Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyul, 2025   |   29 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:11
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:52
Xufton
21:21
Bismillah
24 Iyul, 2025, 29 Muharram, 1447

09.11.2018 y. Hayo – imondan

02.11.2018   7285   25 min.
09.11.2018 y. Hayo – imondan

بسم الله الرحمن الرحيم

HAYO – IMONDAN

الحَمْدُ للهِ الذِي جَعَلَ العِفَّةَ وَالحَيَاءَ صِفَةَ الأَتْقِيَاءِ وَالْمُرْسَلِينَ، وَسِمَةَ الأَصفِيَاءِ المُكْرَمِينَ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الذِي وَعَدَ المُتَعَفِّفَ أَنْ يَكُونَ فِي كَنَفِ اللهِ وَحِمَايَتِهِ، وعَدَّ الحَيَاءَ شُعْبَةً مِنْ شُعَبِ الإِيمَانِ وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ

Muhtaram jamoat! Ma’lumki, Alloh taolo tomonidan insonga berilgan eng buyuk va qimmatli narsa imon ne’matidir. Har bir mo‘min-musulmon inson bu ne’matni umrining oxirigacha  salomat saqlab, eson-omon bu foniy dunyodan o‘tib olishi eng katta baxt hisoblanadi. Shunday ekan, har bir inson doimo imoni baquvvat bo‘lishi uchun sabab bo‘ladigan barcha xayrli amallarda bardavom bo‘lishi kerak bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam imonni quvvatli bo‘lishiga sabab bo‘ladigan omillar haqida to‘xtalib shunday marhamat qilganlar:  

الْإِيمَانُ بِضْعٌ وَسَبْعُونَ شُعْبَةً، فَأَفْضَلُهَا قَوْلُ لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ، وَأَدْنَاهَا إِمَاطَةُ الْأَذَى عَنِ الطَّرِيقِ، وَالْحَيَاءُ شُعْبَةٌ مِنَ الْإِيمَانِ

(رَوَاهُ الْإِمَامُ مُسْلِمٌ)

ya’ni: “Imon yetmishdan ortiq bo‘laklardan iboratdir. Uning eng afzali “La ilaha illalloh” kalimasi bo‘lsa, eng past darajasi yo‘ldagi aziyat yetkazadigan narsani olib tashlashdir. Hayo ham  imondan bir bo‘lakdir” (Imom Muslim rivoyati).

         Demak, hayo imondan bir bo‘lak bo‘lib, u imonni sayqal topishida muhim o‘rin tutadi. Qaysi bir kishining hayosi kuchli bo‘lsa, demak, uning imoni ham kuchli bo‘ladi. Muqaddas Islom dinimizda har bir mo‘min-musulmonni hayoli bo‘lishiga targ‘ib qilingan. Chunki, hayo dinimizning xulqi hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

إِنَّ لِكُلِّ دِينٍ خُلُقًا، وَخُلُقُ الْإِسْلَامِ الْحَيَاءُ

(رَوَاهُ الْإِمَامُ ابْنُ مَاجَةُ)

ya’ni: Albatta, har bir dinning (o‘ziga xos) xulqi bo‘ladi. Islomning xulqi esa hayodir (Imom Ibn Moja rivoyati).

Demak, Islom dinida ekanmizmi, albatta dinimiz xulqi bilan xulqlanishimiz zarur bo‘ladi.  Hayo sababli inson o‘zini ko‘p gunoh va xatolardan saqlaydi, behuda ishlardan tiyiladi. Insonda hayo kamayishi bilan imoni ham zaiflashib ketadi. Bu haqda hadisda shunday keltiriladi:

"إِنَّ الْحَيَاءَ وَالْإِيمَانَ قُرَنَاءُ جَمِيعًا، فَإِذَا رُفِعَ أَحَدُهُمَا رُفِعَ الْآخَرُ"

(رَوَاهُ الْإِمَامُ الْحَاكِمُ)

ya’ni: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Albatta hayo va imon bir biriga chambarchas bog‘liqdir. Biri ko‘tarilsa (ketsa), ikkinchisi ham ko‘tarilib ketadi” (Imom Hokim rivoyati).

Shuni unutmaslik kerakki, insonparvarlik, taqvodorlik, rahmdillik va barcha eng yuqori insoniy fazilatlar hayo orqali amalga oshadi. Bunga Oisha onamizning quyidagi so‘zlari yaqqol dalildir: "Go‘zal xulqlar o‘ntadir: rostgo‘ylik, xushmuomalalik, omonatdorlik, silai rahm, xizmatga yarasha haq berish, hammaga yaxshilik qilish, qo‘shnilar haqqiga muhofaza qilish, do‘stning haqqiga rioya qilish va mehmonni e’zozlash. Barchasining boshi esa hayodir".

Imom Abulhasan Movardiy rahmatullohi alayh hayo uch qismga bo‘linadi deganlar:

Birinchisi Allohdan hayo qilishdir. U Alloh taoloning barcha amr va farmonlariga itoat qilish va qaytargan narsalaridan o‘zini tiyishdir.

Ikkinchisi odamlardan hayo qilishdir. U odamlar bilan chiroyli muomala qilib, til va qo‘l orqali yetadigan ozorlar bilan ularni ranjitmaslikdir.

Uchinchisi kishi o‘zidan hayo qilishdir. U hech kim ko‘rmaydigan joyda o‘zini nojo‘ya va noo‘rin harakatlardan saqlashidir.

Hayoli inson gapirar ekan, og‘zidan yomon so‘zlar chiqib ketishidan, boshqalarning sirini oshkor qilishdan o‘zini tiyadi. Hayosizlikda o‘zgalarning insoniy haqlarini poymol qilish bor. Hayo o‘z egasini jannatga kirishiga sabab bo‘ladi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

اَلْحَيَاءُ مِنَ الْإِيمَانِ وَالْإِيمَانُ فِي الْجَنَّةِ وَالْبَذَاءُ مِنَ الْجَفَاءِ وَالْجَفَاءُ فِي النَّارِ

(رَوَاهُ الْإِمَامُ أَحْمَدُ وَالْإِمَامُ ابْنُ حِبَّانَ)

ya’ni: “Hayo – imondandir, imonning joyi esa – jannatdir. Behayolik esa – jafodandir, jafoning joyi – do‘zaxdadir” (Imom Ahmad va Imom Ibn Moja rivoyati).

Hayo bobida gapirar ekanmiz, beixtiyor janob Rasulullohning hayolari haqidagi Abu Said Xudriy raziyallohu anhuning so‘zlari yodimizga tushadi:

كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَشَدَّ حَيَاءً مِنْ الْعَذْرَاءِ فِي خِدْرِهَا وَإِذَا كَرِهَ شَيْئًا عُرِفَ فِي وَجْهِهِ

(َروَاهُ الْإِمَامُ الْبُخَارِيُّ)

 ya’ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hayo bobida chimildiqdagi kelindan ham o‘tar edilar. Agar biror narsani yoqtirmasalar, yuzlaridan (yoqtirmaganlik alomatlari) bilinar edi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisi sharifdan ma’lum bo‘ldiki, imon qanchalik kuchli bo‘lsa hayo ham shunchalik kuchli bo‘ladi. Chunki Payg‘ambarimizning imonlari eng kuchli ekanida hech shak-shubhamiz yo‘qdir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam sahobai kiromlarga qanday hayo qilishni o‘rgatganlar. Bu haqda quyidagi hadisda shunday deyiladi:

اسْتَحْيُوا مِنَ اللَّهِ حَقَّ الْحَيَاءِ قَالُوا: إِنَّا لَنَسْتَحْيِي مِنَ اللَّهِ يَا رَسُولَ اللَّهِ وَالْحَمْدُ لِلَّهِ، قَالَ: لَيْسَ ذَاكَ، وَلَكِنْ مَنِ اسْتَحْيَا مِنَ اللَّهِ حَقَّ الْحَيَاءِ فَلْيَحْفَظِ الرَّأْسَ وَمَا وَعَى، وَلْيَحْفَظِ الْبَطْنَ وَمَا حَوَى، وَلْيَذْكُرِ الْمَوْتَ وَالْبَلاءَ، وَمَنْ أَرَادَ الآخِرَةَ تَرَكَ زِينَةَ الْحَيَاةِ الدُّنْيَا، فَمَنْ فَعَلَ ذَلِكَ فَقَدِ اسْتَحْيَا مِنَ اللَّهِ حَقَّ الْحَيَاءِ

(رواه الإمام البيهقي)

ya’ni: “Allohdan chinakam hayo qilinglar”, – dedilar.  Ular: “Yo Rasululloh, biz hayo qilamiz, alhamdulillah”, – deyishdi. Shunda u zot: “Yo‘q, u (namoz o‘qish, ro‘za tutish, hajga borish kabi amallaringiz) haqiqiy hayo emas. Haqiqiy hayo – bosh va undagi (ko‘z, qo‘loq, burun, og‘iz, til kabi) barcha a’zoni (Alloh qaytargan narsalardan) saqlash, qorin va undagi (ozuqa, farj singari) barcha a’zoni (haromdan) tiyish hamda o‘limni va undan keyingi chirish (azob-uqubat)ni eslashdir. Kim oxiratni xohlasa, haddan ziyoda dunyoga hirs qo‘ymasin. Kimki bularga amal qilsa, Allohdan haqiqiy hayo qilibdi”, – dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Demak, ko‘zini nomahramlarga qarashdan, qulog‘ini nomaqul gap-so‘zlarni eshitishdan, tilini g‘iybat, yolg‘on, bo‘htonlardan, qornini man qilingan narsalarni iste’mol qilishdan, boshqa a’zolarini esa haromdan tiygan va o‘limni eslab yurgan kishigina haqiqiy hayo qilgan hisoblanadi. Hayo bobidagi quyidagi hadisi sharifni ulamolarimiz Islomning madori ya’ni, Islomning asosiy ta’limotlarini o‘z ichiga olgan hadislar sarasiga kiritganlar. Nabiy sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:

"إِنَّ مِمَّا أَدْرَكَ النَّاسَ مِنْ كَلَامِ النُّبُوَّةِ الْأُولَى: إِذَا لَمْ تَسْتَحْيِ، فَاصْنَعْ مَا شِئْتَ"

(رَوَاهُ الإمام الْبُخَارِيُّ)

ya’ni: ““Hayo qilmasang, xohlaganingni qilaver”, (degan gap) odamlarga yetgan birinchi nubuvvat so‘zlaridandir” (Buxoriy rivoyat qilgan). Hadisdagi “Hayo qilmasang, xohlaganingni qilaver” deganlarini ulamolar quyidagicha sharh qilganlar: bu jumla ogohlantirish ma’nosida bo‘lib: “Agar hayo qilmasang, bilganingni qil, qilmishingga yarasha jazo olasan” degan ma’noda aytilgan. “Nimani istasang, shuni qilaver” ma’nosida emas. Fuzayl ibn Iyoz rahmatullohi alayh: “Baxtsizlikning nishonasi quyidagi narsalarda ko‘rinadi deganlar:  besharm va behayo bo‘lish, ko‘ngli qattiq va dag‘al bo‘lish, molu dunyoga haddan ortiq mukkasidan ketish”, – der edi.

