Aqida – e'tiqod masalasi dinimizning o'zagi hisoblanadi. Barcha amallarimizu ibodatlarimizning Alloh huzurida qabul bo'lishi aynan e'tiqodimizning to'g'riligiga bog'liqdir. Agar aqida noto'g'ri yoki buzuq bo'lsa, Alloh saqlasin, amallarning qabul bo'lishini umid qilmasa ham bo'laveradi.
Diniy e'tiqod mustahkam aqida ustiga qurilmas ekan, uning natijasi zalolatdan boshqa narsa bo'lmaydi.
Farzandlarimizning imon-e'tiqodi borasida Oxiratda – Alloh taoloning huzurida mas'ulmiz! Alloh taolo har bir mo'minga xitob qilib, shunday buyurgan:
ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! O'zlaringizni va oila a'zolaringizni yoqilg'isi odamlar va toshlar bo'lmish do'zaxdan saqlangizki, unda dag'al va qattiqqo'l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (xizmat qilurlar)” (Tahrim surasi 6-oyat).
Kishi o'zini va oila a'zolarini do'zaxdan saqlashi – eng avvalo sog'lom va mustahkam e'tiqod bilan bo'ladi. Alloh taologa shirk keltirgan yoki imonida shubhada bo'lgan kimsa Oxirat diyorida najot topolmaydi.
Shunday ekan, o'zimiz dinda bilishimiz va e'tiqod qilishimiz zarur bo'lgan ilmlarni o'rganib, farzandlarimiz va ahli oilamizga o'rgatishimiz lozim! Farzandlarimiz qalbida Islom aqidasini mustahkam singdirishimiz darkor! Mana shunda ularga turli xurujlar ta'sir qilolmaydi. Kelajak avlodimiz uchun xatarga aylanayotgan – missionerlik, dahriylik, besunnatlik (hadisni inkor qiluvchilar) kabi toifa tarafdorlarining qarashlari va shubhalari ularni yo'ldan ozdirolmaydi!
Hozirda aqidamizni o'rganish uchun barcha sharoitlar mavjud. Hususan Imom Moturidiy rahmatullohi alayh tartibga solgan – Ahli sunna val jamoa e'tiqodi bo'yicha ko'plab kitoblar yozildi, tarjimalar qilib, nashr etildi. Allohga hamdlar bo'lsinki, ushbu ishlar ulamolarimiz tomonidan izchil davom ettirilmoqda.
Qolaversa, O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aqida ilmi bo'yicha yurtimizdagi ishonchli ulamolarning silsilaviy darslari ijtimoiy tarmoqlar orqali joylab borilmoqda. Bizga ushbu darslarni tinglash yoki yozilgan asarlarni oila davrasida o'rganishimiz qoldi xolos.
Sog'lom e'tiqodni oyoqosti qiladigan va muqaddas dinimizni o'z manfaati yo'lida qurol qilib olgan kimsalar borligi bugun barchamizni tashvishga solmoqda.Ma'lumki, aqidaparast va buzg'unchi kuchlar xalq ruxiyatini ichdan emirib, halokatga boshlaydi. Jamiyatning hamjixatligini buzadi, xalqni jar yoqasiga olib boradi. Diniy tushunchalardan ustalik bilan foydalanib,odamlarga uning asl mohiyatini buzib ko'rsatadi. Shuningdek xalqning ishonuvchanligidan foydalanib, ommani norozilik kayfiyatida tarbiyalaydi. Yoshlarni esa aldov yo'li bilan o'zining jirkanch quroliga aylantirib, juvonmarg qiladi.
Internet ayniqsa, yoshlarni sog'lom e'tiqodiga tajovuz qiluvchi manbalar makonidir. U erda o'zlarini “do'st sanovchi” yoki “hidoyatga boshlovchi” qilib ko'rsatuvchilar ko'p. Aslida ularning din ilmidan xabarlari yo'q. O'z rahnamolaridan eshitganlarini takrorlashdan nariga o'tmaydilar. Ular o'z johilliklari bilan boshqalarni ham jarga etaklaydilar.
Abdulloh ibn Muborak (rahimahulloh): “Din-bu ilmdir, uni kimdan olayotganlaringizga qarang ”, - degan.
E'tiqod ilmini yaxshi bilmasligi bois insonning aqidasi noqis bo'lib qoladi.Islom dini ta'limotiga ko'ra, agar aqida buzuq, e'tiqod botil bo'lsa, kishining amali behuda ketadi va o'zi zalolat botqog'iga botadi.
Qaysi jamiyatda kishilar e'tiqodi sof bo'lsa, o'sha joyda tinchlik mustahkam bo'ladi.Aksincha, buzuq e'tiqodli kishilardan-da xavfli odam bo'lmaydi, undaylar har qanday pastkashlikka tayyor turadi.
Alloh taolo barchalarimizni O'zi rozi bo'lgan haq yo'lida bo'lishimizga muvaffaq etib, aqidada adashishdan, turli firqalarga bo'linishdan panohida asrasin!
Internet manbalari asosida
Yangiyo'l tuman “Imom Sulton” jome masjidi imom xatibi
Odiljon Narzullayevtayyorladi
Hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimning sharhlovchisi sifatida hukm chiqarish vakolatiga ega edilar. Shunga binoan hadis hukm chiqarish bo‘yicha ikki asosiy sohani qamrab oladi.
Birinchi soha: Qur’oni karimda zikr etilgan hukmlarni yoritib berish.
Ikkinchi soha: Qur’oni karimda ko‘rsatilmagan masalalarni hukm shaklida belgilash.
Birinchi sohada hadis Qur’oni karim oyatlarini tafsir qiladi. Umumiy ma’noga ega bo‘lganini xoslashtiradi, ya’ni unga xususiy ma’no beradi, mutloq, ya’ni, qayd va shartsiz oyatlarni qaydlaydi.
Shu o‘rinda ba’zi bir misollar keltirib o‘tamiz. Qur’oni karimda “Namoz o‘qinglar” deb amr qilingan. Lekin namozlarning soni, sifati, rak’atlarining soni Payg‘ambarimiz alayxissalom tomonidan belgilangan va amalda ko‘rsatib berilgan. Bu esa mujmal iborani izohlash misoli.
Umumiy mazmunni xos qilish uchun misol. Qur’oni karimda meros tizimi umumiy ma’noda kelgan. Ya’ni meros qoldirish va meros olish huquqi berilgan. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam meros olish uchun din birligi, qotil bo‘lmaslik va qul bo‘lmaslikni shart qilib qo‘yib uni xoslashtirganlar. Masalan, o‘z otasini o‘ldirgan yoki nohaq yo‘l bilan uning o‘limiga sabab bo‘lgan farzand otasidan meros olish xuquqidan mahrum bo‘ladi.
Ikkinchi soha bo‘yicha hadisga tegishli masalalar. Zarurat chog‘ida Qur’oni karimda aytilmagan biron bir yangi hukmni hadis hukm qilib belgilab beradi. Bu o‘rinda ayrim hukmlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan maxfiy vahiy yoki ilhom orqali sodir bo‘lgan va ba’zilari u zotning ijtihodlari va shaxsiy fikrlaridan kelib chiqqan. Albatta, Payg‘ambarimiz alayhissalom ijtihod qilishda ham islom ruhi va falsafasini nazarda tutar edilar.
Bu o‘rinda ko‘p misollar berish mumkin. Masalan, momoga merosdan oltidan bir hissa berish, nikoh bitimining to‘g‘ri bo‘lishi uchun guvohlar shartligi, badan a’zolari xun bahosini belgilash kabi hukmlar kiradi.
Islom shariatida hadislarning o‘rni ahamiyatli ekani ko‘rinib turibdi. Hukmlar faqatgina Qur’oni karimning o‘zidan olinmaydi. Qur’oni karimda kelgan ko‘pgina hukmlar tafsilotini bilish uchun hadislar muhim ahamiyat kasb etadi. Balki shar’iy hukmlarning bir qanchasi hadislar orqali kelib chiqqan ekan.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.