Kecha 2018 yil 4 noyabr kuni “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan “Mehr-muruvvat karvoni” nomli xayriya tadbiri doirasidagi oziq ovqat mahsulotlari, nogironlik aravachalari va diniy-ma’rifiy adabiyotlar Xorazm viloyatidagi o‘ksik qalblarga quvonch ulashish maqsadida Urganch shahriga yetib keldi.
Urganch shahridagi “Qutlug‘ qadam” shodiyonalar uyida Xorazm viloyatidagi kam taminlangan 100 nafar oilaga oziq-ovqat mahsulotlari, 15 nafar shaxsga nogironlik aravachasi, Urganch shahar “Imom Faxriddin ar-Roziy” islom bilim yurtida ta’lim olayotgan barcha talabalarga issiq kiyim-kechaklar ulashdi va ushbu bilim yurtining ikki nafar talabasining shartnoma pulini to‘lab berdi.
Shuningdek, Xorazm viloyatidagi 4 ta xonadonni ta’mirlab berish rejalashtirildi va 50 nafar masjid imom-xatiblariga diniy-ma’rifiy kitoblar berildi.
Shuningdek tadbir so‘ngida O‘MI Xorazm viloyati vakilligi va homiylar tomonidan tadbirda ishtirok etgan yordamga muhtoj oilalar va nogironlarga xayriya dasturxoni yozilib osh tortildi.
O‘MI Xorazm viloyati vakilligi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Yo Rasululloh, onam vafot etdi. Onamning nomidan biror narsa sadaqa qilsam bo‘ladimi? Qaysi sadaqa afzal?” deb so‘radim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “(odamlarga) Suv ulashish”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, "Yo Allohning Rasuli! Onam to‘satdan jon taslim qildi. Vasiyat qila olmadi. O‘ylaymanki, agar gapira olganida, sadaqa qilgan bo‘lar edi. Endi uning nomidan sadaqa qilsam, unga ajr bo‘ladimi?" dedi. U zot alayhissalom: "Ha", dedilar» (Imom Muslim rivoyati).