بِسْمِ اللهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ رَبِّ الْعَالَمِينَ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ مُحَمَّدٍ وَعَلَى اَلِهِ وَاَصْحَابِهِ اَجْمَعِينَ. اَمَّا بَعْدُ
Inson doimo o‘ziga berilgan barcha ilohiy ne’matlarga shukr qilib, hayotda duch keladigan har qanday musibat va qiyinchiliklarga sabr qilishi va Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lib yashashi lozim bo‘ladi. Turli shaytoniy vasvasa, tushkunlik va umidsizlikka berilmay, Inson degan ulug‘ nomga muvofiq ish tutish chin mo‘min-musulmonga xos ishdir. Zero, Alloh taolo bu dunyoni imtihon dunyosi qilib, unda bandalarini turli xil yo‘llar bilan sinashini ma’lum qilgan. Qur’oni karimda bu haqda shunday degan:
وَلَنَبْلُوَنَّكُمْ بِشَيْءٍ مِنَ الْخَوْفِ وَالْجُوعِ وَنَقْصٍ مِنَ الْأَمْوَالِ وَالْأَنْفُسِ وَالثَّمَرَاتِ وَبَشِّرِ الصَّابِرِينَ الَّذِينَ إِذَا أَصَابَتْهُمْ مُصِيبَةٌ قَالُوا إِنَّا لِلَّهِ وَإِنَّا إِلَيْهِ رَاجِعُونَ
ya’ni: “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)! Ularga musibat yetganda: “Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz”, – deydilar” (Baqara surasi, 155-oyat).
Inson o‘zi kutmagan musibatli holatlarga duch kelganda albatta, bu musibatdan qutulish choralarini qidiradi. Ba’zan imon-e’tiqodning sustligi, sabr-toqatning ozligi sababli, shayton vasvasasi g‘olib kelishi oqibatida boshiga tushgan musibat yoki qandaydir og‘ir sharoitda qolgan kishi turli xildagi noxush ishlarga qo‘l urib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun, Alloh taolo musibatlarni yengishda sabr-qanoatga suyanish, Uning taqdiriga rozi bo‘lish eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini bayon etmoqda.
Afsuslar bo‘lsinki, keyingi vaqtlarda ayrim kishilar, ayniqsa, xotin-qizlar bilib-bilmay o‘zlarining jonlariga qasd qilish orqali, Alloh taolo ato etgan hayot nurini bevaqt so‘ndirishga, ikki dunyoda abadiy la’natga va do‘zax azobiga duchor bo‘lishga sabab bo‘ladigan og‘ir gunohga qo‘l urmoqdalar. Inson o‘ziga omonat qilib berilgan jonni o‘z qo‘li bilan halokatga tashlashi, ya’ni o‘z joniga qasd qilishi nafaqat musibatdan qutulishning eng noto‘g‘ri yo‘li, balki undanda kattaroq musibatga o‘zini mubtalo qilish demakdir. Chunki, o‘z joniga qasd qilish Alloh taoloning unga ato etgan ne’matlariga, xossatan, berilgan umr – holi hayotga noshukurlik hamda Odilu Hakim zotning belgilab qo‘ygan taqdiriga nisbatan ulkan isyondir.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadislarda o‘z joniga qasd qilishning ayanchli oqibatlari aniq bayon etiladi. Sobit ibn Zahhokdan rivot qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنْ ثَابِتِ بْنِ الضَّحَاكِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَنْ قَتَلَ نَفْسَهُ بِشَيْءٍ فِي الدُّنيَا عُذِّبَ بِهِ يَومَ القِيَامَةِ.
ya’ni: “Kim bu dunyoda o‘zini biror narsa bilan o‘ldirsa, qiyomatda ham unga o‘sha narsa bilan azob beriladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
O‘z joniga qasd qilishning og‘ir gunoh ekanligi, unga tayinlangan jazodan ham ma’lumdir. “Sahihi Buxoriy” va “Sahihi Muslim” kitoblarida keltirilishicha:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَنْ تحَسَّى سَمًّا فَقَتَلَ نَفْسَهُ فَسَمُّهُ فِيِ يَدِهِ يَتَحَسَّاهُ فِيِ نَارِ جَهَنَّمَ خَالِدًا مُخَلَّدًا فيِهَا أَبَدًا وَمَنْ قَتَلَ نَفْسَهُ بِحَدِيْدَةٍ فَحَدِيدَتُهُ فِي يَدِهِ يَطْعَنُ بِهَا فِي بَطْنِهِ فِي نَارِ جَهَنَّمَ خَالِدًا مُخَلَّدًا فِيهَا أَبَدًا وَمَنْ تَرَدَّى مِنْ جَبَلٍ فَقَتَلَ نَفْسَهُ فَهُوَ يَتَرَدَّى فِي نَارِ جَهَنَّمَ خَالِدًا مُخَلَّدًا فِيهَا أَبَدًا وَالَّذِى يَتَقَحَّمُ فِيهَا يَتَقَحَّمُ فِي النَّارِ وَالَّذِي يَخْنُقُ نَفْسَهُ يَخْنُقُهَا فِي النَّارِ
ya’ni: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytadilar:“Kim zahar ichib o‘zini o‘ldirsa, qiyomat kunida o‘sha zahari qo‘lida, uni ichgan holda jahannam olovida abadiy qoladi. Kim o‘zini temir parchasi bilan o‘ldirsa, o‘sha temir parchasini qorniga suqqan holida jahannam o‘tida abadiy qoladi. Kim tog‘ tepasidan tashlab o‘zini-o‘zi o‘ldirsa, jahannamda ham shu xil azobga giriftor bo‘ladi. O‘zini biror narsaga urib o‘ldirgan kimsa, do‘zaxga o‘zini urib azoblaydi. O‘zini o‘zi bo‘g‘ib o‘ldirgan kimsa, jahannamda ham o‘zini bo‘g‘ib azoblaydi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Boshqa hadisda Rasuli akram sallallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:
عَنْ جُندُبِ بْنِ سُفيَانَ رَضِيَ اللهُ عَنهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَليْهِ وَسَلَّمَ: "خَرَجَ بِرَجُلٍ فِيمَنْ كَانَ قَبْلَكُمْ خَرَاجٌ فَلَمَّا آذَاهُ اِنْتَزَعَ سَهْمًا مِنْ كِنَانَتِهِ فَنَكَّأَهُ فَلَمْ يَرقَأِ الدَّمُ حَتَّى مَاتَ
فَقَالَ اللهُ تَعَالَى: "بَادَرَنِي ابْنُ آدَمَ بنَفْسِهِ فَقَتَلَهَا، فَقَدْ حَرَّمْتُ عَلَيْهِ الجَنَّةَ"
(رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ)
ya’ni: Jundub ibn Sufyon raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytadilar: “Sizlardan oldingi ummatdan bo‘lgan bir kishining badaniga toshma toshgan edi. Toshma unga ozor beravergach kamon o‘qini qinidan olib, yarani tirnay boshladi. Undan chiqqan qon to‘xtamay oqibatda u kishi o‘ldi. Shunda Alloh taolo: “Bandam shoshib o‘zini o‘ldirdi. Shuning uchun jannatni unga harom qildim”, – dedi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Dinimizda nafaqat o‘zini qasddan o‘ldirish, balki ehtiyotsizlik tufayli hayotiga zomin bo‘lish ham qattiq qoralanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan quyidagi hadis vorid bo‘lgan:
عَنْ عَلِيِّ بْنِ شَيْبَانَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ بَاتَ فَوْقَ بَيْتٍ لَيْسَ حَوْلَهُ شَيْءٌ يَرُدُّ قَدَمَيْهِ فَوَقَعَ فَمَاتَ فَقَدْ بَرِئَتْ مِنْهُ الذِّمَّةُ وَمَنْ رَكِبَ الْبَحْرَ بَعْدَمَا يَرْتَجُّ فَمَاتَ فَقَدْ بَرِئَتْ مِنْهُ الذِّمَّةُ
(رَوَاهُ الْحَاكِمُ)
ya’ni: Ali ibn Shaybon raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim uyning atrofi o‘ralmagan tomi ustida tunasa va undan tushib ketib o‘lsa, unga hech kim javobgar emas, kim dengizga mavjlanib turgan vaqtda chiqsa va cho‘kib o‘lsa, unga hech kim javobgar emas” (Imom Hokim rivoyati). Shunga o‘xshash, avtoulovning tezligini haddan oshirib haydash, yoki tamaki va giyohvandlik moddalarini iste’mol qilishga mukkasidan ketish oqibatida inson o‘z hayotiga zomin bo‘lishi ham o‘z joniga qasd qilgan bilan barobardir. Shunday ekan, inson hayotiga xavf tug‘diradigan har qanday holatlardan o‘zini saqlashi lozim bo‘ladi.
Inson qilgan gunohlariga sidqidildan tavba qilsa, Alloh taolo uni mag‘firat qiladi. Ammo, insonning o‘z joniga qasd qilish holatida, agar uning bu xatti-harakati amalga oshsa, unga bu gunohdan tavba qilishning imkoni bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘z joniga qasd qilish insonga nisbatan shayton vasvasasining eng avj nuqtasi va shaytonning bir inson ustidan g‘alabasi hisoblanadi. Bu dardga aksar holda yoshlarning mubtalo bo‘layotganini alohida e’tirof etish lozim. Xo‘sh, undan qanday saqlanmoq kerak?
Mazkur illatni keltirib chiqaruvchi eng asosiy omillardan biri yoshlarimizning hayot haqidagi tushunchasining sayozligi, hayotni yengil-yelpi filmlar orqali tasavvur qilishi, shuningdek, milliy qadriyatlarimiz hamda Islom dini ta’limotlaridan yiroqlashib ketishi buning bosh sabablaridan biri hisoblanadi. Chunki, milliy qadriyatlarimiz zamirida va Islom dini ta’limotlarida, xususan, Qur’oni karim va hadisi shariflarning bir necha o‘rinlarida jon egasining o‘z joniga qasd qilishidan qat’iy qaytarilgan. Aksincha, Alloh taolo omonat qilib bergan hayot ne’matini, umrimiz yillarini chiroyli solih amallar va savobli ishlar bilan o‘tkazishga, kundalik hayotiy qiyinchilik va muammolarni aql-zakovat bilan hal etishga harakat qilish va Alloh taoloning rahmatidan doimo umidvorlik bilan yashashga intilish haqiqiy imonli insonning barkamol fazilati bo‘lib hisoblanadi.
Asosiy muammolarimizdan biri ruhiy tushkunlikka berilayotgan bunday toifa insonlarga yaqinlari tomonidan o‘z vaqtida e’tibor berilmasligi, beparvolik, uni qiynayotgan, javobini topa olmayotgan masala yechimini hal qilib berilmasligidir. Shuning uchun barchamiz bir-birimizga nisbatan mas’ul ekanligimizni unutmaylik. O‘zaro e’tiborli, mehr-oqibatli bo‘laylik.
Alloh taologa shukrki, biz – musulmonlar inson uchun hamma hayot sharoitlari to‘liq muhayyo qilingan farovon jamiyatda yashamoqdamiz. Birov-birovni haq-huquqini kamsita olmaydi. Bunday adolatli jamiyatda yashash ayni saodatdir. Binobarin, bizning Vatanimizda o‘zini-o‘zi o‘ldirishga hech qanday sabab yo‘q.
Har bir inson, xoh erkak va xoh ayol bo‘lsin, ushbu haqiqatni yaxshi tushunib olishi va shunday to‘kin, tinch va farovon zamonda hamda adolat ustivor bir jamiyatda yashayotgani uchun Alloh taologa shukr qilishi lozim. Har qanday ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni sabru qanoat va husni tadbir bilan hal qilsa bo‘ladi. Ammo besabrlik ila noshukrlik qilinsa, oqibati xayrli bo‘lmaydi. Hadislarda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o‘zini o‘ldirgan odamga janoza namozi o‘qimaganliklari aytilgan.
عَنْ جَابِرِ بْنِ سَمُرَةَ أَنَّ رَجُلًا قَتَلَ نَفْسَهُ فَلَمْ يُصَلِّ عَلَيْهِ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ
ya’ni: Jobir bin Samuradan rivoyat qilinadi, bir kishi o‘zini o‘ldirib qo‘ydi, Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam unga janoza namozi o‘qimadilar (Imom Termiziy rivoyati). Imom Nasaiyning rivoyatlarida Rasululloh sallalohu alayhi vasallam:
أَمَّا أَنَا فَلَا أُصَلِّي عَلَيْهِ
ya’ni: “Men unga janoza namozi o‘qimayman”, – deganlar.
Shunga ko‘ra ba’zi ulamolar, o‘zini o‘zi o‘ldirgan kishiga imom janoza namozi o‘qimaydi, balki, mayyitning yaqinlaridan biri o‘qiydi, deganlar. Buning sababi, odamlar o‘z joniga qasd qilishning oqibati yomon bo‘lishi, hatto unga katta jamoat bo‘lib, imom boshchiligida namoz o‘qilmasligini bilsinlar va bunday gunohi azimga qo‘l urishdan qo‘rqsinlar, degan ma’no bor.
Ruhiy kasalliklar tufayli o‘z joniga qasd qilganlar bundan mustasno. Zero, aql-hushi joyida bo‘lganlargina mukallaf hisoblanadilar. Ya’ni, shariat ko‘rsatmalarini bajarishga va taqiqlaridan saqlanishga buyurilgan bo‘ladilar. Ammo, ruhiy kasalligi bor kishi o‘zining hech qanday tasarrufidan mas’ul bo‘lmaydi.
Qur’oni karim va Payg‘ambarimiz hadislariga amal qilgan holda va mazkur dalillar asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi yurtimizdagi barcha musulmonlarga murojaat qilib, o‘zini-o‘zi o‘ldirish kabi noshar’iy holatlarga qarshi keskin choralar ko‘rishga chaqiradi. Insonlar shunday holatlarga duch kelgan taqdirda uni bartaraf etishning chora-tadbirlarini ko‘rish barcha imom-xatiblarning eng muhim vazifasi va ham diniy, ham insoniy burchlaridir, deb hisoblaydi.
Barcha imom-xatiblar inson o‘zini-o‘zi o‘ldirishni yoki o‘ziga o‘t qo‘yishi katta gunoh ekanligini musulmonlarga oyat va hadislar bilan isbotlab tushuntirishlari lozim. Bunday noshar’iy ishlar Alloh taoloning bandalariga bergan hayot ne’matiga noshukrlik ekanini batafsil anglatib borishlari zarurdir.
Shu bilan birga imom-xatiblardan o‘zini-o‘zi o‘ldirganlarga janoza namozi o‘qishdan bosh tortishlari, uylariga duoyi fotihaga, ma’raka marosimlariga bormasliklari talab etiladi. Balki, shunday holat yuz berganda janozani mayyitning uyida yaqinlaridan biri o‘qishlarini tushuntirishlari lozim bo‘ladi. Imom-xatiblar shu yo‘l bilan o‘zini-o‘zi o‘ldirgan shaxslarning gunohi qanchalik og‘ir ekanini xalqqa oshkor qilgan va musulmonlarni bu mudhish fe’ldan asragan bo‘lishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi mazkur dalillar va fatvolarga asoslangan holda barcha imom-xatiblar mazkur fatvoning mazmun va mohiyatini mo‘min-musulmonlarga batafsil tushuntirib berib, barchani ogohlikka, hushyorlikka chaqirishlarini talab qiladi.
Alloh taolo har bir bandasiga ato etgan ne’matlariga shukr qilishga va sinov uchun yetgan musibatlarga sabr qilishni nasibu ro‘ziy aylasin!
Vallohu a’lam bissavob.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Ulamolar kengashi raisi, muftiy
Usmonxon ALIMOV
28.08.2018 y.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".
Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.
Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.
Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.
Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.
Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.
"Tafsiri Hilol" kitobidan