G‘iybat – misqollab yiqqan savoblarimizni lahzada yo‘qqa chiqaradigan ofatdir. Solih amallarsiz qolgan qalbni esa fasod egallaydi. Fasod egallagan qalbning ko‘zi ko‘r, oq bilan qorani ajrata olmaydigan bo‘lib qoladi, g‘animni do‘st biladi, do‘stlar orasiga nifoq urug‘ini soladi. Ayting, bugun g‘iybat oralamagan jamoat bormi?! Agar bo‘lsa, bilingki, ana o‘shalar haqiqiy najot egalari, ana o‘shalar azizlik timsolidir.
Ularning so‘zlari o‘tkir, qadamlari sobit, o‘zlari g‘ayratli, niyatlari yaxshi. Negaki, g‘iybatdan uzoq qalb solih amalning bitta yovuz kushandasidan ozod qalbdir.
Yaxshi amali ko‘p inson esa garchi soqov bo‘lsa ham haqiqiy biyrondir. Jismi zaif bo‘lsa ham, qalbi salimdir. Garchi cho‘loq bo‘lsa ham qadamlari sobitroq, garchi ko‘r bo‘lsa ham, ko‘zlari ravshanroqdir.
Aziz insonlar, ayting, qaysi do‘stlar davrasi bunday sog‘lom, baquvvat jamoani sog‘inmaydi, orzu qilmaydi?! Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “G‘iybat nima bilasizlarmi?” – deya so‘radilar. “Alloh va Rasuli bilguvchiroqdir”, – deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Birodaringni uni xafa qiladigan so‘z bilan yodga olishing”, –dedilar. “Agar unda men aytgan sifatlar bo‘lsachi?” – deyildi. “Agar unda sen aytgan narsalar bo‘lsa, demak, sen birodaringni g‘iybat, agar bo‘lmasa, unga tuhmat qilgan bo‘lasan”, – dedilar (Imom Muslim).
Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: “Zinxor bir-biringizni g‘iybat qilmangiz. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bir ayol haqida “Uning etagi uzun”, deb gapirdim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Tupur, tupurib tashla!» – dedilar. Tupurgan edim, og‘zimdan bir parcha go‘sht tushdi” (“At-Targ‘ib vat-tarhib”).
Hasan Basriy aytadi: “O‘zganing aybini aytish uch xil bo‘ladi: g‘iybat, bo‘hton va ifk (yolg‘on). Bu haqida ulug‘ va qudratli zotning kalomida aytilgan. G‘iybat – g‘iybat qilinayotgan odamda bor narsani, bo‘hton – unda yo‘q narsani, ifk – har xil eshitgan narsani aytmog‘ingdir”.
Demak, g‘iybat birodaringizni o‘zi yo‘q paytida, agar eshitsa, xafa bo‘ladigan so‘z bilan tilga olishingiz, xotirlashingizdir. Masalan, “Pakana, cho‘loq” deya jismoniy kamchiliklarini yoki “Otasi falon, onasi piston” kabi.
Bekobod tumani “Ulug‘bek” jome masjidi
imom-xatibi Xolboyev X.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Germaniya universitetlarining birida mollar bilan sinov o‘tkazishdi. Gap shundaki, ular Islom shariati usulida so‘yilgan hayvon so‘yilish asnosida qanday og‘riq his qilishi yoki qilmasligini aniqlash uchun EEG deb ataluvchi miyaning holatini kuzatuvchi elektr sxemasini o‘rnatishdi. Bu orqali hayvonning og‘riqni his qilgan yoki qilmaganini va agar qilgan bo‘lsa, uning darajasini aniqlamoqchi bo‘lishdi.
Tajriba o‘tkazish uchun qora mol tanlandi va Islom shariati usulida so‘yildi.
So‘yishdan keyingi dastlabki 3 soniya ichida miya elektr sxemasida hech qanday o‘zgarish aniqlanmadi, bu esa mol og‘riq his qilmaganligidan dalolat beradi. Keyingi 3 soniya mobaynida ular molning hushidan ketganini kuzatishdi. Bu katta miqdorda qon chiqishi va miyaga qon yetkazilishi keskin to‘xtagani sababli sodir bo‘ldi.
Jami 6 soniya o‘tgach, EEG miya elektr sxemasi to‘xtadi, ya’ni mol o‘ldi va hech qanday og‘riqni his qilmadi.
Odatda kishilar jonliqni so‘yish jarayonida u qattiq og‘riqni his qiladi, deb o‘ylaydilar va unga achinishadi.
Islom shariati uslubida so‘yish deganda hayvonning ikki yo‘g‘on tomirlari (arteriyalari), nafas yo‘li va qizilo‘ngachi kesiladi, ammo bosh to‘liq uzib tashlanmaydi.
Bu tarzda so‘yilganda qon va kislorod miyaga yetib bormay qoladi, natijada hayvon bir necha soniya ichida hushini yo‘qotadi va og‘riqni his qilmaydi.
So‘yish paytida hayvonning miyasidagi gipofiz bezi (glande pinéale) orqali buyrak usti bezi (glande surrénale) ga signal beradi, bu signallar orqali adrenalin ajralib chiqadi va miyaga qon yetkazishni tezlashtirishga harakat qiladi. Natijada hayvonning tanasi bir necha daqiqa ichida to‘liq qondan xoliy bo‘ladi.
Shuning uchun ham Islom shariatiga muvofiq so‘yish usuli eng tez va hayvon uchun og‘riqsiz usul hisoblanadi.
Subhanalloh!
Homidjon domla ISHMATBЕKOV