Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Yanvar, 2025   |   15 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:37
Shom
17:22
Xufton
18:40
Bismillah
15 Yanvar, 2025, 15 Rajab, 1446

G‘aflatda qolmang! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan oy kirib keldi

10.11.2018   15507   6 min.
G‘aflatda qolmang! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan oy kirib keldi

... Haqiqatan, sizlarga o‘zlaringizdan (chiqqan), qiyinchiliklaringizdan alam chekadigan, sizlar bilan (hidoyat topishingiz bilan) qiziquvchi, mo‘minlarga mushfiq va rahmdil Rasul keldi” (Tavba surasi, 128-oyat) deb marhamat qilgan hamda O‘zining hidoyatiga boshlagan, ummati Muhammad qilgan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin!

“Avvalgi payg‘ambarlar o‘z qavmlarigagina yuborilar edilar. Men esa hammaga barobar payg‘ambar qilib yuborilganman”, degan habibimiz va shafoatchimiz Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga batamom salavotu salomlar bo‘lsin!

Sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafao sollallohu alayhi vasallam Fil yilida Robi’ul avval oyining o‘n ikkinchisi (ba’zi manbalarda 8, 9 yoki 10-kunlari), dushanba kuni (milodiy 571 yil, aprel oyida) dunyoga keldilar. U zot sollallohu alayhi vasallam dushanba kuni ro‘za tutib: “Bu men tug‘ilgan kun”, deb aytardilar (Imom Muslim rivoyati).

Robi’ul avval oyi qanday oy? Hijriy-qamariy taqvim bo‘yicha yilning (Muharram va safar oylaridan keyingi) uchinchi oyi. Bu oy Islom ummati uchun eng sevimli oylardan biri sanaladi. Chunki bu oyda Allohning so‘nggi payg‘ambari va habibi, Sarvari koinot Muhammad alayhissalom tavallud topganlar. Shu bois bu oy “Mavlud oyi” deb ham nomlanadi.

Mavlud nima degani? Mavlud lug‘atda “tug‘ilish” degan ma’noni anglatadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan oy Rabi’ul avval oyi munosabati o‘tkaziladigan marosim va tadbirlar “Mavludi Nabiy” deyiladi.

Mavlud oyi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni yanada qattiqroq sevishga intilish, siyratlarini o‘rganish, u zotga har bir ishda ergashish, yanada ko‘proq salavotu durudlar yo‘llash oyidir.

Bu oyni qanday o‘tkazish kerak? Bu oyni Payg‘ambar alayhissalomni yanada kuchliroq sevishga intilish, siyratlarini o‘rganish, u zotga har bir ishda ergashish, ko‘proq salavotu durudlar yo‘llash bilan o‘tkazish lozim.

Salavot nima degani?Salavot” so‘zi arab tilidagi “salot” so‘zining jami bo‘lib, “duo” degan ma’noni anglatadi.

Salavot qanday aytiladi? Sahobalar roziyallohu anhum Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Yo Rasululloh sizga salavot aytish qanday bo‘ladi?” deb so‘raganlarida U zot alayhissalom: “Allohumma solli ala Muhammadin va a’la oli Muhammadin, kama sollayta a’la Ibrohiyma va a’la oli Ibrohiym. Innaka hamiydummajiyd. Allohumma barik a’la Muhammadin va a’la oli Muhammadin, kama barokta a’la Ibrohiyma va a’la oli Ibrohiym. Innaka hamiydum majiyd”, deb aytinglar, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Salavot aytishning qanday fazilatlari bor?

Salavot aytish baxillikdan uzoq qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Huzurida zikr qilinsam, menga salavot yo‘llamagan kishi baxildir”, dedilar (Imom Termiziy, Imom Ahmad rivoyati). 

*     *     *

Salavot aytish duo qabul bo‘lishining omilidir. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir duo Payg‘ambarga salavot aytilmaguncha, osmon o‘rtasidagi parda tufayli yerda to‘xtab turadi, salavot aytilsa, o‘sha parda ko‘tariladi”, dedilar. 

*     *     *

Salavot aytish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shafoatlariga noil etadi. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Menga juma kunida va juma kechasida ko‘p salavot aytinglar, bas kim shunday qilsa, men unga qiyomat kuni guvoh va shafoatchi bo‘laman”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati). 

*     *     *

Salavot aytish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqin qiladi. Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kuni menga eng yaqin kishilar, albatta, menga ko‘p salavot aytganlardir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati). 

*     *     *

Alloh taolo salavot aytuvchilarning gunohini mag‘firat etadi, darajasini ko‘taradi. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta salavot aytadi. Uning o‘nta gunohi o‘chiriladi. O‘n daraja yuksaltiriladi”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati). 

*     *     *

Salavot aytuvchilarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eshitadilar. Abdulloh ibn Abu Vafo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Juma kuni menga salavotni ko‘paytiringlar. Albatta, menga yetkaziladi va men eshitaman”, dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati). 

*     *     *

 

  • Salavot ayting! Har duoning avvali va oxirida.
  • Salavot ayting! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ismlarini aytganda va eshitganda.
  • Salavot ayting! Tahorat olgandan so‘ng.
  • Salavot ayting! Janoza namozining ikkinchi takbiridan keyin.
  • Salavot ayting! Masjidga kirayotganda va chiqayotganda.
  • Salavot ayting! Boshga mushkul tushganda va xursandchilikda
  • Salavot ayting! Har namozdan so‘ng.
  • Salavot ayting! Uyqudan turganda va uyquga yotishdan oldin.
  • Salavot ayting! Qur’oni karimni xatm qilgandan keyin.
  • Salavot ayting! Tong otganda va quyosh botganda.
  • Salavot ayting! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sog‘inganingizda... Demak, har kun, har soniya, har nafasda salavot ayting! 

ALLOHUMMA SOLLI VA SALLIM ’ALA MUHAMMADIN VA ’ALA OLI MUHAMMAD

 

Davron NURMUHAMMAD

Siyrat
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Vatan har kishining qalbidan boshlanadi

13.01.2025   2772   4 min.
Vatan har kishining qalbidan boshlanadi

Vatan – bu insonning tug‘ilib o‘sgan yeri, uning go‘daklik chog‘idanoq mehr qo‘ygan o‘chog‘i, mahallasi va qishlog‘i bilan ta’riflanadi. “Vatan” so‘zi arab tilida tug‘ilib o‘sgan joy, ona yurt ma’nosini anglatadi. Vatanga muhabbat yuksak insoniy fazilat. Bu borada: “Vatanni sevmoq iymondandir” hikmatini esga olishning o‘zi kifoyadir. Bizga ma’lumki, Vatanga bo‘lgan muhabbat joy, makon va vaqt tanlamaydi. Bu tuyg‘u inson tug‘ilishi bilan vujudga kelib, vafot etishi bilan o‘z poyoniga yetadi.


Vatanga mehr esa ona suti bilan qalbga singadi. Shu o‘rinda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘iloniy, Qaffol Shoshiy, Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Ahmad Farg‘oniy kabi buyuk allomalarimiz Vatanga bo‘lgan kuchli  muhabbatlari tufayli ko‘plab asarlarini yurt nomi bilan bog‘laganlari tarixdan ma’lum.


Buyuk ajdodlarimiz Najmiddin Kubro Vatan himoyachisi qanday bo‘lishiga yorqin misol bo‘la oladi. Minglab muridlarga ega bo‘lgan bu tariqat peshvosi mo‘g‘ullar bostirib kelganligidan xabar topgach, birinchilardan bo‘lib Vatan himoyasiga otlanadi. Mo‘g‘ul hukumdorlari Najmiddin Kubroning xalq orasidagi obro‘-e’tiborini ko‘rib, unga shaharni tashlab, o‘zi ixtiyor qilgan tarafga ketishini taklif qiladi. Biroq, vatanini o‘z jonidan ustun bilgan Najmiddin Kubro bosqinchilarga qarshi jangga kirishadi, lashkarlarni olg‘a chorlab borayotganida shahid bo‘ladi. Jaloliddin Manguberdining esa mohir lashkarboshiligi, jasorati va mardligi mo‘g‘ul imperiyasi hukmdori Chingizxonni lol qoldirgani tarix sahifalaridan ma’lum. U Jaloliddinning sha’niga maqtov so‘zlarini izhor etib: “Otadan dunyoda hali bunday o‘g‘il tug‘ilmagan. U sahroda sher kabi g‘olib jangchi, daryoda esa nahang (akula) kabi botirdir”, deydi va o‘g‘illariga yuzlanib: “Otaga shunday o‘g‘il zarurki, u ikki girdob – olov va suv girdobidan ozodlik maydoniga chiqa oladi”, deb ta’riflashi uning mardligini tan olganini anglatadi.


Bir  so‘z  bilan  aytganda,  ming  yillar  davomida  yurtimizga ko‘plab bosqinchilik hujumlari bo‘lgan. Barcha zamonlarda o‘z yurti himoyasi uchun bosqinchilarga qarshi ozodlik bayrog‘ini baland ko‘targan vatanparvar yo‘lboshchilar, millat qahramonlari dushmanlar bilan tinimsiz kurash olib borgan.


Vatanni sevish uni himoya qilish savobli ish. Unga xiyonat qilish esa kechirilmaydigan katta gunoh bo‘lsa-da, ayrim kishilar o‘z vatanini tashlab o‘zga yurtlarda vatangadolik qilib yurganliklariga nima deyish mumkin. 


Bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan “O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha o‘z yurtingning gadosi bo‘l” degan hikmatli so‘zga ko‘ra, bu insonlarda na vatan, na insoniylik, na ota-onaga bo‘lgan hurmat, aka-uka, opa-singilga bo‘lgan mehr, qavmu qarindosh va qo‘ni qo‘shnichilikka nisbatan oqibatni aks etmaganini ko‘rishimiz mumkin. Ularning ayrimlari esa turli radikal diniy-ekstremistik tashkilot va oqimlarga qo‘shilib ketayotgani kishini ajablantiradi. Ular o‘zga ayrim manfaatdor yovuz kishilarning nayrangiga uchib o‘z vatanidan, oilasidan hatto ota-onasidan ham voz kechib ketmoqda… Bunday xislat insoniylik me’zoniga xam to‘g‘ri kelmaydi. Zero, inson o‘z vatani ravnaqi uchun fidoiylik ko‘rsatishi, bu yo‘lda kerak bo‘lsa, jonini ham berishga tayyor bo‘lishi lozimdir.


Donishmandlardan birining aytishicha: “Vatan bir bog‘dir, Vatanning sodiq farzandlari bu bog‘ni o‘z yurak qonlari ila sug‘armaklari darkordir”. O‘zini vatan farzandi deb hisoblovchi inson butun tanu-joni bilan yurak qoni ila vatan bog‘ini yashnatish uchun xizmat qilishi kerak. “Vatan ostonadan boshlanadi”, deganidek vatan har bir kishining qalbidan, vijdonidan boshlanadi.


Ma’rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahar “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi

 

MAQOLA