Alloh taolo O‘zining muborak Kalomida shunday marhamat qiladi: “Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilingiz”. (Moida,2)
Bu oyatda Robbimiz barcha musulmonlarni ushbu ikki ish ya’ni, yaxshilik va taqvo yo‘lida birgalashib harakat qilishga buyurmoqda. Xo‘sh, yaxshilik nima o‘zi? Uning aniq bir mezoni bormi? Yoki har kim o‘z aqli va saviyasidan kelib chiqib belgilaydimi bu mezonni? Bu savollarning javobi esa quroni karimdagi boshqa bir oyatda keladi.
Islom dinida yaxshilik Alloh yaxshi degan narsalardir. Ularning nima ekani esa ushbu oyatida to‘liq ta’riflab berilgan.
Alloh taolo Baqara surasida:
“Yaxshilik yuzingizni Mashriq yoki Mag‘rib tomonga burishingizda emas”, deb, yaxshilik ma’lum bir harakat yoki gap-so‘zlarni o‘zicha qilish va aytish bilan bo‘lib qolmasligini ta’kidlamoqda. So‘ngra esa, yaxshilik nimaligini ta’riflashga o‘tib:
“Lekin yaxshilik, kim Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitobga Payg‘ambarlarga iymon keltirsa va yaxshi ko‘rgan molini qarindoshlariga, yetimlarga, miskinlarga, vatangadolarga, tilanchilarga, qul ozod qilshga bersa namozni qoim qilsa, zakot bersa. Ahd qilganda ahdiga vafo qiliuvchilar, kambag‘allik, qiyinchilik paytida va shiddat vaqtida ham sabr qiluvchilarga, ana o‘shalar sodiq bo‘lganlardir. Ana o‘shalar taqvodorlardir”, demoqda.
Bu oyat karimada yaxshilik bir necha qismga bo‘linmoqda.
1.Iymon.
“Kim Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitobga, Payg‘ambarlarga iymon keltirsa”
Allohga, uning borligiga, sifatlariga, ismlariga, yagonaligiga, tarbiyachi ekanligiga, ilohligiga iymon keltirish; Oxirat kuniga, ya’ni, qiyomat kuniga iymon keltirish; kitoblar, ya’ni, Alloh taolo tomonidan bandalarni hidoyatga boshlash uchun tushirilgan ilohiy-samoviy kitoblarga iymon keltirish; Alloh taolo yuborgan Payg‘ambarlarning birortasini ham qoldirmasdan hammasiga iymon keltirish.
Ushbu iymon keltirishlar yaxshilikning boshi va asosidir. Chunki, kimning Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, Payg‘ambarlarga iymoni yo‘q bo‘lsa, undan yaxshilik chiqmaydi. Chiqsa ham, doimiy bo‘lmaydi. Biror sababga bog‘liq bo‘ladi. O‘sha sabab tugashi bilan yaxshiligi ham tugaydi.
“Yaxshi ko‘rgan molini qarindoshlariga, yetimlarga, miskinlarga, vatangadolarga, tilanchilarga, qul ozod qilishga bersa”.
Yaxshi ko‘rgan molidan qarindosh-urug‘lariga, boquvchisidan ajrab qolgan yetimlarga, ya’ni boquvchisiz qolgan, balog‘at yoshiga yetmagan yosh bolalarga; miskinlarga, ya’ni, yeb-ichish va yashash uchun yetarli mablag‘i, daromadi yo‘q kishilarga; vatangadolarga, ya’ni, vatanidan uzoqda nafaqasiz qolgan odamlarga; tilanchilarga, ya’ni, yo‘qchilikdan boshqalardan moddiy yordam so‘rashga majbur bo‘lganlarga; qul ozod qilishga, ya’ni, xojasi bilan ma’lum miqdor mablag‘ evaziga ozodlikki chiqishni kelishib qo‘ygan qullarga berish;
O‘zi yaxshi ko‘rgan molini birovlarga berishni odat qilgan odam, zaiflik, xirsu baxillik sirtmog‘idan ozod bo‘ladi. Mol-dunyoga qullikdan ozod bo‘ladi. Bu yuksak insoniy fazilatdir. Faqat yuksak insoniy fazilatlar sohibigina muhtojlar toifasidagi kishilarga xolis yordam beradi. Bu ishni qilgan inson haqiqiy yaxshilikni qilgan bo‘ladi.
“Namozni qoim qilsa”
Farz namozlarni o‘z vaqtida, ruku’, sajda va boshqa arkonlarni joyiga qo‘yib, xushu’ va xuzu’ bilan yaxshilab o‘qish. Namozda inson ham sirti, ham ichi bilan ya’ni, butkul borlig‘i bilan Allohga yuzlanadi. Unda insonning jismi ham, aqli ham, ruhi ham harakatga keladi. Namoz o‘qimagan odam Alloh ta’riflagan yaxshilikni qilmagan bo‘ladi.
“Zakot bersa”.
Musulmonlarning boy-badavlatlari mollaridan ma’lum miqdorini haqdor birodarlariga moliyaviy ibodat sifatida beradilar. Bu ish mol egasiga Alloh tomonidan farz qilingan. Shu farzni ado etadigan odam yaxshilik qiluvchidir.
“Ahd qilganda ahdiga vafo qiluvchilar”.
Ahdiga vafodorlik musulmonlikning, iymonining ko‘ziga ko‘ringan belgilaridan bo‘lib, Qur’oni karimda qayta-qayta takrorlangandir. Kim ahdiga vafo qilsa, Alloh ta’riflagan yaxshilikdan nasibador bo‘ladi.
“Kambag‘allik, qiyinchilik paytida va shiddat vaqtida ham sabr qiluvchilar”.
Faqirlik, bechoralik paytida, bemorlik vaqtida, urish, dushmanlar bilan to‘qnashuv paytida inson mashaqqatlarga uchraydi. Shunday hollarda sabr qilish lozim.
Sabr musulmon kishining alohida va zaruriy sifati hisoblanadi. Demak, turli qiyin holatlarda sabr qiluvchilar Alloh ta’riflagan yaxshilik sohiblaridan bo‘lar ekan.
Oyatning oxirida mazkur oliymaqom sifatlarga ega bo‘lganlarni:
“Ana o‘shalar sodiq bo‘lganlardir. Ana o‘shalar taqvodorlardir” deb ta’riflamoqda.
Abu Zarr G‘iforiy roziyallohu anhu Payg‘ambarimizdan iymon nima, deb so‘raganlarida, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ushbu oyatni tilovat qilganlar. Keyin yana qayta so‘raganlarida yana shu oyatni tilovat qlganlar.
Shunday qilib, Alloh bitta oyatda e’tiqod asoslarini, jon va mol ibodatlarini birlashtirib, bir-biridan ajramaydigan qilib, ularning hammasiga “yaxshilik” deb nom qo‘ydi.
Shuning uchun ham ushbu nom ostiga kirib, unga amal qilganlarni Alloh taolo “Ana o‘shalar sodiq bo‘lganlardir. Ana o‘shalar taqvodorlardir”, deb ta’riflamoqda.
Ana o‘shalar Allohning aytganini qilib, qaytarganidan qaytgan taqvodorlardir.
Sufyoni Savriy ushbu oyatni o‘qib turib:
“Yaxshilikning barcha turi shu oyatdadir”, deganlar.
Ibn Kasir rahmatullohi alayhi:
“Kim shu oyat bilan sifatlansa, Islomning barcha soxalariga kirib, yaxshilikning boshidan tutgan bo‘ladi”, deganlar.
Demak, yaxshilik ba’zi bir ishlarga o‘zicha har hil sifatlar berib, ado etish bilan emas, balki taqvo asosida, ya’ni, Allohning buyurganini qilib, qaytarganidan qaytish bilan xosil bo‘lar ekan.
Odam qaysi ish yaxshi va savobli ekanini bilmoqchi bo‘lsa farz, vojib, sunnat amallariga qarasin , agar unga o‘xshashini topsa yaxshi bo‘ladi. Aks holda esa garchi kishiga yaxshilikdek ko‘ringan amallar ham inson uchun befoyda, balki, gunohkor bo‘lib qolishiga yetarli asos bo‘lib qoladi.
Boshqa bir oyati karimada Alloh taolo marhamat qiladi:
"Kimki biror yomonlik qilsa, unga (oxiratda o‘sha yomonligi) barobaridagi jazo berilur. Erkakmi, ayolmi - kimki mo‘minlik holida biror yaxshilik qilsa, aynan o‘shalar jannatga doxil bo‘lurlar. U joyda ularga behisob rizq berilur". ("G‘ofir"surasi 40-oyat).
An-Navvos ibn Sam’on al-Ansoriy roziallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rosululloh sollollohu alayhi vasallamdan yaxshilik va yomonlik haqida so‘radim. Shunda u zot: "Yaxshilik husni xulqdur. Yomonlik ko‘ksingda to‘qilgan va odamlar uni bilib qolishini yoqtirmagan narsangdir.", dedilar ".
(Muslim va Termiziy rivoyati)
Sharh: Siz bilan bizga yaxshilik va yomonlik ma’nolarini chuqurroq anglab yetishimizda Vosila ibn Ma’bad roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadisi sharif ham yordam beradi:
"Rasululloh sallolohu alayhi vasallamning xuzurlariga u zotdan yaxshilik nimaligini so‘rab bordim. Shunda u zot: "Yaxshilik haqida so‘ragani keldingmi ? " dedilar. "Ha", dedim. "Yaxshilik ko‘ngling to‘lgan va qalbing rozi bo‘lgan narsadir. Yomonlik ko‘nglingda to‘qilgan, ko‘ksingda taraddudlangan narsadir. Agar odamlar senga fatvo bersalar ham " dedilar.
Yaxshilik haqida keltirilgan ta’riflarning birida:
"Yaxshilik - farz va vojiblarni qilish. Xaromdan hazar qilish. Odamlarga ochiq yuz bilan qarab, ularga ehson qilish", deyilgan.
Yomonlik - uni qilishing xayolga kelganda ko‘ngli to‘lmaydigan va o‘sha ishni qilishini odamlar ko‘rib qolishini istamaydigan narsadir.
Darhaqiqat, razm solib muloxaza qiladigan bo‘lsak, yomonlarning o‘zi ham o‘zlari yomonlikni qilayotganda ko‘ngillari to‘lmaydi va odamlardan berkitadi.
Bu hadisi sharifda "Yaxshilik husni xulqdir" deyilmoqda. Albatta, bu gap husni xulqning naqadar katta narsa ekanini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, bu hadis sharifdan yaxshilik va yomonlikning turlari ko‘pligini bilib ham olamiz. Yomonlikning turlari qancha ko‘p bo‘lmasin biz yaxshilikka intilishimiz va xarakat qilishimiz kerak. Zero Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallam:
"Har bir qilinadigan yaxshilikka sadaqa savobi beriladi", deganlar.
(Imom Buxoriy va Ahmad rivoyat qilishgan).
Shunday ekan har bir mo‘min musulmon uchun yaxshilik qilishlik lozim bo‘ladi.
Alloh taolo barchalarimizni haqiqiy yaxshilik qiluvchilardan aylasin.
Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi: Islomov Yorbek
Muqaddas dinimizning ikkinchi manbasi bo‘lgan Sunnatda ham vatan tushunchasi va unga bo‘lgan muhabbat borasida talaygina hadislar kelgan.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safardan qaytayotib Madina ko‘chalarini ko‘rgan vaqtlarida tuyalarini tezlatardilar. (Ot, xachir kabi) ulovda bo‘lsalar, uni niqtardilar”.
Abu Abdulloh aytadi: «Horis Ibn Umayr Humaydning “Ulovni uni (Madinani) sevganlaridan niqtardilar” rivoyatini ziyoda qilgan» (Imom Buxoriy rivoyati).
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz hajini ado qilsa, ahliga qaytishga shoshilsin. Chunki shunday qilishi ajrini ko‘paytiradi”, dedilar» (Imom Doraqutniy, Hokim va Bayhaqiy rivoyati).
Sharh: Alloma Munoviy[1] rahmatullohi alayh “Fayzul Qodir” kitobida hadisni quyidagicha sharhlagan: “(Vatanga) shoshilish – mustahab. “Ahl”dan murod esa vatandir, garchi u yerda ahli (oilasi) bo‘lmasa-da, kelishi bilan do‘stlari, ahllariga surur bag‘ishlagani uchun “shunday qilishi ajrini ko‘paytiradi”. Vatanda istiqomat qilishda boshqa joyga qaraganda ibodatga (oid) vazifalarni bajarish oson bo‘ladi. Bu Islom asoslaridan biri bo‘lgan haj borasida shunday deyilgan bo‘lsa, boshqa, ayniqsa, mustahab (arab. – “sevilgan”, “yoqtirilgan”) – shar’iy amal; uni bajargan kishi savob oladi, bajarmagan kishi gunohkor bo‘lmaydi) va muboh (arab. – “umumiy”, “ixtiyoriy” ish-harakat) – shariat tomonidan mukallaf kishiga qilish yoki qilmaslik ixtiyori teng berilgan amal) safarlarda (o‘z vataniga shoshilishi birinchi navbatda) talab qilinadi. Mana shu hadisdan Abu Hanifa rahmatullohi alayh Makkani qo‘shni tutish makruh (arab. – “rad etilgan”, “qoralangan”, “nomaqbul”) shariat hukmlaridan biri. Qat’iyan taqiqlanmagan, biroq nomaqbul hisoblangan va rad etilgan amal. Makruh ikki xil bo‘ladi, degan hukmni olganlar”.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Safar azobning bir bo‘lagidir. Sizlarni taom, sharob va uyqudan to‘sadi. Qay biringizning safardan maqsadi hosil bo‘lsa, ahliga shoshilsin”, dedilar» (Muttafaqun alayh).
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uch kishining: ota, musofir va mazlumning duosi ijobat qilinadi”, dedilar» (Imom Tabaroniy rivoyati).
Sharh: Alloma Munoviy rahmatullohi alayh “Fayzul Qodir” kitobida yozadi: “Uch kishining: otaning farzandga, musofirning va mazlumning zolimga qilgan duosi ijobat bo‘ladi. Safar vatandan uzoq, g‘urbatda bo‘lish, mashaqqatlarni boshdan kechirish sababli qalbda siniqlik paydo qiladi. Siniqlik duo ijobat bo‘lishining eng katta sabablaridan biri. Mazlum esa nochordir”.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga mevaning avvali keltirilar edi. Shunda u zot: “Allohumma barik lana fi madinatina va fi samarina va fi muddina va fi so’ina barokatan ma’a baroka” duosini aytardilar. So‘ngra uni hozir bo‘lgan bolalarning eng yoshiga berardilar» (Muslim rivoyati).
Duoning tarjimasi: “Allohim! Bizning shahrimizga, mevamizga, muddimizga va so’imizga baraka ustiga baraka ber“. (Mud va so’ – hajm o‘lchov birliklari).
"Islomda vatan tushunchasi" kitobidan
[1] Alloma Munoviy. To‘liq ismi: Zaynuddin Muhammad Abdurrauf ibn Tojulorifin ibn Ali Zaynul Obidin Haddodiy Munoviy Qohiriy. Milodiy 1545, hijriy 952 yilda tug‘ilgan. Milodiy 1622, hijriy 1031 yilda Qohirada vafot etgan. Qomusiy olimlardan. Alloma Munoviy parhezkor, kam ovqat, kam uyqu zotlardan edi. 80ga yaqin kitob muallifi. Yozgan kitoblari: “Kunuzul haqoiq” (hadis haqida), “Fayzul Qodir sharhu jomeis sag‘ir” va boshqalar.