Muhtaram jamoat! Afsuski, ba’zi bir ota-onalar farzandlarini ta’lim-tarbiyasi, odob-axloqi va sharm-hayosiga beparvo bo‘lmoqdalar. Natijada, ayrim yoshlarimiz g‘arb madaniyatiga taqlid qilib, hayo chegarasidan chiqib ketmoqda, ularning og‘zidan chiqayotgan so‘zlarga o‘zlari uyalmasalar-da, atrofdagilar noqulay ahvolga tushib qolmoqda. Zero, Alloh taolo fahshni ham, fahsh so‘zni so‘zlovchini ham sevmaydi.  Oyati karimada shunday deyiladi:

قُلْ إِنَّمَا حَرَّمَ رَبِّيَ الْفَوَاحِشَ مَا ظَهَرَ مِنْهَا وَمَا بَطَنَ وَالْإِثْمَ وَالْبَغْيَ بِغَيْرِ الْحَقِّ وَأَنْ تُشْرِكُوا بِاللَّهِ مَا لَمْ يُنَزِّلْ بِهِ سُلْطَانًا وَأَنْ تَقُولُوا عَلَى اللَّهِ مَا لَا تَعْلَمُونَ

ya’ni: “Ayting: «Rabbim, albatta, fahsh ishlarning oshkorayu pinhonasini, gunoh (ishlar)ni, nohaq tajovuzkorlikni va Alloh hech qanday hujjat tushirmagan narsa(lar)ni Unga sherik qilishingizni hamda Allohning sha’niga o‘zingiz bilmagan narsalarni gapirishingizni harom qildi” (A’rof surasi, 33-oyat).

Ibn Arafa: “Har bir Alloh qaytargan ish – fahshdir”, – deganlar.

Biz farzandlarimizni zamon bilan hamnafas qilib tarbiyalash bilan birga, shu kunimizda keng tarqalgan, behayolikni targ‘ib qiladigan vositalar va yo‘llardan himoya qilishimiz kerak. Sir emas, ayrim yoshlarimiz telefon apparatlari va boshqa vositalarda pornografik mahsulot (rasm, video, kino)larni saqlashmoqda va bu ham yetmagandek boshqalarga tarqatishmoqda. Bu narsa davrimizda yoshlarni o‘z domiga tortuvchi katta baloga aylanib ulgurdi. Xo‘sh, bunga qarshi kurashga kim mas’ul? Bizningcha, har bir oila, har bir ota-ona farzandlariga, ularning fahsh narsalarni saqlashi mumkin bo‘lgan asbob vositalariga e’tibor qaratib, vaqti-vaqti bilan nazorat qilib turishlari va foydali mashg‘ulotlar bilan band qilish lozim. Aksariyat noxushliklar, jinoyatlar bekorchilikdan kelib chiqadi. Ayniqsa, ularni turli fan va sport to‘garaklariga  jalb qilish foydali bo‘ladi.

Yigit-qizlarning kiyinish madaniyati ham milliy qadriyatlarimizga to‘g‘ri kelmay qolmoqda. Bu holat millatimizning madaniyati, milliyligi yo‘qolib borishiga sabab bo‘layotgan omillardandir. Yoshlarni bunday ahvolga solayotgan narsa nima bo‘lishi mumkin? – deb o‘ylaymiz. Bunga sabab oiladagi muhit. Xalqimizda bir gap bor: “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”. Haqiqatdan ham, farzandlar eng ko‘p ma’lumotni ota-onasidan yig‘adi, ota-ona behayo so‘zlarni gapirsa, urush-janjal qilsa, farzandlar ulardan o‘rganadi. Oiladagi muhit nosog‘lom bo‘lsa, farzandga katta ta’sir ko‘rsatadi. Yarim kechasi bola ko‘chadan kirib keladi, bunga ota-ona befarq qaraydi. Ayniqsa, qiz bolalarda bunday holatning kuzatilishi – juda og‘ir masala. Bunday holatlar behayolikka, og‘ir oqibatlarga olib borishini nahotki o‘ylashmaydi?! Ota-ona “Qayerdan kelding?”, “Kim bilan eding?”, “Nega kech kelding?” kabi savollarni bermasa, ularga kim tarbiya beradi?! Xullas, “hayo” deganda, har bir holatda Alloh taoloni ko‘rib turganini his qilib yashash, gunohlardan o‘zini tiyish bilan namoyon bo‘ladi. Shu ruhda tarbiyalangan inson birovga, garchi u bilmasa-da, ko‘rmasa-da, xiyonat etmaydi, obro‘sini to‘kmaydi, zulm qilmaydi, haqini toptamaydi. Ichi bilan tashi bir bo‘ladi. Birov bor paytda – boshqacha, yo‘g‘ida esa boshqacha muomala qilmaydi va hokazo.

Alloh taolo barchamizni imonda, Islomda sobitqadam qilib, haqiqiy hayo bilan ziynatlasin! Omin!

ILOVA

Hurmatli imom-domla! 20.08.2018 kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi raisi, muftiy Usmonxon Alimov tomonidan tasdiqlangan “O‘zini-o‘zi turli yo‘llar bilan qasddan  o‘ldirishning og‘ir gunohligi  haqida fatvo” bilan tanishib chiqib, uni jamoatga yetkazishingiz so‘raladi. Fatvo matni ilova qilinadi.

Muhtaram imom-domla! Masjidlarda namoz vaqtiga qat’iy rioya etib, xususan, juma namozini belgilangan vaqtdan o‘tkazmagan holda ado etishingiz va juma ish kuni bo‘lgani uchun namozxonlarni ko‘p ushlanib qolishlariga yo‘l qo‘ymasligingiz tavsiya etiladi!

 I L O V A

O‘ZINI-O‘ZI TURLI YO‘LLAR BILAN QASDDAN  O‘LDIRISHNING OG‘IR GUNOHLIGI  HAQIDA

 FATVO

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ رَبِّ الْعَالَمِينَ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ مُحَمَّدٍ وَعَلَى اَلِهِ وَاَصْحَابِهِ اَجْمَعِينَ. اَمَّا بَعْدُ

Inson doimo o‘ziga berilgan barcha ilohiy ne’matlarga shukr qilib, hayotda duch keladigan har qanday musibat va qiyinchiliklarga sabr qilishi va Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lib yashashi lozim bo‘ladi. Turli shaytoniy vasvasa, tushkunlik va umidsizlikka berilmay, Inson degan ulug‘ nomga muvofiq ish tutish chin mo‘min-musulmonga xos ishdir. Zero, Alloh taolo bu dunyoni imtihon dunyosi qilib, unda bandalarini turli xil yo‘llar bilan sinashini ma’lum qilgan. Qur’oni karimda bu haqda shunday degan:

وَلَنَبْلُوَنَّكُمْ بِشَيْءٍ مِنَ الْخَوْفِ وَالْجُوعِ وَنَقْصٍ مِنَ الْأَمْوَالِ وَالْأَنْفُسِ وَالثَّمَرَاتِ وَبَشِّرِ الصَّابِرِينَ الَّذِينَ إِذَا أَصَابَتْهُمْ مُصِيبَةٌ قَالُوا إِنَّا لِلَّهِ وَإِنَّا إِلَيْهِ رَاجِعُونَ

ya’ni: Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)! Ularga musibat yetganda: “Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz”, – deydilar” (Baqara surasi, 155-oyat).

Inson o‘zi kutmagan musibatli holatlarga duch kelganda albatta, bu musibatdan qutulish choralarini qidiradi. Ba’zan imon-e’tiqodning sustligi, sabr-toqatning ozligi sababli, shayton vasvasasi g‘olib kelishi oqibatida boshiga tushgan musibat yoki qandaydir og‘ir sharoitda qolgan kishi turli xildagi noxush ishlarga qo‘l urib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun, Alloh taolo musibatlarni yengishda sabr-qanoatga suyanish, Uning taqdiriga rozi bo‘lish eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini bayon etmoqda.

Afsuslar bo‘lsinki, keyingi vaqtlarda ayrim kishilar, ayniqsa, xotin-qizlar bilib-bilmay o‘zlarining jonlariga qasd qilish orqali, Alloh taolo ato etgan hayot nurini bevaqt so‘ndirishga, ikki dunyoda abadiy la’natga va do‘zax azobiga duchor bo‘lishga sabab bo‘ladigan og‘ir gunohga qo‘l urmoqdalar. Inson o‘ziga omonat qilib berilgan jonni o‘z qo‘li bilan halokatga tashlashi, ya’ni o‘z joniga qasd qilishi nafaqat musibatdan qutulishning eng noto‘g‘ri  yo‘li, balki undanda kattaroq musibatga o‘zini mubtalo qilish demakdir. Chunki, o‘z joniga qasd qilish Alloh taoloning unga ato etgan ne’matlariga, xossatan, berilgan umr – holi hayotga noshukurlik hamda Odilu Hakim zotning belgilab qo‘ygan taqdiriga nisbatan ulkan isyondir.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadislarda o‘z joniga qasd qilishning ayanchli oqibatlari aniq bayon etiladi. Sobit ibn Zahhokdan rivot qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

عَنْ ثَابِتِ بْنِ الضَّحَاكِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَنْ قَتَلَ نَفْسَهُ بِشَيْءٍ فِي الدُّنيَا عُذِّبَ بِهِ يَومَ القِيَامَةِ.

ya’ni: “Kim bu dunyoda o‘zini biror narsa bilan o‘ldirsa, qiyomatda ham unga o‘sha narsa bilan azob beriladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

O‘z joniga qasd qilishning og‘ir gunoh ekanligi, unga tayinlangan jazodan ham ma’lumdir. “Sahihi Buxoriy” va “Sahihi Muslim”  kitoblarida keltirilishicha:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَنْ تحَسَّى سَمًّا فَقَتَلَ نَفْسَهُ فَسَمُّهُ فِيِ يَدِهِ يَتَحَسَّاهُ فِيِ نَارِ جَهَنَّمَ خَالِدًا مُخَلَّدًا فيِهَا أَبَدًا وَمَنْ قَتَلَ نَفْسَهُ بِحَدِيْدَةٍ فَحَدِيدَتُهُ فِي يَدِهِ يَطْعَنُ بِهَا فِي بَطْنِهِ فِي نَارِ جَهَنَّمَ خَالِدًا مُخَلَّدًا فِيهَا أَبَدًا وَمَنْ تَرَدَّى مِنْ جَبَلٍ فَقَتَلَ نَفْسَهُ فَهُوَ يَتَرَدَّى فِي نَارِ جَهَنَّمَ خَالِدًا مُخَلَّدًا فِيهَا أَبَدًا وَالَّذِى يَتَقَحَّمُ فِيهَا يَتَقَحَّمُ فِي النَّارِ وَالَّذِي يَخْنُقُ نَفْسَهُ يَخْنُقُهَا فِي النَّارِ

ya’ni: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytadilar:“Kim zahar ichib o‘zini o‘ldirsa, qiyomat kunida o‘sha zahari qo‘lida, uni ichgan holda jahannam olovida abadiy qoladi. Kim o‘zini temir parchasi bilan o‘ldirsa, o‘sha temir parchasini qorniga suqqan holida jahannam o‘tida abadiy qoladi. Kim tog‘ tepasidan tashlab o‘zini-o‘zi o‘ldirsa, jahannamda ham shu xil azobga giriftor bo‘ladi. O‘zini biror narsaga urib o‘ldirgan kimsa, do‘zaxga  o‘zini urib azoblaydi. O‘zini o‘zi bo‘g‘ib o‘ldirgan kimsa, jahannamda ham o‘zini bo‘g‘ib azoblaydi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Boshqa hadisda Rasuli akram sallallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:

 عَنْ جُندُبِ بْنِ سُفيَانَ رَضِيَ اللهُ عَنهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَليْهِ وَسَلَّمَ: "خَرَجَ بِرَجُلٍ فِيمَنْ كَانَ قَبْلَكُمْ خَرَاجٌ فَلَمَّا آذَاهُ اِنْتَزَعَ سَهْمًا مِنْ كِنَانَتِهِ فَنَكَّأَهُ فَلَمْ يَرقَأِ الدَّمُ حَتَّى مَاتَ

فَقَالَ اللهُ تَعَالَى: "بَادَرَنِي ابْنُ آدَمَ بنَفْسِهِ فَقَتَلَهَا، فَقَدْ حَرَّمْتُ عَلَيْهِ الجَنَّةَ"

(رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ)

ya’ni: Jundub ibn Sufyon raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytadilar: “Sizlardan oldingi ummatdan bo‘lgan bir kishining badaniga toshma toshgan edi. Toshma unga ozor beravergach kamon o‘qini qinidan olib, yarani tirnay boshladi. Undan chiqqan qon to‘xtamay oqibatda u kishi o‘ldi. Shunda Alloh taolo: “Bandam shoshib o‘zini o‘ldirdi. Shuning uchun jannatni unga harom qildim”, – dedi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Dinimizda nafaqat o‘zini qasddan o‘ldirish, balki ehtiyotsizlik tufayli hayotiga zomin bo‘lish ham qattiq qoralanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan quyidagi hadis vorid bo‘lgan:

عَنْ عَلِيِّ بْنِ شَيْبَانَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ بَاتَ فَوْقَ بَيْتٍ لَيْسَ حَوْلَهُ شَيْءٌ يَرُدُّ  قَدَمَيْهِ  فَوَقَعَ فَمَاتَ فَقَدْ بَرِئَتْ مِنْهُ الذِّمَّةُ   وَمَنْ رَكِبَ الْبَحْرَ بَعْدَمَا يَرْتَجُّ  فَمَاتَ فَقَدْ بَرِئَتْ مِنْهُ الذِّمَّةُ 

(رَوَاهُ الْحَاكِمُ)

ya’ni: Ali ibn Shaybon raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar: Kim  uyning atrofi o‘ralmagan tomi ustida tunasa va undan tushib ketib o‘lsa, unga hech kim javobgar emas, kim dengizga mavjlanib turgan vaqtda chiqsa va cho‘kib o‘lsa, unga hech kim javobgar emas” (Imom Hokim rivoyati). Shunga o‘xshash, avtoulovning tezligini haddan oshirib haydash, yoki tamaki va giyohvandlik moddalarini iste’mol qilishga mukkasidan ketish oqibatida inson o‘z hayotiga zomin bo‘lishi ham o‘z joniga qasd qilgan bilan barobardir. Shunday ekan, inson hayotiga xavf tug‘diradigan har qanday holatlardan o‘zini saqlashi lozim bo‘ladi.

Inson qilgan gunohlariga sidqidildan tavba qilsa, Alloh taolo uni mag‘firat qiladi. Ammo, insonning o‘z joniga qasd qilish holatida, agar uning bu xatti-harakati amalga oshsa, unga bu gunohdan tavba qilishning imkoni bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘z joniga qasd qilish insonga nisbatan shayton vasvasasining eng avj nuqtasi va shaytonning bir inson ustidan g‘alabasi hisoblanadi. Bu dardga aksar holda yoshlarning mubtalo bo‘layotganini alohida e’tirof etish lozim. Xo‘sh, undan qanday saqlanmoq kerak?

Mazkur illatni keltirib chiqaruvchi eng asosiy omillardan biri yoshlarimizning hayot haqidagi tushunchasining sayozligi, hayotni yengil-yelpi filmlar orqali tasavvur qilishi, shuningdek, milliy qadriyatlarimiz hamda Islom dini ta’limotlaridan yiroqlashib ketishi buning bosh sabablaridan biri hisoblanadi. Chunki, milliy qadriyatlarimiz zamirida va Islom dini ta’limotlarida, xususan, Qur’oni karim va hadisi shariflarning bir necha o‘rinlarida jon egasining o‘z joniga qasd qilishidan qat’iy qaytarilgan. Aksincha, Alloh taolo omonat qilib bergan hayot ne’matini, umrimiz yillarini chiroyli solih amallar va savobli ishlar bilan o‘tkazishga, kundalik hayotiy qiyinchilik va muammolarni aql-zakovat bilan hal etishga harakat qilish va Alloh taoloning rahmatidan doimo umidvorlik bilan yashashga intilish haqiqiy imonli insonning barkamol fazilati bo‘lib hisoblanadi.

Asosiy muammolarimizdan biri ruhiy tushkunlikka berilayotgan bunday toifa insonlarga yaqinlari tomonidan o‘z vaqtida e’tibor berilmasligi, beparvolik, uni qiynayotgan, javobini topa olmayotgan masala yechimini hal qilib berilmasligidir. Shuning uchun barchamiz bir-birimizga nisbatan mas’ul ekanligimizni unutmaylik. O‘zaro e’tiborli, mehr-oqibatli bo‘laylik.

Alloh taologa shukrki, biz – musulmonlar inson uchun hamma hayot sharoitlari to‘liq muhayyo qilingan farovon jamiyatda yashamoqdamiz. Birov-birovni haq-huquqini kamsita olmaydi. Bunday adolatli jamiyatda yashash ayni saodatdir. Binobarin, bizning Vatanimizda o‘zini-o‘zi o‘ldirishga hech qanday sabab yo‘q.

Har bir inson, xoh erkak va xoh ayol bo‘lsin, ushbu haqiqatni yaxshi tushunib olishi va shunday to‘kin, tinch va farovon zamonda hamda adolat  ustivor bir jamiyatda yashayotgani uchun Alloh taologa shukr qilishi lozim. Har qanday ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni sabru qanoat va husni tadbir bilan hal qilsa bo‘ladi. Ammo besabrlik ila noshukrlik qilinsa, oqibati xayrli bo‘lmaydi. Hadislarda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o‘zini o‘ldirgan odamga janoza namozi o‘qimaganliklari aytilgan.

عَنْ جَابِرِ بْنِ سَمُرَةَ أَنَّ رَجُلًا قَتَلَ نَفْسَهُ فَلَمْ يُصَلِّ عَلَيْهِ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ

ya’ni: Jobir bin Samuradan rivoyat qilinadi, bir kishi o‘zini o‘ldirib qo‘ydi, Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam unga janoza namozi o‘qimadilar (Imom Termiziy rivoyati). Imom Nasaiyning rivoyatlarida Rasululloh sallalohu alayhi vasallam:

أَمَّا أَنَا فَلَا أُصَلِّي عَلَيْهِ

 ya’ni: “Men unga janoza namozi o‘qimayman”, – deganlar.

Shunga ko‘ra ba’zi ulamolar, o‘zini o‘zi o‘ldirgan kishiga imom janoza namozi o‘qimaydi, balki, mayyitning yaqinlaridan biri o‘qiydi, deganlar. Buning sababi, odamlar o‘z joniga qasd qilishning oqibati yomon bo‘lishi, hatto unga katta jamoat bo‘lib, imom boshchiligida namoz o‘qilmasligini bilsinlar va bunday gunohi azimga qo‘l urishdan qo‘rqsinlar, degan ma’no bor.   

Ruhiy kasalliklar tufayli o‘z joniga qasd qilganlar bundan mustasno. Zero, aql-hushi joyida bo‘lganlargina mukallaf hisoblanadilar. Ya’ni, shariat ko‘rsatmalarini bajarishga va taqiqlaridan saqlanishga buyurilgan bo‘ladilar. Ammo, ruhiy kasalligi bor kishi o‘zining hech qanday tasarrufidan mas’ul bo‘lmaydi.

Qur’oni karim va Payg‘ambarimiz hadislariga amal qilgan holda va mazkur dalillar asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi yurtimizdagi barcha musulmonlarga murojaat qilib, o‘zini-o‘zi o‘ldirish kabi noshar’iy holatlarga qarshi keskin choralar ko‘rishga chaqiradi. Insonlar shunday holatlarga duch kelgan taqdirda uni bartaraf etishning chora-tadbirlarini ko‘rish barcha imom-xatiblarning eng muhim vazifasi va ham diniy, ham insoniy burchlaridir, deb hisoblaydi.

Barcha imom-xatiblar inson o‘zini-o‘zi o‘ldirishni yoki o‘ziga o‘t qo‘yishi katta gunoh ekanligini musulmonlarga oyat va hadislar bilan isbotlab tushuntirishlari lozim. Bunday noshar’iy ishlar Alloh taoloning bandalariga bergan hayot ne’matiga noshukrlik ekanini batafsil anglatib  borishlari zarurdir.

Shu bilan birga imom-xatiblardan o‘zini-o‘zi o‘ldirganlarga janoza namozi o‘qishdan bosh tortishlari, uylariga duoyi fotihaga, ma’raka marosimlariga bormasliklari talab etiladi. Balki, shunday holat yuz berganda janozani mayyitning uyida yaqinlaridan biri o‘qishlarini  tushuntirishlari lozim bo‘ladi. Imom-xatiblar shu yo‘l bilan o‘zini-o‘zi o‘ldirgan shaxslarning gunohi qanchalik og‘ir ekanini xalqqa oshkor qilgan va  musulmonlarni bu mudhish fe’ldan asragan bo‘lishadi.     

