G‘iybat – misqollab yiqqan savoblarimizni lahzada yo‘qqa chiqaradigan ofatdir. Solih amallarsiz qolgan qalbni esa fasod egallaydi. Fasod egallagan qalbning ko‘zi ko‘r, oq bilan qorani ajrata olmaydigan bo‘lib qoladi, g‘animni do‘st biladi, do‘stlar orasiga nifoq urug‘ini soladi. Ayting, bugun g‘iybat oralamagan jamoat bormi?! Agar bo‘lsa, bilingki, ana o‘shalar haqiqiy najot egalari, ana o‘shalar azizlik timsolidir.
Ularning so‘zlari o‘tkir, qadamlari sobit, o‘zlari g‘ayratli, niyatlari yaxshi. Negaki, g‘iybatdan uzoq qalb solih amalning bitta yovuz kushandasidan ozod qalbdir.
Yaxshi amali ko‘p inson esa garchi soqov bo‘lsa ham haqiqiy biyrondir. Jismi zaif bo‘lsa ham, qalbi salimdir. Garchi cho‘loq bo‘lsa ham qadamlari sobitroq, garchi ko‘r bo‘lsa ham, ko‘zlari ravshanroqdir.
Aziz insonlar, ayting, qaysi do‘stlar davrasi bunday sog‘lom, baquvvat jamoani sog‘inmaydi, orzu qilmaydi?! Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “G‘iybat nima bilasizlarmi?” – deya so‘radilar. “Alloh va Rasuli bilguvchiroqdir”, – deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Birodaringni uni xafa qiladigan so‘z bilan yodga olishing”, –dedilar. “Agar unda men aytgan sifatlar bo‘lsachi?” – deyildi. “Agar unda sen aytgan narsalar bo‘lsa, demak, sen birodaringni g‘iybat, agar bo‘lmasa, unga tuhmat qilgan bo‘lasan”, – dedilar (Imom Muslim).
Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: “Zinxor bir-biringizni g‘iybat qilmangiz. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bir ayol haqida “Uning etagi uzun”, deb gapirdim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Tupur, tupurib tashla!» – dedilar. Tupurgan edim, og‘zimdan bir parcha go‘sht tushdi” (“At-Targ‘ib vat-tarhib”).
Hasan Basriy aytadi: “O‘zganing aybini aytish uch xil bo‘ladi: g‘iybat, bo‘hton va ifk (yolg‘on). Bu haqida ulug‘ va qudratli zotning kalomida aytilgan. G‘iybat – g‘iybat qilinayotgan odamda bor narsani, bo‘hton – unda yo‘q narsani, ifk – har xil eshitgan narsani aytmog‘ingdir”.
Demak, g‘iybat birodaringizni o‘zi yo‘q paytida, agar eshitsa, xafa bo‘ladigan so‘z bilan tilga olishingiz, xotirlashingizdir. Masalan, “Pakana, cho‘loq” deya jismoniy kamchiliklarini yoki “Otasi falon, onasi piston” kabi.
Bekobod tumani “Ulug‘bek” jome masjidi
imom-xatibi Xolboyev X.
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati