“... Haqiqatan, sizlarga o‘zlaringizdan (chiqqan), qiyinchiliklaringizdan alam chekadigan, sizlar bilan (hidoyat topishingiz bilan) qiziquvchi, mo‘minlarga mushfiq va rahmdil Rasul keldi” (Tavba surasi, 128-oyat) deb marhamat qilgan hamda O‘zining hidoyatiga boshlagan, ummati Muhammad qilgan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin!
“Avvalgi payg‘ambarlar o‘z qavmlarigagina yuborilar edilar. Men esa hammaga barobar payg‘ambar qilib yuborilganman”, degan habibimiz va shafoatchimiz Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga batamom salavotu salomlar bo‘lsin!
Sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafao sollallohu alayhi vasallam Fil yilida Robi’ul avval oyining o‘n ikkinchisi (ba’zi manbalarda 8, 9 yoki 10-kunlari), dushanba kuni (milodiy 571 yil, aprel oyida) dunyoga keldilar. U zot sollallohu alayhi vasallam dushanba kuni ro‘za tutib: “Bu men tug‘ilgan kun”, deb aytardilar (Imom Muslim rivoyati).
Robi’ul avval oyi qanday oy? Hijriy-qamariy taqvim bo‘yicha yilning (Muharram va safar oylaridan keyingi) uchinchi oyi. Bu oy Islom ummati uchun eng sevimli oylardan biri sanaladi. Chunki bu oyda Allohning so‘nggi payg‘ambari va habibi, Sarvari koinot Muhammad alayhissalom tavallud topganlar. Shu bois bu oy “Mavlud oyi” deb ham nomlanadi.
Mavlud nima degani? Mavlud lug‘atda “tug‘ilish” degan ma’noni anglatadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan oy Rabi’ul avval oyi munosabati o‘tkaziladigan marosim va tadbirlar “Mavludi Nabiy” deyiladi.
Mavlud oyi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni yanada qattiqroq sevishga intilish, siyratlarini o‘rganish, u zotga har bir ishda ergashish, yanada ko‘proq salavotu durudlar yo‘llash oyidir.
Bu oyni qanday o‘tkazish kerak? Bu oyni Payg‘ambar alayhissalomni yanada kuchliroq sevishga intilish, siyratlarini o‘rganish, u zotga har bir ishda ergashish, ko‘proq salavotu durudlar yo‘llash bilan o‘tkazish lozim.
Salavot nima degani? “Salavot” so‘zi arab tilidagi “salot” so‘zining jami bo‘lib, “duo” degan ma’noni anglatadi.
Salavot qanday aytiladi? Sahobalar roziyallohu anhum Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Yo Rasululloh sizga salavot aytish qanday bo‘ladi?” deb so‘raganlarida U zot alayhissalom: “Allohumma solli ala Muhammadin va a’la oli Muhammadin, kama sollayta a’la Ibrohiyma va a’la oli Ibrohiym. Innaka hamiydummajiyd. Allohumma barik a’la Muhammadin va a’la oli Muhammadin, kama barokta a’la Ibrohiyma va a’la oli Ibrohiym. Innaka hamiydum majiyd”, deb aytinglar, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Salavot aytishning qanday fazilatlari bor?
Salavot aytish baxillikdan uzoq qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Huzurida zikr qilinsam, menga salavot yo‘llamagan kishi baxildir”, dedilar (Imom Termiziy, Imom Ahmad rivoyati).
* * *
Salavot aytish duo qabul bo‘lishining omilidir. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir duo Payg‘ambarga salavot aytilmaguncha, osmon o‘rtasidagi parda tufayli yerda to‘xtab turadi, salavot aytilsa, o‘sha parda ko‘tariladi”, dedilar.
* * *
Salavot aytish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shafoatlariga noil etadi. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Menga juma kunida va juma kechasida ko‘p salavot aytinglar, bas kim shunday qilsa, men unga qiyomat kuni guvoh va shafoatchi bo‘laman”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
* * *
Salavot aytish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqin qiladi. Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kuni menga eng yaqin kishilar, albatta, menga ko‘p salavot aytganlardir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
* * *
Alloh taolo salavot aytuvchilarning gunohini mag‘firat etadi, darajasini ko‘taradi. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta salavot aytadi. Uning o‘nta gunohi o‘chiriladi. O‘n daraja yuksaltiriladi”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
* * *
Salavot aytuvchilarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eshitadilar. Abdulloh ibn Abu Vafo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Juma kuni menga salavotni ko‘paytiringlar. Albatta, menga yetkaziladi va men eshitaman”, dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati).
* * *
ALLOHUMMA SOLLI VA SALLIM ’ALA MUHAMMADIN VA ’ALA OLI MUHAMMAD
Davron NURMUHAMMAD
O‘sha kezlari Misrning “Al-Azhar” universitiyetida tahsil olardim. Yangi o‘quv yili arafasi – ta’tildan qaytib sabrsizlik bilan saboq soatlarini sanab turardik. Ertaga xudo xohlasa, birinchi dars! Og‘zim qulog‘imda edi, chunki boyagina universitetning e’lonlar lavhidagi dars va saboqlar jadvaliga ko‘z yugurtira turib, kutilmagan bir xushxabardan voqif bo‘ldim. Shundan kayfiyatim a’lo, fikru yodim ertangi sinovdan muvafaqiyatli o‘tish tashvishi bilan band edi. Birda, shunday imkoniyatga musharraf bo‘lganim uchun quvonib g‘ururlanardim. So‘ngra uning mas’uliyati yodimga tushib jiddiy tortib qolar edim: “savolim salmoqli bo‘lishi kerak”, – deb takrorlardim o‘zimga o‘zim. Ammo, fikrimni ifoda etish uchun topgan jumlalarim nazarimda yupungina bo‘lib tuyular, tuzgan savollarimning arabcha qiroatidan ham ko‘nglim to‘lmayotgandi. Xayolan o‘qigan kitoblarimni varaqlab, arabcha lug‘atimni titkilayman, qani biror bir arzirlik narsa topsam. Shu payt eshik sharaqlab ochildi-yu, xonaga hovliqqancha xonadoshim Mamat kirdi.
– Ya-a-n-ngilikni eshitdingmi? – Xuddiki, Marafondan Afinaga g‘alaba xabarini olib kelgan choparga o‘xshab hansirardi u.
– Qanaqa yangilikni?
– Ertadan bizga yangi kurs o‘tilar ekan, ma’ruzachi kim – bilasanmi? Naq Mustafo ad-Dourning o‘zlari! – Hovliqmaning hovuri pasaymagandi. U devordagi e’lonning boshiga ko‘z yugurtirganu, davomini o‘qishga sabri chidamagani aniq, aks holda yana boshqa bir yangilikdan boxabar bo‘lgan bo‘lardi. Bir hisobda shunisi ham ma’qul, bo‘lmasa ertagacha ich-etini yeb qo‘yardi boyaqish!
Men o‘zimni beparvo tutdim:
– Kim u kishi?
Yurtdoshim menga o‘smoqchilanib qaradi:
– Sen?.. Rostdan ham ul zotning kimliklarini bilmaysanmi? Axir, Islom olamida barmoq bilan sanarli shayxlarning biri-ku! Kecha-yu, kunduz kitobga mukkasidan ketgan sendek odam bilishing kerak! Nimangni maqtashadi, hayronman! – Taajjublanib yelkasini qisdi u. So‘ng xuddi o‘ziga o‘zi gapirgan kabi (aslida jillaqursa shu borada mendan usunligini namoyish qilmoq bo‘lib) davom etdi:
– Bilmasang, bilib qo‘y: bu odam davlat muhofazasidagi shaxs. Nihoyatda obro‘li olim. Xuddi prezidentlardek allambalo mashinalarda yuradi. Yonida hamisha tanqo‘riqchilari... Lekin, ja-a-a-a zap ish bo‘ldi-da, shu kishidan saboq tinglashimiz! Hali Vatanga qaytgach, tasovvur qilayapsanmi, birgina shuning o‘zi bizga qanchalik obro‘ olib kelishini?
Albatta, u kishining saboqlaridan ko‘proq narsa o‘rgansak, unga amal qilsak va buni yurtda ko‘rsata olsak hurmatimiz ikki hissa oshadi. Buning uchun esa o‘qish kerak!
Xayolimdan kechgan bu gaplarni unga aytib o‘tirmadim – befoyda! Qancha bahslashganmiz, jiqqamusht bo‘lganmiz – o‘z bilganidan qolmagan. Saboqdoshim jag‘i-jag‘iga tegmay javrarkan, men unga sinchiklab qaradim. Vatanda taniq, nufuzli bir kishining o‘g‘li. Biror-bir masalada kami yo‘q! Ilm o‘rgansin, hayotni ko‘rsin deb, otasi uni shu yoqlarga yo‘llagan, lekin unda ilmdan ko‘ra chilimga ishtiyoq kuchli. Misrning g‘arbcha hayotiga qiziqishi zo‘r. Hattoki, ayni paytda ham ulug‘ shayxning saboqlari emas, o‘sha saboqlardagi ishtiroki uning uchun muhim.
– Menga qara, – deb qoldi u dabdurustdan, – balki shayx otamni tanir-a? Dadam ham ahyon-ahyon xorijda bo‘lib turadigan qandaydir yig‘inlarga borib turadilar – uchrashib qolishgan bo‘lishlari mumkin-ku? “Siz falonchining o‘g‘limisiz” deb so‘rab qolsa-ya! Agar shunday bo‘lib chiqsa zap ish bo‘lardi-da! – Mazza qilib kerishishidan hozir nimalar haqida o‘ylayotganini payqash qiyin emasdi. Keyin: – Agar shayx menga bir bor e’tibor qaratsa, – dedi-da, uzoq esnadi. Shu orada: “hali men bilan bir xonada turganingdan faxrlanib yurasan” deya boshlab qo‘ygan fikriga yakun yasadi u.
Ertasi kuni dars boshlanishi arafasida ham gap-so‘zlar, asosan, ulug‘ shayx va uning saboqlarini tinglash bizga nasib etgani haqida bordi. Bugun dars so‘ngida shayxga murojaat etish imkoniyatiga ega bo‘lganim haqidagi xabardan voqif bo‘lgan do‘stlarim esa kelib meni tabriklab, qo‘llarimni siqib ketishar, yonimda turgan Mamat bo‘lsa gap nimada ekanini anglamay, kalovalanardi.
Nihoyat orziqib kutilgan fursat keldi. Ulkan auditoriyaning eshiklari ohista ochilib, ichkariga avval qora diplomat ko‘targan norg‘ul yigit kirdi. Ortidan yoshi saksonlarni qoralab qolgan, egnida uzun arabiy oq libos; ustidan kulrang nimcha kiygan, boshida – atroflariga oq zardan jilo berilgan oppoq qalpoq, oyog‘ida qop-qora yaltiroq kovush ilgan kishi kirib keldi. Olamga mashhur Mustafo ad-Dour mana shu kishi edi. U qarilikdanmi yoki boshqa bir sababdanmi bo‘ynini egib olgan, nigohlari yerga qadalgan; hattoki salomimizga ham javoban boshini ko‘tarmadi – yengilgina ta’zim bajo keltirdi xolos.
Shayxning ta’rifini keltirganlaricha bor ekan. U yordamchisi chiqib ketgach, ohista ammo maftunkor qiroat bilan so‘z boshladi: “Insonning umri taqriban azon va namoz orasidagi fursatdan iborat. Taqvo ahli mana shu damda poklanib, ibodat tadorigida bo‘ladi. Islom ilm demakdir. Basharti qulog‘imizga azon aytilgan fursatdan to boshimizda janoza namozi o‘qilgunga qadar poklanish, jannat havasi bilan yashash imkonimiz bor. O‘tkinchi dunyoning hoyu havaslariga aldanmagan, haq yo‘ldan chalg‘ituvchi illatlarga bulg‘anmagan mo‘min va muslimalar, shubhasiz oxirat saodatiga erishgaylar, insha Alloh!..”
Kecha Mamatning qitiq patiga tegish uchun, jo‘rtaga shayxni tanimaganga olgandim. Aslida, universitetnig har bir talabasi bu xususda keragidan ortiqroq ma’lumotga ega edi. Shayxning toblari bo‘lmay, sog‘liklari yomonlashgani tufayli keyingi ikki-uch yil mobaynida saboqlari to‘xtab qolgani haqida ahyon-ahyon taassuf bilan eslab turishardi. Naqshbandiya tariqatini tutib, piru komillik martabasiga erishgan bul zotning uzoq muolajalardan keyin yana qadrdon dargohga qaytishlari va bizning u kishidan saboq tinglashga noil bo‘lganimiz – taqdirning tuhfasi edi.
Pirning faqat o‘zigagina xos jihatlari bor, masalan ul zot hech qachon suhbatdoshiinig ko‘ziga tik qaramas, bu haqda so‘raganlarga: “Samoviy yuksaklik istagi osmonga termulish bilan qondirilmas; oyog‘ing ostiga boq – qoqilib ketma tag‘in”, deya javob qaytarar ekanlar. Yana bir usullari, o‘z martabalarini bilgani holda, universitetda eng bilimdon talaba deya e’tirof etilgan ilmu tolibga o‘zlari bilan muloqot qilishga ijozat berar ekanlaru, o‘tgan o‘quv yili yakuniga ko‘ra shu martabaga kaminani munosib ko‘rishibdi.
Bu paytga kelib Mamat ham yangilikdan voqif bo‘lgan, qizg‘anchiqligi shundoqqina yovqarash nigohlaridan sezilib turardi. U bir varaqchaga xat yozib oldimga surib qo‘ydi. Unda yurtdoshimning ayni damdagi iztiroblari ifoda etilgandi: “Ishqilib, xol qo‘yib qo‘yma tag‘in!”.
Ustoz ma’ruzasini tugatib, bir muddat sukut saqlab turdi-da, so‘ng: “Savol?” – dedi dabdurustdan. Bu dars itmomiga yetganidan darak, mening galim kelganiga ishora edi. Dovdirab qoldim. Nutq irod etishlariga mahliyo bo‘lib vazifamni deyarli unutgan ekanman. Shundan o‘zimni tanishtirish yodimdan ko‘tarilib, hozirgi dars tavridan kelib chiqib, tilimga kelgan bir savolni tavakkal ifoda etdim:
– Taqsir, biz uzoq yurtlardan kelib shunda tahsil olmoqdamiz. Ilm o‘rganmoqdamiz. Ammo, tashqaridagi hayotda bizni chalg‘ituvchi unsurlar bisyor. Islomning taraqqiy etmog‘i uchun shu illatlarga davlat yo‘li bilan, kuch ishlatib barham berilsa bo‘lmasmi? Behayoliklar, buzuqiliklar, ekstremistik g‘oyalarni tag-tugi bilan sug‘urib tashlagan durust emasmi?
– Shayx mulohazakor sukut bilan meni tingladi, so‘ng: “O‘zingizni tanishtiring – qayerliksiz?” – deb so‘radi sovuqqina qilib. Mamatga shu asno jon kirdi. “Attang” degan ma’noda boshini chayqadi: “Nazarimda rasvo qilding!” – ohista shivirladi u, kesatiq ohangida.
Nojo‘ya ish qilib qo‘lga tushgan odamdek qizarib ketdim. Ustoz tomonga qarashga botinolmadim: menga u ham hozir boshini quyi eggancha, “bama’niroq savol beradigan boshqa bir durustroq odam yo‘qmidi?” – deb afsuslanayotgandek bo‘lib tuyuldi. Bo‘lar ish bo‘ldi, shayxning so‘roviga javob qaytardim. Ismi sharifimni, o‘zbekistonlik ekanimni aytdim.
Barchaning nigohi shu lahzalarda shayxga qadalgan, kamina ham o‘zimni tanishtira turib, boshimni ozod ko‘tarib unga boqdim: “Nima kelsa o‘zimdan ko‘raman!” Urvoqqina bo‘lib o‘tirgan ustozning har bir hatti-harakati, tanasida kechayotgan har bir o‘zgarish nazarimizdan qochib qutulmas, shundan uning ilkis qaltirab ketganini hamma ilg‘adi. Stolga suyanib asta o‘rnidan turdi. Hech qachon talabalariga tik qaramagan ustoz ohista boshini ko‘tarib, men tomonga boqdi. Aftidan rosa jahllanibdi! Kamina shu lahzalarda yer yorilsa, uning qa’riga kirib ketishga tayyor edim. Qolaversa, Mamat bu ishga bajonidil qarashib yuborgan bo‘lardi. Xayolimdan nuqul: “Tamom! Hammasi tamom. Pachava qildim!” degan badbin o‘ylar kechmoqda edi. Shu payt shayx kaftini ko‘ksiga bosib, yengilgina ta’zim ayladi-da:
– Ulug‘ muhaddis Imom al Buxoriy avlodlariga cheksiz hurmat va ehtiromimni qabul aylang! – dedi. Uning xira tortib qolgan ko‘zlarida samimiy bir cho‘g‘ yallig‘langanini ko‘rdim. Kutilmagan bu kabi mulozamatdan dovdirab qolgandim. Yig‘lab yuborishdan o‘zimni zo‘rg‘a tiyib turardim.
Ustoz ehtiyotkorona yana kursisiga cho‘kdi-da, yana avvalgi holatiga qaytdi.
– Bilasizmi, “Nilufar”ning vatani qayer? – savolimga savol bilan yuzlandi u. O‘rtaga bir oz jimlik cho‘kdi. Qo‘shaloq savollar iskanjasida qoldim: bir paytning o‘zida ham “Nilufar”ning vatani qayer? ham “ustoz javob kutayaptimi yoki mushohadaga undadi”, – degan jumboqqa yechim axtarmoqda edim. Bir qarorga kelib ulgurmay shayxning o‘zi gapni ildirib ketdi.
– Bilib qo‘ying, “Nilufar”ning vatani – botqoq! Ohu chamanlarga yarashiq jonivor esa-da, manzil-makoni toshloq. Illo, ikkisi ham o‘ziga gard yuqtirmaydi. Har ikkisi noyob va betakror mavjudot. Har ikkisining vasliga yetishmoq uchun, hoyu havas kabi domiga tortib turgan botqoqdan, ilon izi kabi chigal so‘qmoqdan kechib o‘tish talab etiladi. Binobarin Alloh siz va bizning qalbimizda, nafs illatlarini, hoyu havas zillatlarini yengibgina unga yetishishimiz mumkin. Ilm bu yo‘lda sizga hidoyat bo‘lg‘usi...
Tashqarida qo‘ng‘iroq chalindi. Bu dars tugaganidan darak, ammo, u mening nazarimda talabalik hayotimda yangi sahifa ochilganidan jar solayotgandek bo‘lib tuyuldi...
Davomi bor...
Fozil Tilovatov,
Hadis ilmi maktabi matbuot kotibi.