“... Haqiqatan, sizlarga o‘zlaringizdan (chiqqan), qiyinchiliklaringizdan alam chekadigan, sizlar bilan (hidoyat topishingiz bilan) qiziquvchi, mo‘minlarga mushfiq va rahmdil Rasul keldi” (Tavba surasi, 128-oyat) deb marhamat qilgan hamda O‘zining hidoyatiga boshlagan, ummati Muhammad qilgan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin!
“Avvalgi payg‘ambarlar o‘z qavmlarigagina yuborilar edilar. Men esa hammaga barobar payg‘ambar qilib yuborilganman”, degan habibimiz va shafoatchimiz Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga batamom salavotu salomlar bo‘lsin!
Sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafao sollallohu alayhi vasallam Fil yilida Robi’ul avval oyining o‘n ikkinchisi (ba’zi manbalarda 8, 9 yoki 10-kunlari), dushanba kuni (milodiy 571 yil, aprel oyida) dunyoga keldilar. U zot sollallohu alayhi vasallam dushanba kuni ro‘za tutib: “Bu men tug‘ilgan kun”, deb aytardilar (Imom Muslim rivoyati).
Robi’ul avval oyi qanday oy? Hijriy-qamariy taqvim bo‘yicha yilning (Muharram va safar oylaridan keyingi) uchinchi oyi. Bu oy Islom ummati uchun eng sevimli oylardan biri sanaladi. Chunki bu oyda Allohning so‘nggi payg‘ambari va habibi, Sarvari koinot Muhammad alayhissalom tavallud topganlar. Shu bois bu oy “Mavlud oyi” deb ham nomlanadi.
Mavlud nima degani? Mavlud lug‘atda “tug‘ilish” degan ma’noni anglatadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan oy Rabi’ul avval oyi munosabati o‘tkaziladigan marosim va tadbirlar “Mavludi Nabiy” deyiladi.
Mavlud oyi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni yanada qattiqroq sevishga intilish, siyratlarini o‘rganish, u zotga har bir ishda ergashish, yanada ko‘proq salavotu durudlar yo‘llash oyidir.
Bu oyni qanday o‘tkazish kerak? Bu oyni Payg‘ambar alayhissalomni yanada kuchliroq sevishga intilish, siyratlarini o‘rganish, u zotga har bir ishda ergashish, ko‘proq salavotu durudlar yo‘llash bilan o‘tkazish lozim.
Salavot nima degani? “Salavot” so‘zi arab tilidagi “salot” so‘zining jami bo‘lib, “duo” degan ma’noni anglatadi.
Salavot qanday aytiladi? Sahobalar roziyallohu anhum Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Yo Rasululloh sizga salavot aytish qanday bo‘ladi?” deb so‘raganlarida U zot alayhissalom: “Allohumma solli ala Muhammadin va a’la oli Muhammadin, kama sollayta a’la Ibrohiyma va a’la oli Ibrohiym. Innaka hamiydummajiyd. Allohumma barik a’la Muhammadin va a’la oli Muhammadin, kama barokta a’la Ibrohiyma va a’la oli Ibrohiym. Innaka hamiydum majiyd”, deb aytinglar, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Salavot aytishning qanday fazilatlari bor?
Salavot aytish baxillikdan uzoq qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Huzurida zikr qilinsam, menga salavot yo‘llamagan kishi baxildir”, dedilar (Imom Termiziy, Imom Ahmad rivoyati).
* * *
Salavot aytish duo qabul bo‘lishining omilidir. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir duo Payg‘ambarga salavot aytilmaguncha, osmon o‘rtasidagi parda tufayli yerda to‘xtab turadi, salavot aytilsa, o‘sha parda ko‘tariladi”, dedilar.
* * *
Salavot aytish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shafoatlariga noil etadi. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Menga juma kunida va juma kechasida ko‘p salavot aytinglar, bas kim shunday qilsa, men unga qiyomat kuni guvoh va shafoatchi bo‘laman”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
* * *
Salavot aytish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqin qiladi. Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kuni menga eng yaqin kishilar, albatta, menga ko‘p salavot aytganlardir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
* * *
Alloh taolo salavot aytuvchilarning gunohini mag‘firat etadi, darajasini ko‘taradi. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta salavot aytadi. Uning o‘nta gunohi o‘chiriladi. O‘n daraja yuksaltiriladi”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
* * *
Salavot aytuvchilarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eshitadilar. Abdulloh ibn Abu Vafo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Juma kuni menga salavotni ko‘paytiringlar. Albatta, menga yetkaziladi va men eshitaman”, dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati).
* * *
ALLOHUMMA SOLLI VA SALLIM ’ALA MUHAMMADIN VA ’ALA OLI MUHAMMAD
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
"Li iylafi quraysh" surasi, Quraysh qabilasiga berilgan ne’matlarga urg‘u beradi.
Bu suraning nozil bo‘lishi sababini o‘rganganda, Allohdan yanada qo‘rqish hissi paydo bo‘ladi. Bu sura hayotdagi muhim muammolardan biri - ne’matga odatlanib, uni qadrsizlantirish haqidadir.
Alloh qurayshliklarni ikki mavsum - qish va yozdagi savdo safarlari orqali tirikchiliklarining yaxshi ketishiga odatlanib qolganliklari, lekin ular bu ne’matlarning haqiqiy Egasini tan olib, shukr qilmaganlarini aytadi.
Johiliyat davrida Quraysh qabilasi faqirlik va ocharchilikda yashagan, hayotlari juda nochor va qiyin bo‘lgan. Hattoki, qashshoqlik kuchayganida, ba’zilar o‘z oilasini olib, “xubo” deb atalgan joyga borishar va o‘sha yerda ochlikdan hammasi halok bo‘lguniga qadar qolishardi. Bu odat johiliyat davrida “i’tifar” deb nomlanar edi.
Makkaning katta tojirlaridan bo‘lgan Hoshim ibn Abdumanofga bir kuni Bani Mahzum qabilasining barcha a’zolari juda qattiq ochlikda qolib, halok bo‘lish arafasida ekani haqidagi xabar yetadi. U Allohning bayti Ka’baning xizmatida turgan odamlarning shunday qashshoqlik va o‘ta johilona ahvolda ekanliklaridan o‘kindi va qattiq g‘azablandi.
Shu sababdan Hoshim ibn Abdumanof bu yomon odatni o‘zgartirishga qaror qildi va quyidagilarni amalga oshirdi:
– Sizlar Allohning baytini xizmatida bo‘laturib butun arablarga o‘zingizni sharmanda qiladigan yomon odatlarni joriy qilgansizlar, dedi va bir qabilani bir nechta urug‘larga bo‘lib tashladi. Har bir urug‘dagi boy kishilardan o‘z qarindoshlari bilan mol-mulkini teng bo‘lishishni talab qildi. Shunday qilib, kambag‘al ham boy bilan teng bo‘ldi.
Shundan keyin u Quraysh qabilasiga tijorat usullarini o‘rgatdi va ularni yilda ikki marta tijorat safariga chiqish yo‘llarini belgilab berdi. Yozda meva-sabzavotlar savdosi uchun Shomga, qishda esa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun Yamanga safarlarini tashkil qildi.
Shunday qilib, Shom va Yamanning barakasi Makkaga olib kelindi va qurayshliklarning iqtisodiy holati yaxshilandi. Shu bilan birga, “i’tifar” odati ham yo‘q bo‘ldi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan Quraysh qabilasi Allohning bu ne’matlariga shukr qilish o‘rniga, ularga odatlanib qoldi va ne’matni qadrlamay qo‘ydi. Ne’matga noshukurlik qilish – bu unga odatlanib, uni ne’mat deb bilmaslikdir.
Quraysh qabilasi Alloh tomonidan tushirilgan ne’matlarga odatlanib, uni qadrsizlantirgani uchun Alloh ularga bu surani tushirdi: "Mana shu Bayt (Ka’ba)ning Parvardigoriga (shukrona uchun) ibodat qilsinlar. Zero, U ularni ochlikdan (qutqarib) to‘ydirdi va xavfu xatardan omon qildi".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV