Bugun, 1 noyabr kuni Toshkent shahri Chilonzor tumani “Muhsinxon to‘ra” jome masjidi binosining yangidan bunyod etilishi munosabati bilan ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yurtimizdagi taniqli ulamolar, imom-xatiblar va ko‘plab namozxonlar ushbu masjidda peshin namoziga jam bo‘ldilar va o‘zlarining iliq so‘zlarini bildirdilar. So‘zga chiqqan notiqlar, mana shunday jomeni qaytadan barpo etilishi muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning yorqin namunasi ekani, mo‘min-musulmonlarga katta tuhfa bo‘lgani va shunday go‘zal masjidda ibodat qilishdan baxtiyor ekanlarini izhor qilishdi.
Qurilish ishlariga eng mohir usta va muhandislar jalb etildi. Bunday ezgu ishga hissa qo‘shish istagidagi quruvchilar o‘z mahoratlarini ko‘rsatib, bor kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilishdi.
Ochilish marosimiga tashrif buyurganlar masjidning go‘zal shaklda, zamonaviy uslublar va milliy qadriyatlarimizni o‘zida aks etgan binosini ko‘zdan kechirib, ushbu masjid musulmonlar uchun mo‘tabar maskan sifatida xizmat qilishini alohida ta’kidlab, xayrli duolar qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati