Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Yanvar, 2025   |   17 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:40
Shom
17:24
Xufton
18:42
Bismillah
17 Yanvar, 2025, 17 Rajab, 1446

Zamonaviy xavorijlar haqida Payg'ambar alayhissalom xabarlari

14.07.2023   510   7 min.
Zamonaviy xavorijlar haqida Payg'ambar alayhissalom xabarlari
Islom dini jamiyatni tartibga solish va insoniyatning ikki dunyodagi hayotini go'zallashtirish uchun nozil qilingan. Ammo sof islomiy e'tiqodni noto'g'ri talqin qilish, diniy aqidalardan noto'g'ri maqsadda foydalanish kabi holatlar musulmonlar orasida turli fitnalarning kelib chiqishiga sabab bo'lmoqda. Aslida bunday buzg'unchi firqalarga islom dini qanday qaraydi? Asl islomiy mohiyat nimalardan iborat?

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ummatlarini din haqida gapirayotganlarning hammasiga ham quloq solish, ularning aytganiga yurish to'g'ri emasligi haqida ogohlantirganlar. Din nomidan gapiruvchi aqli va bilimi sayoz kimsalar paydo bo'lishi, ular ummatga yaxshilik olib kelmasligi haqida Nabiy sollallohu alayhi vasallam o'n to'rt asr muqaddam bashorat qilganlar. Quyida shunday hadislardan birini e'tiboringizga havola qilamiz:
3611- عن سويد بن غفلة، قال: قال علي رضي الله عنه: “إذا حدَّثتُكُم عَن رسولِ اللَّهِ صلَّى اللَّهُ عليهِ وسلَّمَ حَديثًا فلأَنْ أخرَّ منَ السَّماءِ أحبُّ إليَّ من أَن أَكْذبَ علَيهِ ، وإذا حدَّثتُكُمْ عَن غَيرِهِ فإنَّما أَنا رجلٌ محاربٌ ، والحَربُ خدعةٌ ، سَمِعْتُ رسولَ اللَّهِ صلَّى اللَّهُ عليهِ وسلَّمَ يقولُ : يخرجُ آخرِ الزَّمانِ أقوامٌ أحداثُ الأسنانِ ، سفَهاءُ الأحلامِ ، يقولونَ مِن قولِ خيرِ البريَّةِ ، يَمْرِقونَ مِنَ الْإْسْلامِ كَما يَمْرِقُ السَّهْم من الرمية، لا يُجاوِزُ إيمانُهُم حَناجرَهُم”.

Ali roziyallohu anhu aytadi: Agar sizlarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilib so'zlaydigan bo'lsam, u zotga nisbatan yolg'on gapirganimdan ko'ra, osmondan qulab tushganim yaxshi. O'zim bilan sizlarning orangizdagi narsalar xususida so'zlaydigan bo'lsam, albatta, urush hiyladir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Oxir zamonda o'zlari yosh, esi pastlarcha fikr qiladigan bir qavm (kimsalar) paydo bo'ladi. Ular xaloyiqdan eng yaxshisining (Payg'ambar alayhis salom) so'zlarini aytishadi. Ular kamondan otilgan o'qdek islomdan juda tez otilib chiqib ketadi. Ularning imonlari bo'g'izlaridan nariga o'tmaydi[1].
Alhissa shuki, aql bilan qiladigan ishlarimiz, a'zolarimiz bilan  bajaradigan amallarimizning eng to'g'risi Alloh va Rasuli ko'rsatgan yo'ldan yurmoqdir. Shuningdek, Alloh buyurgan haqqa ergashish yoki botildan qaytish bilan bir qatorda, turli adashgan firqalar va ularning iddaolarini bilish ham bizga vojib hisoblanadi. Islomning asl mohiyatidan bexabarlik, diniy aqidalardan g'arazli maqsad yo'lida foydalanish oqibatida muqaddas dinimizga e'tiqod qiluvchilar orasida turli adashgan oqimlar yuzaga keldi.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o'z ummatlari orasida ana shunday firqalarning paydo bo'lishi haqida xabar berayaptilar. Bunday firqalar zararidan ogohlikka chaqirib: “Oxir zamonda o'zlari yosh, esi pastlarcha fikr qiladigan bir qavm paydo bo'ladi”, deyaptilar. Ya'ni ummat orasidan o'zi yosh, aqli past, uzoqni ko'ra olmaydigan, qilayotgan ishlarining oqibati nimalarga olib kelishini o'ylamaydigan, ilmi sayoz bo'lsa-da, oyat va hadislarni asl ma'nolarini tafsir qilishga kirishib, boshqacha talqin qiladigan kimsalar paydo bo'ladi.

Islomda ilk paydo bo'lgan ana shunday toifalardan biri xavorijlar (haq yo'ldan og'ib chiqqanlar)dir. Ular diniy bilimlarni puxta egallamasdan Qur'on oyatlari va hadisi shariflarni noto'g'ri talqin qilib, g'arazli maqsadlari yo'lida foydalandi. Holbuki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki Qur'onni faqat o'z fikriga suyanib tafsir qilsa, agar to'g'ri tafsir qilsa ham xato qilibdi”, deb tafsirda faqat ulamolar so'ziga suyanishni buyurganlar.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisning davomida: “Ular xaloyiqdan eng yaxshisining so'zlarini aytadi”, ya'ni Qur'oni karim oyatlari va Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam hadislari bilan so'zlarini dalillab, o'ta fasohatli gapiradi. Ayrim odamlar ular aytayotgan so'zlarga, nutqining fasohatiga qarab, so'zini to'g'ri deb o'ylaydi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam so'zlarining davomida bunday aqidaning alaloqibat olib boradigan manzili sohibining imondan chiqishi bilan yakun topishidan ogoh etib: “Ular kamondan otilgan o'qdek islomdan juda tez otilib chiqib ketadi. Ularning imonlari bo'g'zilaridan nariga o'tmaydi”, dedilar. Ya'ni, unday kimsa shunchalik zalolatga ketadiki, imondan ayrilib, dindan chiqqanini o'zi ham bilmay qoladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan aytilgan ushbu so'zlar bunday yo'l o'ta xatarli ekanini anglatadi. Ya'ni, ular din va diyonatdan harchand og'iz ko'pirtirib gapirsa ham kamondan otilgan o'q kabi islomdan chiqib ketgan, imoni qalbiga etib bormay, bo'g'zida qolib ketgan kimsalar kabidir.

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda din ahkomlarini noto'g'ri talqin qiladigan, bu hukmlardan o'z manfaati yo'lida foydalanadigan kimsalar uchrab turibdi. Ushbu hadisga ko'ra, ummat orasida firqalanish va fitnaga olib boradigan so'zlarni tarqatish nihoyatda og'ir gunoh sanaladi. Ushbu hadis butun ummat olimlari to'g'ri deb tan olgan mujtahid ulamolarimiz chiqargan fatvolarni botilga chiqarib, dinda mavjud bo'lmagan so'zlarni aytgan holda yoshlarni yo'ldan ozdirayotgan kimsalarni ham nazarda tutadi. Chunki ularning holatini tafakkur qilib ko'rsangiz, ummatning salaf (avvalgi) va xalaf (keyingi) ulamolari bir tomon, ularning o'zi bir tomondir. Bu kimsalarning fikricha, ummatning tarixda va hozirgi kundagi olimlari zalolatda bo'lgan, o'zlari esa hidoyatda! Ularning so'zlariga kirmagan, fatvolarini qabul qilmagan musulmonlar kufrda, faqat ular imonda!

Ushbu hadis va unga berilgan sharhlardan shu narsa ma'lum bo'ladiki, oyatlarni tafsir qilish va hadislarni izohlash uchun avvalo sahoba va o'tmishdagi mujtahid ulamolarning bu haqda aytgan so'zlarini to'liq o'rganib chiqmoq zarur. Shuningdek, islom diniga oid masalalarda ulamolar kengashi bilan hukm chiqarish shartdir. Holbuki, din ahkomlari xususida ulamo va hukamolar bilan maslahatlashgan holda ish tutish kerakligi haqida  Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan quyidagi hadis vorid bo'lgan:

“Hazrat Ali Rasulullohdan: “Qur'oni karim va hadisi sharifdan hukmi bo'lmagan biror ish sodir bo'lsa, nima qilamiz?” deb so'raganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo'minlardan bo'lgan olimlarni to'plab, o'zaro maslahat qilinglar, bunday ishda bir kishining fikri bilan hukm chiqarmanglar”, deb javob berdilar.
Dinning asl mohiyatini anglab etmoq, aqidasini sof holda tutib, bu yo'lda ummatning olimlaridan maslahat so'rab turmoq, g'arazli niyatdagi kimsalarga ergashib, zalolatga ketishdan ehtiyot bo'lmoq har bir mo'min-musulmonning kundalik burchidir.

 [1] Imom Buxoriy – Muhammad ibn Ismoil. Sahihul Buxoriy. Kitobul manoqib.  Bobu “Alomatun nubuvvati fil islom”. 3611- hadis.

Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Jaholatga qarshi ma'rifat
Boshqa maqolalar

Faqirlikdan qutulish uchun

17.01.2025   1179   1 min.
Faqirlikdan qutulish uchun

Uydan faqirlikni quvishda Ixlos surasini o‘qish haqida

Sahl ibn Sa’d Su’adiy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi, ansorlardan bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib faqirlik va yashash qiyinligidan shikoyat qildi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Uyingga kirsang, uyda biron kim bo‘lsa salom ber. Hech kim bo‘lmasa menga salovot ayt va “Qul huvallohu ahad”ni bir marta o‘qi”, dedilar.

U kishi shunday qilgandi, Alloh taolo unga mo‘l rizq ato etdi, rizqini ko‘payib berdi va hatto (orttirib) qo‘shnilariga ehson qila boshladi.

“Tafsiri Abul futuh” va “Mustadrok”dan