Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyun, 2025   |   21 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:02
Xufton
21:40
Bismillah
17 Iyun, 2025, 21 Zulhijja, 1446

Mo‘min hammaning ishonchli kishisi

14.11.2018   4584   1 min.
Mo‘min hammaning ishonchli kishisi

Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hadisi shariflarida: “Mo‘min barcha insonlarning ishonchli kishisidir. Tilidan va qo‘lidan musulmonlarga zarari yetmaydigan kishi haqiqiy musulmondir. Yomonliklarni tark etgan kishi asl muhojirdir. Nafsim qudrati qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, qo‘shnisiga zulm qiladigan kishi jannatgan kirmaydi” (Ramuz al-ahodis” hadislar kitobi).
Hadisning bosh qismida mo‘minning ishonchli kishi ekani, undan boshqalarga ham moddiy, ham ma’naviy zarar yetishi gunoh ekani uqdirilmoqda. Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qilgan yuqoridagi hadisga binoan o‘zimizni taftish qilsak, imonimizning darajasi ma’lum bo‘ladi.
Hadisning ikkinchi qismida aytilishicha, asl muhojir yomonliklarni tark etgan kishidir. Chunki insonning yashash joyi o‘zgargani bilan axloqi, tabiati o‘zgarmaydi. Shuning uchun bir joyda yashab turib, yomon xulqlarni tark etish haqiqiy muhojirlikka tenglashtirilmoqda.
Hadisning so‘nggi qismida esa janobi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qasam bilan: “Nafsim qudrati qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, qo‘shnisiga zulm qiladigan kishi jannatga kirmaydi” deb ta’kidlayotirlar.
Demak, jannatga noil bo‘lmoq shartlaridan biri qo‘shniga biror jihatdan zarar yetkazmaslikdir. Zarar yetkazadigan kishi esa jannatga – Allohning buyuk ehsoniga musharraf bo‘lmaydi. Alloh barchamizni bunday baxtsizlikdan asrasin.

Shayx Muhammad Zohid Qo‘tquning
“Mo‘minning sifatlari” kitobidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Jamoat namozini o‘tkazib yuborganning ta’ziyasi

13.06.2025   7144   2 min.
Jamoat namozini o‘tkazib yuborganning ta’ziyasi

O‘tgan solih zotlar jamoat bilan namoz o‘qiyolmay qolsalar, bir-birlariga ta’ziya izhor qilishar ekan. Shunday zotlardan biri Hotamul Asom aytadi: “Men jamoatga ulgurmay qoldim, shunda menga Abu Is'hoq Buxoriyning bir o‘zi ta’ziya bildirdi. Agarda o‘g‘lim o‘lib qolsa minglab odamlar ta’ziya izhor qilishadi. Buning sababi odamlar nazdida din musibati dunyo musibatlaridan ko‘ra arzimas sanalganidandir”.

Bugungi kunda oramizda qanchalab odamlar jamoat namozlarini o‘tkazib yuboradilar, jiddiy e’tibor qaratmaydilar. Ba’zida ish, g‘am-tashvishlarning ko‘pligini bahona qilamiz, to‘g‘rimi?! Yana ko‘plar tuni bilan uxlamasdan, bomdod namoziga yaqin uxlab qolishlari ham bor gap.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Zimis­tonda masjidlar sari odim tashlovchilarga qiyomat kunidagi tamomiy nurning xushxabarini beringlar”[1] deganlarini nahot eshitmagansiz?!

Shayton sizning ustingizdan g‘alabaga erishib, namozda xotirjamligingizni ketkazishiga imkon bermang!

Omir ibn Abdulloh o‘lim to‘shagida yotganlarida azon ovozini eshitib: “Meni qo‘limdan tutinglar”, dedilar. Omir ibn Abdullohga “Axir siz betobsiz-ku”, deyishganida: “Allohning chaqirig‘ini eshitib turib, unga rioya qilmaymanmi”, dedilar. Keyin  u kishini qo‘lidan ushlab turg‘izishdi. Masjidda imom bilan shom namozining bir rakatini o‘qidilar va jon taslim qildilar.

Yana bir misol: Sufyon ibn Uyayna azon aytilishidan ilgari namozga borishga ishtiyoqmand bo‘lganlar va doim: “Namozga azon aytilmagunicha masjidga kelib turmaydigan yomon qul bo‘lma. Chunki yomon qul chaqirmaguningcha kelmaydi”, der edilar.

Oisha roziyallohu anho onamiz aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan suhbatlashib o‘tirardik, u zot ham biz bilan gaplashib o‘tirardilar. Bordi-yu, namoz vaqti kirib qolsa, bir-birimizni tanimaganday bo‘lib olardik”[2].

Shukrki, oramizda masjidda birinchi safga joylashish uchun g‘ayrat qiluvchilar ko‘payib bormoqda. Nabiy alayhissalom: “Agarda odamlar azonda va birinchi safda nimalar borligini bilishsa edi, unga erishish uchun qur’a tashlashdan boshqa chora bo‘lmasa, albatta, qur’a tashlagan bo‘lardilar”, deganlar.

 Said ibn Musayyab aytadi: “Men ellik yildan beri biror marta birinchi takbirni o‘tkazib yubormaganman. Ellik yildan buyon namozda birorta kishining boshining orqasiga qaragan emasman”.

 

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Termiziy va Imom  Abu Dovud rivoyati.
[2]  Mursal hadis. Iroqiyning “Ihyo”ga yozgan taxrijiga qarang (1, 205).