Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Yanvar, 2025   |   18 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:38
Asr
15:41
Shom
17:25
Xufton
18:43
Bismillah
18 Yanvar, 2025, 18 Rajab, 1446

23.11.2018 y. Taqvo fazilati

16.11.2018   6124   13 min.
23.11.2018 y. Taqvo fazilati

بسم الله الرحمن الرحيم

TAQVO FAZILATI

الحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي قَالَ فِي كِتَابِهِ الْحَكِيمِ "إِنَّ اَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللهِ أَتْقَاكُم" وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الْكَرِيمِ الَّذِي كَانَ يَقُولُ "وَاللهِ إِنِي أَخْشَاكُمْ لِلَّهِ وَأَتْقَاكُمْ لَهُ" وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ.

Muhtaram azizlar! Bandani Alloh taologa yaqinlashtiradigan, uni Alloh taoloning huzurida hurmat topishiga sabab bo‘ladigan eng ulug‘ fazilat,  bu – taqvodir. Qur’oni karimning bir yuz yetmish beshta o‘rnida “taqvo” haqida so‘z yuritilgan. “Taqvo” arabcha so‘z bo‘lib, “saqlanmoq”, “ehtiyot bo‘lmoq” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda esa, kishi Alloh taoloning azobidan saqlanishi uchun,  o‘zini kattayu kichik gunoh va ma’siyatlardan tiyishi taqvo deyiladi. 

Alloh taolo qadimda o‘tgan barcha ummatlarni, shuningdek, biz ummati muhammadiyani ham taqvoga buyurgan. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyiladi:

  وَلِلَّهِ مَا فِي السَّمَاوَاتِ وَمَا فِي الْأَرْضِ وَلَقَدْ وَصَّيْنَا الَّذِينَ أُوتُوا الْكِتَابَ مِنْ قَبْلِكُمْ وَإِيَّاكُمْ أَنِ اتَّقُوا اللَّهَ وَإِنْ تَكْفُرُوا فَإِنَّ لِلَّهِ مَا فِي السَّمَاوَاتِ وَمَا فِي الْأَرْضِ وَكَانَ اللَّهُ غَنِيًّا حَمِيدًا

(سورة النساء/131آية)

ya’ni: “Osmonlar va Yerdagi narsalar Allohnikidir. Sizlardan oldingi Kitob berilganlarga va sizlarga ham, Allohdan qo‘rqingiz, deb amr qilganmiz. Agar kufrni ixtiyor etsangiz, bas, albatta, osmonlaru Yerdagi narsalar Allohnikidir. Alloh behojat va hamd egasidir” (Niso surasi, 131-oyat).

 Qur’oni karimning juda ko‘p oyatlarida Alloh taolo o‘zining boy ekani, biror narsaga hojati tushmasligi, balki unga boshqalarning ehtiyoji doimo tushib turishini ta’kidlaydi. Taqvo va ibodatlarga buyurishi ham O‘zining ehtiyoji sababli emas, balki insonlar manfaati uchundir. Butun dunyo ahli yoppasiga kufrga o‘tib ketgan taqdirda ham, Unga hech qanday zarar yetmaydi.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham biz ummatlarini taqvoga buyurganlar va ayni paytda O‘zlari bizlarning ichimizda eng taqvodor zot ekanlarini ta’kidlab:

وَاللهِ إِنِي أَخْشَاكُمْ لِلَّهِ  وَأَتْقَاكُمْ لَهُ

(رَوَاهُ الْاِمَامُ الْبُخَارِيُّ)

ya’ni: “Allohga qasamki, Men sizlardan ko‘ra Allohdan qo‘rquvchiroq va taqvodorroqman”, – deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Abu Zar va Muoz ibn Jabal raziyallohu anhumodan rivoyat qilingan quyidagi hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

إتَّقِ اللهَ حَيْثُمَا كُنْتَ وَأَتْبِعِ السَّيِّئَةَ الْحَسَنَةَ تَمْحُهَا وَخَالِقِ النَّاسَ بِخُلُقٍ حَسَنٍ

(رَوَاهُ الْإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ وَالْإِمَامُ أَحَمَدُ وَالْإِمَامُ الدَّارِمِيُّ).

ya’ni: “Qayerda bo‘lsang ham, taqvo qilgin, agar birorta gunoh qilsang albatta, uning ketidan biror savobli ishni qilginki, qilgan gunohingni o‘chirib yuborsin, insonlarga chiroyli xulq bilan muomala qilgin” (Imom Termiziy, Imom Ahmad va Imom Dorimiy rivoyat qilgan).

         Boshqa bir hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

أَلْإِسْلَامُ عَلَانِيَةٌ  وَالْإِيْمَانُ فِي الْقَلْبِ ثُمَّ يُشِيرُ بِيَدِهِ إِلَى صَدْرِهِ: أَلتَّقْوَى هَاهُنَا  أَلتَّقْوَى هَاهُنَا

(رَوَاهُ الْإِمَامُ ابْنُ أَبِي شَيْبَةَ)

ya’ni: “Islom oshkoradir, imon esa qalbdadir”, – dedilar. So‘ngra qo‘llari bilan ko‘ksilariga ishora qilib: “Taqvo mana bu joydadir, taqvo mana bu joydadir”, – dedilar (Imom Ibn Abu Shayba rivoyati). Ushbu hadisdan shuni anglash mumkinki, islom dinida buyurilgan amallarni qilgan kishini “musulmon” deyiladi. Imon – qalb amali bo‘lgani uchun uni Allohga havola qilinadi. Taqvo – insonning botiniy holatiki, uni zohiriga qarab taqvodor yoki taqvodor emasligini aniqlab bo‘lmaydi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadislarining birida shunday deganlar:

إِنَّ اللهَ لَا يَنْظُرُ إِلَى صُوَرِكُمْ وَأَمْوَالِكُمْ وَلَكِنْ يَنْظُرُ إِلَى قُلُوبِكُمْ وَأَعْمَالِكُمْ

 (رَوَاهُ الْإِمَامُ مُسْلِمٌ)

ya’ni: “Albatta, Alloh taolo sizlarning suratlaringizga ham, mol-davlatingizga ham qaramaydi, balki qalbingizga va amallaringizga qaraydi” (Imom Muslim rivoyati).

Muhtaram jamoat! Taqvo qilishning fazilatlari va foydalari juda ham bisyor bo‘lib, Qur’oni karimda ularning bir qanchalari zikr etib o‘tilgan. Jumladan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنْ تَتَّقُوا اللَّهَ يَجْعَلْ لَكُمْ فُرْقَانًا وَيُكَفِّرْ عَنْكُمْ سَيِّئَاتِكُمْ وَيَغْفِرْ لَكُمْ وَاللَّهُ ذُو الْفَضْلِ الْعَظِيمِ.

ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Agar Allohdan qo‘rqsangiz, sizlar uchun (haq bilan nohaqlikni) ajrim etuvchi (yordam)ni berur va gunohlaringizdan o‘tib, sizlarni mag‘firat qilur. Alloh ulkan fazl sohibidir (Anfol surasi, 29-oyat).

Taqvodor bandaga har qanday tang holatdan chiqish yo‘llari oson qilib qo‘yiladi, unga rizq eshiklari ham lang ochiladi. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyilgan:

وَمَنْ يَتَّقِ اللَّهَ يَجْعَلْ لَهُ مَخْرَجًا وَيَرْزُقْهُ مِنْ حَيْثُ لَا يَحْتَسِبُ

(سورة الطلاق/3-2 آية)

ya’ni: “Kimki Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur. Yana, uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur (Taloq surasi, 2-3-oyatlar).

Taqvo tufayli osmonlaru yerdan barakotlar yog‘ilib, xalqlar farovon hayot kechirishlariga muyassar bo‘ladilar. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

وَلَوْ أَنَّ أَهْلَ الْقُرَى آَمَنُوا وَاتَّقَوْا لَفَتَحْنَا عَلَيْهِمْ بَرَكَاتٍ مِنَ السَّمَاءِ وَالْأَرْضِ

(سورة الأعراف/96 آية)

ya’ni: “Agarda (mazkur) yurtlarning aholisi imon keltirgan va taqvo qilganlarida edi, ular ustiga osmonlar va Yerdan barakotlar (eshiklari)ni ochib yuborgan bo‘lur edik” (A’rof surasi, 96-oyat). Bu oyatda katta ibrat bordir. Alloh taolo bandalaridan juda ko‘p va og‘ir narsani talab qilmadi. Imon keltirib, shirk va gunohlardan o‘zlarini tiysalar, bas. Shu ishlari evaziga yeru osmondan barakot ato etaman, deb va’da qilmoqda. Bu shart va mukofot va’dasi to qiyomatgacha dunyoga kelib ketuvchi barcha bandalarga ham tegishlidir.

Taqvo tufayli bandaning qilgan ibodat va barcha solih amallari Alloh taoloning huzurida maqbul bo‘ladi. Qur’oni karimda shunday deyilgan:

إِنَّمَا يَتَقَبَّلُ اللَّهُ مِنَ الْمُتَّقِينَ

(سورة المائدة /27 آية)

ya’ni: Alloh aslida taqvoli kishilardan qabul qilur(Moida surasi, 27-oyat). Buyuk sahobiylardan biri bo‘lmish Abu Dardo raziyallohu anhu shunday deganlar: “Agar Alloh taolo mening bir vaqt namozimni qabul qilganini aniq bilganimda edi, menga bu dunyodagi hamma narsadan ham sevimli ish bo‘lgan bo‘lur edi, chunki Alloh taolo: Alloh aslida taqvoli kishilardan qabul qilur, – degan”.

Yuqorida aytganimizdek, taqvo bandani nainki Alloh taologa yaqinlashtiradi, Alloh taolo taqvodor bandalar bilan birgadir. Bu haqda Qur’oni karimda:

وَاتَّقُوا اللَّهَ وَاعْلَمُوا أَنَّ اللَّهَ مَعَ الْمُتَّقِينَ

(سورة البقرة /194 آية)

ya’ni: “Allohga taqvo qilingiz va bilingizki, albatta, Alloh taqvodorlar bilan birgadir”, – deyilgan (Baqara surasi,194-oyat).

Shuning uchun Alloh taolo biz mo‘min-musulmon bandalarini taqvoga buyurib:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ حَقَّ تُقَاتِهِ وَلَا تَمُوتُنَّ إِلَّا وَأَنْتُمْ مُسْلِمُونَ

(سورة آل عمران /102 آية)

ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Allohdan chinakam qo‘rquv bilan qo‘rqingiz va musulmon bo‘lmay dunyodan o‘tmangiz!” – deb marhamat qilgan (Oli Imron surasi, 102-oyat).

Muhtaram jamoat! Mav’izamizning davomida hozirgi kunda ba’zi bir  islom dinidan xabari yo‘q toifalar tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinib, ayrim yoshlarni adashishiga sabab bo‘layotgan jihod tushunchasi haqida ma’lumot berib o‘tamiz.

 Jihod tushunchasini yaxshi anglamay turib, uni hayotga tadbiq etish qurbonlarning xuniga zomin bo‘lishdan tashqari ko‘pdan-ko‘p xatarli natijalar keltirib chiqarishini unutmaslik kerak. Shuning uchun “jihod” so‘ziga qisqacha izoh berishlikni lozim topdik.

 Jihod so‘zi arab tilidan tarjima qilinganda “jiddu jahd qilmoq”, “harakat qilmoq”, “intilmoq” kabi ma’nolarni ifodalaydi. Dastlab “jihod” deyilganida Islomni himoya qilish va yoyish uchun kurash tushunilgan. Bu so‘zning istilohiy ma’nosi “dushmandan himoyalanishda qo‘li, tili  yoki moli bilan kurashishdir”. Umumiy qilib aytsak, jihod nafsga, shaytonga, bosqinchilikka va barcha yovuzliklarga qarshi kurashishdir.

Makka davrida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning: “(Ey Muhammad), Rabbingizning yo‘liga (diniga) hikmat va chiroyli nasihat bilan  da’vat qiling! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling” (Nahl surasi, 125 oyat) degan ko‘rsatmasi asosida faoliyat olib borganlar.

Makka mushriklarining zulmi kuchayganidan so‘ng dinni saqlash uchun ular bilan jang qilishga ruxsat berildi. Zero, o‘sha paytda musulmonlarga  qarshi bo‘lgan Makka mushriklari Islom dinini va musulmonlarni yo‘q qilish maqsadida amaliy harakatlarini olib borayotgan edilar.

Agar “jihod” islom davlatini qurish uchun yoki insonlarni dinga kirishga majburlash uchun joriy etilganida edi, Rasululloh  sollallohu alayhi va sallam o‘zlari bu borada namuna ko‘rsatgan bo‘lur edilar. Ya’ni, u zot birinchi bo‘lib Makkadagi mushriklarning kattalari bilan urushgan, Islom davlatini barpo etish uchun jihod e’lon qilgan bo‘lardilar.

Biroq, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday yo‘l tutmadilar. Aksincha, musulmon jamiyatini asrab qolish maqsadida uning himoyasi uchun jihodga chiqqanlar.

Jihod  masalasida g‘uluvga ketishning islom dini ta’limotiga zid ekani hadislar, ulamolarning asarlari va fatvolarida mufassal bayon qilingandir. Jumladan: Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: “Bir kishi Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga: “Men jihodda qatnashmoqchiman”, – dedi. U zot: “Ota-onang bormi?”, – deb so‘radilar. “Ha”, – deb javob qildi u kishi. Shunda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Ularning huzuriga borib, yordam ber, xizmatini qil! Shu sening jihodingdir”, –  dedilar”.

Hazrati Aliy roziyallohu anhu shunday deganlar: “Jihod to‘rt xildir: Amri ma’ruf (yaxshi ishlarga buyurish), naxyi munkar (gunoh, yomon ishlardan qaytarish), o‘zining zarariga bo‘lsa ham rost so‘zlash va fosiq kishining masxara qilishiga chidab turish”.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: “Musulmonlarning afzali tilidan va qo‘lidan musulmonlarga ozor yetmaydiganidir. Mo‘minlarning afzali esa, xushxulqlirog‘idir. Muhojirlarning afzali Alloh qaytargan narsalardan o‘zini yiroq tutuvchidir. Jihodning afzali esa, Alloh yo‘lida o‘z nafsi va havosiga qarshi qilinadigan jangdir”.

Shunga ko‘ra, Biz xalqimizni, xususan mustaqil hayotni boshlayotgan yoshlarimizni yurtimiz, xalqimizga do‘st bo‘lmagan, soxta g‘oyalar bilan hali hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan o‘smirlarimizni oilasi va Vatanidan ayirib olib, o‘z manfaatlari yo‘lida qurbon qilishdek vayronkor maqsadlarga ega kuchlar borligidan ogohlantirishimiz lozim sanaladi.

Ekstremistik oqimlar o‘z safiga yangi shaxslarni jalb etishda internet va ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanmoqda.

Aslida esa, yoshlarni o‘z safiga chorlayotgan, o‘zini “mujohid” deb tanitayotgan kimsalar tinch aholini qatl etmoqda, ayol-qizlarni xo‘rlab, nomuslariga tajovuz qilmoqda. Norasida bolalarni o‘ldirmoqda. Uy-joylar, maktab va kutubxonalar, qishlog‘u-shaharlarni buzib, mo‘ysafid otaxon, mushtipar onalar, norasida go‘daklarni  ko‘chalarda sargardon qilmoqda.

Ogoh bo‘lish kerakki, o‘z yurtiga, oilasiga xiyonat qilganlarning ikki dunyosi ham kuyib ketadi. Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Men Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning: “Qiyomat kuni har bir xiyonatkor uchun bu dunyoda qilgan xoinligi uchun sharmisor qiluvchi bayroq o‘rnatib qo‘yiladi”, deb aytganlarini eshitdim”.

Ekstremistlar yoshlarni o‘ziga jalb qilishda “hijrat”, “jihod” va “shahidlik” tushunchalarini noto‘g‘ri talqin etib, ulardan foydalanadilar.

Xolbuki, jihod tushunchasining buzib talqin etilishi oqibatida, islom dinida og‘ir gunoh sanalgan begunoh insonlarning qonini to‘kish, nohaq odam o‘ldirish, tinch aholiga ozor berish kabi manfur ishlar amalga oshirilmoqda.

Alloh taolo barchamizni muttaqiy bandalaridan aylab, dunyo va oxiratimizni obod qiladigan solih amallarga muvaffaq qilsin! Omin!

 Muhtaram imom-domla! Masjidlarda namoz vaqtiga qat’iy rioya etib, xususan, juma namozini belgilangan vaqtdan o‘tkazmagan holda ado etishingiz va juma ish kuni bo‘lgani uchun namozxonlarni ko‘p ushlanib qolishlariga yo‘l qo‘ymasligingiz tavsiya etiladi!

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Hijri Ismoil

14.01.2025   4715   4 min.
Hijri Ismoil

Hijri Ismoil — Ka’ba yaqinida joylashgan yarim oy shaklidagi hudud. Hijri Ismoil “Ismoil toshi” degan ma’noni anglatadi. Aynan shu yerda Ibrohim alayhissalom rafiqalari Hojar va o‘g‘li Ismoilni qoldirganlar. Hijri Ismoil Xatim ham deb nomlanadi. Xatim deb nomlanishiga sabab u Ka’badan sindirib, ya’ni ajratib olingandir.

  • Hijr marmardan qilingan.
  • Xatim devorining balandligi 1 metr-u 32 sm.
  • Devorning eni 1 metr-u 55 sm.
  • Ikki kirish orasidagi masofa 8 metr-u 77 sm.
  • Ka’ba devoridan Xatim devorigacha 8 metr-u 46 sm.
  • Ka’badan Xatimgacha mavjud bo‘lak 3 metr.
  • Multazam tomondagi ochiqlik o‘lchami 2 metr-u 29 sm.
  • Muqobil ochiqlikdagi o‘lcham 2 metr-u 23 sm.
  • Tashqaridan devor aylanasining uzunligi 21 metr-u 57 sm.

Hijri Ismoil haqida qiziqarli ma’lumotlar

  1. Ibrohim va Ismoil alayhissalom Ka’bani qurganlarida, Hijri Ismoil baytning bir qismi hisoblangan. Ibrohim alayhissalom qurgan Ka’ba devori Hijri Ismoilni ham o‘rab olgan edi. Hozirgi paytda Ka’ba bilan Hijri Ismoilning tashqi devori orasidagi bo‘shliq joy bor. Ka’bani tavof qilganda o‘sha oraliq hududga kirmasdan aylanish kerak, sababi bu joy ham Ka’baning bir qismi sanaladi.
     
  2. Keyinchalik qurayshliklar Ka’bani qayta tiklaganlarida, Baytulloh kub shaklida bo‘ldi va Hijri Ismoil devori Ka’baga tutash yarim doira shaklida qoldi. Bu yerda Ismoil va uning onasi Hojar onamizning qabri bor, degan fikr bor, lekin bu ilmiy jihatdan asosli emas.
     
  3. Qurayshliklar Makkada sodir bo‘lgan toshqin va yong‘indan so‘ng ba’zi joylari buzilgan Ka’bani qayta tikladilar. Ka’bani rekonstruksiya qilish rejasida Hijri Ismoil Ka’baning umumiy maydoniga kirishi kerak edi, ammo Qurayshda buning uchun yetarli mablag‘ yo‘q edi.
  4. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan xatim haqida so‘rab: «U Ka’badanmi?» desam, u zot: «Ha», dedilar. Men: «Unda nima uchun Ka’baga qo‘shib yuborishmagan?» desam, u zot: «Qavmingning, ya’ni Qurayshning mablag‘i yetmay qolgan…», dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).

  5. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Men Ka’ba ichiga kirib namoz o‘qishni yaxshi ko‘rar edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘limdan ushlab hijrga kirgizdilar, Ka’baga kirishni xohlasang, mana shu yerda ham o‘qiyvergin. Chunki u Ka’badan bir bo‘lakdir», dedilar», deb aytdilar (Abu Dovud, Nasoiy rivoyati).
     
  6. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyatdan endi qutulganini hisobga olmaganimda Ka’bani buzishga buyurib, uning chiqib ketgan (Hijri Ismoil) joyini kirgizib, yerga yopishtirib, ikki eshik, ya’ni sharq va g‘arb tomondan eshik ochib, Ibrohim alayhissalom bunyod etgan poydevorga yetkazar edim», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
     
  7. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Men Hijrda turar, Quraysh esa tungi sayrim (Isro) haqida savollar berar edi. Ular Baytul Maqdisdagi men eslab qololmagan narsalar haqida so‘rashganida avval hech qachon bo‘lmagan qattiq qayg‘uga cho‘mdim. Shunda qarab turgan tomonimda Alloh Quddusni ko‘z o‘ngimda gavdalantirdi – ular mendan nima haqida so‘rasa, shuning xabarini berardim… (Imom Muslim rivoyati). Salaflardan qilingan rivoyatda «Xatimda, mezob ostida duolar mustajobdir», deyilgan.

Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.