بسم الله الرحمن الرحيم
HASAD – HASANOT KUSHANDASI
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي حَذَّرَنَا مِنَ الْبَغْضَاءِ وَالْحَسَدِ وَاَمَرَنَا بِالتَّعَوُّذِ مِنْهُ بِقَوْلِهِ (وَمِنْ شَرِّ حَاسِدٍ إِذَا حَسَدَ) وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِنَا مُحَمَّدٍ الْاَمِينِ الَّذِي قَالَ "...وَلَا تَحَاسَدُوا وَكُونُوا عِبَادَ اللهِ إِخْوَانًا..." وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ
Hurmatli jamoat! Jamiyatimizda mo‘min-musulmonlar amal qiladigan turli xil yaxshi xislatlar bilan birga zararli xulqlar ham, afsuski, mavjud. Shulardan biri hasaddir. Birinchi gunoh Iblis tomonidan Odam alayhissalomga kibr va hasad qilishidan kelib chiqdi. Yer yuzidagi birinchi qotillik ham hasad sababli sodir bo‘ldi. Odam alayhissalomning o‘g‘li Qobil o‘z ukasi Xobilga hasad qildi va uning qotiliga aylandi. Hasad – bandalar ichidagi Allohning taqsimotiga e’tirozdir. Allohning biror ne’matni o‘z bandasiga ato etishi yoki bermasligiga e’tiroz qilgan kishining holati og‘ir bo‘ladi. Zero, Alloh o‘z hikmatiga binoan xohlagan bandasiga xohlagan ne’matini beradi, xohlamasa – yo‘q. Alloh taolo har narsani bilguvchi va hikmat sohibi bo‘lsa, unga qanday e’tiroz qilish mumkin?!
Hasad – bir kishiga berilgan ne’matni undan ketishini xohlashdir. Hasadning bundan ham yomonrog‘i – bir insonga berilgan ne’matning yo‘q bo‘lishini orzu qilish bilan, o‘sha ne’mat o‘zida hosil bo‘lishini ta’ma qilishdir. Alloh taolo Qur’oni karimda hasadning yomonligi to‘g‘risida shunday deydi:
أَمْ يَحْسُدُونَ النَّاسَ عَلَى مَا آَتَاهُمُ اللَّهُ مِنْ فَضْلِهِ فَقَدْ آَتَيْنَا آَلَ إِبْرَاهِيمَ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ وَآَتَيْنَاهُمْ مُلْكًا عَظِيمًا (سورة النساء الاية-54).
ya’ni: “Yoki (ular) Alloh O‘z fazlidan bergan ne’matlari uchun odamlarga hasad qilishadimi? Axir, Biz (ilgari ham) Ibrohim nasliga (Yusuf, Dovud, Sulaymon kabi zotlarga) Kitob, Hikmat berib, yana ularga buyuk mulk (hukmronlik) ham ato etgan edik-ku!” (Niso surasi, 54-oyat).
Oyati karimadagi “ne’matlari” degani – “payg‘ambarlik, hidoyat va imon”dir. “Odamlarga” so‘zidan murod – “Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam va u zotga imon keltirganlar”dir. Boshqa bir oyati karimada haqni bilganlaridan keyin ham hasad qiladiganlar haqida shunday deyiladi:
وَدَّ كَثِيرٌ مِنْ أَهْلِ الْكِتَابِ لَوْ يَرُدُّونَكُمْ مِنْ بَعْدِ إِيمَانِكُمْ كُفَّارًا حَسَدًا مِنْ عِنْدِ أَنْفُسِهِمْ مِنْ بَعْدِ مَا تَبَيَّنَ لَهُمُ الْحَقُّ
(سورة البقرة الاية-109)
ya’ni: “Ahli kitoblarning ko‘pchiligi imon keltirganingizdan keyin va ularga haqiqat ravshan bo‘lgandan so‘ng ham hasad yuzasidan sizlarni (yana) kufrga qaytarishni istaydilar” (Baqara surasi, 109-oyat).
Ahli kitoblar Uhud jangida musulmonlar qo‘shini mag‘lubiyatga uchraganidan keyin ularga: “Agar sizlarning diningiz haq bo‘lganda edi, sizlarga Alloh yordam berib, g‘alaba qozongan bo‘lur edingiz. Yaxshisi qaytib, bizning dinimizga kira qolingiz”, – deganlar.
Alloh taolo Qur’oni karimning oxirgi suralaridan bo‘lgan “Falaq” surasida hasad qiluvchining yomonligidan panoh so‘rashga buyuradi:
وَمِنْ شَرِّ حَاسِدٍ إِذَا حَسَدَ
(سورة الفلق الاية-5)
ya’ni: “hamda hasadchining hasadi yovuzligidan” (panoh so‘rayman deb ayting) (Falaq surasi, 5-oyat). Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hasaddan ogohlantirib shunday deganlar:
إِيَّاكُمْ وَالْحَسَدَ فَإِنَّهُ يَأْكُلُ الْحَسَنَاتِ كَمَا تَأْكُلُ النَّارُ الْحَطَبَ
(رَوَاهُ الْاِمَامُ الْبُخَارِيُّ)
ya’ni: “Hasaddan saqlaninglar. Chunki u xuddi olov o‘tinni yegani kabi, yaxshiliklarni yeydi” (Imom Buxoriy rivoyati). Yana bir hadisi sharifda aytiladi:
دَبَّ إِلَيْكُمْ دَاءُ الْأُمَمِ الْحَسَدُ وَالْبَغْضَاءُ هِيَ الْحَالِقَةُ لَا أَقُولُ تَحْلُقُ الشَّعْرَ وَلَكِنْ تَحْلُقُ الدِّيْنَ
(رَوَاهُ الْاِمَامُ التِّرْمِيذِيُّ)
ya’ni: “Sizga (o‘tgan) ummatlarning kasali: hasad va bug‘zu-adovat o‘rmalab (o‘tib) keldi. Ular qiruvchidir. Ular sochni qiradi demayman, balki ular dinni qiradi!” (Imom Termiziy rivoyati). Boshqa bir hadisda o‘zaro hasad qilishdan qaytarib, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytadilar:
لَا تَقَاطَعُوا وَلَا تَدَابَرُوا وَلَا تَبَاغَضُوا وَلَا تَحَاسَدُوا وَكُونُوا عِبَادَ اللهِ إِخْوَانًا وَلَا يَحِلُّ لِمُسْلِمٍ أَنْ يَهْجُرَ أَخَاهُ فَوْقَ ثَلَاثٍ
(رَوَاهُ الْاِمَامُ الْبُخَارِيُّ)
ya’ni: “Uzilishib ketmanglar, yuz o‘girishmanglar, bir-biringizga g‘azab va hasad qilmanglar. Allohning og‘a-ini bandalari bo‘linglar. Musulmon kishi birodaridan uch kundan ortiq arazlashib yurishi halol emas” (Imom Buxoriy rivoyati).
O‘z o‘rnida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bir qancha hadislarda hasadning davosini aytib o‘tadilar:
ثلاثٌ لازماتٌ لأُمَّتِي سُوءُ الظَّنِّ والحَسَدُ والطِّيَرَةُ فإذا ظَنَنْتَ فلا تُحَقِّقْ وإذا حَسَدْتَ فاسْتَغْفِرِ اللهَ وإذا تَطَيَّرْتَ فَامْضِ
(رَوَاهُ الْاِمَامُ طَبَرَانِيُّ)
ya’ni: “Uchta xislat ummatimda doim bo‘ladi: yomon gumon, hasad va shumlanish. Gumon qilsang, yuzaga chiqarma; hasad qilsang, istig‘for ayt; shumlansang, yo‘lingda davom et” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Yana bir hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:
كُلُّ بَنِي آدَمَ حَسُودٌ وَلاَ يَضُرُّ حَاسِداً حَسَدُهُ مَا لَمْ يَتَكَلّمْ بِاللِّسَانِ أَوْ يَعْمَلْ بِالْيَدِ
(رَوَاهُ الْاِمَامُ اَبُو نُعَيْمٍ)
ya’ni: “Har bir Odam bolasi hasadchidir, (lekin) modomiki (hasadini) tiliga chiqarmasa, (hasadiga) qo‘li bilan amal qilmasa hasadchiga hasadi zarar qilmaydi” (Imom Abu Nu’aym rivoyati). Ba’zi hadislarda hasad so‘zi havas ma’nosida kelgan:
لاَ حَسَدَ إِلاَّ فِى اثْنَتَيْنِ رَجُلٌ آتَاهُ اللَّهُ قُرْآنًا فَهُوَ يَقُومُ بِهِ آنَاءَ اللَّيْلِ وَالنَّهَارِ ، وَرَجُلٌ آتَاهُ اللَّهُ مَالاً فَهُوَ يُنْفِقُهُ آنَاءَ اللَّيْلِ وَالنَّهَارِ
(رَوَاهُ الامام الْبُخَارِىُّ)
ya’ni: “Ikki kishidan boshqaga hasad qilish yo‘q: Alloh Qur’onni ato qilgan kishi va Qur’onni kechayu kunduz haqqini ado qiladigan kishi; Alloh mol bergan va u molni kechayu kunduz infoq-ehson qiladigan kishi” (Imom Buxoriy rivoyati). Bu hadis haqida Imom Jaloliddin Suyutiy shunday deydi: “Hasad ikki xil bo‘ladi: haqiqiy va majoziy. Haqiqiy hasad bir kishidan ne’matning yo‘q bo‘lishini istash; bu ijmo’ va boshqa dalillar bilan harom qilingan. Majoziy hasadni “g‘ibta” deyiladi. “G‘ibta” degani ne’mat egasidan ketmasdan, o‘zida ham bo‘lishini orzu qilishdir (buni bizda “havas” deyiladi). Dunyo ishlarida havas qilish – muboh ish. O‘zgalar qilayotgan toatlarni orzu-havas qilish esa mustahabdir”.
Qalbni gina-kuduratlardan poklash – mo‘min kishini jannatga olib kiruvchi katta yutuqdir. Buni Anas raziyallohu anhuning quyidagi hikoyasidan ham bilib olsak bo‘ladi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning yonida o‘tirganimizda: “Hozir huzuringizga jannat ahlidan bo‘lgan kishi keladi”, – deb qoldilar. Shu payt ansoriylardan bir kishi tahorat sababli soqollaridan suv tomib turgan, kovushini chap qo‘lida ko‘tarib olgan holatda kirib keldi. Ertasi kuni ham Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Hozir huzuringizga jannat ahlidan bo‘lgan kishi keladi”, – deb qoldilar. Shunda yana o‘sha kishi avvalgi holatida kirib keldi. Ertasi kuni Rasululloh sallallohu alayhi vasallam yana: “Hozir huzuringizga jannat ahlidan bo‘lgan kishi keladi”, – deb qoldilar. Shunda yana o‘sha kishi avvalgi holatida kirib keldi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam turib ketdilar. Abdulloh ibn Amr ibn Os aytib beradilar: “Haligi kishining izidan borib: “Otam bilan arazlashib qolib, uch kun uyga bormaslikka qasam ichdim, agar imkoni bo‘lsa, qasamim yechilgunicha siznikida tunasam, nima deysiz”, – dedim. Ansoriy sahoba rozilik berdi. Abdulloh ibn Amr uch kecha u bilan tunadi. Uni tunda (tungi namoz uchun) turganini ko‘rmadi. Lekin kechalari uyoq-buyoqqa ag‘darilganda Allohni zikr qilar va takbir aytib qo‘yardi. Shu bilan bomdod namoziga turib, chiroyli tahorat qilardi (Abdulloh: “U kishidan faqat yaxshi gaplarni eshitdim”, – deydi). Uch kecha o‘tgach, men uning amallarini kam sanab qolishimga oz qoldi. Unga: “Ey, Allohning bandasi! Aslida otam bilan o‘rtamizda hech qanday arazlashish bo‘lmagan, lekin Rasululloh sallallohu alayhi vasallam uch marta, uchta o‘rinda: “Hozir huzuringizga jannat ahlidan bo‘lgan kishi keladi”, – dedilar. Uch marta ham siz kirib keldingiz. Siznikida tunab, sizning amallaringizni ko‘rmoqchi bo‘ldim. Katta bir amal qilganingizni ko‘rmadim. Siz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytgan darajaga qanday yetdingiz?”, – dedim. U: “Amallarim faqat sen ko‘rganlaring” – dedi. Izimga qaytganimda, meni chaqirib: “Amallarim faqat sen ko‘rganlaring, lekin qalbimda biror musulmonga nisbatan g‘illi-g‘ashlik yo‘q va Alloh bergan yaxshilik uchun biror kishiga hasad ham qilmayman”, – dedi. Abdulloh ibn Amr: “Ana shu sizni (ulug‘) darajaga yetkazgan va biz toqat qila olmaydigan narsadir”, – dedi” (Imom Ahmad rivoyati). Demak, har bir mo‘min-musulmon avvalo qalbini gina-kudurat, bug‘zu adovat, ko‘rolmaslik, kibr va hasaddan poklashi darkor. Qalbning poklanishi, imonu ixlos, husnu xulq, samiymiylik va kamtarlik bilan go‘zal bo‘lishi insonni ikki dunyo saodatiga yetkazadi, inshaalloh.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, kun sayin dunyo hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini topib borayotgan sevimli vatanimiz va vatandoshlarimizga hasad ko‘zi bilan emas, balki havas ko‘zi bilan qarash kerak. Davlatimizda olib borilayotgan siyosat va islohotlarni faqat yomon gumon va hasad bilan tahlil qiladiganlar ham, afsuski, topiladi. Biz ularga tahlilda xolis bo‘lish va jamiyatga foydali bo‘lgan islohotlarga xayrihoh bo‘lishni tavsiya qilgan bo‘lardik. Zero, hasad bilan biror natijaga erishib bo‘lmaydi. Vatandoshlarimizning ham davlatimiz hukumatining xayrli islohotlarida hamfikr bo‘lib, qo‘llab quvvatlab turishlari, mustajob duolarida esga olishlaridan umidvormiz.
Muhtaram jamoat! Mav’izamiz davomida missionerlik bilan shug‘ullanuvchi sektalarning ko‘pmillatli jamiyatimizda diniy bag‘rikenglik, o‘zaro inoqlik va tinchlikka yetkazadigan zararlari haqida suhbatlashamiz.
Missionerlikning asosiy maqsadi – qaysidir dinni targ‘ib qilish yoki qaysidir dinni kuchsizlantirish emas, balki sizu biz yashab turgan yurtning tinchligiga rahna solish va taraqqiyotini barbod qilishdir. Tarixdan ma’lumki, missionerlar xuddi shu yo‘l bilan bir necha davlatlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotini izdan chiqardilar. Yaxlit bir xalq va millatni parokandalikka olib kelib, ularni guruh va tabaqalarga bo‘lib yubordilar. Oqibatda aholining asrlar osha shakllanib kelgan milliy va diniy qadriyatlari oyoqosti bo‘lishiga va, nihoyat, yo‘qolib ketishiga olib keldi. Masalan, Indoneziyada harakat qilgan missionerlar yigirma besh yil mobaynida minglab odamlarni o‘z tomonlariga og‘dirib olishdi va oxir oqibat ular yashayotgan Sharqiy Timorni mamlakatdan ajratishdi. Xuddi shunday g‘arazli uslub Sudan mamlakatining janubini, ya’ni Darfur viloyatini ajratib olishda ham qo‘llanilgan.
Bunday harakatlar bilan ular islom diniga e’tiqod qiluvchi mahalliy aholi o‘rtasida o‘zlari haqida ijobiy fikrlar tug‘dirishga erishadi. Bu yo‘lda ataylab Islom ahkomlarini buzib ko‘rsatish, Qur’on oyatlarini bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish, Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam hadislarini noto‘g‘ri talqin qilish kabi usullardan foydalanadi. Afsuski, ko‘p yoshlarning e’tiborsizligi, befarqligi ularning qabih niyatlarini amalga oshirishda qo‘l kelmoqda.
Missionerlar g‘arazli niyatlarini amalga oshirishda ommaviy axborot va aloqa vositalaridan ham keng foydalanmoqda. Missionerlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi risola, jurnal va matnlar mahalliy tillarga tarjima qilinib, aholi o‘rtasida tekin tarqatiladi. Sun’iy yo‘ldosh orqali uzatiladigan o‘nlab televideniye ko‘rsatuvlari, radio kanallari, internet sahifalari orqali keng targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilishi natijasida dunyoda missionerlik harakatlari yoyilmoqda.
Ayrim yurtdoshlarimiz daromad topish maqsadida o‘z kindik qonlari to‘kilgan yurtdan uzoqlashib, olis va notanish yurtlarga bormoqda. Ularning aksariyati aynan missionerlarning tuzog‘iga tushmoqdalar. Boshqa e’tiqod, boshqa mentalitet vakillari orasida yashagan yoshlarimiz o‘z milliy ma’naviyatlaridan uzilib, o‘zgalarning ruhiy-ma’naviy ta’siriga tushib qolishmoqda. Hali imon-e’tiqodi shakllanib ulgurmagan yoshlarni bunday buzuq g‘oyalardan asrash – bugungi kunimizning eng muhim masalalaridan biridir.
Alloh taolo barchamizni hasaddan, bug‘zu adovatdan asrasin, o‘zaro do‘stu yor bo‘lib yashashni muyassar qilsin! Barchamizni O‘zining hidoyatida bardavom aylab, iymon va islomda sobit qadam qilsin! Omin!
- 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ
Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.
Nazmiy bayoni:
Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.
Lug‘atlar izohi:
لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.
دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.
تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.
بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.
وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.
قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.
يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.
Matn sharhi:
Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].
Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.
Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:
“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].
Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:
“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].
Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.
Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].
Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:
“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].
Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:
“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].
Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.
Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.
Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:
“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].
Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:
عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).
Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.
Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.
Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.
[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.
[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.
[3] Najm surasi, 39-oyat.
[4] Baqara surasi, 286-oyat.
[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.
[6] Muhammad surasi, 19-oyat.
[7] Hashr surasi, 10-oyat.
[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.
[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.
Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.
Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:
1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);
2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);
3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);
4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);
5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);
Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.