tarbiyalashga xizmat qiladigan, yuksak fazilatlarga chorlovchi qoidalar majmuasi ham o‘z ifodasini topgan. Shu aqidadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirgi paytda ham hadislarning jamiyatimiz uchun tarbiyaviy va amaliy ahamiyati beqiyos hisoblanadi. Mo‘minlar Qur’oni karimning ko‘pgina oyatlarida avvalo, Alloh taologa itoat qilishga amr qilinadi, so‘ngra O‘zining Payg‘ambariga itoat qilishga amr qilinganlar. Alloh taolo aytadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ
“Ey iymon keltirganlar Allohga itoat etinglar va Rasuliga itoat etinglar” (Niso, 59-oyat).
Allohga itoat qilish Qur’oni karimdagi buyruq va qaytariqlarga itoat qilish bilan bo‘ladi. Rasuliga itoat esa, u zotning tirikliklarida o‘zlariga itoat etish bilan bo‘lgan bo‘lsa, vafotlaridan keyin esa sunnatlariga amal qilish bilan bo‘ladi. Allohga itoat va Rasuliga itoat qilish alohida-alohida narsa emas, balki bir xil tushuncha ekannini anglash kerak. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo Alloh itoatida bo‘lganlar. Allohning itoatidan tashqari narsaga hech qachon, hech kimni buyurmaganlar.
Qur’oni karim lafz va ma’no jihatidan Allohning kalomi. Uni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiysi. Sunnat va hadis esa mohiyatan Payg‘ambarimiz alayhissalomning shaxsiy fikrlari emas balki, Allohdan nozil bo‘lgan vahiylarning u zotning iboralari bilan taqdim etilishi hisoblanadi.
Islomning birinchi kunidan boshlab musulmonlar har bir katta-yu kichik narsani Payg‘ambarimizidan ola boshladilar. Ular ilohiy dastur – Qur’oni karim oyatlaridan tortib hojatxonada qanday o‘tirishgacha bo‘lgan narsalarni qabul qilib olar edilar.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining hech bir lahzasi sahobalarning diqqat-e’tiborlaridan chetda qolmas edi. Chunki u zotning og‘izlaridan chiqqan har bir so‘z, o‘zlaridan sodir bo‘layotgan har bir harakat shariat hukmi, o‘rnak, hikmat va nasihatdan iborat edi. Dunyo tarixida hayoti bunchalik ochiqchasiga ommaviy ravishda o‘rganilgan shaxs yakkayu yagona Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘lganlar. U Zotningng hatto o‘ta nozik va xos hayotlari bugungi kun atamasi bilan aytganda shaxsiy oilaviy hayotlari ham to‘laligicha o‘rganilib rivoyat qilingan. Chunki islom dini mukammal din bo‘lgani sababidan inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Bularning hammasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy o‘rnaklari bo‘lgan.
Bir so‘z bilan aytganda, u zot Qur’oni karimni o‘z shaxslarida tatbiq qilib, insonlarga ko‘rsatishlari kerak edi. Shuning uchun ham sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan uzluksiz birga yurishar, u zotdan sodir bo‘lgan har bir narsani o‘ta aniqlik bilan yodlab olishar va rivoyat qilishar edi. Hatto o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan vaqtlarida boshqa kishilardan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida e’tibor bilan turishni, u zotdan sodir bo‘lgan narsalarni yaxshilab o‘zlashtirib olishni iltimos qilar edilar. Qaytib kelganlarida esa darhol o‘zlari tayinlab ketgan odamlaridan so‘rab, o‘rganib olar edilar. Umar roziyallohu anhu o‘z qo‘shnilari bilan kelishib olib navbat ila Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlarida turishlari haqida u kishining o‘zidan rivoyat qilinganligi ma’lum va mashhur. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan zarracha narsa ham sahobalarning e’tiboridan chetda qolgan emas. Buni dushmanlar ham tan olganlar. Hijratning oltinchi yili Hudaybiya hodisasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiligida bir ming to‘rt yuz sahobai kiromlar Madinai munavvaradan ehrom bog‘lab Ka’batullohni tavof qilib, umra qilmoqchi bo‘lib yo‘lga chiqadilar. Hudaybiya degan joyda turib qolganlarida mushriklardan vakil bo‘lib kelgan va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan muzokara olib borgan kishilardan biri o‘z qavmiga qaytib borib: “Allohga qasamki, hech kim Muhammadni sheriklari hurmat qilgandek hurmat qilmaydi. U tuflasa tufugi yerga tushmayapti, sahobalari qo‘llari ila ilib olmoqdalar”, deb aytgan edi.
Mushrikning ta’biricha tufugi yerda qolmagan zotning gap-so‘zlari, va’z-nasihatlari, hukmu vasiyatlari yerda qolarmidi?! Ularning hammasi nihoyatda katta e’tibor va aniqlik bilan o‘rganilgan. Ta’kidlash lozimki, sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan narsalarni hoyu havas yoki bilim, madaniy saviya kabilar uchun qabul qilmaganlar. Balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan har-xil hukmlarga amal qilishni ko‘zlab qabul qilganlar. Qolaversa, ularni boshqalarga ham yetkazib, amalga chorlashni maqsad qilganlar.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.