Ja’far ibni Muhammad ibni Aliy ibni Husayn ibni Aliy ibn Abu Tolib as-Sodiq. Aliy roziyallohu anhuning avlodidan. Qolaversa, u zot Abu Bakr roziyallohu anhuga ham nasabda ikki tarafdan tutashadi.
1)U kishining onasi Ummul Farva bintul Qosim bintu Muhammad ibn Abu Bakr Siddiq.
2) Onasining onasi esa, Asmo bintu Abdurahmon ibn Abu Bakr Siddiq.
Nasl nasabi har tarafdan ikki buyuk sahobiyga hamda Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga borib taqaladi.
Ja’far as-Sodiq hijriy 80-yilda Madinada dunyoga keldi. Kunyasi as-Sodiq. Ya’ni, rostgo‘y, ishonchli kishi. U zot o‘z davrida rostgo‘yligi bilan mashhur bo‘lgan. Gapirgan gapida va qilayotgan amalida biror marta yolg‘on zohir bo‘lmaganligi sababli bu kunyani olgan. Va yana u kishi o‘z davrining yetuk imomi hamda faqihi edi. Shu bilan birga hakiym, ya’ni, hikmat sohibi edi. Qolaversa, ushbu sifatlari ustiga sahovatda tengsizligi bilan ham tanilgan edi.
Ja’far as-Sodiqning shogirdi Xiyoj ibni Bo‘ston at-Tamimiy aytadi: “Ja’far as-Sodiq shunchalik ko‘p ehson qilardiki, hattoki ba’zida bola-chaqasi va ro‘zg‘ori uchun ham hech narsa qolmasdi”.
U kishidan riboning harom qilinish hikmatini so‘radilar: “Nima uchun ribo harom qilindi?” U kishi javob berib aytdiki: “Alloh taolo odamlar bir-birlaridan ma’rufni ya’ni, yaxshilikni man qilmasliklari uchun harom qildi. Chunki riboda xayr-ehson ham, o‘zgalarga yaxshilik qilish ham yo‘q. Riboda ikki taraf faqat o‘z foydasini o‘ylaydi. Oqibatda insonlar o‘rtasidagi ma’ruf degan narsalar yo‘q bo‘lib ketadi”.
U zot insonlar orasini isloh qilishga, ular o‘rtasida chiqqan kelishmovchiliklarni bartaraf qilishga nihoyatda haris edi. Agar ikki kishining janjallashayotganini ko‘rsa, buning sababini so‘rardi. Agar bu janjalning sababi pulga borib taqalsa o‘z yonidan qarzdorning qarzini to‘lab yuborar edi. Agar o‘zining puli bo‘lmasa kimdandir qarz olib bo‘lsa ham haqdorning pulini berib yuborardi. Shu sobabdan judayam ko‘p vaqtda Ja’far as-Sodiq qarzdor holatda yurardi.
U kishi o‘z ilmi va fahm farosatidan tashqari odobi, yaxshi fe’l atvori va chiroyli xulqi bilan ham kishilarning muhabbatini qozongan edi. U zot qorong‘u bo‘lishligi bilan bir qopga un, yog‘ va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini to‘ldirardi hamda Madinalik faqirlarning eshigi tagiga qo‘yib ketardi. Kishilar eshiklari tagiga qo‘yib ketilayotgan bu infoq-ehsonlarning tarqatuvchisi kimligini yillar davomida bilmay o‘tdilar. Qachonki, Ja’far as-Sodiq vafot etgandan keyin, ushbu ehsonlar to‘xtab qolgandagina bu infoqlarning egasi kim ekanini anglab qoldilar.
Ja’fari Sodiqning shogirdi Sufyoni Savriy aytadi: “Makkada Abu Abdulloh ya’ni, Ja’fari Sodiqning yonida edim. U so‘zlashdan to‘xtagan edi, men bir ajib savol berdim: “Ey Rosulullohning o‘g‘li, nima uchun mavqif ya’ni Arofat haramning tashqarisida?”. Jovob esa, bundanam ajib bo‘ldi. U zot aytdiki: “Ka’ba Allohning uyi. Haram ana shu Kabaning chegarasidir. Arofat esa uning kirish tarafidir. Xojilar Baytullohni qasd qilib kelganlarida eshik oldida ya’ni, Arofatda to‘xtaydilar. Ular Allohga tazarru qilib yolvoradilar. Ularga kirishga izn berilgach, Alloh O‘z baytining ikkinchi eshigi ya’ni, Muzdalifa tomonga yaqinlashtiradi. Alloh taolo ularning qilgan sa’y harakatlari va duo iltijolari sabab ularga rahm qiladi hamda qurbonlik qilishga buyuradi. Qurbonlik esa, Alloh bilan bandaning o‘rtasini to‘sib turgan gunohlarning ketishiga sabab bo‘ladi. Ana shundan so‘nggina Alloh o‘z uyini ziyorat qilishga ruxsat beradi. Men ya’na so‘radim: “Nima uchun tashriq kunlari ro‘za tutish mumkin emas?” ja’fari Sodiq javob berdi: “Chunki ular ya’ni, xojilar Allohning ziyofatidadirlar. Mehmon uchun mezbonning huzurida ro‘zador bo‘lishi lozim bo‘lmaydi”.
Abu Na’iymning “Hilyatul-avliyo” kitobida keladi: “Xalifa Ja’far al-Mansur Madinaga keldi. Bir joyda o‘tirgan edi yuziga pashsha qo‘ndi. Xalifa pashshani har qancha haydamasin, yana qaytib kelib qo‘naverdi. Shu paytda bu majlisga Ja’fari Sodiq kirib keldi. Xalifa unga qarab so‘radi: “Ey Abu Abdulloh, Alloh pashshani nimaga yaratganikin a?”. Bo‘lib o‘tgan hodisadan xabari yo‘q olim javob berdi: “Alloh u bilan jabborlarni xorlash uchun yaratgan”. Xalifa o‘z savolidan uyalib jim bo‘lib qoldi. Ja’fari Sodiqqa Alloh taolo ilm, farosat, hikmat, sahovat va muloyimlikka qo‘shib bir ajib salobat va haybat ham bergan edi. Garchi Ja’fari Sodiqning javobidan jaxli chiqqan bo‘lsada, undagi salobat va viqorni ko‘rib unga bir narsa deyishga botinolmadi.
Shamsiddin az-Zahabiy Fazl ibn Robi’dan u kishi otasidan rivoyat qiladi: “Abu Ja’far al-Mansur meni chaqirtirib: “Ja’far ibni Muhammad meni mulkimda malomat qilibdi. Uni tezda huzurimga olib kel, agar men uni o‘ldirolmasam Alloh meni o‘ldirsin”, deb yubordi. Men Ja’fari Sodiqni topib xalifaning xuzuriga chaqirib keldim. Ja’far bir narsani sezgandek, tahorat oldi va xuddi o‘limga tayyorlangandek kiyindi va tilida nimalarnidir pichirlab keldi. Kelib xalifaning xuzuriga kirishga izn so‘radi. Xalifa unga kirishga izn berdi va yana “Agar men uni o‘ldirmasam, Alloh meni o‘ldirsin”, deya takrorladi. Ja’fari Sodiq xalifaning oldiga kirdi. Shunda xalifa shoshib o‘rnidan turdi va yugurib borib olimning qo‘lidan ushlagancha majlisning to‘riga chiqardi hamda uning yuziga tikilib muloyimlik bilan: “Bizning majlisimizga xush kelibsiz, xiyonatdan pok toza inson, mening akam, amakimning o‘g‘li”, deya o‘ziga yaqin qildi. So‘ngra: “Nima xojatingiz bor, ayting bajaramiz”, dedi. Ja’fari Sodiq o‘zi uchun hech narsa so‘ramadi. Faqatgina Makka va Madina aholisining maoshlarini o‘z vaqtida berishlarini so‘radi. Xalifa darhol: “Bajaramiz”, dedi. So‘ng bir xizmatkoriga eng qimmat atirdan olib kelishni buyurdi. Atir kelgach esa o‘z qo‘llari bilan olimning yuzlariga surtib qo‘ydi va ketishga izn berdi. Ja’fari Sodiq indamay chiqib ketdi. Hamma bu voqeadan hayratlangancha qotib qoldi. Olimni yetaklab kelgan kishi yugurib uning ortadan chiqqancha so‘radi: “Ey Rosulullohning o‘g‘li, xalifa sizni qatl qilmoqni qasd qilib turgandi. Biroq, sizga umuman boshqacha muomala qildi. Boya kelayotganimizga pichirlab qandaydir duoni o‘qigan edingiz. U qaysi duo edi?”. Ja’fari Sodiq aytdi: “Ey Robbim, qancha ne’matni menga ato qilding, unga shukr qilishim oz bo‘ldi. Qancha balo bilan sinading, unga mening sabrim oz bo‘ldi. Ey, nematlarga shukrim oz bo‘lsada, ularni ma’n qilmagan Zot, Ey balolarga sabrim oz bo‘lsada, meni xor qilmagan Zot, Ey, ma’siyatlarim uchun meni sharmanda qilmagan Zot, Ey sanoqsiz va tuganmas ne’matlarning egasi, Ey bitmas tuganmas ma’ruflarning egasi, dunyoim bilan dinimga yordam ber, taqvo bilan oxiratimga yordam ber, bilmagan narsalarimdan meni saqlagin, mening nafsim istayotgan narsaga meni tashlab qo‘ymagin. Ey, gunohlar zarar qilmaydigan, kechirishlik mulkini kamaytirib qo‘ymaydigan Zot, Senga zarar qilmaydigan narsada meni kechirgin, Seni mulkingni kamaytirib qo‘ymaydigan narsani ato qilgin, Ey Vahhob, Sendan yaqin yengillikni va go‘zal sabrni so‘rayman. Jamiki balolardan ofiyatni va ofiyat uchun shukrni so‘rayman”, dedim.
Ja’fari Sodiq ilm va ma’rifatda shunday darajaga yetdiki, o‘z zamonasidagi barcha ahli ilmlar u kishining fazilatini tan oldi. Biror kishi uni yomon ko‘rmasdi. Ibn Hajar Ja’fari Sodiqni ta’riflab aytadi: “U rostgo‘y, faqih imom edi”. Imomi Shofe’iy, ibni Ma’iyn, ibni Hibbonlar ham u zotni ta’riflab shunday deydi: “Ja’fari Sodiq ahli baytning sayyidlaridan, tabaa tobeinlarning obidlaridandir”. Ba’zi bir ulamolar Ja’fari Sodiqni “ U tobein bo‘lgan, chunki u Sahl ibn Sa’b va Anas ibn Molikni ko‘rgan”, deyishgan.
Mazhabboshimiz Abu Hanifa aytadi: “Ja’fari Sodiqdan ko‘ra faqihroq insonni ko‘rmaganman”.
Odamlar Ja’fari Sodiqning gapiga quloq solib, uning tarafdorlari ko‘payib ketayotganini ko‘rgan xalifa Ja’far al – Mansur Abu Hanifani chaqirtirdi va dedi: “ Odamlar Ja’fari Sodiq bilan fitnalanib qolibdi, o‘z masalalaringizdan qirqta eng qiyin savolni to‘plab keling”. Abu Hanifa shunday qildi. U aytadi: “Men ushbu masalalarni olib xalifaning huzuriga kirsam, u yerda Ja’fari Sodiq o‘tirgan ekan. Xalifa mendan: “Bu kishini taniysizmi?” deb so‘radi. Men: “Ha, bu kishi Ja’far ibni Muhammad bo‘ladilar”, dedim. Xalifa: “savollaringizni bering”, dedi. Men to‘plab kelgan masalalarimni o‘rtaga tashlay boshladim. So‘ragan masalalarimga Ja’fari Sodiq: “Sizlar ya’ni, hanafiylar bu masalada bunday deysizlar, Madina ahli bo‘nday deydi va biz bunday deymiz”, deya uch tarafning javoblarini aytib bera boshladi. Ba’zi fikrlarda bizga muvofiq, ba’zisida Madinaliklarga muvofiq va yana ba’zisida esa umuman boshqa javoblarni aytdi. Shunday qilib men so‘ragan qirqta masalaning birortasiniyam qoldirmay javob berdi”. So‘ngra Abu Hanifa yig‘ilganlarga qarab: “Axir aytgan edimku, odamlarning eng bilimlisi, odamlar o‘rtasidagi ixtiloflarni biladiganidir”, dedi.
Ja’fari Sodiq shunday ilmli kishi edi. U kishining hikmatlaridan:
“Ne’matlarni yo‘q qiladigan gunoh - haddan oshishlik. Nadomatni keltaradigan gunoh – qotillik. Nafrat va jazoni keltiradigan gunoh – zulm. Ayblarni ochib qo‘yadigan gunoh – aroqxo‘rlik. Rizqni to‘xtatib qo‘yadigan gunoh – zino. O‘limni tezlashtiradigan gunoh – silai rahmni uzishlik. Duoni rad qiladigan gunoh – ota-onaga oqq bo‘lishlik”.
“Agar balo ustiga balo kelayotgan bo‘lsa, keyingi kelayotgan balo ofiyat balosi ekan”.
“Uch xil odamdan xushyor bo‘l: xoindan, zolimdan va chaqimchidan. Seni foydang uchun xiyonat qilgan kishi sening zararing uchun ham xiyonat qilaveradi. Sening foydang uchun birovga zulm qilgan kishi sening zararing uchun ham birovga zulm qilaveradi. Sening foydang uchun chaqimchilik qilgan kishi sening zararingga ham chaqimchilik qilaveradi”.
“Qorni to‘qligiga shukr qiluvchi inson – ro‘zador kabidir. Ofiyatga shukr qiluvchi inson – baloga sabr qilayotgan kishi kabidir”.
“Odamlar bilan chiroyli muomala qila olishlik – aqlning uchdan biridir”.
U zot Madinada vafot etdi. Alloh u kishidan rozi bo‘lsin.
Manbaalar asosida Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi Islomov Yorbek tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugungi globallashuv sharoitida barcha sohalar kabi din bilan bog‘liq jarayonlar ham jadallashib bormoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda diniy arkonlarni noto‘g‘ri talqin qilish holatlari tobora avj olmoqda. Bunday vaziyatda har bir kishi bilim va axborot iste’moli madaniyatiga juda muhtoj bo‘ladi. Dinini sof saqlamoqchi bo‘lgan inson to‘g‘rini noto‘g‘ridan ajratib olishi uchun yetarlicha salohiyatga ega bo‘lishi davrimizning eng dolzarb talablaridan bo‘lib qoldi.
Hozirgi kunda oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilib, odamlarni o‘z buzg‘unchi g‘oyalariga undayotgan oqimlardan biri salafiylik toifasi bo‘lib, u Markaziy Osiyo mintaqasiga ham o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmoqda.
Avvalo “salafiylik” iborasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, u arab tilidagi “سلف” [salaf] so‘zidan olingan bo‘lib, “ajdodlar”, “avval yashab o‘tganlar” ma’nolarini anglatadi. Hadislarga ko‘ra, “salaflar” yo “salafi solihlar” deganda, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan keyingi ikki davrda yashagan musulmonlar tushuniladi. Ya’ni, bular – sahoba, tobein va tabaa tobeinlar. Ulardan keyingi davrlarda yashab o‘tgan odamlarga nisbatan “salaf” atamasi ishlatilmagan.
Keyingi yillarda “salafi solihlarga ergashish” shiori ostida soxta salafiylar jamoasi paydo bo‘ldi. Ularning aqidaviy asosi Ibn Taymiya (1263/1328) ismli shaxsga borib taqaladi. U fiqhiy-aqidaviy masalalarda ixtilof qilgani sababli ahli sunna ulamolari tomonidan qattiq tanqid qilingan va keskin raddiyalarga uchragan. Shunday bo‘lsa-da, uning g‘oyalari turli mutaassib toifalarga asos bo‘lib xizmat qilishda davom etyapti.
Mustaqillikdan keyingi yillarda bizning yurtimizda vahhobiylik harakati bo‘y cho‘zdi. Aslida salafiylik bilan vahhobiylik orasida farq yo‘q. Ularning e’tiqod va qarashlari bir xil. Vahhobiylik salafiylikdan kelib chiqqan. Uning asoschisi Muhammad ibn Abdulvahhob (1703-1791) Ibn Taymiyaning fikrlariga qo‘shilishga chaqirgan.
Salafiylikning faoliyatiga e’tibor berilsa, ular ahli sunnaning aqida bo‘yicha ash’ariylik va moturidiylik ta’limotlarini, to‘rt fiqhiy mazhab va tasavvufni inkor etadi. Fiqhiy mazhablar o‘rtasidagi juz’iy ixtilofli masalalarni tanqid qilib, ularni ayblaydi va mazhabsizlikka undaydi. Fiqhiy-aqidaviy ixtiloflar keltirib chiqaribgina qolmay, ijtimoiy-siyosiy holatlarni tanqid ostiga olib, o‘z buzuq g‘oyalarini singdirishga urinadi. Ularning targ‘iboti zamirida jihod va xalifalik g‘oyalari yotadi.
Hozirgi vaqtda salafiylik g‘oyalarining tarqalishi keng tus olmoqda. Mamlakatimiz misolida ko‘radigan bo‘lsak, xorijda turib, o‘zini shayx, haq da’vatchi va islomning asl mohiyatini to‘g‘ri ochib beruvchi qilib ko‘rsatayotgan ba’zi salafiy da’vatchilar mazhablarni ixtilofda ayblab, Qur’on va sunnatga ergashish da’vosi bilan salafiylikka, mazhabsizlikka da’vat qilmoqda. Ijtimoiy-siyosiy vaziyatga doir ayrim holatlarni tanqid qilib, o‘z ta’sirini oshirishga urinmoqda.
Salafiy da’vatchilar ijtimoiy tarmoqlardagi “va’z”larida fiqhiy-aqidaviy mazhablarni tugatish va tasavvufni inkor qilishga qattiq urg‘u bermoqda. Da’volari juda jimjimador. Go‘yo ular Qur’on va sunnatga ergashayapti-yu, ixtiloflarni mazhablar keltirib chiqarayotganday.
Tarixdan ma’lumki, barcha davrlarda o‘z maqsadi yo‘lida islom aqidasi va arkonlarini noto‘g‘ri talqin qilib, odamlarni haq yo‘ldan ozdirishga harakat qiladigan toifalar chiqib turgan. Salafiylar ham shulardan biri. Chuqurroq tahlil qilinadigan bo‘lsa, ularning g‘oyalari tarixdagi mo‘tazila, mushabbiha, mujassima, karromiya kabi botil toifalarning qarashlariga o‘xshashi yaqqol ko‘rinadi. Quyida ulardan ba’zilarini sanab o‘tamiz.
Salafiylar aqida borasida “Rahmon Arshga istivo qildi” (Toha surasi, 5-oyat), “Yoki sizlar osmondagi Zot (Alloh)dan xotirjammisiz?!” (Mulk surasi, 16-oyat), “Balki Alloh taolo u (Iso alayhissalom)ni O‘ziga ko‘tarib oldi” (Niso surasi, 158-oyat) kabi ba’zi mutashobih (birini-biridan ajratish qiyin bo‘lgan va bir necha ma’nolarni anglatadigan) oyatlarni zohiriga (yuzaki ma’’nosiga) qarab, Alloh taologa makon nisbat beradi va U Zotni osmonda, deb da’vo qiladi.
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, Alloh taolo makondan oliy va behojat Zotdir. Ulamolarimiz aqidaviy masalalarda, ayniqsa, Alloh taolo borasida, U Zotni nuqson va kamchiliklardan poklashda o‘ta ehtiyotkordir. Eng nozik nuktalarni ham e’tibordan chetda qoldirmay, masalaning asl mohiyatini ochib berishga bor kuch-quvvatini sarflagan. Alloh taologa makon nisbat berish U Zotni maxluqotlarga o‘xshatishdir. U Zot azza va jalla Qur’oni karimda: “Albatta, Alloh barcha olamlardan behojatdir” (Ankabut surasi, 6-oyat), degan. Ya’ni, Arsh, yer va osmonlar kabi narsalar Alloh yaratgan maxluqotlar bo‘lib, olam jumlasiga kiradi. Olam esa azaliy emas, Alloh taolo azaliydir. Azalda esa Allohdan o‘zga hech kim va hech narsa mavjud bo‘lmagan. U Zot azaldan makon va zamon ehtiyojidan xoli bo‘lgan va bundan buyon ham shunday bo‘ladi. Demak, Alloh taolo olamlardan behojat, ya’ni ularga ehtiyoji tushmaydigan Zotdir. Boshqa bir oyatda: “Unga o‘xshash biror narsa yo‘q” (Sho‘ro surasi, 11-oyat), deydi. Ya’ni, Alloh taolo biror narsaga o‘xshamaydi va O‘zi yaratgan narsalarga o‘xshab biror makonga muhtoj emas.
Bundan tashqari, salafiylarning tavhid, qabrlarni ziyorat qilish, mavlidni nishonlash, namozdan keyin jamoat bo‘lib duo qilish va yana ko‘plab aqidaviy masalarda ixtiloflari mavjud. Ularning barcha da’volariga ahli sunna olimlari kuchli dalillar asosida javob bergan va berib kelmoqda.
Hozir ba’zi salafiylar Oli Imron surasining 103-oyatidagi “Allohning arqonini mahkam tuting” so‘zlarini keltiradi va “Allohning arqonini birgalikda ushlash va ixtilofga bormaslik kerak. Biz ixtilofga borsak, qalblarimiz ixtilofga boradi. Ayrimlar o‘zicha: “Biz islomda odamlarni tarbiyalayapmiz. O‘z mazhabiga amal qilsa, nima bo‘pti, deyapmiz”, deb o‘ylashi mumkin. Lekin bu hech qachon odamlarni birlikka olib bormaydi. Balki ixtilofga, bo‘linishga olib boradi” deb, mazhabga ergashish ixtilofga sabab ekanini da’vo qiladi. Shunday da’vo bilan mazhablarni islomdan ayrodek tasavvur qildirishga urinmoqda. Vaholanki, islom dini shu to‘rt mazhab asosida asrlar osha davom barqaror qolib kelmoqda. Bugun ham qanchadan-qancha odamlar shu mazhablar asosida dinga amal qilib keladi. Ya’ni, aqidada – Moturidiy va Ash’ariy ta’limotlariga, fiqhda – Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofeiy va Ahmad ibn Hanbal mazhablariga amal qilib kelmoqda. Xuddi Payg‘ambarimiz aytganlaridek, savodul a’zam – ulkan jamoatni lozim tutib kelmoqda. Asrlar davomida shu to‘rt mazhabning mujtahid olimlari islomning asl mohiyatini Qur’on va sunnat asosida musulmonlarga bayon qilib kelgan. Salafiylar esa, tarixda ham, hozir ham ummat ichida ixtilof va tafriqaga (bo‘linishga), diniy va ijtimoiy-siyosiy notinchlikka sabab bo‘lgan, xolos.
Salafiylarning g‘alati bir jihati shundaki, haq yo‘ldaligini aytib, da’vatida o‘ziga ergashishni targ‘ib qiladi. Vaholanki, musulmonlar shundoq ham ulardan olimroq, Qur’on va sunnatni ulardan ko‘ra chuqur biluvchiroq bo‘lib, Payg‘ambarimiz alayhissalomga ulardan yaqinroq davrda yashagan mazhab mujtahidlariga ergashadi. Demak, yaqinda chiqib, o‘ziga ergashishga chaqirayotgan bunday toifalarning etagini tutishga hech qanday hojat yo‘q. Chunki mazhab mujtahidlari ergashishga ulardan ko‘ra loyiqroq zotlardir. Shunday ekan, dinini sof saqlamoqchi bo‘lgan har bir musulmon kecha paydo bo‘lgan toifaga emas, ahli sunna val jamoa mazhabiga ergashishi maqsadga muvofiq. Axir, biz osmon-falakka ko‘tarilib, uzog‘imizni yaqin qiladigan samolyotlarni, koinot kengliklarini zabt etadigan raketalarni tashlab, yaqinda velosipedni kashf qilgan va noto‘g‘ri yasagan odamning ikki qadam masofadan keyin ag‘anab tushadigan ixtirosiga o‘zimizni ursak, bu biror mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi-da.
Salafiylikning tarixiy ildizlariga e’tibor berilsa, Markaziy Osiyo mintaqasi bunday oqimlarga makon bo‘lmagan. Ammo doimiy tarzda bu yerdagi o‘lkalarga botil g‘oyalarni singdirishga urinishlar bo‘lib turgan va hozir ham davom etmoqda. Lekin har davrda ahli sunna val jamoa ulamolari ularning g‘oyalariga qarshi o‘z fiqhiy-aqidaviy mazhablarini mahkam tutgan holda qattiq kurashib kelgan.
Tarixan bizning xalqimiz aqidada moturidiylikni, fiqhda hanafiylikni asrlar osha mahkam tutib kelgan. Urf odatlarimiz va milliy onggimizda ushbu fiqhiy-aqidaviy mazhab asosiy o‘rin tutadi. Yaqinda chiqib, “haqiqiy to‘g‘ri yo‘l”ni ko‘rsatmoqchi bo‘layotganlar asrlar osha muayyan tartib-qoidalar asosida dinga amal qilib kelgan bu xalq, dunyoga qanchadan-qancha ulug‘ olimlarni yetishtirib bergan bu diyor odamlari islomga noto‘g‘ri amal qilib kelganini da’vo qilmoqda. Tashvishlanarli va achinarli tomoni bo‘lmaganda, bu juda kulgili bo‘lardi. Salafiylar Qur’on va sunnatga amal qilayotganini iddao qilib, mazhablarni inkor etmoqda. Rasululloh alayhissalom va sahobalar davrida hech qanday mazhab bo‘lmaganini dalil qilib keltirmoqda. Bu juda ham noto‘g‘ri va soxta da’vo ekani kundek ravshan. Bunga hujjat-dalillar yetarli darajada ko‘p. Tarixda ham, hozir ham ahli sunna olimlari ularning yo‘li noto‘g‘ri ekanini bot-bot isbotlagan.
Chetdan qaraganda, bir tabiiy xulosa yaqqol namoyon bo‘ladi. Biz Qur’oni karimning har bir oyati qachon, qanday vaziyatda nozil bo‘lganini aniq biladigan, uning turli tafsir va ta’villaridan boxabar bo‘lgan, yuz minglab hadislarni yod olgan mujtahidlarning yo‘lini tutganimiz to‘g‘rimi yo kechagina duyoga kelgan, ilmining tayini bo‘lmagan, biror ulug‘ asar yozib ulamolar e’tirofini qozonmagan, ijtihodga mutlaqo yaramaydigan, peshvolari o‘rgatganini takrorlab, mustaqil fikr bildirishga qodir bo‘lmaganlarga ergashishimiz durustmi? Asrlar davomida muayyan mazhabni mahkam tutgan ota-bobolarimiz haqmi yo anavilar ulardan aqlliroq chiqib qoldimi? Internet orqali tinmay “sayrayotgan” bu salafiylarning birortasi, deylik, Abu Hanifa yo Imom Shofeiy yo ularning mujtahid izdoshlari bilganini biladimi?
Tashvishga soladigan jihati shuki, salafiylikning mamlakatimiz hayotiga salbiy ta’siri yo‘q emas. Mamlakatimiz aholisi ahli sunnaning fiqhiy-aqidaviy mazhablarini mahkam tutgan va hayot tarziga tasavvuf g‘oyalarini singdirgan xalqdir. Salafiylik esa aynan mazhablar va tasavvufni qoralaydi. Shu sababli salafiylik g‘oyalarining kirib kelishi va kimlarning ularning domiga tushishi oqibatida xalq orasida ixtilof va bo‘linishlar ehtimoli yuzaga keladi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida kuzatilgan vahhobiylik xurujlari bunga yorqin misoldir. Salafiylik ham diniy, ham ijtimoiy-siyosiy beqarorlikka sabab bo‘ladi. Chunki bu toifaning asl maqsadlari zamirida hijrat va xalifalikni tiklash kabi g‘oyalar yotadi. Vaholanki, musulmonlarning yagona xalifalik hukmronligi ostida yashashi haqida buyruq yoki ko‘rsatma na oyat va na hadisda mavjud. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam xalifalik borasida: “Mendan so‘ng xalifalik o‘ttiz yildir. Undan keyin podshohliklar bo‘ladi”, deganlar. Hijrat xususida esa: “Fathdan (Makka musulmonlar tomonidan zabt etilganidan) keyin hijrat yo‘q”, deb aytganlar. Ulamolar “bu hadis umumiy bo‘lib, o‘zidan oldin kelgan hijratga dalolat bo‘luvchi rivoyatlarni nasx (bekor) qiluvchi” ekanini aytgan. Shu bilan birga, Nabiy sollallohu alayhi vasallam islomni qabul qilganlarga o‘zlari tomon hijrat qilishni amr etmaganlar va o‘z yurtida yashashini inkor ham etmaganlar.
Nafsilamrini aytganda, salafiylik jamiyat ichida diniy asosdagi qarama-qarshilik, ziddiyat va nizolar yuzaga kelish ehtimolini oshiradi. Hozir ko‘p joylarda jamoatchilik osudaligini buzishga urinayotgan, ba’zan buzayotgan bu toifa bizning mamlakatimizga ham ta’sir o‘tkazishga urinmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekzabon ba’zi salafiy da’vatchilar o‘z g‘oyalarini yoyishga qattiq kirishib ketgan. Bu, afsuski, gohida natija ham bermoqda. Turli davlatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham ularning botil aqidasiga ergashib qolish holatlari yo‘q emas. Bu holat, ayniqsa, internet va ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanadigan yoshlar orasida uchrab turadi. Dinga qiziqqan yoshlar orasida bilib-bilmay salafiylarning ta’sir doirasiga tushib qolish holatlari sodir bo‘lmoqda.
Salafiy da’vatchilarning ijtimoiy tarmoqlar va boshqa platformalardagi faoliyati ancha rivojlangan va takomiliga yetgan. Ularni kuzatib boruvchilar soni ko‘payishda davom etmoqda. Bunga Yaqin Sharqdagi, ayniqsa, Suriya va Falastin yerlaridagi beqarorlikdan foydalanish, shu bilan odamlarning jazavasini qo‘zg‘ash kabi usullar katta turtki bermoqda. Chunki salafiylar o‘zini musulmonlar uchun qayg‘urayotgan jonkuyar insonlar qilib ko‘rsatadi. O‘zi demokratik mamlakatlar hududidan boshpana topganiga qaramay, O‘zbekistondagi demokratik tuzumni “kufr tuzumi” deb atab, yoshlarimizni chalg‘ityapti. Lekin mohiyatan bu mantiqsizlikdan boshqa narsa emas. Shunday esa-da, bir qarashda mayda ko‘rinadigan salafiylikning ta’siri og‘ir kechadigan oqibatlarga olib kelishi mumkin ekan. Ular go‘yo juz’iy diniy masalalarni ko‘tarib chiqqandek bo‘ladi, lekin mayda-mayda qilib, pirovardida tog‘dek g‘oyasini singdirib yuborishi hech gap emas.
Bu buzg‘unchilar nufuzli ilmiy tashkilotlar yoki e’tiborli ulamolar tomonidan e’tirof etilgan emas. Shunday bo‘lsa-da, rivojlanish darajasi qanday ekanidan qat’i nazar, har qanday yurtda uchrashi mumkin bo‘lgan ayrim ijtimoiy muammolarni ko‘tarish uslubi ularning auditoriyasi kengayishiga hissa qo‘shmoqda. Ba’zan kichkina haqiqatni gapira turib, ortidan ulkan nohaqlikni iroda qilayotgani, buni esa din borasida yetuk bilimga ega bo‘lmagan yoshlar anglab yetmayotgani ularga juda asqotmoqda. Ularning bunday ma’ruzalari yoshlar orasida islom dini borasida tushunmovchiliklar keltirib chiqaradi, albatta. Buning oldini olish uchun esa, avvalo, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash lozim. Adashgan toifalarning da’volari noto‘g‘ri ekanini isbotlovchi raddiya shaklidagi audio-video murojaatlarni, ixcham risolalarni ko‘paytirish va odamlarga yetkazish ham foydadan xoli emas.
Bunday salbiy illatlarning oldini olish maqsadida mamlakatimiz ma’anaviy-ma’rifiy sohasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz tomonidan xalq ma’naviyatini yanada boyitish, diniy bilimsizlikni bartaraf etish maqsadida turli institutlar, universitet va ilmiy markazlar, masjid va madrasalar barpo etilib, ko‘plab imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Shundan foydalangan holda o‘z ma’naviyatini boyitib, dunyoqarashini kengaytirib, mantiqqa tayanish va tanqidiy fikrlashni o‘rganish, shu tariqa salafiylik kabi toifalarning g‘oyalariga aldanib qolishdan saqlanish kattayu-kichik har bir yurtdoshimizga lozim bo‘ladi.
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi