O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyatida Hadis ilmi maktabi ochilishi munosabati bilan 2018-2019 o‘quv yili uchun qabul e’lon qiladi. Hadis ilmi maktabi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy diniy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Maktabda o‘qish muddati 5 yil bo‘lib, kunduzgi ta’lim shaklida olib boriladi. Maktabda “Hadisshunoslik” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr darajasidagi kadrlar tayyorlanadi.
Maktabga 2018/2019 o‘quv yilida 10 ta talaba qabul qilinadi. Maktabga arab tilini puxta o‘zlashtirgan, hadislarni yod olishga salohiyati bo‘lgan o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining iqtidorli bitiruvchilari tanlov asosida saralab olinadi.
Hadis maktabiga qabul 2018 yilning 8 noyabridan 15 noyabrigacha abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinadi.
Abituriyentlar qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- Qabul hay’ati raisi nomiga ariza;
- o‘rta maxsus islom bilim yurtini tugatganligi haqida hujjatning (diplom) asl nusxasi;
- 086-U-shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma;
- pasport nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
- 6 dona rangli fotosurat (3,5 x 4,5 hajmdagi);
- yashash joyidagi masjid imom-xatibidan tavsiyanoma;
- harbiy xizmatga aloqadorligi haqida hujjat (asli).
Hujjatlar Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida qabul qilinadi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar ko‘chasi 18-berk ko‘chasi 47-uy. Murojat uchun telefon: (71) 227-42-37.
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun, 14 may kuni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Yoshlar – yangi O‘zbekiston kelajagi bunyodkori” shiori ostida ish beruvchi tashkilot vakillari va talabalar uchrashuvi o‘tkazildi. Unda turli ish beruvchi vazirliklar, tashkilot, korxona va muassasalar qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning tizimidagi Toshkent islom instituti, “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti, Hadis ilmi maktabi mas’ul vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov diniy-ma’rifiy sohadagi so‘nggi yangiliklar, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga berilayotgan e’tibor, oliygoh faoliyati to‘g‘risida so‘zlab berdi.
Uchrashuv davomida 2024-2025-o‘quv yilida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasini bakalavr bosqichini 309 nafar, magistratura bosqichini 95 nafar talaba tamomlayotgani aytib o‘tildi.
Hamkor tashkilotlar ko‘lami yil sayin ko‘payib borayotgani, hozirgi kunga qadar Akademiya va tashkilotlar o‘rtasida 100 dan ortiq hamkorlik bo‘yicha memorandum va shartnomalar imzolangani bayon etildi.
Tadbirning amaliy qismida ish beruvchilarning bitiruvchilar bilan suhbatlari tashkil etildi. Mazkur jarayonda 70 ga yaqin davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, jumladan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom bilim yurti, Hadis ilmi maktabi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston Milliy arxivi, Alfraganus universiteti va boshqa ko‘plab hamkor tashkilotlar vakillari qatnashdi. 100 dan ziyod talaba bilan mehnat shartnomalari tuzildi.
Tadbirda faollik ko‘rsatgan ish beruvchi tashkilotlar vakillariga Akademiya tomonidan esdalik sovg‘alari, tashakkurnomalar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati