Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulug‘ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarining bir qator fikrlari ham berilgan.
*****
Faqirlar boylardan ko‘ra ko‘proq qo‘li ochiqroq, saxiyroq bo‘lishadi. Chunki, ular ehtiyoj sezgisi nimaligini juda yaxshi bilishadi.
"Xovatir roqiya jurnali"
*****
Savol beruvchilar turlicha bo‘lar ekan. Shunday xulosaga kelindi.
*****
Jim turishlarning barchasi ham rozilik, xotirjamlik alomati bo‘lavermaydi. Ayrim jim turuvchilarning ichida ming bir hikoyasi bo‘ladi.
*****
Ortingizdan baqirib, shovqin ko‘tarishyaptimi? Ko‘proq sizni chaynashyaptimi? Parvo qilmang, chunki ular sizdan orqada. Sizdek bo‘lolmagani uchun ichini hasad kemirib yotibdi. Chinorga, terakka kimdir tosh otganini ko‘rganmisiz? Ko‘rmagansiz, to‘g‘rimi? Chunki, chinorning va terakning yesa bo‘ladigan, mazali mevasi yo‘q. Olma, o‘rikka ko‘pchilik tosh otadi. Kerak bo‘lsa, ular pishmasidan turib yeyishga qiziqib, tosh otiladi.
Oldinga intilishdan, ilmdan, ijoddan to‘xtamang.
*****
Yozganingni o‘qimaydigan odamga yozishing, oldingga kelmaydigan kishini kutishing, muhabbatingni his qilmaydigan odamni yaxshi ko‘rishing va senga ehtiyoji tushmaydigan kishiga ehtiyojing tushishi alamlidir.
*****
Gapirayotganingda, senga tikilib, jim turganlarning barchasi ham gapingni tinglayotgan bo‘lavermaydi. Ayrimlar gapirish navbatini kutib jim turadi.
*****
*****
Ehtirom zaiflik emas, tarbiyadir.
Uzr so‘rash xorlik emas, xulqdir.
*****
Insonning badani, kiyimi kir bo‘lsa, uni sovun, shampun va yana boshqa vositalar bilan tozalaydi. Ammo qalb kirlansa, uni sovun bilan poklashning iloji yo‘q. Qalbning sovuni - istig‘fordir. Istig‘forni ko‘p aytish bilan qalb poklanadi. Asta-sekin bu poklik badanga ham o‘tadi. Tanadagi asosiy a’zo bo‘lmish qalb yaxshi bo‘lsa, qolgan barcha a’zolar ham yaxshi bo‘ladi. Agar qalb buzilsa, boshqa a’zolar ham buziladi.
*****
Ehtimol, ota-onang senga sen istagan narsangni berolmagandir. Lekin, shunisi aniqki, ular senga o‘zlaridagi bor narsalarini berishgan!
*****
Tunning zulmati kuchaygani tong yaqinligidan darak!
*****
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov