Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

02.11.2018 y. Hasad – hasanot kushandasi

27.10.2018   4876   13 min.
02.11.2018 y. Hasad – hasanot kushandasi

بسم الله الرحمن الرحيم

HASAD – HASANOT KUSHANDASI

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي حَذَّرَنَا مِنَ الْبَغْضَاءِ وَالْحَسَدِ وَاَمَرَنَا بِالتَّعَوُّذِ مِنْهُ بِقَوْلِهِ (وَمِنْ شَرِّ حَاسِدٍ إِذَا حَسَدَ) وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِنَا مُحَمَّدٍ الْاَمِينِ الَّذِي قَالَ "...وَلَا تَحَاسَدُوا وَكُونُوا عِبَادَ اللهِ إِخْوَانًا..." وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ

Hurmatli jamoat! Jamiyatimizda mo‘min-musulmonlar amal qiladigan turli xil yaxshi xislatlar bilan birga zararli xulqlar ham, afsuski, mavjud. Shulardan biri hasaddir. Birinchi gunoh Iblis tomonidan Odam alayhissalomga kibr va hasad qilishidan kelib chiqdi. Yer yuzidagi birinchi qotillik ham hasad sababli sodir bo‘ldi. Odam alayhissalomning o‘g‘li Qobil o‘z ukasi Xobilga hasad qildi va uning qotiliga aylandi. Hasad – bandalar ichidagi Allohning taqsimotiga e’tirozdir. Allohning biror ne’matni o‘z bandasiga ato etishi yoki bermasligiga e’tiroz qilgan kishining holati og‘ir bo‘ladi. Zero, Alloh o‘z hikmatiga binoan xohlagan bandasiga xohlagan ne’matini beradi, xohlamasa – yo‘q. Alloh taolo har narsani bilguvchi va hikmat sohibi bo‘lsa, unga qanday e’tiroz qilish mumkin?!

Hasad – bir kishiga berilgan ne’matni undan ketishini xohlashdir. Hasadning bundan ham yomonrog‘i – bir insonga berilgan ne’matning yo‘q bo‘lishini orzu qilish bilan, o‘sha ne’mat o‘zida hosil bo‘lishini ta’ma qilishdir. Alloh taolo Qur’oni karimda hasadning yomonligi to‘g‘risida shunday deydi:  

أَمْ يَحْسُدُونَ النَّاسَ عَلَى مَا آَتَاهُمُ اللَّهُ مِنْ فَضْلِهِ فَقَدْ آَتَيْنَا آَلَ إِبْرَاهِيمَ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ وَآَتَيْنَاهُمْ مُلْكًا عَظِيمًا   (سورة النساء الاية-54).

ya’ni: “Yoki (ular) Alloh O‘z fazlidan bergan ne’matlari uchun odamlarga hasad qilishadimi? Axir, Biz (ilgari ham) Ibrohim nasliga (Yusuf, Dovud, Sulaymon kabi zotlarga) Kitob, Hikmat berib, yana ularga buyuk mulk (hukmronlik) ham ato etgan edik-ku!” (Niso surasi, 54-oyat).

Oyati karimadagi “ne’matlari” degani – “payg‘ambarlik, hidoyat va imon”dir. “Odamlarga” so‘zidan murod – “Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam va u zotga imon keltirganlar”dir. Boshqa bir oyati karimada haqni bilganlaridan keyin ham hasad qiladiganlar haqida shunday deyiladi:

وَدَّ كَثِيرٌ مِنْ أَهْلِ الْكِتَابِ لَوْ يَرُدُّونَكُمْ مِنْ بَعْدِ إِيمَانِكُمْ كُفَّارًا حَسَدًا مِنْ عِنْدِ أَنْفُسِهِمْ مِنْ بَعْدِ مَا تَبَيَّنَ لَهُمُ الْحَقُّ

 (سورة البقرة الاية-109)

ya’ni: “Ahli kitoblarning ko‘pchiligi imon keltirganingizdan keyin va ularga haqiqat ravshan bo‘lgandan so‘ng ham hasad yuzasidan sizlarni (yana) kufrga qaytarishni istaydilar” (Baqara surasi, 109-oyat).

Ahli kitoblar Uhud jangida musulmonlar qo‘shini mag‘lubiyatga uchraganidan keyin ularga: “Agar sizlarning diningiz haq bo‘lganda edi, sizlarga Alloh yordam berib, g‘alaba qozongan bo‘lur edingiz. Yaxshisi  qaytib, bizning dinimizga kira qolingiz”, – deganlar.

         Alloh taolo Qur’oni karimning oxirgi suralaridan bo‘lgan “Falaq” surasida hasad qiluvchining yomonligidan panoh so‘rashga buyuradi:

وَمِنْ شَرِّ حَاسِدٍ إِذَا حَسَدَ 

(سورة الفلق الاية-5)

ya’ni:hamda hasadchining hasadi yovuzligidan(panoh so‘rayman deb ayting) (Falaq surasi, 5-oyat). Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hasaddan ogohlantirib shunday deganlar:

إِيَّاكُمْ وَالْحَسَدَ فَإِنَّهُ يَأْكُلُ الْحَسَنَاتِ كَمَا تَأْكُلُ النَّارُ الْحَطَبَ

(رَوَاهُ الْاِمَامُ الْبُخَارِيُّ)

ya’ni: “Hasaddan saqlaninglar. Chunki u xuddi olov o‘tinni yegani kabi, yaxshiliklarni yeydi” (Imom Buxoriy rivoyati). Yana bir hadisi sharifda aytiladi:

دَبَّ إِلَيْكُمْ دَاءُ الْأُمَمِ الْحَسَدُ وَالْبَغْضَاءُ هِيَ الْحَالِقَةُ لَا أَقُولُ تَحْلُقُ الشَّعْرَ وَلَكِنْ تَحْلُقُ الدِّيْنَ

(رَوَاهُ الْاِمَامُ التِّرْمِيذِيُّ)

ya’ni: “Sizga (o‘tgan) ummatlarning kasali: hasad va bug‘zu-adovat o‘rmalab (o‘tib) keldi. Ular qiruvchidir. Ular sochni qiradi demayman, balki ular dinni qiradi!” (Imom Termiziy rivoyati). Boshqa bir hadisda o‘zaro hasad qilishdan qaytarib, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytadilar:

لَا تَقَاطَعُوا وَلَا تَدَابَرُوا وَلَا تَبَاغَضُوا وَلَا تَحَاسَدُوا وَكُونُوا عِبَادَ اللهِ إِخْوَانًا وَلَا يَحِلُّ لِمُسْلِمٍ أَنْ يَهْجُرَ أَخَاهُ فَوْقَ ثَلَاثٍ

(رَوَاهُ الْاِمَامُ الْبُخَارِيُّ)

ya’ni: “Uzilishib ketmanglar, yuz o‘girishmanglar, bir-biringizga g‘azab va hasad qilmanglar. Allohning og‘a-ini bandalari bo‘linglar. Musulmon kishi  birodaridan uch kundan ortiq arazlashib yurishi halol emas” (Imom Buxoriy rivoyati).

O‘z o‘rnida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bir qancha hadislarda hasadning davosini aytib o‘tadilar:

ثلاثٌ لازماتٌ لأُمَّتِي سُوءُ الظَّنِّ والحَسَدُ والطِّيَرَةُ فإذا ظَنَنْتَ فلا تُحَقِّقْ وإذا حَسَدْتَ فاسْتَغْفِرِ اللهَ وإذا تَطَيَّرْتَ فَامْضِ

(رَوَاهُ الْاِمَامُ طَبَرَانِيُّ)

ya’ni: “Uchta xislat ummatimda doim bo‘ladi: yomon gumon, hasad va shumlanish. Gumon qilsang, yuzaga chiqarma; hasad qilsang, istig‘for ayt; shumlansang, yo‘lingda davom et” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Yana bir hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:

كُلُّ بَنِي آدَمَ حَسُودٌ وَلاَ يَضُرُّ حَاسِداً حَسَدُهُ مَا لَمْ يَتَكَلّمْ بِاللِّسَانِ أَوْ يَعْمَلْ بِالْيَدِ

(رَوَاهُ الْاِمَامُ اَبُو نُعَيْمٍ)

ya’ni: “Har bir Odam bolasi hasadchidir, (lekin) modomiki (hasadini) tiliga chiqarmasa, (hasadiga) qo‘li bilan amal qilmasa hasadchiga hasadi zarar qilmaydi” (Imom Abu Nu’aym rivoyati). Ba’zi hadislarda hasad so‘zi havas ma’nosida kelgan:

لاَ حَسَدَ إِلاَّ فِى اثْنَتَيْنِ رَجُلٌ آتَاهُ اللَّهُ قُرْآنًا فَهُوَ يَقُومُ بِهِ آنَاءَ اللَّيْلِ وَالنَّهَارِ ، وَرَجُلٌ آتَاهُ اللَّهُ مَالاً فَهُوَ يُنْفِقُهُ آنَاءَ اللَّيْلِ وَالنَّهَارِ

 (رَوَاهُ  الامام الْبُخَارِىُّ)

ya’ni: “Ikki kishidan boshqaga hasad qilish yo‘q: Alloh Qur’onni ato qilgan kishi va Qur’onni kechayu kunduz haqqini ado qiladigan kishi; Alloh mol bergan va u molni kechayu kunduz infoq-ehson qiladigan kishi” (Imom Buxoriy rivoyati). Bu hadis haqida Imom Jaloliddin Suyutiy shunday deydi: “Hasad ikki xil bo‘ladi: haqiqiy va majoziy. Haqiqiy hasad bir kishidan ne’matning yo‘q bo‘lishini istash; bu ijmo’ va boshqa dalillar bilan harom qilingan.  Majoziy hasadni “g‘ibta” deyiladi. “G‘ibta” degani ne’mat egasidan ketmasdan, o‘zida ham bo‘lishini orzu qilishdir (buni bizda “havas” deyiladi). Dunyo ishlarida havas qilish – muboh ish. O‘zgalar qilayotgan toatlarni orzu-havas qilish esa mustahabdir”.

Qalbni gina-kuduratlardan poklash – mo‘min kishini jannatga olib kiruvchi katta yutuqdir. Buni Anas raziyallohu anhuning quyidagi hikoyasidan ham bilib olsak bo‘ladi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning yonida o‘tirganimizda: “Hozir huzuringizga jannat ahlidan bo‘lgan kishi keladi”, – deb qoldilar. Shu payt ansoriylardan bir kishi tahorat sababli soqollaridan suv tomib turgan, kovushini chap qo‘lida ko‘tarib olgan holatda kirib keldi. Ertasi kuni ham Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Hozir huzuringizga jannat ahlidan bo‘lgan kishi keladi”, – deb qoldilar. Shunda yana o‘sha kishi avvalgi holatida kirib keldi. Ertasi kuni Rasululloh sallallohu alayhi vasallam yana: “Hozir huzuringizga jannat ahlidan bo‘lgan kishi keladi”, – deb qoldilar. Shunda yana o‘sha kishi avvalgi holatida kirib keldi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam turib ketdilar. Abdulloh ibn Amr ibn Os aytib beradilar: “Haligi kishining izidan borib: “Otam bilan arazlashib qolib, uch kun uyga bormaslikka qasam ichdim,  agar imkoni bo‘lsa, qasamim yechilgunicha siznikida tunasam, nima deysiz”, – dedim. Ansoriy sahoba rozilik berdi. Abdulloh ibn Amr uch kecha u bilan tunadi. Uni tunda (tungi namoz uchun) turganini ko‘rmadi. Lekin kechalari uyoq-buyoqqa ag‘darilganda Allohni zikr qilar va takbir aytib qo‘yardi. Shu bilan bomdod namoziga turib, chiroyli tahorat qilardi (Abdulloh: “U kishidan faqat yaxshi gaplarni eshitdim”, – deydi). Uch kecha o‘tgach, men uning amallarini kam sanab qolishimga oz qoldi. Unga: “Ey, Allohning bandasi! Aslida otam bilan o‘rtamizda hech qanday arazlashish bo‘lmagan, lekin Rasululloh sallallohu alayhi vasallam uch marta, uchta o‘rinda: “Hozir huzuringizga jannat ahlidan bo‘lgan kishi keladi”, – dedilar. Uch marta ham siz kirib keldingiz. Siznikida tunab, sizning amallaringizni ko‘rmoqchi bo‘ldim. Katta bir amal qilganingizni ko‘rmadim. Siz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytgan darajaga qanday yetdingiz?”, – dedim. U: “Amallarim faqat sen ko‘rganlaring” – dedi. Izimga qaytganimda, meni chaqirib: “Amallarim faqat sen ko‘rganlaring, lekin qalbimda biror musulmonga nisbatan g‘illi-g‘ashlik yo‘q va Alloh bergan yaxshilik uchun biror kishiga hasad ham qilmayman”, – dedi. Abdulloh ibn Amr: “Ana shu sizni (ulug‘) darajaga yetkazgan va biz toqat qila olmaydigan narsadir”, – dedi” (Imom Ahmad rivoyati). Demak, har bir mo‘min-musulmon avvalo qalbini gina-kudurat, bug‘zu adovat, ko‘rolmaslik, kibr va hasaddan poklashi darkor. Qalbning poklanishi, imonu ixlos, husnu xulq, samiymiylik va kamtarlik bilan go‘zal bo‘lishi insonni ikki dunyo saodatiga yetkazadi, inshaalloh.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, kun sayin dunyo hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini topib borayotgan sevimli vatanimiz va vatandoshlarimizga hasad ko‘zi bilan emas, balki havas ko‘zi bilan qarash kerak. Davlatimizda olib borilayotgan siyosat va islohotlarni faqat yomon gumon va hasad bilan tahlil qiladiganlar ham, afsuski, topiladi. Biz ularga tahlilda xolis bo‘lish va jamiyatga foydali bo‘lgan islohotlarga xayrihoh bo‘lishni tavsiya qilgan bo‘lardik. Zero, hasad bilan biror natijaga erishib bo‘lmaydi. Vatandoshlarimizning ham davlatimiz hukumatining xayrli islohotlarida hamfikr bo‘lib, qo‘llab quvvatlab turishlari, mustajob duolarida esga olishlaridan umidvormiz.    

Muhtaram jamoat! Mav’izamiz davomida missionerlik bilan shug‘ullanuvchi sektalarning ko‘pmillatli jamiyatimizda diniy bag‘rikenglik, o‘zaro inoqlik va tinchlikka yetkazadigan zararlari haqida suhbatlashamiz.

Missionerlikning asosiy maqsadi – qaysidir dinni targ‘ib qilish yoki qaysidir dinni kuchsizlantirish emas, balki sizu biz yashab turgan yurtning tinchligiga rahna solish va taraqqiyotini barbod qilishdir. Tarixdan ma’lumki, missionerlar xuddi shu yo‘l bilan bir necha davlatlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotini izdan chiqardilar. Yaxlit bir xalq va millatni parokandalikka olib kelib, ularni guruh va tabaqalarga bo‘lib yubordilar. Oqibatda aholining asrlar osha shakllanib kelgan milliy  va diniy qadriyatlari oyoqosti bo‘lishiga va, nihoyat, yo‘qolib ketishiga olib keldi. Masalan, Indoneziyada harakat qilgan missionerlar yigirma besh yil mobaynida minglab odamlarni o‘z tomonlariga og‘dirib olishdi va oxir oqibat ular yashayotgan Sharqiy Timorni mamlakatdan ajratishdi. Xuddi shunday g‘arazli uslub Sudan mamlakatining janubini, ya’ni Darfur viloyatini ajratib olishda ham qo‘llanilgan.

Bunday harakatlar bilan ular islom diniga e’tiqod qiluvchi mahalliy aholi o‘rtasida o‘zlari haqida ijobiy fikrlar tug‘dirishga erishadi. Bu yo‘lda ataylab Islom ahkomlarini buzib ko‘rsatish, Qur’on oyatlarini bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish, Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam hadislarini noto‘g‘ri talqin qilish kabi usullardan foydalanadi. Afsuski, ko‘p yoshlarning e’tiborsizligi, befarqligi ularning qabih niyatlarini amalga oshirishda qo‘l kelmoqda.

Missionerlar g‘arazli niyatlarini amalga oshirishda ommaviy axborot va aloqa vositalaridan ham keng foydalanmoqda. Missionerlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi risola, jurnal va matnlar mahalliy tillarga tarjima qilinib, aholi o‘rtasida tekin tarqatiladi. Sun’iy yo‘ldosh orqali uzatiladigan o‘nlab televideniye ko‘rsatuvlari, radio kanallari, internet sahifalari orqali keng targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilishi natijasida dunyoda missionerlik harakatlari yoyilmoqda.

Ayrim yurtdoshlarimiz daromad topish maqsadida o‘z kindik qonlari to‘kilgan yurtdan uzoqlashib, olis va notanish yurtlarga bormoqda. Ularning aksariyati aynan missionerlarning tuzog‘iga tushmoqdalar. Boshqa e’tiqod, boshqa mentalitet vakillari orasida yashagan yoshlarimiz o‘z milliy ma’naviyatlaridan uzilib, o‘zgalarning ruhiy-ma’naviy ta’siriga tushib qolishmoqda. Hali imon-e’tiqodi shakllanib ulgurmagan yoshlarni bunday buzuq g‘oyalardan asrash – bugungi kunimizning eng muhim masalalaridan biridir.

Alloh taolo barchamizni hasaddan, bug‘zu adovatdan asrasin, o‘zaro do‘stu yor bo‘lib yashashni muyassar qilsin! Barchamizni O‘zining hidoyatida bardavom aylab, iymon va islomda sobit qadam qilsin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilgani bayoni

10.01.2025   2269   10 min.
Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilgani bayoni

Bismillahir Rohmanir Rohiym

 - 60وَلِلْجَنَّاتِ وَالنِّيرَانِ كَوْنٌ عَلَيْهَا مَرَّ أَحْوَالٌ خَوَالِي

.Ma’nolar tarjimasi: Jannatlar va do‘zaxlar (hozirda) bordir, ularga (yaratib qo‘yilganlariga) o‘tmish yillar o‘tib ketgandir


Nazmiy bayoni:

Jannatlar, do‘zaxlar mavjud erurlar,
Ular uzra o‘tgan ko‘p o‘tmish yillar.


Lug‘atlar izohi:

لِ – “shibhi mulk” (mulk ko‘rinishidagi) ma’nosini ifodalovchi jor harfi bo‘lib, ismi ma’no bo‘lgan كَوْنٌ va ismi zot bo‘lgan جَنَّاتِ larning orasida kelgan.

الْجَنَّاتِ – jor va majrur xabari muqaddam.

النِّيرَانِ – lug‘atda “alangalar” ma’nosini anglatadi.

كَوْنٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. كَانَ fe’lining masdari bo‘lib, lug‘atda “voqelikda bor bo‘lish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

عَلَيْهَا – “isti’lo” (ustun bo‘lish) ma’nosidagi jor harfi.

مَرَّ – ko‘plab sharhlarda مَرَّ ni masdar qilib ma’no berilgan. Ammo tahqiqlarga ko‘ra uning fe’l ekani mo‘tabar hisoblanadi.

اَحْوَالٌ – foil. Lug‘atda “to‘liq bir yil” ma’nosini anglatuvchi حَوْل ning ko‘plik shaklidir.

خَوَالِي – bu kalima خَالِيةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib “o‘tmishlar” ma’nosini anglatadi. اَحْوَالٌ ning sifati.


Matn sharhi:

Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga ko‘ra jannatlar va do‘zaxlar hozirda yaratib qo‘yilgan, ular hech qachon yo‘q bo‘lib ketmaydi.

Qadariylar va mo‘taziliylar jannat va do‘zaxning hozirda yaratib qo‘yilganini inkor qilishgan. Ular: “Agar jannat va do‘zax mavjud bo‘lsa, oyati karimalarda xabar berilganidek, yo‘q bo‘lib ketishlari lozim bo‘lib qoladi, shuning uchun ular qiyomat kunida yaratiladi”, – degan e’tiqodda bo‘lishgan. O‘zlarining bu qarashlariga quyidagicha dalillar keltirishgan:

“Uning “yuzi”dan boshqa barcha narsa halok bo‘luvchidir”[1].

Ya’ni Alloh taolodan boshqa har bir narsa halok bo‘lguvchidir. Boshqa bir oyatda ham barcha jonzotning foniy bo‘lib, faqat Alloh taoloning O‘zi boqiy qolishi xabar berilgan:

(Yer) yuzidagi barcha mavjudot foniydir. Ulug‘lik va Ikrom egasi bo‘lmish Robbingning O‘zi boqiydir”[2].

Ushbu oyatlardagi كُلٌ kalimasi عَامٌّ va جَمِيِعٌ kabi umumiylikni ifodalovchi kalimalarning eng kuchlisi bo‘lib, u chegaralanmagan ko‘plikka dalolat qiladi. Modomiki, bu kalimani mazkur ma’nosidan boshqa ma’noga o‘zgartiruvchi dalil bo‘lmasa, u asl holida turadi. Shunga ko‘ra jannatu do‘zaxlar hozirda yaratib qo‘yilgan bo‘lganida ular ham, ichidagilar ham qiyomat kunidan oldin boshqa maxluqotlar qatori yo‘q bo‘lib ketishi lozim bo‘lib qolardi. Ularning esa halok bo‘lmasliklari xabar berilgan. Shuning uchun ham ular qiyomat kunida abadiy yo‘qolmaydigan qilib yaratiladi, – deyishgan.

Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilganiga dalillar

Mazkur toifalarning keltirgan dalillariga batafsil javoblar berilgan:

Avvalo, jannat va do‘zaxning hozirda yaratib qo‘yilganiga juda ko‘plab dalillar bor:

1. Qur’onda jannat va do‘zax haqida kelgan oyatlarda o‘tgan zamonni ifodalovchi so‘zlar bilan xabar berilgan:

“Robbingizning mag‘firatiga va Allohga hamda Uning payg‘ambarlariga iymon keltirganlar uchun tayyorlab qo‘yilgan, kengligi osmon va yerning kengligicha bo‘lgan jannatga musobaqalashing”[3].

Ushbu oyatda jannatning tayyor qilib qo‘yilgani xabar berilgan. Quyidagi oyatda esa do‘zaxning tayorlab qo‘yilgani xabar berilgan:

“Kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan do‘zaxdan saqlaningiz!”[4].

Mazkur oyati karimalarda jannat va do‘zax haqida “tayyorlab qo‘yilgan” deya o‘tgan zamonni ifodalovchi so‘z bilan keltirilishi ularning hozirda mavjud ekaniga dalolat qiladi.

2. Qur’onda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Jabroil alayhissalomni ikkinchi marta asl holatda “Sidratul muntaho”ning oldida ko‘rganlari va uning oldida Ma’vo jannati borligi xabar berilgan. Bu esa jannatning yaratib qo‘yilganiga yorqin dalildir:

“Qasamki, (Muhammad Jabroilni ilk bor Yerda ko‘rgach, yana) ikkinchi bor ko‘rdi. “Sidratul-muntaho” (daraxti) oldida. “Ma’vo jannati” ham o‘sha (daraxt)ning oldidadir”[5].

3. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Sidratul muntaho”ga borganlaridan so‘ng jannatga kirganlarini aytib, uning qanday ekanini tasvirlab berganlar:

ثُمَّ دَخَلْتُ الْجَنَّةَ فَإِذَا فِيهَا جَنَابِذُ اللُّؤْلُؤِ وَإِذَا تُرَابُهَا الْمِسْكُ.

“... So‘ngra jannatga kirdim, u yerda marvarid gumbazlar bor ekan, uning tuprog‘i mushk ekan” (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).

4. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyosh tutilgan vaqtda namoz o‘qiganlari haqidagi rivoyatda u zotning jannatni ham, do‘zaxni ham ko‘rganlari, hatto jannatdan bir shingil meva olaymi, deb o‘ylaganlari ham ochiq- oydin kelgan:

عَنْ عُرْوَةَ قَالَ قَالَتْ عَائِشَةُ خَسَفَتْ الشَّمْسُ فَقَامَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَرَأَ سُورَةً طَوِيلَةً ثُمَّ رَكَعَ فَأَطَالَ ثُمَّ رَفَعَ رَأْسَهُ ثُمَّ اسْتَفْتَحَ بِسُورَةٍ أُخْرَى ثُمَّ رَكَعَ حَتَّى قَضَاهَا وَسَجَدَ ثُمَّ فَعَلَ ذَلِكَ فِي الثَّانِيَةِ ثُمَّ قَالَ إِنَّهُمَا آيَتَانِ مِنْ آيَاتِ اللَّهِ فَإِذَا رَأَيْتُمْ ذَلِكَ فَصَلُّوا حَتَّى يُفْرَجَ عَنْكُمْ لَقَدْ رَأَيْتُ فِي مَقَامِي هَذَا كُلَّ شَيْءٍ وُعِدْتُهُ حَتَّى لَقَدْ رَأَيْتُ أُرِيدُ أَنْ آخُذَ قِطْفًا مِنْ الْجَنَّةِ حِينَ رَأَيْتُمُونِي جَعَلْتُ أَتَقَدَّمُ وَلَقَدْ رَأَيْتُ جَهَنَّمَ يَحْطِمُ بَعْضُهَا بَعْضًا حِينَ رَأَيْتُمُونِي تَأَخَّرْتُ وَرَأَيْتُ فِيهَا عَمْرَو بْنَ لُحَيٍّ وَهُوَ الَّذِي سَيَّبَ السَّوَائِبَ. رَوَاهُ البُخَارِيُّ

Urva roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Oisha roziyallohu anho dedilar: “Quyosh tutilgan edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam turdilar-da uzun sura o‘qidilar, so‘ngra ruku’ qilib, uzoq vaqt ruku’da qoldilar, boshlarini ko‘targanlaridan keyin boshqa bir surani o‘qiy boshladilar, so‘ngra ruku’ qildilar, ushbu rakatni ado etib sajda qildilar, keyin ikkinchi rakatda ham shunday qildilar. So‘ngra: “Ikkalasi Allohning belgilaridan ikki belgidir, agar o‘shani ko‘rsalaringiz, to sizlardan ochilib ketgunicha namoz o‘qinglar. Men ushbu turgan joyimda menga va’da qilingan barcha narsalarni ko‘rdim. Hatto mening oldinga yurganimni ko‘rgan paytlaringizda, jannatdan bir shingil meva olaymi ham degan edim. Mening orqaga chekinganimni ko‘rgan paytlaringizda, ba’zisi ba’zisini buzib vayron qilayotgan do‘zaxni ko‘rdim. Uning ichida Amr ibn Luhayni ko‘rdim. U ibodat ma’nosida tuyani qarovsiz tashlab qo‘yishni birinchi bo‘lib boshlagan edi”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Adashgan toifalarning كُلٌ kalimasini ma’nosidan buruvchi dalil bo‘lmasa, u asl holida turaveradi, degan so‘zlariga esa quyidagicha javob berilgan:

 Yuqoridagi dalillardan jannat va do‘zaxning hozirda mavjud ekanligi sobit bo‘ldi. Mavjudligi aniq bo‘lgan jannatning tugashi yo‘q ekani ham xabar berilgan:

“Albatta, bu Bizning (jannat ahliga beradigan) rizqimizdirki, unda tugash bo‘lmas”[6].

Jannatdagi ne’matlarning doimiyligi ham bayon qilib qo‘yilgan:

“Taqvolilar uchun va’da qilingan jannatning misoli, uning ostida anhorlar (doimo) joriy, mevalari va soyalari boqiydir”[7].

Hadisi sharifda jannat ne’matlarining doimiyligi haqida shunday xabar berilgan:

عَنْ أَبِي سَعِيدٍ وَأَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ إذَا دَخَلَ أهْلُ الجَنَّةِ الجَنَّةَ يُنَادِي مُنَادٍ إِنَّ لَكُمْ أنْ تَحْيَوْا فَلا تَمُوتُوا أَبَداً إنَّ لَكُمْ أنْ تَصِحُّوا فلا تَسْقَمُوا أبداً وإنَّ لَكمْ أنْ تَشِبُّوا فلا تَهْرَمُوا أبداً وإنَّ لَكُمْ أَنْ تَنْعَمُوا فَلا تَبْأسُوا أَبَداً. رَوَاهُ مُسْلِمٌ

Abu Said va Abu Hurayra roziyallohu anhumolardan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon jannat ahli jannatga kirsalar, bir nido qilguvchi: “Albatta, yashashlaringiz sizlar uchun, hech qachon o‘lmaysizlar. Albatta, sog‘lom bo‘lishlaringiz sizlar uchun, hech qachon kasal bo‘lmaysizlar. Albatta, yosh bo‘lishlaringiz sizlar uchun, hech qachon qarimaysizlar. Albatta, huzur-halovatda yashashlaringiz sizlar uchun, hech qachon baxtsiz bo‘lmaysizlar”, – deya nido qiladi”, – dedilar”. Imom Muslim rivoyat qilgan.

Jannatdagi ne’matlar abadiy bo‘lganidek, do‘zaxdagi azoblar ham abadiyligi haqida shunday xabar berilgan:

“Albatta, ahli kitob va mushriklardan iborat kofirlar jahannam o‘tida bo‘lib, o‘sha joyda mangu qolurlar” .

Xulosa qilib aytganda, jannat ham, do‘zax ham hozirda mavjud, hech qachon yo‘q bo‘lib ketmaydi. Ular Alloh taoloning yo‘qdan bor qilishi bilan vujudga kelgani kabi, U zotning yo‘q qilib yubormasligi bilan doimiy bor bo‘lib turadi.


Keyingi mavzu:
Mo‘min bandaning do‘zaxda abadiy qolmasligi bayoni

 


[1] Qasos surasi, 88-oyat.
[2] Ar-Rohman surasi, 26, 27-oyatlar.
[3] Hadid surasi, 21-oyat.
[4] Oli Imron surasi, 131-oyat.
[5] Najm surasi, 13–15-oyatlar.
[6] Sod surasi, 54-oyat.
[7] Ra’d surasi, 35-oyat.