Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Nishonga urilgan gaplar: “Tunning zulmati kuchaygani tong yaqinligidan darak!”

2.11.2018   4088   4 min.
Nishonga urilgan gaplar: “Tunning zulmati kuchaygani tong yaqinligidan darak!”

Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulug‘ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarining bir qator fikrlari ham berilgan. 

*****

Faqirlar boylardan ko‘ra ko‘proq qo‘li ochiqroq, saxiyroq bo‘lishadi. Chunki, ular ehtiyoj sezgisi nimaligini juda yaxshi bilishadi.

"Xovatir roqiya jurnali" 

*****

Savol beruvchilar turlicha bo‘lar ekan. Shunday xulosaga kelindi.

  • Bilmaganini bilish uchun so‘rovchilar.
  • Domlaning bilimini sinash uchun so‘rovchilar.
  • Javobni boshqa domlaning javobi bilan solishtirish uchun so‘rovchilar.
  • Qaysidir masalada ruxsat olmaguncha ko‘plab domlalardan so‘rovchilar.
  • Boshqalar eshitib, bilib olsin degan maqsadda so‘rovchilar.
  • Domlani qiyin vaziyatga tushirish uchun ixtilofli, fitnali savollarni so‘rovchilar.
  • O‘rtada turib so‘rab beruvchi, vositachi so‘rovchilar.
  • Real voqelikda sodir bo‘lmagan narsalarni so‘rovchilar.
  • O‘ziga foydasiz narsalar xususida so‘rovchilar.
  • So‘raydigan zarur narsasini masjidga borib so‘rash o‘rniga, ko‘chalarda, mashinada domlaga duch kelib qolsagina so‘rovchilar.

*****

Jim turishlarning barchasi ham rozilik, xotirjamlik alomati bo‘lavermaydi. Ayrim jim turuvchilarning ichida ming bir hikoyasi bo‘ladi.

*****

Ortingizdan baqirib, shovqin ko‘tarishyaptimi? Ko‘proq sizni chaynashyaptimi? Parvo qilmang, chunki ular sizdan orqada. Sizdek bo‘lolmagani uchun ichini hasad kemirib yotibdi. Chinorga, terakka kimdir tosh otganini ko‘rganmisiz? Ko‘rmagansiz, to‘g‘rimi? Chunki, chinorning va terakning yesa bo‘ladigan, mazali mevasi yo‘q. Olma, o‘rikka ko‘pchilik tosh otadi. Kerak bo‘lsa, ular pishmasidan turib yeyishga qiziqib, tosh otiladi.

Oldinga intilishdan, ilmdan, ijoddan to‘xtamang.

 *****

Yozganingni o‘qimaydigan odamga yozishing, oldingga kelmaydigan kishini kutishing, muhabbatingni his qilmaydigan odamni yaxshi ko‘rishing va senga ehtiyoji tushmaydigan kishiga ehtiyojing tushishi alamlidir.

*****

Gapirayotganingda, senga tikilib, jim turganlarning barchasi ham gapingni tinglayotgan bo‘lavermaydi. Ayrimlar gapirish navbatini kutib jim turadi.

*****

  • Mashaqqatli ishingiz har bir ishsizning orzusidir.
  • To‘polonchi farzandingiz har bir befarzandning orzusidir.
  • Kichkina uyingiz har bir qochoqning orzusidir.
  • Ozgina molingiz har bir qarzdorning orzusidir.
  • Ofiyatdaligingiz har bir bemorning orzusidir.
  • Tabassumingiz har bir siqilganning orzusidir.
  • Alloh sizni satr qilgani har bir sharmanda bo‘lgan kimsaning orzusidir.
  • Istiqomatda yurganingiz gunoh qilgan ayrim kishilarning orzusidir.
  • Hamd va rizoni hayot yo‘lingiz qilib oling.
  • Bergan ne’matlari uchun Allohga hamd bo‘lsin!

 *****

Ehtirom zaiflik emas, tarbiyadir.

Uzr so‘rash xorlik emas, xulqdir.

 *****

Insonning badani, kiyimi kir bo‘lsa, uni sovun, shampun va yana boshqa vositalar bilan tozalaydi. Ammo qalb kirlansa, uni sovun bilan poklashning iloji yo‘q. Qalbning sovuni - istig‘fordir. Istig‘forni ko‘p aytish bilan qalb poklanadi. Asta-sekin bu poklik badanga ham o‘tadi. Tanadagi asosiy a’zo bo‘lmish qalb yaxshi bo‘lsa, qolgan barcha a’zolar ham yaxshi bo‘ladi. Agar qalb buzilsa, boshqa a’zolar ham buziladi.

 *****

Ehtimol, ota-onang senga sen istagan narsangni berolmagandir.  Lekin, shunisi aniqki, ular senga o‘zlaridagi bor narsalarini berishgan!

 *****

Tunning zulmati kuchaygani tong yaqinligidan darak!

***** 

 

Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi

 Nozimjon Iminjonov

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Videolar

Iymon bayoni

10.01.2025   451   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov

VIDEO