Kel ey komil kamol etsang diyonat
Kishig‘a qilmag‘il xar giz xiyonat
Uzatmas bo‘lsang anga dastu altof
Nechuk bo‘lg‘ay musulmonlig‘da insof.
So‘fi Allohyor
Dinimiz insonlar o‘rtasidagi munosabatlarda hamisha insof, adolat, xalollik xukmron bo‘lishini talab etadi va musulmonlarni shunga chorlaydi. Bu munosabatlar insonni kamolotga yetaklaydi.
Xalqimiz orasida “Dunyoni obod qiladigan ham, barbod qiladigan ham INSON ! Insonni odam qiladigan ham, ado qiladigan ham INSOF !”, degan ajoyib xikmat bor. Insof xaddan oshmaslikdir. Ba’zan insof xaqida gapiramiz-u, ammo asli insofning nima ekanligini ko‘pchiligimiz yaxshi bilmaymiz. Hazrat Alisher Navoiyning “Insof ila adl qasrini kur”degan ishorasida qancha ma’no va mazmun yashiringan.
Xar bir insonning insofli bo‘lishida, avvalam bor, uning oilasidagi muhit, ota-ona va maktabdagi o‘qituvchi ustozlarning ta’lim-tarbiyasi katta ahamiyat kasb etadi. Insonni xar bir ishda xam, gapda xam insofli bo‘lishi kerak. Insof bu faqat xaqiqatni aytish emas, balki kishilarning ko‘nglini topa bilish va ularga mexribonlik ko‘rsatishdir.
Hukamolar aytadilar: “O‘n hislatni qo‘ldan bermaslik lozim: to‘g‘rilik, xalollik, insof, muloyimlik, keksalarni xurmat qilish, kichiklarga shafqat qilish, qanoatlik bo‘lish, vafodorlik, iffat va adolat”
Islom dini kishilarni insofga odatlantirish uchun amaliy bir uslubni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, uning asosi Qur’oni karimda kelganidek, mo‘minlarning o‘zaro aka-uka ekanliklari, shuningdek, hadisi shariflarda aytilganidek, ularning o‘zaro munosabatlarida bamisoli bir tana kabi ekanliklari haqidagi o‘gitlardan iborat. Jamiyat a’zolari bamisoli bir tana ekan, ulardan biriga nisbatan sodir qilingan insofsizlik va zulm jamiyatning boshqa a’zolariga ham ta’sir qilishi muqarrar. Shu bois ham dinimiz ta’limotlarida insof insoniy aloqalarni muhofaza qilishning asosiy vositasi qilib belgilangan.
Hazrati Ali karrmallohu vajhahu o‘z o‘g‘illari Imom Hasan raziyallohu anhuga insof borasida shunday o‘gitlar bilan nasihat qilgan ekanlar: “Ey o‘g‘lim! O‘zing bilan o‘zgalar o‘rtasidagi muomalangda o‘z nafsingni mezon qil. O‘z nafsing uchun yaxshi ko‘rgan narsangni birov uchun ham yaxshi ko‘r. O‘z nafsing uchun yomon ko‘rganing ishni birovga nisbatan ham ravo ko‘rma. O‘zingga zulm qilinishini yoqtirmaganing kabi birovga ham zulm qilma. O‘zingga (Alloh tomonidan) ehson-yaxshilik qilinishini sevganingdek, o‘zgalarga ham ehson-yaxshilik qil. Birovning xulqida xunuk sanaganing ishni o‘z xulqingda ham xunuk sanagin. O‘zganing fe’lida go‘zal sanaganing ishlarni o‘z nafsing uchun ham go‘zal va kerakli deb bil. Bilmagan narsangni gapirma. Bilgan narsangni gapir. O‘zingga qarata aytilishini yoqtirmaganing so‘zni birovga ham gapirma”.
Hazrat Ali raziyallohu anhuning bu so‘zlarida olam-olam ma’no mujassam. Inson o‘zgalar bilan muomalasida o‘z nafsini mezon qilishi. Birov bizga yolg‘on gapirishini, aldashini xohlamaymizmi? Demak, boshqalarga yolg‘on gapirmaylik. Birov biror narsamizni o‘g‘irlashini qabul qila olmaymizmi? Demak, birovdan biz ham hech narsa o‘g‘irlamaylik. Birov bizga kibr qilib, yerga urishini istamaymizmi? Demak, biz ham o‘zgalarga tahqiromuz va takabburona muomala qilmaylik. Shunday qilib, har doim o‘zgalarga nisbatan qiladigan muomalalarimizda o‘zimizga o‘zimiz: “Men shu muomalani o‘zim uchun bo‘lishiga rozi bo‘larmidim?!”, degan savol qo‘yaylik. Mana shu INSOFdir.
Insof, halollik, adolat va vijdonlilik tushunchalari dinimiz Islomning barhayot ta’limotlarida bot-bot ta’kidlangan muqaddas tushunchalar bo‘lib, ularga doimo rioya qilishimiz, odamlar bilan amalga oshiradigan barcha muomala va munosabatlarimizda og‘ishmasdan amal qilishimiz lozim bo‘lgan ma’naviy mezon hisoblanadi. Agar insof va adolatni, halollik va vijdonni o‘zimizga mezon qilsak, dunyoyu oxirat yaxshiliklariga ega bo‘lamiz, jamiyatimiz yanada jips va mustahkam jamiyat bo‘lib, gullab yashnaydi. Alloh taolo barchamizni O‘zidan qo‘rqadigan, insofli, adolatli va halol insonlardan bo‘lishimizni nasib aylasin!
Odiljon Narzullayev
Zangiota tuman “Imomi A’zam”masjidi imom xatibi
Shu yil 11 mart kuni Ramazon oyi munosabati bilan xayr-saxovat ishlari uyushtirildi.
Namangan viloyati hokimligi hamda Namangan viloyati bosh imom-xatibining birinchi o‘rinbosari Obidxon domla Ikramov boshchiligida Mingbuloq tumanida nogiron, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan bo‘lgan rus, kareys, o‘zbek va tatar millatiga mansub muhtoj kishilar holidan xabar olindi.
Zero, tarixdan ma’lumki, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alahyi va sallam ham bag‘rikenglik tamoyiliga amal qilganlar. U zot o‘zga yurt va din vakillari, ya’ni Habashistondan kelgan nasroniy mehmonlarni masjidlariga taklif qilib: “Ular bizning do‘stlarimizni hurmat qilgan edilar. Men ham ularni izzat-ikrom qilishni xush ko‘raman”, deb shaxsan o‘zlari ularga xizmat qilganlar. Bu xayrli ishlar Islomning naqadar bag‘rikeng din ekanini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati