Maqolada Saudiya Arabistoni podshohligida amalga oshirilayotgan mazkur islohotlarga hamohang ravishda O'zbekistonda ham so'nggi yillarda haj safari bilan bog'liq tashkiliy va xizmat ko'rsatish borasidagi ishlar tubdan takomillashtirilayotgani qayd etilgan. “Jumladan, ilgari bir necha yillar mobaynida haj kvotasi 5200 nafar bo'lgan bo'lsa, 2019 yilga kelib, bu ko'rsatkich 7200 nafarga etdi, 2022 yilda esa 12000 nafarni tashkil etdi. Joriy yilda esa bu ko'rsatkich 15 ming nafardan oshdi. Albatta, kelgusida bundan ham ko'p o'zbekistonliklarni muqaddas haj ziyoratiga jo'natish ustida ishlar olib borilmoqda”, deb yozadi “Swift News”.
Maqolada O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan respublikaning mavjud 14 hududida haj markazlari tashkil qilinishi va 2030 yilga qadar hajga boradigan fuqarolar soni bosqichma-bosqich 24 ming nafarga etkazilishi, umra safariga boruvchi ziyoratchilar sonini belgilash bo'yicha kvota olib tashlangani natijasida o'tgan bir yil davomida 100 mingga yaqin ziyoratchi umra amallarini ado etgani ham ma'lum qilingan.
“So'nggi yillarda O'zbekiston va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi munosabatlarning yangi davri boshlandi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2022 yil avgust oyida ikki Muqaddas Masjid xodimi, Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud taklifiga binoan, davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo'lgani hamda Prezident Shavkat Mirziyoev va Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud keng qamrovli sheriklik to'g'risidagi Qo'shma bayonotni imzolagani, hukumatlar va vazirliklar o'rtasida 15 ta hujjat qabul qilingani davlatlarimiz o'rtasidagi hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi. O'zaro munosabatlarni rivojlantirish yo'lida ko'plab istiqbolli rejalar amalga oshirilayotgani hisobga olinar ekan, O'zbekiston-Saudiya Arabistoni hamkorligi kelgusida yanada mustahkamlanib boraverishi tayin”, deb yozadi “Swift News” elektron nashri.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taniqli ulamo Abduqahhor G‘afforov (Shoshiy)ning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, imonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Ma’lumot o‘rnida Abduqahhor Shoshiy 1939 yili Toshkent shahridagi "Hazrati Imom" dahasida tug‘ilganlar. 1956-1960 yillari Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida, 1965-1969 yillari Misrdagi “Al-Azhar” dorilfununida o‘qiganlar. So‘ng O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi xalqaro bo‘limi mudiri, “Mir Arab” madrasasi direktori, Toshkent Islom oliy ma’hadi rektori vazifalarida ishlaganlar. “Islom aqidasi”, “Islom arkonlari”, “Qur’oniy hikoyalar” kabi o‘nlab kitoblar muallifi va tarjimonlari sanaladi.
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi