Bugungi kunda diniy soha vakillarining aholi o‘rtasida faolligini, fuqarolarning diniy-ma’rifiy sohadagi bilimlarini oshirish borasida o‘rni beqiyosdir. Davlatimiz rahbari turli uchrashuvlarda diniy soha vakillari bo‘lgan imom xatiblar va otinoyilarning jamiyatda faol bo‘lishga chaqirdilar. Diniy soha vakillarining zamon bilan hamnafas bo‘lishlari, doimiy ravishda ilmlarini boyitib borishlari, inson psixologiyasini yaxshi tushunishi ular uchun tashkil etilayotgan malaka oshirish darslariga bog‘liqdir.
Bugun, 8 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Toshkent islom institutida diniy soha vakillari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning bilimlarini oshirib borish maqsadida, Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan otinoyilar uchun qisqa muddatli malaka oshirish o‘quv kurslari tashkil etildi.
O‘quv mashg‘ulotlarini O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Xalqaro islom akademiyasi va Toshkent islom institutidan jalb qilingan ulamolar va professor-o‘qituvchilar olib bormoqdalar.
Otinoyilar “Qur’on tafsiri”, “Oilaviy munosabatlarni huquqiy tartibga solinishi”, “Islomda ayollar huquqi”, “Ayollarga xos fiqhiy masalalar”, “Islomda nikoh va taloq masalalari”, “Xatoba ilmi” va “Otinoyilar mas’uliyati va vazifalari” va boshqa mavzulardagi ma’ruzalarni tingladilar.
Mashg‘ulotlar ma’ruza, trening, muhokama va savol-javob tarzida o‘tkazilib, otinoyilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil ma’lumot oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 25 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarni qabul qilib, muammo, arz va takliflarini tingladilar.
Qabul jarayonida Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahridan kelgan fuqarolarning masjidlar holati, oilaviy masalalar, diniy ta’lim, haj-umra hamda moddiy yordam olish yuzasidan murojaatlari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Ayrim masalalar bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Darhaqiqat, birovning dardini yengillatish, uning tashvishlari osongina bartaraf etilishiga hissa qo‘shish – savobi ulug‘ amal. Chunonchi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Mana shunday qabul jarayonlari mamlakatimizdagi barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati