“...Agar Allohning ne’mat(lar)ini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz. Haqiqatan, inson (o‘ziga) o‘ta zolim va (Rabbiga) juda noshukrdir”.
(“Ibrohim” surasi, 34-oyat)
Uyqu, hayotimizda biz uchun suv va havodek juda ham zarur omillardan biri. Uyqusiz yashashni tasavvur qilish qiyin. Me’yoridagi uyqu biz uchun foydali bo‘lishi bilan birga Yaratganning ulug‘ ne’matlaridan biri hisoblanadi.
Alloh taolo O‘z kalomida mazkur ne’mat haqida shunday marhamat qiladi:
“Uyqularingizni (badanlaringiz va asablaringiz uchun) orom qildik”. (Naba surasi, 9)
“U siz uchun kechani libos, uyquni istirohat qilgan va kunduzni tirilish (zamoni) qilgan Zotdir”. (Furqon surasi, 47)
Agar ushbu ne’mat tirik mavjudodlarga berilmaganda nima sodir bo‘lar edi? Zamonaviy ilm-fan aynan shu savolga jovob izlash natijasida bir nechta tadqiqotlar o‘tkazishgan va quyidagicha xulosaviy fikrlarni bayon etishgan.
Uyqu — odam va hayvonlarda davriy yuz beradigan fiziologik holat. Bunda fiziologik jarayonlar bir qadar sekinlashadi va tananing, masalan markaziy nerv sistemasining ish qobiliyati tiklanishi uchun eng yaxshi sharoitlar yaratiladi. Uyqu har bir insonning zarur hayotiy ehtiyojidir. Inson hayotining uchdan biri qismi har kecha-kunduzda davriy kuzatiladigan uyqu holatida o‘tadi.
Uyqu vaqtida muskullar tonusi susayadi (uyqudagi odamning ko‘p muskullari bo‘shashgan bo‘ladi), sezuvchanlikning barcha turlari — ko‘rish, eshitish, ta’m bilish, hid sezish, teri sezuvchanligi keskin susayadi. Shartsiz va shartli reflekslar tormozlanadi. Qattiq uyquda nafas uyg‘oqlikdagiga nisbatan ancha chuqur, yurak urishi sekin, arterial qon bosimi, to‘qimalarga qon kelishi, moddalar almashinuvi, tana harorati past bo‘ladi. Bularning barchasi uyqu holatida miya bilan bir qatorda hujayralar va to‘qimalar hayot faoliyatini ta’minlovchi barcha ichki a’zolarning ham «dam» olishidan dalolat beradi. Bu holat esa tana hayotiy faoliyatini ta’minlaydi.
Zamonaviy tibbiyot tasavvurlariga ko‘ra, uyqu faqat dam olish emas, balki kun bo‘yi olingan turli axborotni qayta ishlash va ertasi kun yana axborot qabul qilishga tayyorgarlik jarayonidir.
Mazkur ne’mat inson hayoti uchun suv bilan havodek zarur. Agar biz bu ne’matdan mosuvo bo‘lsak qanday jarayon ro‘y beradi? Shifokorlarning ta’kidlashlaricha uxlay olmaslik kuchli bosh og‘rig‘iga, ong chalkashligiga, hushdan ketishga va gallyutsinatsiyaga sabab bo‘ladi. Uyqusizlikning organizmga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan zamonaviy tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, biroz uyqu yetishmasligida ham bosh miya faoliyati buziladi, bu esa sezgi, fikrlash va mantiqiy mulohazalar qilish qobiliyatiga ta’sir ko‘rsatadi.
Olimlarning tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki uzoq davom etadigan uyqusizlik natijasida organizmda
Surunkali uyqusizlikning eng xavfli jixati. Ma’lum bo‘lishicha, tungi uyqu inson tanasining turli o‘simtalar paydo bo‘lishiga qarshi tabiiy kurashuvchanligini ta’minlaydi. Aniqroq aytganda, kuniga 6 soatdan kamroq uxlaydiganlar saraton kasalligiga chalinishga moyilroq bo‘lar ekan. Albatta, xavfli kasallikning paydo bo‘lishi faqat uyquga bog‘liq emas. Ammo, uyqusizlik bu xastalik boshlanishiga aynan turtki berishi mumkin.
Bandalariga o‘zlaridan ham, ota-onalari ham ming chandon Mehribon bo‘lgan, ular uchun turli ne’matlarni ato etgan Zot, Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin!
Saidabror UMAROV
O‘MI matbuot xizmati
Islomning barcha – beshala ruknini ham bajargan odam chinakam saodatlidir. Ayniqsa, hojilik – alohida mas’uliyat talab etadigan maqom. Bu yil yurtimizdan 15 mingdan ziyodroq fuqaro ana shunday sharafga ega bo‘ldi.
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Bugun, 14 iyul kuni poytaxtimizdagi «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome masjidi majlislar zalida poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar, imom noiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdulvosid Xomitjonov, «Nuroniy« jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘limi raisi Rustam Kalonov, Mahallalar uyushmasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Furqatxo‘ja Mahmudxo‘jayev, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov ishtirok etdi.
– Hojilarga katta ishonch bildirib, ular ma’naviyat targ‘ibotchilaridir, – deydi DIQ raisi birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov. – Hadisi sharifda: “Insonlarning Alloh taologa eng seviklisi odamlarga ko‘p manfaati yetkazadiganidir” (Imom Tabaroniy rivoyati), deyilgan. Shunday ekan, har bir hojiga o‘z hududidagi imom-xatib ko‘makchi bo‘lib, mahallama-mahalla yurib, aholiga, ayniqsa, yoshlarga pandu nasihatlar qilishlari zarur. Chunki hojilarning so‘zlari ta’sirchan bo‘ladi. Farzandlarimizning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olishda ularning xizmatidan foydalanishimiz kerak. Hojilarimizning sa’y-harakatlari bilan xalqimizning ma’naviyati, ma’rifati yanada oshadi.
Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar orqali hojilarimiz jamiyatimizdagi mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat bo‘lmoqdalar.