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi mazkur dalillar va fatvolarga asoslangan holda barcha imom-xatiblar mazkur fatvoning mazmun va mohiyatini mo‘min-musulmonlarga batafsil tushuntirib berib, barchani ogohlikka, hushyorlikka chaqirishlarini talab qiladi.

Alloh taolo har bir bandasiga ato etgan ne’matlariga shukr qilishga va  sinov uchun yetgan musibatlarga sabr qilishni nasibu ro‘ziy aylasin!

Vallohu a’lam bissavob.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Ulamolar kengashi raisi, muftiy

Usmonxon  ALIMOV     

 28.08.2018 y.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Olim quyoshga o‘xshaydi...

23.07.2025   1385   8 min.
Olim quyoshga o‘xshaydi...

Barchamizga ma’lumki, har bir ota-ona o‘z farzandlarining istiqboli, baxt-saodati va kelajakda mustaqil hayot kechirib, jismoniy va ruhiy jihatdan barkamol avlod bo‘lib yetishishini niyat qiladi. Mana shu maqsadlarga yetishishda Islom dinining tom ma’nodagi ulug‘vor ta’limotiga amal qilish muhim ahamiyatga ega. Islom dinida bolalarni hali murg‘akligidanoq go‘zal axloq va odobga o‘rgatib borish tavsiya etiladi.

Dinimizda yoshlarni asosan rostgo‘ylik, va’daga vafo, omonatdorlik, kattaga hurmat, kichikka izzat, o‘zgalarga mehr-oqibatli bo‘lish kabi fazilatlar sohibi qilib voyaga yetkazishga katta ahamiyat qaratiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida bunday deganlar: “Ota o‘z bolasiga chiroyli odobdan ko‘ra yaxshiroq narsa bera olmaydi” (Imom Termiziy rivoyati).

Tarbiya inson kamolotining asosidir. Bizda farzand tarbiyasi har bir oila uchun asosiy vazifa bo‘lib kelgan. Hozirda ham yoshlar tarbiyasiga, ularning sifatli bilim olishlariga davlatimiz miqyosida katta ahamiyat berilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda shunday ta’kidlagan edilar: “Mening eng katta tashvishim, maqsadim — yoshlar tarbiyasi. Biz olgan marralar uchun bilimli avlod kerak. Buning uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilyapmiz. Sizlar esa vaqtning qadriga yetib, bor imkoniyatni ishga solib, o‘qishingiz kerak. Olgan bilimingiz, o‘rgangan kasb-hunaringiz kelajakda sizlarga qanot bo‘ladi”.

Bugungi kunda davlatimiz tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga, ularni aqlan va ma’nan yetuk avlod bo‘lib yetishishiga katta e’tibor qaratilmoqda.

Islom dini ta’limotida yoshlarni aqlan tarbiya qilish ham muhim masala sanaladi. Bunda ularni manfaatli ilm sohibi qilib tarbiyalash, fikriy va ilmiy jihatdan yetuk inson qilib kamolga yetkazish nazarda tutiladi. Islom dinida ilm deganda diniy ham dunyoviy ilmlar tushuniladi. Diniy ilm insonning ruhiy hayoti, uning e’tiqodiga oid bo‘lib, oxirati uchun zarur bo‘lsa, dunyoviy ilm uning jismoniy hayoti, dunyo obodligi uchun zarurdir.

Islom ta’limotlariga jonu dili bilan amal qilgan ajdodlarimiz, buyuk bobokalonlarimiz ham shariat, ham tariqat va ham ilm-fan sohasida butun dunyoga o‘rnak bo‘lganlar.

Buyuk shoir va mutafakkir Nizomiddin Alisher Navoiy hazratlari yozganidek, “Kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai”.

Inson dunyoda yashar ekan, o‘z hayotini go‘zal o‘tkazishga harakat qiladi. Turmushning farovon bo‘lishi, jamiyatning taraqqiy etishi esa faqat ilm-fan bilan bo‘ladi. Qayerda ilm-fan rivoj topsa, o‘sha yerda tarqqiyot bor. Ilm-fanning rivoji esa ilm egalari – olimlar bilan bo‘ladi.

Islom dini musulmonlarni doimo ilmga undagan. Chunki inson shaxsiyatini ilmdan boshqa hech narsa to‘g‘ri yo‘lga sola olmaydi, taraqqiyotga ham erishtira olmaydi.

«Bilimli inson quyoshga o‘xshaydi, kirgan joyini yoritadi».

Ha, ilm qorong‘uliklarni yorituvchi mash’aladir. Qorong‘ulikda qolgan har bir kishi unga muhtoj. Yuksak pog‘onalarga ilm narvoni bilan chiqiladi. Taraqqiy etishni va kamolot topishni istasak ilmning etagini mahkam ushlaylik.

Shunday ekan, biz musulmonlar o‘z farzandlarimizni bugungi kun talablari asosida tarbiyalashimiz, ularni zamonaviy ilm va kasb-hunarga yo‘naltirishga bor kuchimizni sarflashimiz lozim. Shunda farzandlarimiz xorij mamlakatlariga ishlash uchun “qora ishchi” bo‘lib emas, balki mutaxassis sifatida boradilar.

So‘nggi yillarda Yurtboshimiz tomonlaridan yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlar va chet tiliga o‘rgatish bo‘yicha ilgari surilgan “1000 dasturchi”, “Ikki til, bir kasb” loyihalaridan ham aynan shu ezgu maqsad ko‘zlangan...

Albatta, musulmon inson o‘zga insonlarga avvalo o‘zining yuksak axloqi bilan namuna bo‘lishi kerak. Zero, insonlar xulqi go‘zal kishini yaxshi ko‘radilar. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Islomga chaqirishni boshlaganlarida qarindoshlarini “Ey Bani Fihr, ey Bani Adiy” deb chaqirdilar. Barcha to‘plandi, uyidan chiqishga imkoni bo‘lmagan kishilar nima bo‘layotganini bilib kelish uchun odam jo‘natdilar. Rasululloh alayhissalotu vasallam: “Agar men sizlarga mana bu tog‘ etagidagi vodiyda otliqlar ustingizga bostirib kelishga tayyor turibdi, deb xabar bersam, menga ishonasizlarmi?”, dedilar. Ular: “Sizning biror marta yolg‘on gapirganingizni bilmaymiz, Sizga ishonamiz”, deyishdi. Shundan keyin u zot o‘zlarini Payg‘ambar qilib yuborilganlarini aytdilar.

Bu o‘rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg‘ambar ekanlarini turli hujjat va mo‘jizalar orqali isbotlash bilan e’lon qilmadilar. Balki, eng avvalo ularga o‘zlarining axloqlari haqida savol berib, o‘zlarining rostgo‘y ekanliklarini tasdiqlatib oldilar. Bundan ko‘rinib turibdiki, musulmon kishi o‘zga kishilarga eng avvalo amali, xulqi va odobi bilan namuna bo‘lishi kerak ekan.

Kishi husni xulqli bo‘lishi uchun ahli ilm va solih zotlarni suhbatlaridan bahramand bo‘lishi va ularni odob axloqlaridan o‘ziga namuna olishi ham ayni muddaodir. Bu haqda Ibn Vahb rahmatullohi alayh bunday deganlar: “Imom Molikning ilmlaridan ko‘ra, u zotning odoblaridan o‘rganganimiz ko‘proq bo‘ldi”.

Demak, husni xulq va odob kishida o‘z-o‘zidan shakllanib qolmas ekan. Balki uni ilm ahli bilan hamsuhbat bo‘lish, ulardan ilm olish bilan birga odob-axloqlarini o‘rganish bilan kasb qilinar ekan. Ushbu xislat o‘tgan salafi solihlarimizning go‘zal odatlaridan bo‘lgan.

Junayd Bag‘dodiy rahimahulloh aytadilar: “Garchi insonning ilmi va amali oz bo‘lsa ham, to‘rtta narsa uni yuqori darajalarga ko‘taradi: Hilimlik, tavoze’lik, saxiylik va husni xulqdir. Husni xulq imonning komilligidir”.

Luqmoni Hakimning o‘g‘li otasiga: “Ey otajon, inson uchun qaysi xislat yaxshiroq?” dedi. Otasi: Din, deb javob berdi. “Agar xislat ikkita bo‘lsa-chi?” deb so‘radi. Otasi: Din va mol, dedi. Agar uchta bo‘lsa-chi? dedi o‘g‘li. Otasi: “Din, mol va hayo, dedi. O‘g‘il: “Agar to‘rtta bo‘lsa-chi?” dedi.

Otasi: Din, mol, hayo va chiroyli xulq, dedi. “Agar beshta bo‘lsa-chi?” dedi o‘g‘li. Otasi: Din, mol, hayo, chiroyli xulq va saxiylik, deb javob berdi. O‘g‘il yana: Oltita bo‘lsa-chi? deb ham so‘ragan edi, Luqmoni Hakim: “Ey o‘g‘lim, agar insonda mana shu besh xislat jamlansa, u pokiza, taqvodor, Allohga do‘st va shaytondan uzoq bo‘ladi” deb javob qildi. Mana shu beshta xislatlar borligi ham mo‘minlik sifatlaridandir.

Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Albatta, banda chiroyli xulqi bilan jannatda oliy maqomga yetadi, garchi (nafl) ibodatini ko‘p qilsa ham”.

Inson yomon xulqi bilan boshqa insonlarni ko‘ngliga ozor beradigan bo‘lsa, o‘sha xulqi tufayli qilgan yaxshiliklari ham bekor bo‘ladi.

Kishi ilmga qancha muhtoj bo‘lsa, go‘zal xulqqa va odobga ham shuncha muhtojdir. Zero, ilm, go‘zal xulq va odob insonni kamolotga yetkazuvchi ikki qanotdir. Axloqi komil, bir-biriga mehribon va madadkor jamiyat baxtli va farovon jamiyatdir.

Farzandlarimiz ilm-ma’rifatli bo‘lishida eng katta mas’ul biz ota-onalar ekanimizni zinhor zinhor unutmaylik. Farzandim ilmli, odobli, kasb-hunarga ega bo‘lib, hayotda o‘z o‘rnini topib, oilasiga, vataniga, muborak diniga xizmat qiladigan, orzu-havaslaringizni ro‘yobga chiqaradigan inson bo‘lsin desak, hayotda turli keraksiz, ortiqcha hoyu-havaslarga berilib ketmasdan, ularning ehtiyoji uchun eng zaruriy badiiy, ilmiy, tanlagan kasbiga oid, dunyo va oxiratiga manfaat beradigan kitoblar, darsliklar olib berishga erinmaylik. Albatta, olib berib, ularni xursand qilib, qo‘llab-quvvatlab, shu kitoblarni birga o‘qiylik yoki o‘qishini albatta nazorat qilib turaylik.

Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.