Joriy yil 28 iyun' – 10 iyul' kunlari O'zbekiston musulmonlari idorasi vakili, Toshkent viloyatidagi Zangiota tumanida joylashgan “Abu Bakr Siddiq” jome' masjidi imom-xatibi Nurilla Mavlonov Rossiyaning Ural federal okrugidagi Sverdlovsk, Chelyabinsk, Kurgan va Tyumen viloyatlari bo'ylab amaliy safari davomida ushbu hududlarda mehnat faoliyatini olib borayotgan hamyurtlarimiz va o'zbekistonlik talabalar bilan uchrashuvlar o'tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Qurbon hayiti kuni Sverdlovskoy viloyatining Verxnyaya Pishma shahrida, keyingi ikki juma namozi kunlari Yekaterinburg va Tobol'sk shaharlaridagi jome' masjidlarida o'zbekistonlik diniy ulamoning ma'ruzalari tinglandi.
Mamlakatimiz Bosh konsulligida Ural tog'-kon universiteti va Ural federal universitetida tahsil olayotgan talabalarimiz bilan ma'naviy-ma'rifiy suhbat ham o'tkazildi.
Safar doirasida Ikkinchi jahon urushi davrida Sverdlovsk viloyatining Nev'yansk shahridagi qurol-aslaha ishlab chiqaruvchi zavodlarida “mehnat armiyasi” safida xizmat qilib, turli sabablar bilan vafot etgan hamyurtlarimizning jamoaviy qabri ziyorat etilib, Qur'on tilovat qilindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi vakilining Qur'oni karim va Payg'ambarimiz hadislariga asoslangan, Vatanga muhabbat, ota-ona va farzand hamda rafiqaga munosabat borasidagi milliy va diniy ijtimoiy odoblar bilan yo'rg'alangan ma'ruzalari vatandoshlarimizda katta taassurot qoldirdi.
Uchrashuvlar savol-javoblarga boy bo'ldi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
#xabar #mahorat #imom
Bugun, 16 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan 80 nafardan ziyod voiz imom domlalar uchun Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida “Zamonaviy axborot makonida diniy-ma’rifiy soha mutaxassislarining media-targ‘ibot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb jihatlari” mavzusida 72 soatlik malaka oshirish o‘quvi boshlandi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida bo‘lib o‘tgan o‘quv kursining ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov, mazkur institut direktori Husniddin Ahmedov va tinglovchilar ishtirok etdi.
Tadbirda Homidjon domla bugungi murakkab davr barcha soha vakillari qatorida imom domlalardan ham o‘z bilim va malakalarini doimiy oshirib borish, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash yo‘lida jiddu jahd qilishni talab etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, notiqlar mazkur kursning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Ikki hafta davom etadigan mazkur o‘quvda bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mavzularda dars mashg‘ulatlari olib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati