Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Mart, 2025   |   12 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:22
Quyosh
06:40
Peshin
12:38
Asr
16:40
Shom
18:29
Xufton
19:42
Bismillah
12 Mart, 2025, 12 Ramazon, 1446

Oliy diniy ta’lim muassasasiga qabul e’lon qilinadi

6.11.2018   4543   1 min.
Oliy diniy ta’lim muassasasiga qabul e’lon qilinadi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyatida Hadis ilmi maktabi ochilishi munosabati bilan 2018-2019 o‘quv yili uchun qabul e’lon qiladi. Hadis ilmi maktabi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy diniy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Maktabda o‘qish muddati 5 yil bo‘lib, kunduzgi ta’lim shaklida olib boriladi. Maktabda “Hadisshunoslik” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr darajasidagi kadrlar tayyorlanadi.
Maktabga 2018/2019 o‘quv yilida 10 ta talaba qabul qilinadi. Maktabga arab tilini puxta o‘zlashtirgan, hadislarni yod olishga salohiyati bo‘lgan o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining iqtidorli bitiruvchilari tanlov asosida saralab olinadi.
Hadis maktabiga qabul 2018 yilning 8 noyabridan 15 noyabrigacha abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinadi.
Abituriyentlar qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- Qabul hay’ati raisi nomiga ariza;
- o‘rta maxsus islom bilim yurtini tugatganligi haqida hujjatning (diplom) asl nusxasi;
- 086-U-shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma;
- pasport nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
- 6 dona rangli fotosurat (3,5 x 4,5 hajmdagi);
- yashash joyidagi masjid imom-xatibidan tavsiyanoma;
- harbiy xizmatga aloqadorligi haqida hujjat (asli).

Hujjatlar Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida qabul qilinadi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar ko‘chasi 18-berk ko‘chasi 47-uy. Murojat uchun telefon: (71) 227-42-37.

O‘MI Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

«So‘ramoqchi bo‘lsang, Allohdan so‘ra»

11.03.2025   1429   4 min.
«So‘ramoqchi bo‘lsang, Allohdan so‘ra»

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Bir kuni Nabiy alayhissalomning ortlarida edim. U zot: «Ey bolakay! Men senga kalimalarni o‘rgataman. Allohni(ng buyrug‘u qaytariqlarini) muhofaza qilgin, shunda U Zot seni muhofaza qiladi. Allohni muhofaza qilsang, U Zotni ro‘parangda topasan. So‘ramoqchi bo‘lsang, Allohdan so‘ra. Ko‘mak istamoqchi bo‘lsang, Allohdan ista. Bilki, agar butun ummat (mahluqotlar) senga biror manfaat berish uchun jamlansa ham, Alloh senga yozgan narsadan boshqasini bera olmaydi. Agar ularning hammasi senga biror zarar yetkazish uchun jamlansa ham, Alloh senga yozgan narsadan boshqasini yetkaza olmaydi. Qalamlar ko‘tarilgan, sahifalar qurigan», dedilar.

Termiziy rivoyat qilgan va bu hadis hasan, sahihdir, degan.

Termiziydan boshqalarining rivoyatida:

«Allohni(ng buyrug‘u qaytariqlarini) muhofaza qilgin, shunda U Zotni ro‘parangda topasan. Allohni farog‘atda tanisang, U seni qiyinchilikda taniydi. Bilki, seni chetlab o‘tgan narsa senga yetmaydi. Senga yetgan narsa seni chetlab o‘tmaydi. Bilki, sabr ortidan yutuq, g‘am-g‘ussa ortidan kushoyish keladi. Va albatta, qiyinchilik bilan yengillik bordir», deyilgan.

 

Sharh: Bir kuni Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning xachirlariga mingashib olib, u zotning ortlarida ketayotgan edilar. Shunda Nabiy alayhissalom u kishiga butun Islom ummatiga zarur bo‘lgan ushbu hadisi sharifdagi gaplarni aytdilar:

«Allohni(ng buyrug‘u qaytariqlarini) muhofaza qilgin, shunda U Zot seni muhofaza qiladi».

Allohning dinidagi amr va nahiylarga qat’iy rioya qilsang, Alloh taolo seni, ahli oilangni va dinu dunyoingni muhofaza qiladi. Zotan, U Zotdan o‘zga muhofaza qiluvchi yo‘q.

«Allohni muhofaza qilsang, U Zotni ro‘parangda ‎topasan».

Banda Alloh taoloning diniga og‘ishmay amal qilsa, duosi to‘xtovsiz qabul bo‘ladigan darajaga ham erishar ekan. Ushbu jumladan anglanadigan haqiqat shudir.

«So‘ramoqchi bo‘lsang, Allohdan so‘ra».

Chunki barcha narsa U Zotning ixtiyoridadir. U Zotdan o‘zga beruvchi yo‘q. Boshqa zohiriy beruvchilar ham U Zotning amri ila U Zotning berganidan beradilar. Shuning uchun oraga boshqani qo‘shmay, to‘g‘ridan to‘g‘ri haqiqiy beruvchining O‘zidan so‘rash kerak.

«Ko‘mak istamoqchi bo‘lsang, Allohdan ista».

Chunki haqiqiy ko‘makchi – U Zotning O‘zidir. Boshqalarning barchasi ko‘makka muhtoj.

«Bilki, agar butun ummat (mahluqotlar) senga biror manfaat berish uchun jamlansa ham, Alloh senga yozgan narsadan boshqasini bera olmaydi‎. Agar ularning hammasi senga biror zarar yetkazish uchun jamlansa ham, Alloh senga yozgan narsadan boshqasini yetkaza olmaydi. Qalamlar ko‘tarilgan, sahifalar qurigan‎».

Foyda ham, ziyon ham Allohdandir. Allohning dunyodagi barcha maxluqotlari jamlanib, senga zarracha foyda yoki ziyon yetkazmoqchi bo‘lsa ham, Alloh taqdiringga bitgan narsadan boshqasi bo‘lmaydi. Shuning uchun hammani qo‘yib, faqat Alloh taoloning O‘zigagina tavakkul qil.

Ushbu rivoyatdan olinadigan foydalar:

1.     Bolalarga xush muomalada bo‘lib, ularga ta’lim-tarbiya berish;
2.     Allohning buyrug‘u qaytariqlariga bo‘ysunish U Zotning muhofazasiga sabab bo‘lishi;
3.     Talab-istaklarni faqat ularni bajo keltiruvchi Zotdan – Allohdan so‘rash kerakligi;
4.     Ko‘mak va yordamni haqiqiy ko‘mak beruvchi Zotdan – Allohdan so‘rash kerakligi;
5.     Foyda ham, ziyon ham Allohdan ekani;
6.     Barcha maxluqotlar jamlanib, bir insonga zarracha foyda yoki ziyon yetkazmoqchi bo‘lsa, Alloh taqdirda bitgan narsadan boshqasi bo‘lmasligi;
7.     Banda farog‘at paytida Allohni yodga olib, toat-ibodatda bo‘lsa, qiyinchilikka yo‘liqqan paytida U Zot uni yordamsiz tashlab qo‘ymasligi;
8.     Sabr ortidan yutuq, g‘am-g‘ussa ortidan kushoyish, qiyinchilik ortidan yengillik kelishi.

«Hadis va Hayot» kitobi asosida
Muhammad Ali Muhammad Yusuf tayyorladi