Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulug‘ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarining bir qator fikrlari ham berilgan.
*****
Mo‘minlarning onasi Oisha roziyallohu anho
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qalblarida Oisha roziyallohu anhoning o‘ziga xos o‘rnilari bor edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhoga bo‘lgan muhabbatlarini zohir qilar, maxfiy tutmas edilar.
Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, albatta, Nabiy sollallohu alayhi vasallam u kishini Zotus salosil qo‘shiniga qo‘mondon etib yubordilar. U kishi (Amr roziyallohu anhu) dedilar: “U zot sollallohu alayhi vasallamning oldilariga bordim va: “Insonlarning qaysinisi sizga mahbubroq?” dedim. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Oisha” dedilar. “Erkaklardanchi?” dedim. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Uning otasi” dedilar. “Keyin kim?” dedim. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Keyin Umar ibn Xattob” dedilar. Shu tarzda (bir necha) kishilarni sanadilar”.
Muttafaqun alayh.
*****
Ayolning aqli va dini noqisligining sababi
«Sahihayn»dagi Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhuning hadisi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qurbon hayiti yoki Ramazon hayiti kuni namozgohga chiqa turib, ayollar yonidan o‘tdilar va: «Ey ayollar jamoasi, sadaqa qilinglar, chunki, men do‘zax ahlining ko‘pi sizlar ekaningizni ko‘rdim» dedilar.
Ular «Nima sababdan shunday, ey Rasululloh?» deb so‘rashdi.
U zot «La’natni ko‘paytirasizlar va erga nonko‘rlik qilasizlar. Aqli va dini noqis bo‘la turib, sizlarning biringizdan ko‘ra ehtiyotkor erkakning aqlini ketkizuvchirog‘ini ko‘rmadim» deb javob berdilar.
Ular «Dinimizning va aqlimizning noqisligi nima, ey Rasululloh?» deya so‘rashdi.
U zot «Ayolning guvohligi erkak guvohligining yarmiga teng emasmi?!» deya so‘radilar.
Ular «Teng» deyishdi.
U zot «Mana shu aqlining noqisligidandir. Ayol hayz ko‘rganda, namoz o‘qiy olmay, ro‘za tuta olmay qolmasmidi?!» dedilar.
Ular «Shunday» deyishdi.
U zot «Mana shu dinining noqisligidandir» dedilar».
*****
Kim uni, ya’ni namozni muhofaza qilsa, namoz u uchun nur, burhon (hujjat) va do‘zaxdan najot bo‘ladi.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu
*****
Ushbu to‘rt narsa biz uchun yaxshiroq va boqiyroqdir:
“Xovatir roqiya jurnali”
*****
Allohning taqsimiga rozi bo‘ling! Xuddi hamma narsasi bor kishi kabi bo‘ling! Allohning siz uchun yozib qo‘ygani siz xohlagan narsalardan yaxshiroq, latifroqdir.
“Xovatir roqiya jurnali”
*****
Dunyo uch kun...
Shunday ekan, insonlarni kechir, xalqni Xoliqqa qo‘yib ber. Men ham, sen ham, ular ham, barchamiz ketuvchimiz. Qalbingning tub-tubidan senga yomonlik qilganni kechir!
“Xovatir roqiya jurnali”
*****
Yer yuzida Islom dinini ilk qabul qilgan insonning ayol kishi bo‘lgani ayollarning faxrlanishlari uchun yetarlidir.
Bu ayol biz mo‘minlarning onasi Xadiyja roziyallohu anhodir.
*****
Agar 30 dollarlik soat taqsang yoki 3000 dollarlik soat taqsang ham, baribir, bir xil vaqtni ko‘rsatadi.
Agar 30 dollarlik sumkaga ega bo‘lsang yoki 300 dollarlik sumkaga ega bo‘lsang ham, baribir, ichidagi narsa o‘zgarmaydi.
Agar 300 metrlik uyda yashasang yoki 3000 metrlik uyda yashasang ham, baribir, yolg‘izlikni his qilish bir xil bo‘ladi.
Oxir-oqibat avtobusning oldi o‘rindig‘iga o‘tirsam ham yoki orqa o‘rindig‘iga o‘tirsam ham, baribir, manzilimga bir vaqtda yetib borishimni tushunib yetdim.
Farzandlarimizga boy bo‘lishlarini emas, balki, qanday qilib baxtli bo‘lishlarini o‘rgataylik. Ana o‘shanda ular katta bo‘lganlarida, narsalarning narxiga emas, qiymatiga, qadriga nazar soladigan bo‘ladilar.
Qalbimizni foniy dunyoga emas, balki, abadiy Oxirat va Jannatga bog‘laylik!
*****
Tirikning yolg‘izligi — uning yonida biror kishi bo‘lmasligidir. O‘likning yolg‘izligi — uning uchun biror kishi duo qilmasligidir.
*****
Ibn Umar roziyallohu anhumo shunday deganlar:
«Albatta, men tashqariga, insonlarga salom berishim va ular menga salom berishlari uchun chiqaman».
*****
Atrofimizdagi shaxslarning haqiqatini faqat Alloh biladi. Shuning uchun doimo:
“Ey Alloh, menga yaxshilikni ravo ko‘radigan kishiga meni ro‘para qil va uni menga ro‘para qil! Menga yomonlikni ravo ko‘radigan kishidan meni burib yubor va uni mendan burib yubor!” deb ayting.
“Xovatir roqiya jurnali”
*****
«QALBLAR HALOL LUQMA YEYISH SABABLI YUMSHAYDI».
Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahulloh
*****
Agar ayol o‘qib-o‘rgansa, turmushga chiqsa, yaxshi ko‘rsa, ixlosli bo‘lsa, homilador bo‘lsa, farzandni dunyoga keltirsa, emizsa, tarbiya qilsa, ishlasa, bezovtalik va qo‘rquvga bardosh bersa, oxirida bularning hammasini noqis aql bilan qilgan bo‘lsa!
Agar aqli noqis bo‘lmaganda qanday bo‘lardi?!!
“Xovatir roqiya jurnali”
*****
30 yoshlarida musulmon bo‘ldilar. 36 yoshlarida vafot etdilar. 6 yil...
Ey Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhu! Vafotingiz sababli Rahmonning Arshi titrashi uchun o‘sha 6 yil mobaynida nima amal qildingiz?!!
*****
- Menga jannatning ne’matlarini vasf qilib ber, deya so‘radi.
- U yerda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam borlar, dedi.
“Xovatir roqiya jurnali”
*****
Sog‘lom holingda chirigan bo‘yra ustida uxlashing bemor holingda oltin karovat ustiga yotqizib qo‘yilishingdan yaxshidir.
«Alkalimut toyyib»
*****
Tildan ko‘ra qamoqda uzoqroq saqlashga loyiq hech narsa yo‘q.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu
*****
Qancha ko‘p gapirsang, shuncha ko‘p xato qilaverasan. Ammo Allohni qancha ko‘p zikr qilsang, gunohlaring ham shuncha ko‘p o‘chirilaveradi.
Tarjima qilindi
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
Odatda har yili 31-dekabr sanasida shomdan keyin boshlangan paqildoq va salyutlar tovushi soat o'n ikkiga yaqin avjiga chiqib, tonggacha davom etadi. Ba‘zi insonlarning xursandchilik qilaman, degan niyatda solayotgan shovqinlari hammaga ham yoqmaydi.
Hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Bu ovozu shovqinlar qanchalab xonadonlarning tinchini buzar ekanaa?!. Ba'zi uylarda qon bosimi baland bo‘lgan qariyalar, og'riqdan ko'ngliga qil ham sig‘mayotgan bemorlar, kunu tun betob bo‘lib yotgan farzandining tepasida mijja qoqmay chiqayotgan onalar, shovqindan qo'rqib tinmay yig‘layotgan go‘daklar tong otishi, shovqin-suronlar to‘xtashiga intizor bo‘ladilar. Kishilar tinchini buzayotganlarni uyida ham yuqoridaga aytgan holatlar bo'lganda shu ishni qilisharmidi?
Dinimizda boshqalarga tili va qo‘li bilan ozor yetkazishdan qaytarilgan. Islomda insonlarni qo'rqitish zulm hisoblanadi. Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Musulmon musulmonni qo'rqitishi halol bo‘lmaydi", deya marhamat qilganlar.
Yangi yil arafasida paqildoq va salyutlar narxi qancha qimmat bo'lishi hammamizga ma‘lum. Mana shu narsalarga pullarini isrof qilib, uni havoga uchirmay, ehson qilinsa, qanday ham yaxshi amal bo‘lardi.
Bularni nega yozayapmiz?! Iltimos, o'zingizning ozgina xursandchiligingizni, deb boshqalarga ozor bermang, bizni o‘z uyimizda tinch yashashga qo‘ying, o'zgalarga ozor berishni bas qiling!"
Joziba Jamol qizi,
Xadichai Kubro ayol-qizlar islom ta‘lim muassasasi o'qituvchisi