frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Bag‘rikenglik- islomiy fazilat

16.11.2018   4715   4 min.
Bag‘rikenglik- islomiy fazilat

Yurtimizda qadimdan turli e’tiqodga mansub millat va elatlar istiqomat qilib kelgan. 130 dan ziyod millat farzandlarining hur va ozod diyorda, tinchlik va osoyishtalik kayfiyatida yashashlari vatanimizning bag‘rikenglik o‘lkasi ekanligining yorqin namunasidir. Ularning o‘zaro hamjihatlikda, ahil-inoqlikda bir-birlarining e’tiqodlarini hurmat ehtirom ruhida yashab kelishlarining o‘zi Yaratganning xalqimizga bergan ulkan ne’matidir. 

Konstitutsiyamizning 18-moddasida: "O‘zbekiston Respublikasada barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar", deb ko‘rsatilgan. Bu Asosiy qonunda shunchaki belgilanmasdan, amalda ham namoyon bo‘lmoqda. Buni nafaqat jamiyatning har bir fuqarosi his qilmoqda, ayni paytda jahon ham jamiyati e’tirof etmoqda, o‘zbek modelining mazkur masaladagi tajribasidan namuna olmoqda. Bu bejiz emas. Chunki mamlakatdagi tinchlik va barqarorlikning asosiy omillaridan biri murosa tamoyili bo‘lgan diniy bag‘rikenglikdir.

Ming yillar mobaynida Markaziy Osiyo g‘oyat xilma-xil dinlar, madaniyatlar va turmush tarzlari tutashgan va tinch-totuv yashagan markaz bo‘lib keldi. Etnik sabr-toqat, bag‘rikenglik hayot bo‘ronlaridan omon qolish va rivojlanish uchun zarur tabiiy me’yorlarga aylandi. Hatto bu hududlarni bosib olganlar ham Markaziy Osiyo xalqlarining madaniyati oldmda bosh egibgina qolmay, uning eng qimmatbaho an’analarini, shu hududda mavjud bo‘lgan davlatchilik an’analarini avaylab qabul qilganlar". Bularning barchasi juda qadimdan ajdodlarimiz o‘zaro munosabatlarda o‘ziga xos sharqona murosa tamoyillariga amal qilganini ko‘rsatadi. "So‘nggi ikki asr davomida ham o‘zlarini "madaniyatli" va "ma’rifatli" xisoblab kelgan davlatlar ommaviy qirg‘inlar va diniy ta’qiblar bilan o‘zlariga dog‘ tushirgan paytda O‘zbekiston zamini xalqlar va madaniyatlar tinch birlashgan joygina bo‘lib qolmay, balki quvg‘in qilingan xalqlarga boshpana ham berdi".

Alloh taolo Qur’oni karimda musulmonlarni o‘zlariga tajovuz qilib, urush ochmagan o‘zga din vakillariga yaxshilik qilishga qiziqtirib shunday marhamat qiladi: “Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevadi” (Mumtahana surasi, 8-oyat). 

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom boshqa din va e’tiqod vakillariga nisbatan bag‘rikeng bo‘lish, ularning e’tiqodini hurmat qilish, haqlariga rioya etishning oliy namunasini ko‘rsatibgina qolmay, ummatni hamisha ana shu yo‘ldan borishga da’vat qilishdan charchamadilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan hadisda: «Xalqning barchasi Allohning izmidadir. Ularning Allohga mahbubrog‘i ahliga naf beruvchirog‘idir», deyilgan (Bazzor rivoyati). 

 Islom dini boshqa din vakillarining tiriklarini hurmat qilish bilan cheklanib qolmadi, ularning o‘liklarini ham ehtirom qildi. “Sahihi Buxoriy”da Jobir raziyallohu anhudan quyidagi voqea rivoyat qilinadi: “Bir kuni oldimizdan bir janoza o‘tdi. Shunda Nabiy alayhissalom bu janoza uchun o‘rnilaridan turdilar va biz ham (ul zotga ergashib) o‘rnimizdan turdik. Biz: “Yo Rasululloh, bu yahudiyning janozasi!” dedik. Shunda ul zot sollallohu alayhi va sallam: “Qachon janozani ko‘rsangiz, o‘rningizdan turing!” dedilar”. 

Payg‘ambarning sallolahu alayhi vasallam ahli kitobdan qo‘shnilari bo‘lgan. Ular bilan yaxshi qo‘shnichilik qilar, hadya berib, ulardan qabul etardilar. Habashiston nasroniylarining vakillari kelganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni masjidga tushirib, o‘zlari ziyofat berib, xizmat qildilar. U zot shu kuni bunday deganlar: “Bular as'hobimizga ikromli edilar, men o‘zim ularni ikrom etmoqni xush ko‘raman”. 

Soxibqiron Amir Temur “Tuzuk”larida: “Mening qo‘l ostimdagi qirq aymoq xammasini teng ko‘rdim. Barlosni tatardan, tatarni naymandan, naymani yuzdan ustun qo‘ymadim. Barcha muvaffaqiyatlarim garovi shundadir” deb yozgan.

Insonni, avvalo, insonligi uchun hurmat va ehtirom qilish bashariyatning ko‘p ming yillik tarixidan meros bo‘lib kelayotgan olijanob fazilatlarning eng muhimlaridan biri hisoblangan – bag‘rikenglik, o‘zaro totuvlik, dinlar aro hamjihatlik tamoyillari asosida faoliyat olib borgan inson davrimizning ham muqaddas dinimizning ham talablarini bajargan bo‘ladi.

 

Odiljon Narzullayev

Zangiota tumani  “Imomi A’zam”

Masjidi imom xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ota-onani hurmatlash odoblari

08.08.2026   18880   1 min.
Ota-onani hurmatlash odoblari

Ota-onaning roziligini olishga intilish fazilati barcha fazilatlarning negizi, borliqdagi har qanday haq-huquqlarning kelib chiqadigan asosidir.

Ota-onalar, bola tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan tarbiyachilar farzandlarga quyidagi odatlarni singdirishlari maqsadga muvofiq: 
 

Gunohga sabab bo‘lmasa, otaonaning buyurganlarini albatta bajarish; ota-onaga muloyim so‘zlash; uyga kirganlarida, hurmatlari uchun o‘rnidan turish; har tong salom berish, uyqudan oldin xayrli tun tilash; mol-mulklarini saqlash; so‘ragan narsalarini berish; ulardan maslahat so‘rash; ota-ona haqiga duo va istig‘for aytish; ular mehmon kutishsa, yonlarida muntazir bo‘lib turish; ularning aytishlarini kutmay, ularni xursand qiladigan ishlarni bajarish; ularning huzurlarida ovozni baland ko‘tarmaslik; gaplarini bo‘lmaslik; izn berishmagan joyga bormaslik; uxlayotganlarida bezovta qilmaslik; ahli ayoli, farzandlarini ulardan ustun qo‘ymaslik; ota-ona xatoga yo‘l qo‘ysalar, bilmaslikka olish, darhol kechirib, unutish; kulgili gap bo‘lsa ham, ularning huzurlarida o‘zini tutish; ular yaxshi ko‘radigan taomni ilinish; ulardan oldin taomga qo‘l cho‘zmaslik; ularning oldilarida cho‘zilib yotmaslik, oyoq uzatmaslik; uyga ulardan oldin kirmaslik, oldilariga tushib yurmaslik; chaqirganlarida tezlik bilan javob berish; ularning hayotliklarida ham, vafot etganlaridan keyin ham do‘stlarini hurmat qilish; ota-onasining hurmatini qilmaydiganlar bilan do‘stlashmaslik; ularning haqlariga duo qilish; vafotlaridan keyin Allohning quyidagi kalomini ko‘p aytish: «Ey, Rabbim! Meni ular go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro surasi, 24-oyat).

Ibrohimjon INOMOV tayyorladi.

“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 10-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws