"Duo" arabcha so'z bo'lib, o'zbek tilida "chaqirish", "so'rash" ma'nolarini anglatadi.
Alloh taolo marhamat qiladi:
"Sizdan (ey, Muhammad) bandalarim Mening haqimda so'rasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman. Bas, ular ham Meni (da'vatlarimni) ijobat (qabul) etib, Menga imon keltirsinlar, shoyad (shunda) to'g'ri yo'lga tushib ketsalar"(Baqara, 186).
Yana:
"Rabbingizga zorlanib va xufyona (ovozsiz) duo qilingiz! Zero, U (duoda va boshqada) haddan oshuvchilarni yoqtirmagay"(A'rof, 55).
Ushbu oyati karimalarda Alloh taolo bandalariga duo qilish odoblarini o'rgatmoqda. Ya'ni, duoda O'ziga sidqidildan iltijo qilmoq kerakligi uqtirilayotir.
Huddi shu ma'no Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning hadisi shariflarida ham o'z ifodasini topgan.
Bir hadisda, No'mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Sarvari koinot (sollallohu alayhi va sallam); "Duo - bu, ayni ibodat", deb,"Parvardigoringiz: Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!", dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar"(G'ofir, 60) oyatini qiroat qilganlari rivoyat etilgan.
Ushbu hadisda keltirilgan oyati karimada "duo" so'zi "ibodat" ma'nosida ishlatilgan. Binobarin, duoning ibodat ekanini Alloh taoloning O'zi bandalariga bildirmoqda.
Faqih Abu Lays Samarqandiy Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi:
"Kim etti narsa bilan rizqlansa, ettita narsadan mahrum bo'lmaydi:
Kim shukr bilan rizqlansa, mulki ziyodalikdan mahrum bo'lmaydi. Alloh taolo aytadi: "Qasamki, (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangizlar, albatta, sizlarga ziyoda qilaman"(Ibrohim, 7).
Kim sabr bilan rizqlansa, savobdan mahrum bo'lmaydi. Alloh taolo aytadi: "Albatta, sabr qiluvchilarga (oxiratda) mukofotlari behisob berilur" (Zumar, 10).
Kim tavba bilan rizqlansa, tavbasi qabul bo'lishdan mahrum bo'lmaydi. Alloh taolo aytadi: "U bandalaridan tavbani qabul qiladigan, yomonlarni afv etadigan va qiladigan ishlaringizni biladigan Zotdir" (Shuaro, 25).
Kim istig'for bilan rizqlansa, mag'firatdan mahrum bo'lmaydi. Alloh taolo aytadi: "Rabbingizdan mag'firat so'rangiz! Albatta, U (bandalariga nisbatan) o'ta kechirimli Zotdir" (Nuh, 10).
Kim duo bilan rizqlansa, ijobatdan mahrum bo'lmaydi. Allohtaoloaytadi: "Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) mustajobqilay!" (G'ofir, 60) .
Kimga ijtihod qilish berilgan bo'lsa, tavfiqdan mahrum bo'lmaydi. Alloh taolo aytadi: "Bizning to'g'rimizda (yo'limizda) jiddu jahd qilganlarni, albatta, O'z yo'llarimizga hidoyat eturmiz" (Ankabut, 69).
Duoga ochilgan qo'l - bandalikning bir ko'rinishi bo'lsa, ikkinchi jihatdan, O'zining ulug' va buyukligiga qalban iqror bo'lishning tasdig'i hamdir. Parvardigor esa, O'zi va'da qilganidek, duolarni mustajob etuvchi mehribon Zotdir. Buning uchun Yaratgan qaytargan narsalardan tiyilib, U buyurgan amallarni xolis va sidqidildan bajarmoq kerak, xolos. Qodiri Mutlaq bandalarini toqatidan ortiq narsaga buyurmaydi.
Chortoq tuman Hazrati ibni Abbos masjid imom noibi Isroiljon Ibrogimov