Sayt test holatida ishlamoqda!
13 May, 2025   |   15 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:06
Peshin
12:24
Asr
17:23
Shom
19:36
Xufton
21:04
Bismillah
13 May, 2025, 15 Zulqa`da, 1446

Diniy idora vakili Rossiyaning Novosibirsk, Tomsk viloyatlari hamda Oltoy o'lkasi bo'ylab amaliy safarda bo'ldi

13.07.2023   1281   1 min.
Diniy idora vakili Rossiyaning Novosibirsk, Tomsk viloyatlari hamda Oltoy o'lkasi bo'ylab amaliy safarda bo'ldi

Joriy yilning 28 iyun' – 8 iyul' kunlari O'zbekiston musulmonlari idorasi vakili, Fatvo markazi mas'ul xodimi Habibullo Jo'raboyevning Rossiyaning Novosibirsk, Tomsk viloyatlari hamda Oltoy o'lkasiga safari tashkil etildi, deb  xabar  bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Mamlakatimizning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulligi ma'lumotiga ko'ra, safar davomida O'zbekiston musulmonlari idorasi vakilining mamlakatimiz fuqarolari ko'pchilikni tashkil etadigan korxona va tashkilotlarda ishlayotgan mehnat migrantlari, oliy ta'lim muassalarida tahsil olayotgan o'zbek talabalari, diaspora tashkiloti rahbarlari hamda faol vatandoshlar bilan uchrashuvi, davra suhbati va ochiq muloqotlari  bo'lib o'tdi.

O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, dunyoviy va diniy qadriyatlarning o'zaro bog'liqligi, oila muqaddasligi, oila tarbiyasida milliy va umuminsoniy ahloqiy madaniyatning o'rni, shuningdek, xorijda yurgan yoshlarni turli buzg'unchi yot g'oyalar, ekstremizm, terrorizm kabi salbiy oqimlar ta'siriga tushib qolishlarining oldini olish bilan bog'liq masalalar uchrashuvlarning asosiy mavzusi bo'ldi.

O'zbekiston musulmonlari idorasi vakili Novosibirsk viloyati muftiysi Salim Shakirziyanov bilan ham uchrashdi. Suhbat chog'ida diniy masalalarda hududlararo hamkorlik qilish, diniy ulamolar o'rtasida o'zaro tajriba almashish yuzasidan fikr almashildi.

O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar

Er ayolining topgan pulini olishga haqqi bormi?

12.05.2025   3533   3 min.
Er ayolining topgan pulini olishga haqqi bormi?

Savol: Oilaliman, 2 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im ehtiyojlarim, kasal bo‘lsam dori-darmonim uchun pul bermaydilar. Bolalarimizni ehtiyojlari uchun berib turadilar, xolos. O‘zim ishlayman, “ishlab topgan pulingni hammasini menga berishing kerak, chunki Xadicha onamiz ham hamma pullarini Rasulimiz alayhissalomga berganlar” deydilar doim. E’tiroz bildirsam, “menga itoatsizlik qilyapsan” deydilar.

Yaqinda shu masalada janjallashib qolganimizdan keyin pulimni yarmini olib, o‘zimda qolgan yarmini ro‘zg‘orga ishlatishimga majburlayaptilar. Bizning vaziyatimizga shariatda qanday izoh beriladi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taolo oilada erkakni rahbar etib tayinlab, uning zimmasiga qo‘l ostidagilarning: ayoli va farzandlarining nafaqasini yuklab qo‘ygan. Ayolning topayotgan pulida na erning va na qaynonaning haqi bor, uni zulm qilib olib qo‘yishga mutlaqo haqi yo‘q. Agar o‘zi rozi bo‘lib bersa, olishi mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).

“Hech kim o‘zganing molini uning ruxsatisiz, vakilligisiz yoki vasiyligisiz tasarruf qila olmaydi. Agar shunday qilsa, to‘lab beradi” (“Sharhul majalla” kitobi).


Xadiyja roziyallohu anho onamiz butun molu jonini Sarvari olam bo‘lgan turmush o‘rtoqlariga in’om etganlar, ya’ni o‘z ixtiyorlari bilan berganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom tortib yoki talab qilib olib qo‘ymaganlar. Nafaqat Xadiyja onamiz, balki u zotning atrofidagi barcha sahobalar u zotni jonlaridan ortiq yaxshi ko‘rganlar va borini berishga shay turganlar.

Shariatimiz har bir shaxsga moliyaviy mustaqillik bergan. Er topgan pulini o‘zi istaganday sarflashi va bunga na ayoli va na boshqa odamlar to‘sqinlik qilishga haqi yo‘q bo‘lgani kabi, ayolning ham shaxsiy mablag‘idagi tasarrufi o‘z qo‘lida bo‘ladi. Faqatgina foyda-zararni bilmaydigan aqli zaif toifalargina bundan mustasno. Ularning tasarrufini valiylari olib boradi.

Shunga ko‘ra, ayol kishining topgan mablag‘ini olib qo‘yishga, egalik qilishga hech kimning haqi yo‘q.


Ammo yuqoridagi gaplardan ayol topganini hech kimga bermasligi, faqat o‘zi ishlatishi kerak ekan, degan xulosa chiqmaydi. O‘z ixtiyori bilan eriga, farzandlariga yoki boshqalarga hadya qilishi mumkin va bu uchun albatta, ajr oladi.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning ayollari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Erimga sadaqa qilsam bo‘ladimi?” – deb so‘ragan va u zot alayhissalom: “Ha”, deb javob berganlar. Ya’ni sahobiya ayollar erlariga sadaqa, hadya qilib turganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bejizga: “O‘zaro hadyalashinglar, o‘rtada muhabbat paydo bo‘ladi”, deb aytmaganlar.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, oila er-xotin o‘zaro bir-birlarini tushunishlari, hurmat qilishlari va o‘z burchlarini muhabbat bilan ado etishlari lozim. Ana shunda oilaviy hayot saodatli davom etadi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.