Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohaga katta e’tibor berila boshlagandan keyin odamlarning kelajakka bo‘lgan umidi yanada ortdi. Jumladan, haj va umra masalalarida ham yangicha tartib-qoidalar tatbiq etila boshlandi. Hajga borish kvotalari oshirildi, bu ko‘rsatkich 7200 nafarga yetdi. Umra kvotasi esa olib tashlanib, muntazam Toshkent-Jidda-Toshkent qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Endi fuqarolarimiz yil davomida umra ziyoratini amalga oshirishlari mumkin. Bu xushxabar katta tezlikda butun yurtimiz bo‘ylab tarqalib, xalqimizning quvonchiga quvonch qo‘shdi. Har xaftada reyslar amalga oshirilib, guruhlarga taqsimlangan ziyoratchilar guruh rahbarlari hamrohligida avval Madina shahriga, keyin Makka shahriga borib, umra ibodatini ado etmoqdalar. Tashrif buyurayotgan guruhlar orasida ibodatni bajarishda namuna va ibrat ko‘rsatayotganlari talaygina. Ko‘pchilik bir joyga jamlanib, bir xil duolarni o‘qib, bir xil amallarni bajargani hammaning ko‘nglini tog‘dek ko‘tarib, o‘zgacha zavq bag‘ishladi. Aytiladigan zikr va duolarni guruh rahbarlari navbati bilan baland ovozda aytdilar, qolganlar esa mazkur duolarni takrorlab turdilar. Ibodat asnosida ziyoratchilar Ka’baning ro‘parasiga o‘tirib, ixlos bilan baralla duo qildilar. Buning shukuhini tasvirlab berish juda qiyin. Barchamiz ko‘zimiz to‘la yoshu qalbimiz to‘la ixlos bilan duoga qo‘l ko‘tarib, Dinimiz rivoji, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi, bunday imkoniyatlarni ochib berayotgan muhtaram Yurtboshimiz boshchiliklaridagi hukumatimiz haqiga duolar qilindi. Ibodatni ado etib, birgalikda mehmonxonaga qaytdik. Umrachilarimizning amallar haqidagi fikrlari bilan qiziqsam, barchalari mamnun ekanini, ko‘ngli to‘lib qaytganini aytishdi. Alloh taolodan xalqimiz, yurtimiz haqiga qilingan duolar ijobat bo‘lib, barchaning ibodatlari qabul bo‘lishini so‘raymiz.
Nozimjon Iminjonov,
Toshkent shahri 8-guruhi rahbari,
Makka shahri.
1. Sahar vaqtlarida istig‘for aytishni odat qilmoq.
"(Ular) sabrli, sadoqatli, itoatli, saxovatli va sahar choqlarida Allohdan mag‘firat so‘raydigan kishilar edi" (Oli Imron surasi 17-oyat).
2. Fikrlash uchun xilvatda qolmoq.
"...va osmonlaru yerning yaratilishi haqida fikr yuritadilar" (Oli Imron surasi 191-oyat).
3. Yaxshilar bilan suhbatdosh bo‘lmoq.
"Siz o‘zingizni ertayu kech Parvardigorlari "yuzi"ni istab, Unga iltijo qiladigan zotlar bilan birga sabr qilishga undang!" (Kahf surasi 2-oyat).
4. Hamisha Allohni esda tutmoq.
"Ey imon keltirganlar; Allohni ko‘p eslangiz" (Ahzob surasi, 41-oyat).
5. Xushu’ bilan namoz o‘qimoq.
"Ular namozlarida o‘zlarini kamtar tutuvchidirlar" (Mu’minun surasi, 2-oyat).
b. Tadabbur bilan Qur’on o‘qimoq.
"Qur’on (oyatlarining ma’nolari) haqida(chuqurroq)fikr yuritmaydilarmi? (Niso surasi, 82-oyat)
7. Qattiq issiq kunlarda nafl ro‘zalar tutmoq.
Alloh taolo faxrlanib aytadi: "Bandam o‘zining taomi, ichimligi va shahvatini Men uchun tark qildi".
8. Sadaqani yashirincha bermoq.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "O‘ng qo‘l berganni chap qo‘l bilmasin".
9. Musulmonning bironta g‘amini ketkazmoq.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Musulmondan g‘amni ketkazgan insonni Alloh ham qiyomat kunida g‘amini ketkazadi", deganlar.
10. Bu o‘tkinchi dunyodan zuhd bilan o‘tmoq.
"Holbuki, oxirat yaxshiroq va boqiyroqdir" (A’lo surasi, 17-oyat).
«O‘kinma» kitobidan